XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 771–780-m.

Bank hisobvarag‘i (1/2)

Ikkinchi Qism

771-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasi

Bank hisobvarag‘i shartnomasi bo‘yicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit muassasasi (bundan buyon matnda — bank) ikkinchi tarafning — mijozning (hisobvaraq egasining) hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘larini qabul qilish va kiritib qo‘yish, mijozning hisobvaraqdan tegishli summalarini o‘tkazish va to‘lash hamda hisobvaraq bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish haqidagi farmoyishlarini bajarish majburiyatini oladi.

Ushbu bobning banklarga taalluqli qoidalari boshqa kredit tashkilotlari o‘zlariga berilgan ruxsatnoma (litsenziya)ga muvofiq bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish va bajarish chog‘ida ularga nisbatan ham qo‘llanadi.

772-modda. Bankning mijozga qarashli pul mablag‘laridan foydalanishi

Bank mijozning bank hisobvarag‘ida mavjud bo‘lgan pul mablag‘laridan hisobvaraqqa talablar qo‘yilgan vaqtda mablag‘larning mavjud bo‘lishini hamda hisobvaraq egasining ushbu mablag‘larni hisobvaraqda turgan summalar doirasida moneliksiz tasarruf etish huquqini kafolatlagan holda foydalanishi mumkin.

773-modda. Mijozning pul mablag‘larini tasarruf etishi

Mijoz bankdagi hisobvaraqda turgan o‘z pul mablag‘larini mustaqil tasarruf etadi.

Bank mijozning pul mablag‘laridan qay tarzda foydalanishni belgilashga va nazorat qilishga hamda uning pul mablag‘larini o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish huquqlariga qonunda yoki bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas.

Mijozning bankdagi hisobvaraqda turgan pul mablag‘lari qonunchilikda belgilangan tartibda naqd pul shaklida olinishi mumkin.

774-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasining shakli

Bank hisobvarag‘i shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak.

Bank hisobvarag‘i shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik ushbu shartnomaning haqiqiy bo‘lmasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

775-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish

Bank hisobvarag‘i shartnomasi bank tomonidan mijozga yoki u ko‘rsatgan shaxsga bankda taraflar kelishgan shartlarda hisobvaraq ochish yo‘li bilan tuziladi.

Yuridik shaxslar va fuqarolar o‘zlariga hisob-kitob va kassa xizmati ko‘rsatadigan banklarni mustaqil tanlaydilar.

Bank muayyan turdagi hisobvaraqlar ochish uchun e’lon qilgan, qonunda va qonunga muvofiq belgilab qo‘yilgan bank qoidalarida nazarda tutilgan tegishli talablarga mos keladigan shartlar asosida hisobvaraq ochishni taklif qilib murojaat etgan mijoz bilan bank hisobvarag‘i shartnomasi tuzishi shart.

Bank tegishli operatsiyalarni amalga oshirish qonunda, bankning ta’sis hujjatlarida va unga berilgan litsenziyada nazarda tutilgan hisobvaraqni ochishni rad etishga haqli emas, ana shunday rad etishga bankda bank xizmati ko‘rsatishga qabul qilish imkoniyati yo‘qligi sabab bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Bank bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzishdan asossiz ravishda bosh tortgan taqdirda, mijoz uning oldiga ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli.

776-modda. Hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini tasdiqlash

Mijoz nomidan hisobvaraqdagi mablag‘larni o‘tkazish va berish haqida ko‘rsatma beradigan shaxslarning huquqlari mijoz tomonidan bankka qonunda nazarda tutilgan, qonunga muvofiq bank qoidalari hamda bank hisobvarag‘i shartnomasi bilan belgilangan hujjatlarni taqdim etish yo‘li bilan tasdiqlanadi.

Mijoz uchinchi shaxslarning talabiga muvofiq, shu jumladan mijozning ushbu shaxslar oldidagi majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq talabiga muvofiq pul mablag‘larini hisobvaraqdan o‘chirish haqida farmoyish berishi mumkin. Bank tegishli talab qo‘yilgan vaqtda uni qo‘yishga haqli bo‘lgan shaxsni aniqlash va bunday talabning xarakteri va asoslarini belgilash imkonini beradigan zarur ma’lumotlar bu farmoyishlarda yozma ravishda ko‘rsatilgan taqdirda ularni qabul qiladi.

Bank hisobvarag‘i shartnomasida hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini elektron to‘lov vositalaridan hamda ularda mijozning o‘z imzosi, kodlari, parollari hamda farmoyish tegishli vakolati bo‘lgan shaxs tomonidan berilganligini tasdiqlaydigan boshqa vositalarning o‘xshatmalaridan foydalanilgan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

777-modda. Hisobvaraq bo‘yicha bank bajaradigan operatsiyalar

Agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank qonunda, qonunga muvofiq belgilab qo‘yilgan bank qoidalarida va bank amaliyotida qo‘llanadigan ish muomalasi odatlarida ushbu turdagi hisobvaraqlar uchun belgilab qo‘yilgan operatsiyalarni amalga oshirish yo‘li bilan hisobvaraqqa kelib tushayotgan pul mablag‘larini qabul qilishi va kiritib qo‘yishi hamda mijozning pul mablag‘larini qo‘lga berish haqidagi topshiriqlarini bajarishi shart.

778-modda. Hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish muddatlari

Agar qonunda yoki bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha muddatlar belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, bank tegishli to‘lov hujjati bankka tushgan kunning ertasidan kechiktirmasdan tushgan pul mablag‘larini hisobvaraqqa kiritib qo‘yishi, mijozning topshirig‘iga muvofiq hisobvaraqdan pul mablag‘larini qo‘lga berishi yoki o‘tkazishi shart. Hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish muddatlarini buzish bank uchun ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.

779-modda. Hisobvaraqni kreditlash

Bank hisobvarag‘i shartnomasiga muvofiq bank mijozning hisobvarag‘ida pul mablag‘lari yo‘qligiga qaramay, mijozning talablariga muvofiq to‘lovlarni amalga oshirgan hollarda bank mijozga to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab tegishli summaga kredit bergan (hisobvaraqni kreditlash) hisoblanadi.

Taraflarning hisobvaraqni kreditlash bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari, agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz va kredit to‘g‘risidagi qoidalar bilan belgilanadi.

780-modda. Bankning hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishga qilgan xarajatlarini to‘lash

Mijoz bankning hisobvaraqda turgan pul mablag‘lari bilan operatsiya qilish bo‘yicha xizmatlariga bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida haq to‘laydi. Mazkur operatsiyalarni amalga oshirish borasidagi bank xizmatlarining narxi bank hisobvarag‘i shartnomasida belgilab qo‘yilmagan hollarda xizmatlar uchun to‘lanadigan haq ushbu Kodeksning 356-moddasiga muvofiq belgilanadi.

Bankning xizmatlari uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haq, agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank tomonidan har oyning oxirida mijozning hisobvarag‘ida turgan pul mablag‘laridan undirib olinadi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 771-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Omonatga foizlar yozish va to‘lash tartibi
  2. Bank hisobvarag‘i shartnomasi
  3. Omonat (depozit) sertifikati
  4. Hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish muddatlari

To‘g‘ri javob: Bank hisobvarag‘i shartnomasi. 771-modda: Bank hisobvarag‘i shartnomasi.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Bank hisobvarag‘i shartnomasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 771-modda
  2. 764-modda
  3. 778-modda
  4. 770-modda

To‘g‘ri javob: 771-modda. 771-modda: Bank hisobvarag‘i shartnomasi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bank hisobvarag‘i shartnomasi bo‘yicha bank nimani qabul qilish va kiritib qo‘yish majburiyatini oladi?
  1. Mijozning qimmatli qog‘ozlari va boshqa qiymatli hujjatlarini
  2. Mijozning boshqa shaxslar oldidagi qarz majburiyatlarini
  3. Mijozning ko‘chmas mulkidan tushadigan ijara to‘lovlarini
  4. Mijozning hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘larini

To‘g‘ri javob: Mijozning hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘larini. 771-modda: bank mijozning hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘larini qabul qilib kiritib qo‘yadi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bank mijozning hisobvaraqdagi pul mablag‘laridan foydalanishi uchun nimani kafolatlashi shart?
  1. Mablag‘lar mavjudligini va mijozning moneliksiz tasarruf etish huquqini
  2. Mijozga zarur bo‘lganda kredit berilishini va uning foizi pasayishini
  3. Hisobvaraq shartnoma muddati tugaguncha yopilmasligini va bloklanmasligini
  4. Mijozga mablag‘ qoldig‘i uchun foiz to‘lanmasligini va komissiyasiz bo‘lishini

To‘g‘ri javob: Mablag‘lar mavjudligini va mijozning moneliksiz tasarruf etish huquqini. 772-modda: bank mablag‘lar mavjudligini va mijozning moneliksiz tasarruf huquqini kafolatlagan holda foydalanadi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 773-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini tasdiqlash
  2. Bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish
  3. Mijozning pul mablag‘larini tasarruf etishi
  4. Omonat daftarchasi

To‘g‘ri javob: Mijozning pul mablag‘larini tasarruf etishi. 773-modda: Mijozning pul mablag‘larini tasarruf etishi.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Mijozning pul mablag‘larini tasarruf etishi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 773-modda
  2. 775-modda
  3. 776-modda
  4. 769-modda

To‘g‘ri javob: 773-modda. 773-modda: Mijozning pul mablag‘larini tasarruf etishi.

Mijoz Jasur hisobvarag‘idagi pulini mustaqil tasarruf etadi. Bank unga «pulni faqat ma’lum maqsadda sarflang» deb qonun yoki shartnomada nazarda tutilmagan cheklov qo‘ydi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bu holat qanday baholanadi?
  1. Mijoz rozi bo‘lsa, bunday cheklashni belgilashga bank haqli
  2. Bank nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas
  3. Bunday cheklash faqat bir yil davomida belgilanishi mumkin
  4. Bank shartnomada ko‘rsatmasa ham bunday cheklashni belgilashga haqli

To‘g‘ri javob: Bank nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas. 773-moddaning ikkinchi qismi bankka qonunda yoki shartnomada nazarda tutilmagan cheklashlarni belgilashni taqiqlaydi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 774-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Uchinchi shaxs foydasiga qo‘yilgan omonat
  2. Bank hisobvarag‘i shartnomasining shakli
  3. Hisobvaraq bo‘yicha bank bajaradigan operatsiyalar
  4. Bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish

To‘g‘ri javob: Bank hisobvarag‘i shartnomasining shakli. 774-modda: Bank hisobvarag‘i shartnomasining shakli.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBank omonati (2/2)Keyingi →Bank hisobvarag‘i (2/2)