XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 781–789-m.

Bank hisobvarag‘i (2/2)

Ikkinchi Qism

781-modda. Hisobvaraqda turgan pul mablag‘laridan bankning foydalanganligi uchun foiz to‘lash

Agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank hisobvaraqda turgan pul mablag‘laridan foydalanganligi uchun mijozga foizlar to‘laydi, ularning summasi hisobvaraqqa kiritib qo‘yiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan foizlar bank tomonidan bank hisobvarag‘i shartnomasida belgilanadigan miqdorda, shartnomada tegishli shartlar nazarda tutilmagan taqdirda esa— odatda bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar yuzasidan to‘laydigan miqdorda to‘lanadi.

Foizlar summasi bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda, bunday muddatlar bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilmagan hollarda esa — yilning har choragi tamom bo‘lgach, hisobvaraqqa kiritib qo‘yiladi.

782-modda. Bankning va mijozning muqobil talablarini hisobga olish

Bankning hisobvaraqni kreditlash hamda bank xizmatlari uchun haq to‘lash bilan bog‘liq holda mijoz oldiga qo‘yiladigan pul talablari, shuningdek mijozning pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlar to‘lash haqida bank oldiga qo‘yadigan talablari, agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bir-birlarining talablarini hisobga olish yo‘li bilan bekor qilinadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan talablar bank tomonidan hisobga olinib, u talablar hisobga olinganligi to‘g‘risida mijozga bank hisobvarag‘i shartnomasida belgilab qo‘yilgan tartibda va muddatlarda, bordiyu tegishli shartlarni taraflar kelishib olishmagan bo‘lsa, banklar odatda tegishli hisobvaraqdagi pul mablag‘larining holati to‘g‘risida mijozlarga axborot beradigan tartibda va muddatlarda axborot berishi shart.

783-modda. Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish asoslari

Bank hisobvaraqdan pul mablag‘larini mijozning topshirig‘i asosida o‘chiradi.

Mijozning topshirig‘isiz hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini o‘chirishga sudning qarori bilan, shuningdek ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda belgilab qo‘yilgan yoxud bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

784-modda. Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish navbati

Hisobvaraqda unga qo‘yilgan hamma talablarni qanoatlantirish uchun yetarli miqdorda pul mablag‘lari bo‘lsa, bu mablag‘larni hisobvaraqdan o‘chirish mijozning farmoyishlari va o‘chirish uchun boshqa hujjatlar tushgan tartibda (kalendar navbat), agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, amalga oshiriladi.

Hisobvaraqdagi pul mablag‘lari unga qo‘yilgan barcha talablarni qondirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, pul mablag‘lari quyidagi navbatda o‘chiriladi:

birinchi navbatda mutanosib ravishda budjetga, budjetdan tashqari fondlarga to‘lovlarni hamda ish haqi to‘lash uchun pul mablag‘lari berilishini nazarda tutuvchi to‘lov (ijrochi) hujjatlari bo‘yicha, alimentlarni undirishga doir talablarni qondirish uchun hisobvarag‘idan pul mablag‘larini o‘tkazish yoki pulni berishni nazarda tutuvchi ijrochi hujjatlar bo‘yicha, mualliflik shartnomalariga binoan mukofotlarni to‘lash bo‘yicha, shuningdek hayoti va salomatligiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha, budjetga to‘lovlar bo‘yicha hamda mehnatga oid va unga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan to‘lovlar bo‘yicha xo‘jalik subyektlarining majburiyatlari teng darajada bajarilishini ta’minlovchi ijrochi hujjatlar bo‘yicha pul o‘chiriladi;

ikkinchi navbatda boshqa pul talablarini qondirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha pul o‘chiriladi;

uchinchi navbatda boshqa to‘lov hujjatlari bo‘yicha kalendar navbat tartibida pul o‘chiriladi.

784-modda. Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish navbati (davomi)

Bevosita ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan ehtiyojlarga pul mablag‘larini qonunchilikda belgilangan miqdorda hisobdan chiqarish, kalendar navbat tartibidan tashqari navbatda amalga oshiriladi.

785-modda. Hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi va pul mablag‘lari asossiz o‘chirilganligi uchun bankning javobgarligi

Mijozga kelgan pul mablag‘lari hisobvaraqqa o‘z vaqtida kiritib qo‘yilmagan yoki bank hisobvaraqdan mablag‘larni asossiz ravishda o‘chirgan hollarda bank mijozning talabi bilan tegishli summani darhol hisobvaraqqa kiritib qo‘yishi shart, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Bank o‘z vaqtida kiritilmagan yoki asossiz o‘chirilgan summaga ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq foizlar to‘lashi va zararning o‘rnini qoplashi ham shart. Bank hisobvaraqdan mablag‘larni o‘z vaqtida bermaganligi va mijozning hisobvaraqdan mablag‘larni o‘tkazish haqidagi farmoyishlarini o‘z vaqtida bajarmaganligi uchun ham javobgar bo‘ladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

786-modda. Bank siri

Banklar bank hisobvarag‘i va bank omonati, hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar hamda mijoz haqidagi ma’lumotlar sir saqlanishini kafolatlaydi.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar faqat mijozlarning o‘zlariga yoki ularning vakillariga berilishi mumkin. Davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga bunday ma’lumotlar qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda berilishi mumkin.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bank tomonidan oshkor qilingan taqdirda, huquqlari buzilgan mijoz keltirilgan zararning o‘rnini qoplashni bankdan talab qilishga haqli.

787-modda. Hisobvaraqni tasarruf qilishning cheklanishi

Mijozning hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf qilish huquqlarini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi, hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini xatlash yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish hollari bundan mustasno.

788-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasini bekor qilish

Bank hisobvarag‘i shartnomasi mijozning arizasiga muvofiq istalgan vaqtda bekor qilinadi.

Bankning talabiga ko‘ra bank hisobvarag‘i shartnomasi quyidagi hollarda sud tomonidan bekor qilinishi mumkin:

mijozning hisobvarag‘ida saqlanayotgan pul mablag‘lari summasi bank qoidalarida yoki shartnomada ko‘zda tutilgan eng kam miqdordan oz bo‘lsa, agar bunday summa bank bu haqda ogohlantirgan kundan boshlab bir oyda tiklanmasa;

agar shartnomada boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu hisobvaraq bo‘yicha bir yil davomida operatsiyalar qilinmagan bo‘lsa.

Hisobvaraqdagi pul mablag‘larining qoldig‘i mijozning tegishli yozma arizasi olinganidan keyin kechi bilan yetti kun ichida mijozga beriladi yoki uning ko‘rsatmasiga muvofiq boshqa hisobvaraqqa o‘tkaziladi.

Bank hisobvarag‘i shartnomasining bekor qilinishi mijoz hisobvarag‘ini yopish uchun asos bo‘ladi.

789-modda. Banklarning hisobvaraqlari

Ushbu bobning qoidalari, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, vakillik hisobvaraqlariga, vakillik yordamchi hisobvaraqlariga, banklarning boshqa hisobvaraqlariga ham tatbiq etiladi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, shartnomada boshqacha tartib bo‘lmasa, bank hisobvaraqda turgan pul mablag‘laridan foydalanganligi uchun mijozga nima to‘laydi?
  1. Foizlar
  2. Komissiya
  3. Hech narsa
  4. Jarima

To‘g‘ri javob: Foizlar. 781-moddaning birinchi qismi mijozga foizlar to‘lanishini belgilaydi.

Shartnomada foizlarni hisobvaraqqa kiritish muddatlari nazarda tutilmagan. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, foizlar summasi qachon kiritib qo‘yiladi?
  1. Yilning har yarmi tamom bo‘lgach
  2. Yilning har choragi tamom bo‘lgach
  3. Har oyning oxirgi kuni tamom bo‘lgach
  4. Yil tamom bo‘lgach, keyingi yilda

To‘g‘ri javob: Yilning har choragi tamom bo‘lgach. 781-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra muddat bo‘lmasa foizlar har chorak tamom bo‘lgach kiritiladi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 782-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish
  2. Bank hisobvarag‘i shartnomasini bekor qilish
  3. Hisobvaraqda turgan pul mablag‘laridan bankning foydalanganligi uchun foiz to‘lash
  4. Bankning va mijozning muqobil talablarini hisobga olish

To‘g‘ri javob: Bankning va mijozning muqobil talablarini hisobga olish. 782-modda: Bankning va mijozning muqobil talablarini hisobga olish.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Bankning va mijozning muqobil talablarini hisobga olish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 781-modda
  2. 782-modda
  3. 788-modda
  4. 775-modda

To‘g‘ri javob: 782-modda. 782-modda: Bankning va mijozning muqobil talablarini hisobga olish.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bank va mijozning o‘zaro pul talablari (kreditlash, xizmat haqi, foizlar) shartnomada boshqacha tartib bo‘lmasa qanday bekor qilinadi?
  1. Bank tomonidan bir tomonlama o‘chirib yuborish yo‘li bilan
  2. Sud orqali majburiy ijro tartibida undirish yo‘li bilan
  3. Bir-birlarining talablarini hisobga olish yo‘li bilan
  4. Mijozning arizasi asosida kechib yuborish yo‘li bilan

To‘g‘ri javob: Bir-birlarining talablarini hisobga olish yo‘li bilan. 782-modda talablar bir-birini hisobga olish yo‘li bilan bekor qilinishini belgilaydi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 783-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish navbati
  2. Naqd pullar bilan va naqd pulsiz hisob-kitoblar
  3. Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish asoslari
  4. Hisobvaraqda turgan pul mablag‘laridan bankning foydalanganligi uchun foiz to‘lash

To‘g‘ri javob: Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish asoslari. 783-modda: Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish asoslari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish asoslari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 783-modda
  2. 784-modda
  3. 790-modda
  4. 781-modda

To‘g‘ri javob: 783-modda. 783-modda: Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish asoslari.

Mijoz Elbek topshirig‘isiz hisobvarag‘idagi pul bank tomonidan o‘chirildi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bunday o‘chirish qachon mumkin?
  1. Faqat bank rahbarining qarori bilan, shuningdek ichki yo‘riqnomada nazarda tutilgan hollarda
  2. Bank xohlagan istalgan paytda, shuningdek mijozga oldindan xabar bergan hollarda
  3. Faqat mijoz yozma rozilik bergandagina, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarsiz
  4. Sudning qarori bilan, shuningdek qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda

To‘g‘ri javob: Sudning qarori bilan, shuningdek qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda. 783-moddaning ikkinchi qismi mijoz topshirig‘isiz o‘chirishni sud qarori va qonun yoki shartnomadagi hollar bilan cheklaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBank hisobvarag‘i (1/2)Keyingi →Hisob-kitoblar (1/3)