Vasiyat bo‘yicha vorislik (2/2)
V Bo‘Lim. Vorislik Huquqi
1127-modda. Vasiyatnomani bekor qilish va o‘zgartirish
Vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda o‘z vasiyatnomasini to‘laligicha bekor qilishga yoxud unda mavjud bo‘lgan ayrim vasiyat farmoyishlarini yangi vasiyatnoma tuzish orqali bekor qilishga, o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli.
Vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yoki vasiyat qiluvchining yozma farmoyishiga binoan notarius yoxud boshqa mansabdor shaxslar tomonidan uning barcha nusxalarini yo‘q qilib tashlash yo‘li bilan bekor qilinishi mumkin.
Yangi vasiyatnoma tuzish orqali oldin tuzilgan vasiyatnoma to‘laligicha yoki uning keyingi vasiyatnomaga zid bo‘lgan qismi bekor qilinadi.
Agar vasiyat qiluvchi tomonidan keyingi vasiyatnoma o‘z navbatida bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan bo‘lsa, yangi vasiyatnoma tuzish orqali to‘laligicha yoki qisman bekor qilingan oldingi vasiyatnoma qayta tiklanmaydi.
1128-modda. Vasiyatnomaning sir saqlanishi
Notarius, vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa mansabdor shaxs, shuningdek vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolagan fuqaro meros ochilgunga qadar vasiyatnomaning mazmuniga, uning tuzilishi, bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishiga daxldor ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
1129-modda. Vasiyatni talqin qilish
Vasiyatnoma notarius, vasiyatni ijro etuvchi yoki sud tomonidan talqin qilinganida undagi so‘zlar va iboralarning asl ma’nosi e’tiborga olinadi. Vasiyatnomadagi biron-bir qoidaning asl ma’nosi noaniq bo‘lsa, u boshqa qoidalar va umuman vasiyatnomaning mazmuni bilan taqqoslash orqali aniqlanadi.
1130-modda. Vasiyatnomaning haqiqiy emasligi
Tegishli shaklda tuzilmagan vasiyatnoma haqiqiy emas. Vasiyatnomaning haqiqiy emasligi ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi qoidalarga ham asoslanadi.
Vasiyatnomaning haqiqiy emas deb topilishidan mulkiy oqibatlarga ega bo‘ladigan shaxsning da’vosi bo‘yicha vasiyatnoma uni tuzish, imzolash va tasdiqlashning ushbu Kodeksda belgilangan tartibi buzilishi natijasida haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Vasiyatnomadagi ayrim farmoyishlarning haqiqiy emasligi vasiyatnomaning qolgan qismi haqiqiyligiga daxl qilmaydi.
Vasiyatnoma haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu vasiyatnomaga binoan merosdan mahrum bo‘lgan merosxo‘r umumiy asoslarda meros olish huquqiga ega bo‘ladi.
1131-modda. Vasiyatnomani ijro etish
Vasiyat qiluvchi vasiyatnomaning ijro etilishini o‘zi vasiyatnomada ko‘rsatgan, merosxo‘r hisoblanmaydigan shaxsga (vasiyatnomani ijro etuvchiga) topshirishi mumkin. Bu shaxsning vasiyatnomaning ijro etuvchisi bo‘lishga roziligi uning o‘z qo‘li bilan vasiyatnomaga yozgan ustxatida yoki vasiyatnomaga ilova qilingan arizasida aks ettirilishi lozim.
Merosxo‘rlar o‘zaro kelishib, vasiyatnomaning ijrosini merosxo‘rlardan biriga yoxud boshqa shaxsga topshirishga haqlidirlar. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, vasiyatnomani ijro etuvchi bir yoki bir necha merosxo‘rning talabi bilan sud tomonidan tayinlanishi mumkin.
Vasiyatnomani ijro etuvchi vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlarni oldindan xabardor qilgan holda vasiyat qiluvchi tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan istagan vaqtda voz kechish huquqiga ega. Vasiyatnomani ijro etuvchi merosxo‘rlarning arizasiga binoan sudning chiqargan qarori bilan ham o‘z majburiyatlaridan ozod qilinishi mumkin.
Vasiyatnomani ijro etuvchi:
merosni muhofaza qilishi va uni boshqarishi;
barcha merosxo‘rlarni va vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarni meros ochilganligi to‘g‘risida hamda ular foydasiga vasiyat majburiyatlari to‘g‘risida xabardor qilish uchun imkon qadar barcha chora-tadbirlarni ko‘rishi;
meros qoldiruvchiga tegishli summalarni olishi;
meros qoldiruvchining xohish-irodasi va qonunga muvofiq merosxo‘rlarga ularga tegishli mol-mulkni berishi;
1131-modda. Vasiyatnomani ijro etish (davomi)
merosxo‘rlar zimmalariga yuklatilgan vasiyat majburiyatlarini ijro etishlarini ta’minlashi;
vasiyat majburiyatlarini bajarishi yoxud vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlardan vasiyat majburiyatlarini ijro etishlarini talab qilishi lozim.
Vasiyatnomani ijro etuvchi merosni boshqarish hamda vasiyatnomani ijro etish bilan bog‘liq sud ishlarida va boshqa ishlarda o‘z nomidan qatnashishga haqli, shuningdek bunday ishlarda ishtirok etishga jalb etilishi mumkin.
Vasiyatnomani ijro etuvchi o‘z majburiyatlarini merosni qarzlardan holi qilish, meros qoldiruvchiga tegishli summalarni undirish va barcha merosxo‘rlarning merosga egalik qilishga kirishishi uchun zarur bo‘lgan oqilona muddat mobaynida amalga oshiradi. Har qanday holda ham ko‘rsatilgan muddat meros ochilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketmasligi kerak.
Vasiyatnomani ijro etuvchi merosni boshqarish va vasiyatnomani ijro etish bo‘yicha zarur xarajatlarni meros hisobidan undirish huquqiga ega. Vasiyatnomada uni ijro etuvchiga meros hisobidan haq to‘lash nazarda tutilishi mumkin.
Vasiyatnoma ijro etib bo‘lingach, vasiyatnomani ijro etuvchi merosxo‘rlarning talabiga binoan ularga hisobot taqdim etishi shart.
1132-modda. Vasiyat majburiyati
Vasiyat qiluvchi vasiyat bo‘yicha merosxo‘rning zimmasiga bir yoki bir necha shaxs (vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar) foydasiga biron-bir majburiyatni (vasiyat majburiyatini) meros hisobidan bajarishni yuklashga haqli bo‘lib, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar vasiyat majburiyati bajarilishini talab qilish huquqini oladilar.
Qonun bo‘yicha vorislar jumlasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan shaxslar ham vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar bo‘lishlari mumkin.
Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga meros tarkibiga kiradigan ashyoni mulk qilib yoki boshqa ashyoviy huquq qilib berish, meros tarkibiga kirmaydigan mol-mulkni uning uchun sotib olish va unga berish, uning uchun muayyan ishni bajarish, unga muayyan xizmatlar ko‘rsatish va hokazolar vasiyat majburiyati narsasi bo‘lishi mumkin.
Vasiyat qiluvchi tomonidan zimmasiga vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi yuklatilgan merosxo‘r bu vazifani o‘ziga o‘tgan merosning meros qoldiruvchi qarzlarining o‘zi to‘lashi lozim bo‘lgan qismini chegirib tashlagandan keyin qoladigan haqiqiy qiymati doirasidagina bajarishi lozim.
Agar zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxo‘r merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lsa, uning vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi o‘ziga o‘tgan meros qiymatining majburiy ulush miqdoridan ortiq bo‘lgan qismi bilan chegaralanadi.
Vasiyat majburiyati barcha yoki bir necha merosxo‘r zimmasiga yuklatilgan hollarda, agar vasiyatnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ularning har biri vasiyat majburiyatini merosdagi o‘z ulushiga mutanosib ravishda bajaradi.
1132-modda. Vasiyat majburiyati (davomi)
Vasiyat qiluvchi meros sifatida uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni oladigan merosxo‘r zimmasiga turar joyni yoki uning bir qismini boshqa shaxsga umrbod foydalanish uchun berib qo‘yish majburiyatini yuklashga haqli. Turar joyga bo‘lgan mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga o‘tganida ham umrbod foydalanish huquqi o‘z kuchida qoladi.
Turar joydan umrbod foydalanish huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi, o‘zgaga berilmaydi va vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchining merosxo‘rlariga o‘tmaydi.
Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga berilgan turar joydan umrbod foydalanish huquqi, agar vasiyatnomada boshqacha tartib ko‘rsatilgan bo‘lmasa, uning oila a’zolari mazkur turar joyda yashashi uchun asos hisoblanmaydi.
Zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxo‘r vafot etgan yoki u merosni qabul qilib olmagan taqdirda, vasiyat majburiyatini bajarish uning ulushini olgan boshqa merosxo‘rlarga yoxud, agar mol-mulk egasiz bo‘lib qolsa, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga o‘tadi.
Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros ochilgunga qadar yoki meros ochilgandan keyin, ammo vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘r vasiyat majburiyatini qabul qilib olishga ulgurgan paytga qadar vafot etgan taqdirda vasiyat majburiyati bajarilmaydi.
Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros qoldiruvchining qarzlari uchun javobgar bo‘lmaydi.
1133-modda. Majburiyat yuklash
Vasiyat qiluvchi vasiyat bo‘yicha merosxo‘r zimmasiga biron-bir harakatni sodir etish yoki sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklab, bu majburiyatni bajarishni kreditor sifatida talab qilish huquqini hech kimga bermasligi mumkin. Umumiy foydali maqsadni amalga oshirish uchun vasiyatnomani ijro etuvchining zimmasiga xuddi shunday majburiyat yuklatilib, bu majburiyatni bajarish uchun meros qoldiruvchi tomonidan mol-mulkning bir qismi ajratilishi mumkin.
Mulkiy xususiyatga ega bo‘lgan xatti-harakatni sodir etishdan iborat majburiyatga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1132-moddasida bayon etilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Agar ushbu Kodeksga muvofiq, majburiyatni bajarish zimmasida bo‘lgan merosxo‘rga tegishi lozim bo‘lgan yoki unga qarashli bo‘lgan meros ulushi boshqa merosxo‘rga o‘tsa, majburiyatni bajarish bekor bo‘ladi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1127-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Vasiyatnomani bekor qilish va o‘zgartirish
- Umumiy qoidalar
- Vasiyatnomaning sir saqlanishi
- Shartli vasiyatnoma
To‘g‘ri javob: Vasiyatnomani bekor qilish va o‘zgartirish. 1127-modda: Vasiyatnomani bekor qilish va o‘zgartirish.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Vasiyatnomani bekor qilish va o‘zgartirish» qaysi moddada belgilangan?
- 1128-modda
- 1121-modda
- 1127-modda
- 1120-modda
To‘g‘ri javob: 1127-modda. 1127-modda: Vasiyatnomani bekor qilish va o‘zgartirish.
Gulnora 2020-yilda mol-mulkini Anvarga vasiyat qildi, 2022-yilda esa yangi vasiyatnoma tuzib mol-mulkini Barnoga qoldirdi. 2024-yilda u ikkinchi vasiyatnomani ham bekor qildi va yangisini tuzmadi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, 2020-yilgi vasiyatnoma haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Qayta tiklanmaydi
- Avtomatik ravishda qayta tiklanadi
- Faqat sud qaroriga ko‘ra qayta tiklanadi
- Anvar talab qilsa, qayta tiklanadi
To‘g‘ri javob: Qayta tiklanmaydi. 1127-moddaga ko‘ra yangi vasiyatnoma bilan bekor qilingan oldingi vasiyatnoma keyingisi bekor qilinsa ham qayta tiklanmaydi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, yangi vasiyatnoma tuzishdan tashqari vasiyatnoma yana qaysi yo‘l bilan bekor qilinishi mumkin?
- Merosxo‘rlarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan, sudsiz va notariussiz
- Vasiyatnomaning barcha nusxalarini yo‘q qilib tashlash yo‘li bilan
- Faqat vasiyatnomaning asl nusxasini yo‘q qilish yo‘li bilan
- Faqat vakolatli sud qarori asosida, merosxo‘rlar roziligisiz
To‘g‘ri javob: Vasiyatnomaning barcha nusxalarini yo‘q qilib tashlash yo‘li bilan. 1127-moddaga ko‘ra vasiyatnoma barcha nusxalarini yo‘q qilib tashlash yo‘li bilan ham bekor qilinishi mumkin.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1128-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Vasiyatnomaning sir saqlanishi
- Vasiyatnomani ijro etish
- Shartli vasiyatnoma
- Vasiyatnomaning shakliga doir umumiy qoidalar
To‘g‘ri javob: Vasiyatnomaning sir saqlanishi. 1128-modda: Vasiyatnomaning sir saqlanishi.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Vasiyatnomaning sir saqlanishi» qaysi moddada belgilangan?
- 1128-modda
- 1121-modda
- 1124-modda
- 1131-modda
To‘g‘ri javob: 1128-modda. 1128-modda: Vasiyatnomaning sir saqlanishi.
Notarius Sardor vasiyatnomani tasdiqlagan edi. Vasiyat qiluvchi hayot paytida uning o‘g‘li notariusdan vasiyatnoma mazmunini so‘radi va Sardor uni aytib berdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, Sardorning harakati haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Qarindoshga aytishi mumkin, chunki u merosxo‘r bo‘lishi ehtimol
- Faqat vasiyat qiluvchining og‘zaki roziligi bilan aytishi mumkin
- Faqat vasiyatnoma bekor qilinmagan bo‘lsa aytishi mumkin
- Meros ochilgunga qadar mazmunni oshkor qilishga haqli emas
To‘g‘ri javob: Meros ochilgunga qadar mazmunni oshkor qilishga haqli emas. 1128-moddaga ko‘ra notarius meros ochilgunga qadar vasiyatnoma mazmunini oshkor qilishga haqli emas.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1129-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Vasiyatnomani ijro etish
- Mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismini meros qilib olish
- Vasiyatni talqin qilish
- Notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar
To‘g‘ri javob: Vasiyatni talqin qilish. 1129-modda: Vasiyatni talqin qilish.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash