XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 1120–1126-m.

Vasiyat bo‘yicha vorislik (1/2)

V Bo‘Lim. Vorislik Huquqi

1120-modda. Umumiy qoidalar

Fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi.

Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.

Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Qonun bo‘yicha merosxo‘rni merosdan mahrum etish, agar vasiyatnomadan boshqa hol kelib chiqmasa, bu vasiyat qiluvchining taqdim etish huquqi bo‘yicha vorislik qiladigan avlodlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli.

Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.

Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas.

1120-modda. Umumiy qoidalar (davomi)

Meros qoldiruvchi o‘zi vasiyatnomada merosxo‘r etib tayinlagan shaxslarga, o‘z navbatida vafot etishlari ehtimoli bilan o‘zlariga vasiyat qilingan mol-mulkni muayyan tarzda tasarruf etish xususida ko‘rsatma berish majburiyatini yuklashga haqli emas.

1121-modda. Shartli vasiyatnoma

Vasiyat qiluvchi merosning olinishi uchun merosxo‘r xulq-atvorining xususiyatini qonuniy ravishda shart qilib qo‘yishga haqli.

Merosxo‘rni tayinlash yoki vorislik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi farmoyishga kiritilgan g‘ayriqonuniy shartlar haqiqiy bo‘lmaydi.

Vasiyatnomaga kiritilgan bo‘lib, merosxo‘r o‘z salomatligining ahvoliga ko‘ra yoki boshqa obyektiv sabablar tufayli bajara olmaydigan shartlar merosxo‘rning da’vosi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

1122-modda. Vorisdan keyingi vorislarni tayinlash

Vasiyat qiluvchi vasiyatnomada ko‘rsatilgan merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etishi, merosni qabul qilmasligi yoxud undan voz kechishi yoki noloyiq merosxo‘r sifatida ushbu Kodeksning 1119-moddasida nazarda tutilgan tartibda meros olishdan chetlashtirilishi ehtimolini, shuningdek vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘r meros qoldiruvchining qonuniy shartlarini bajarmasligi ehtimolini nazarda tutgan holda boshqa merosxo‘rni (vorisdan keyingi vorisni) tayinlashi mumkin.

Ushbu Kodeksga muvofiq merosxo‘r bo‘la oladigan har qanday shaxs vorisdan keyingi voris etib tayinlanishi mumkin.

Vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rning vorisdan keyingi voris zarariga merosdan voz kechishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

1123-modda. Mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismini meros qilib olish

Mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismi ushbu Kodeksning 1134 –– 1143-moddalarida nazarda tutilgan tartibda vorislikka chaqiriladigan qonun bo‘yicha merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Bu merosxo‘rlar jumlasiga mol-mulkning boshqa qismi vasiyatnoma bo‘yicha meros qilib qoldirilgan qonun bo‘yicha vorislar ham kiradilar.

1124-modda. Vasiyatnomaning shakliga doir umumiy qoidalar

Vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim.

Quyidagi vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi:

notarial tasdiqlangan vasiyatnomalar;

notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar.

Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi lozim.

Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir bo‘lganida vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligining sabablari ko‘rsatilgan holda vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin.

Quyidagilar vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:

notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;

vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun bo‘yicha merosxo‘rlari;

to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar;

savodsizlar va vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar;

yolg‘on guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.

1125-modda. Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma

Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan bo‘lishi lozim. Vasiyatnomani vasiyat qiluvchi so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olish paytida umumiy qabul qilingan texnika vositalaridan (yozuv mashinkasi, shaxsiy kompyuter va hokazolardan) foydalanilishi mumkin.

Vasiyat qiluvchining so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini notarius oldida to‘liq o‘qib chiqishi lozim.

Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmasa, vasiyatnomaning matni vasiyat qiluvchiga notarius tomonidan o‘qib eshittiriladi, bu haqda vasiyatnomada tegishlicha qayd etilib, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmaganligining sabablari ko‘rsatiladi.

Vasiyat qiluvchining xohishiga ko‘ra vasiyatnoma notarius tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi.

Maxfiy vasiyatnomani vasiyat qiluvchi haqiqiy sanalmaslik xavfi ostida o‘z qo‘li bilan yozishi va imzolashi lozim. Vasiyatnoma ikki guvoh va notarius ishtirokida xatjildga solinib, xatjild yelimlanishi lozim, guvohlar o‘z familiyalari, ismlari, otalarining ismini va doimiy turar joylarini ko‘rsatgan holda xatjildga imzo qo‘yadilar. Guvohlar imzo qo‘ygan xatjild guvohlar va notariusning ishtirokida boshqa xatjildga solinadi va bu xatjild ham yelimlanadi, unga notarius tasdiqlash ustxatini yozib qo‘yadi.

1126-modda. Notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar

Quyidagi vasiyatnomalar notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtiriladi:

kasalxonalar, gospitallar, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarida yashab turgan fuqarolarning ana shu kasalxonalar, gospitallar va boshqa davolash muassasalarining bosh vrachlari, ularning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarining direktorlari yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostidagi kemalarda suzib yurgan vaqtidagi ana shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

qidiruv ekspeditsiyalari yoki shu kabi boshqa ekspeditsiyalardagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

harbiy xizmatchilarning, notariuslar bo‘lmagan yerlarda joylashgan harbiy qismlarda esa, bu qismlarda ishlayotgan harbiy bo‘lmagan fuqarolar, ularning oila a’zolari va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ham harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

notarius bo‘lmagan aholi punktlarida yashayotgan shaxslarning qonunga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari.

1126-modda. Notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar (davomi)

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan vasiyatnomalarga nisbatan ushbu Kodeksning 1125-moddasi qoidalari qo‘llaniladi, vasiyatnomani notarial tasdiqlash to‘g‘risidagi talab bundan mustasno.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 1120-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Vorisdan keyingi vorislarni tayinlash
  2. Umumiy qoidalar
  3. Meros tarkibi
  4. Notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar

To‘g‘ri javob: Umumiy qoidalar. 1120-modda: Umumiy qoidalar.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Umumiy qoidalar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 1113-modda
  2. 1126-modda
  3. 1122-modda
  4. 1120-modda

To‘g‘ri javob: 1120-modda. 1120-modda: Umumiy qoidalar.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, vasiyat nima?
  1. Fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi
  2. Fuqaroning o‘z mol-mulkini hayotligida boshqa shaxsga bepul topshirish haqidagi yozma bitimi
  3. Merosxo‘rlarning meros qoldiruvchi vafotidan keyin meros bo‘linishi to‘g‘risidagi o‘zaro kelishuvi
  4. Notarius tomonidan tuzilgan va merosxo‘rlarning meros huquqini tasdiqlovchi davlat guvohnomasi

To‘g‘ri javob: Fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi. 1120-moddaga ko‘ra vafot etgan taqdirda mol-mulkni tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi.

Nodira kasal bo‘lgani uchun notarius oldiga bora olmadi va vasiyatnomani o‘z nomidan tuzish uchun advokatiga ishonchnoma berdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qanday xulosa to‘g‘ri?
  1. Ishonchnoma notarial tasdiqlangan bo‘lsa, vasiyatnomani advokat tuza oladi
  2. Vasiyatnomani vakil tuza oladi, faqat uni merosxo‘rlar tasdiqlashi shart
  3. Vasiyatnomani faqat yaqin qarindosh vakil sifatida tuza oladi
  4. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, u shaxsan tuzilishi lozim

To‘g‘ri javob: Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, u shaxsan tuzilishi lozim. 1120-moddaga ko‘ra vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim, vakil orqali tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rni merosdan mahrum qilayotganda qanday huquqqa ega?
  1. Buning uchun sudning oldindan ruxsatini va barcha merosxo‘rlarning roziligini olishi shart
  2. Izoh bermagan holda bitta, bir nechta yoki hamma merosxo‘rni merosdan mahrum qilishga haqli
  3. Faqat bitta merosxo‘rni mahrum qila oladi, bir nechtasini yoki hammasini mahrum qila olmaydi
  4. Mahrum qilish sababini vasiyatnomada ko‘rsatishi va uni notarius oldida tasdiqlashi shart

To‘g‘ri javob: Izoh bermagan holda bitta, bir nechta yoki hamma merosxo‘rni merosdan mahrum qilishga haqli. 1120-moddaga ko‘ra vasiyat qiluvchi merosxo‘rlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda mahrum qilishga haqli.

Sherzod vasiyatnoma tuzayotgan paytda avtomobil hali unga tegishli emas edi, shunga qaramay u avtomobilni qiziga qoldirdi. Keyinchalik avtomobilni sotib oldi va vafot etdi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bu farmoyish haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Farmoyish haqiqiy emas, chunki vasiyat paytida avtomobil unga tegishli emas edi
  2. Farmoyish faqat qiz sudga murojaat qilsa haqiqiy bo‘ladi
  3. Farmoyish faqat vasiyatnoma qayta tuzilganda haqiqiy bo‘ladi
  4. Meros ochilgan paytda avtomobil unga tegishli bo‘lgani uchun farmoyish haqiqiy hisoblanadi

To‘g‘ri javob: Meros ochilgan paytda avtomobil unga tegishli bo‘lgani uchun farmoyish haqiqiy hisoblanadi. 1120-moddaga ko‘ra meros ochilgan paytga kelib mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishda qanday majburiyatga ega?
  1. Bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas
  2. Sabablarini notarius oldida tushuntirishi hamda yozma bayon qilishi shart
  3. Sabablarini merosxo‘rlarga yozma ravishda xabar qilishi shart
  4. Bekor qilish uchun sud ruxsatini olishga majbur hisoblanadi

To‘g‘ri javob: Bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas. 1120-moddaga ko‘ra vasiyat qiluvchi vasiyatnomani istagan paytda bekor qilishi mumkin va sabablarini ko‘rsatishga majbur emas.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, vasiyat qiluvchi quyidagilardan qaysi birini qilishga haqli emas?
  1. Vasiyatnomani istagan paytda bekor qilishga yoki o‘zgartirishga, buning uchun hech kimdan ruxsat olmasdan va sabablarini ko‘rsatmasdan
  2. Mol-mulkini davlatga yoki boshqa yuridik shaxsga vasiyat qilishga, shuningdek, bir yoki bir nechta merosxo‘rni merosdan mahrum qilishga
  3. Merosxo‘r etib tayinlangan shaxslarga o‘zlariga vasiyat qilingan mol-mulkni muayyan tarzda tasarruf etish haqida ko‘rsatma berish majburiyatini yuklashga
  4. Mol-mulkning muayyan qismini yuridik shaxsga vasiyat qilishga, qolgan qismini esa qonun bo‘yicha merosxo‘rlarga qoldirishga, hech qanday izoh bermasdan

To‘g‘ri javob: Merosxo‘r etib tayinlangan shaxslarga o‘zlariga vasiyat qilingan mol-mulkni muayyan tarzda tasarruf etish haqida ko‘rsatma berish majburiyatini yuklashga. 1120-moddaning davomiga ko‘ra bunday ko‘rsatma berish majburiyatini yuklashga haqli emas.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiVorislik to‘g‘risidagi umumiy qoidalarKeyingi →Vasiyat bo‘yicha vorislik (2/2)