O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tugatish
Moddalar
23-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tugatish asoslari
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagilar oqibatida tugatiladi:
- a) O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish;
- b) O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotganlik.
24-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish ushbu Qonunning 37 va 39-moddalarida belgilangan tartibda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to‘g‘risidagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi.
25-modda. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotish asoslari
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagi hollarda yo‘qotiladi:
- a) shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi oqibatida;
- b) agar xorijda doimiy yashovchi shaxs yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;
- v) agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish bila turib yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida amalga oshirilgan bo‘lsa;
- g) agar shaxs chet davlatning foydasini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatgan holda yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish yo‘li bilan jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa;
- d) agar shaxs ixtiyoriy ravishda chet davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa;
- e) agar shaxs chet davlatning fuqaroligini tug‘ilganlik bo‘yicha yoxud chet davlat fuqarosi bo‘lgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan bo‘lsa va yigirma bir yoshga to‘lguniga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan bo‘lsa.
Shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganligi uning erining (xotinining) va farzandining (bolalarining) fuqaroligi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
26-modda. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet davlat harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi faktlarini aniqlash
Chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirgan shaxslarni aniqlash uchun konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar hamda idoralarning ma’lumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini o‘rganadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan faktlar tasdiqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (bundan buyon matnda Tashqi ishlar vazirligi deb yuritiladi) xulosa tayyorlaydi va uni materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.
27-modda. Xorijda doimiy yashayotgan va doimiy konsullik hisobiga turmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash
Xorijda doimiy yashayotgan va yetti yil mobaynida doimiy konsullik hisobiga turmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash uchun konsullik muassasalari:
konsullik muassasasiga shaxsan murojaat qilgan shaxslarning murojaatlarini yoxud konsullik muassasalariga Tashqi ishlar vazirligi orqali kelib tushgan ma’lumotlarni tekshiradi;
shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi to‘g‘risidagi chet davlatning so‘rovnomalarini o‘rganadi;
o‘z konsullik okruglaridagi mamlakatlarda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi;
xorijga doimiy yashashga chiqib ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (bundan buyon matnda Ichki ishlar vazirligi deb yuritiladi) har chorakda beradigan so‘rovnomalariga ko‘ra doimiy konsullik hisobi ro‘yxatlari bo‘yicha tekshiradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fakt aniqlangan taqdirda, Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va uni materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.
Xorijda doimiy yashayotgan va yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik hisobiga turmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi konsullik muassasasiga doimiy konsullik hisobiga qo‘yish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Konsullik muassasasi ariza beruvchining shaxsini aniqlaydi, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan shaxslarning ro‘yxati bilan solishtiradi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining doimiy konsullik hisobiga o‘z vaqtida turmaganligi sabablarini o‘rganadi. Bunda ariza beruvchiga ushbu Qonun 25-moddasining qoidalari tushuntiriladi.
27-modda. Xorijda doimiy yashayotgan va doimiy konsullik hisobiga turmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash (davomi)
Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda konsullik muassasasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini doimiy konsullik hisobiga qo‘yish uchun hujjatlarni qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Kasallik, yashab turilgan mamlakatda konsullik muassasasi mavjud emasligi va fuqaroga bog‘liq bo‘lmagan boshqa sabablar uzrli sabablar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining doimiy konsullik hisobiga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi axborot Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi.
28-modda. Bila turib yolg‘on ma’lumotlarni yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilinganligi faktini aniqlash
Bila turib yolg‘on ma’lumotlarni yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilinganligi fakti aniqlangan taqdirda Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi materiallarni O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlariga topshiradi.
Bila turib yolg‘on ma’lumotlarni yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilinganligi fakti sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan belgilanadi.
Qaror chiqargan sud qarorning ko‘chirma nusxasini Ichki ishlar vazirligiga yoki Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.
Sudning qarori asosida Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.
29-modda. Chet davlatning foydasini ko‘zlagan holda faoliyat ko‘rsatgan yoxud tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganligi faktini aniqlash
Chet davlatning foydasini ko‘zlagan holda faoliyat ko‘rsatgan yoxud tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganligi fakti sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanadi.
Hukm chiqargan sud hukmning ko‘chirma nusxasini Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.
Sudning hukmi asosida Ichki ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.
30-modda. Chet davlat fuqaroligini ixtiyoriy ravishda olgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash
Chet davlat fuqaroligini ixtiyoriy ravishda olgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash uchun ichki ishlar organlari va konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar hamda idoralarning ma’lumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini o‘rganadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fakt aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga ushbu Qonunning 25-moddasi qoidalari tushuntiriladi. Bunda Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.
31-modda. Chet davlatning fuqaroligini tug‘ilganlik bo‘yicha yoxud chet davlat fuqarosi bo‘lgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash
Chet davlatning fuqaroligini tug‘ilganlik bo‘yicha yoxud chet davlat fuqarosi bo‘lgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan va yigirma bir yoshga to‘lguniga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash uchun ichki ishlar organlari va konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar va idoralarning ma’lumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini o‘rganadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fakt aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga yoki uning qonuniy vakiliga ushbu Qonunning 25-moddasi qoidalari tushuntiriladi.
Agar shaxs yigirma bir yoshga to‘lguniga qadar chet davlatning fuqaroligini tugatish to‘g‘risida axborot taqdim etmasa, Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.
Bilimingizni sinang
«Fuqarolik to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligi qanday asoslarda tugatiladi?
- Faqat fuqaroligidan chiqish va vafot etganlik oqibatida
- Faqat sud hukmi va fuqaroligini yo‘qotish oqibatida
- Fuqaroligidan chiqish va fuqaroligini yo‘qotganlik oqibatida
- Faqat fuqaroligini yo‘qotish va vafot etganlik oqibatida
To‘g‘ri javob: Fuqaroligidan chiqish va fuqaroligini yo‘qotganlik oqibatida. 23-moddaga ko‘ra, fuqarolik chiqish va yo‘qotganlik oqibatida tugatiladi.
Fuqarolikdan chiqish va fuqarolikni yo‘qotish orasidagi farq qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Chiqish fuqaroning iltimosnomasiga asosan, yo‘qotish esa qonunda ko‘rsatilgan asoslar yuzaga kelganda sodir bo‘ladi
- Chiqish sud hukmi bilan, yo‘qotish esa fuqaroning iltimosnomasiga asosan sodir bo‘ladi, bu ikkalasi ham qonunda ko‘rsatilgan
- Ikkalasi ham faqat sud tomonidan hal etiladi, ular o‘rtasidagi farq faqat iltimosnomaning shaklida bo‘ladi
- Hech qanday farq yo‘q, ikkala holat ham fuqaroning iltimosnomasiga asosan va bir xil tartibda sodir bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Chiqish fuqaroning iltimosnomasiga asosan, yo‘qotish esa qonunda ko‘rsatilgan asoslar yuzaga kelganda sodir bo‘ladi. 24-moddaga ko‘ra, chiqish iltimosnomaga asosan, 25-moddaga ko‘ra esa yo‘qotish qonunda sanalgan holatlarda yuz beradi.
«Fuqarolik to‘g‘risida» qonun — 24-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish
- O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotish asoslari
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet davlat harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi faktlarini aniqlash
- O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish. 24-modda: O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish.
«Fuqarolik to‘g‘risida» qonun: «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish» qaysi moddada belgilangan?
- 22-modda
- 26-modda
- 25-modda
- 24-modda
To‘g‘ri javob: 24-modda. 24-modda: O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish.
Fuqarolikdan chiqish qanday asosda amalga oshiriladi?
- Prokuror taqdimnomasiga asosan
- Hokimning qaroriga asosan
- Fuqaroning iltimosnomasiga asosan
- Mahalla yig‘ilishi qaroriga asosan
To‘g‘ri javob: Fuqaroning iltimosnomasiga asosan. 24-moddaga ko‘ra, chiqish fuqaroning iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Xorijda doimiy yashovchi shaxs uzrli sababsiz necha yil doimiy konsullik hisobiga turmasa, O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotadi?
- besh yil
- uch yil
- yetti yil
- o‘n yil
To‘g‘ri javob: yetti yil. Xorijda yashovchi shaxs yetti yil uzrli sababsiz konsullik hisobiga turmasa, fuqarolikni yo‘qotadi.
Chet davlat fuqaroligini voyaga yetmagan yoshida olgan shaxs qaysi yoshga to‘lguniga qadar undan chiqishni rasmiylashtirmasa, O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotadi?
- o‘n olti yoshga
- yigirma besh yoshga
- o‘n sakkiz yoshga
- yigirma bir yoshga
To‘g‘ri javob: yigirma bir yoshga. Yigirma bir yoshga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotadi.
Quyidagilardan qaysi biri O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotish asosi hisoblanadi?
- Chet davlatning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganlik
- Xorijga turistik sayohatga chiqish va u yerda bir yildan ko‘p turib qolish
- Xorijda oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirib, u yerda ro‘yxatdan o‘tish
- Xorijda mehnat shartnomasi tuzib, chet el xususiy kompaniyasida ishlash
To‘g‘ri javob: Chet davlatning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganlik. 25-moddaning “a” bandiga ko‘ra, chet davlat harbiy xizmati, xavfsizlik, huquqni muhofaza va hokimiyat organlariga xizmatga kirish fuqarolikni yo‘qotish asosidir.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash