XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Iste’molchilar huquqlari» qonuni · 1–9-m.

Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (1/4)

Moddalar

1-modda. Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:

iste’molchi — foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs);

ishlab chiqaruvchi — iste’molchiga realizatsiya qilish uchun tovar ishlab chiqaradigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar;

ijrochi — maishiy xizmat, uy-joy-kommunal, ta’mirlash-qurilish, transport xizmati va xizmat ko‘rsatishning boshqa sohalarida shartnoma bo‘yicha iste’molchi uchun ishlar bajaradigan yoki xizmatlar ko‘rsatadigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar;

sotuvchi — oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha iste’molchiga tovar realizatsiya qiladigan korxona, tashkilot, muassasa yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar;

shartnoma — tovarni olish-sotishni amalga oshirishda, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda sifat, miqdor, muddat, narx va boshqa shartlar to‘g‘risida iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi og‘zaki yoki yozma kelishuv;

tovar — ishlab chiqaruvchi faoliyatining iste’molchiga shartnoma bo‘yicha sotish uchun mo‘ljallagan mahsuli, shu jumladan, import mahsuloti;

normativ hujjatlar — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda boshqa hujjatlar (shaharsozlik normalari va qoidalari, davlat farmakopeyasi hamda farmakopeya maqolalari), texnik tavsiflar, retsepturalar, shuningdek tovarning (ishning, xizmatning) sifatiga va xavfsizligiga doir majburiy talablarni o‘z ichiga olgan boshqa hujjatlar;

1-modda. Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

tovar (ish, xizmat)ning xavfsizligi — tovarni iste’mol qilish, undan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilishning, shuningdek, ish yoki xizmat natijalaridan foydalanishning odatdagi sharoitlarida iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga va atrof-muhitga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bog‘liq xavf xatarning yo‘qligi;

muvofiqlik sertifikati — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat;

tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni — tovar (ish, xizmat)ning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovar (ish, xizmat)ning sifatiga odatda qo‘yiladigan talablarga nomuvofiqligi;

tovar (ish, xizmat)ning jiddiy nuqsoni — tovar (ish, xizmat)dan belgilangan maqsadda foydalanib bo‘lmaydigan qilib qo‘yadigan yoxud bartaraf etish uchun ko‘p mehnat va vaqt sarflash talab qiladigan kamchilik;

kafolat muddati — tovardan (xizmatdan) foydalanishning (onlar hisobidagi) normativ muddati yoki tovar (xizmat)ning muayyan vazifani (necha soatda, nechta ish jarayonida, qancha kilometr masofani bosib o‘tib va h.k.) bajarish vaqti tarzida belgilangan muddati bo‘lib, bu muddat ichida ishlab chiqaruvchi (ijrochi), basharti tovarni ishlatish (xizmatdan foydalanish) qoidalariga rioya etilgan bo‘lsa, tovarning (xizmatning) sifatiga nisbatan normativ hujjatlarda nazarda tutilgan talablar bajarilishini kafolatlaydi va ta’minlaydi;

1-modda. Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

xizmat muddati — tovardan foydalanishning belgilangan muddati bo‘lib, u tamom bo‘lgach, tovarning texnik holatidan qati nazar, undan foydalanish to‘xtatilishi lozim;

yaroqlilik (saqlash) muddati — muayyan davr bo‘lib, bu davrda tovar foydalanishga yaroqli bo‘ladi va u tamom bo‘lgach, tovar odamlar hayoti hamda sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin;

kassa cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi to‘langanligini tasdiqlaydigan, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq to‘langan sana va kassa apparatining nomeri ko‘rsatilgan hujjat;

tovar cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi to‘langanligini tasdiqlovchi, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq to‘langan sana hamda sotuvchining nomi va joylashgan manzili haqidagi ma’lumot ko‘rsatilgan hujjat.

tovarni (ishni, xizmatni) iste’molchidan qaytarib olish — agar tovar (ish, xizmat) iste’molchi mulkiga aylangan yoki unga taklif etilgan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan amalga oshiriladigan, tovarning (ishning, xizmatning) xavfsizligi talablariga mos bo‘lmagan tovarni (ishni, xizmatni) qaytarib olishga qaratilgan har qanday chora;

tovarni (ishni, xizmatni) muomaladan chiqarish — ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan amalga oshiriladigan, tovarning (ishning, xizmatning) xavfsizligi talablariga mos bo‘lmagan tovarga (ishga, xizmatga) ofertani tugatish va bunga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan har qanday chora;

2-modda. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik

Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonundan va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.

Qonunchilik hujjatlari ushbu Qonunda belgilangan iste’molchilarning huquqlarini cheklab qo‘yishi, ularni himoya qilishning kafolatlarini kamaytirishi mumkin emas.

3-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar

Agar O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan xalqaro shartnoma yoki bitimda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.

4-modda. Iste’molchilarning asosiy huquqlari

Iste’molchilar quyidagi huquqlarga ega:

tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish;

tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishini talab qilish;

tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz bo‘lishini talab qilish;

hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning o‘rni to‘liq hajmda qoplanishini talab qilish;

buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish;

iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish.

Iste’molchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlari uchun qonunchilik bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat ko‘rsatishning boshqa turlari bo‘yicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkin.

5-modda. Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumot

Ishlab chiqaruvchi o‘z korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida iste’molchini xabardor qilishi shart. Bunday ma’lumot ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida ko‘rsatilgan bo‘lishi yoxud boshqa usulda taqdim etilishi lozim.

Sotuvchi (ijrochi) o‘z tashkilotining firma nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini iste’molchilarga ma’lum qilishi shart. Bunday ma’lumot lavhada aks ettirilishi lozim.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumot savdo va xizmat ko‘rsatish muvaqqat binolar, yarmarkalar, ko‘chma do‘konchalar orqali amalga oshirilgan yoki savdo va xizmat ko‘rsatish sotuvchi (ijrochi)ning doimiy joylashgan manzilidan tashqarida amalga oshirilgan boshqa hollarda ham iste’molchilar e’tiboriga yetkazilishi kerak.

Sotuvchi (ijrochi) iste’molchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat ko‘rsatishning qoidalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berishi shart.

Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur ma’lumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.

6-modda. Tovar (ish, xizmat)lar to‘g‘risidagi ma’lumot

Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Bunda mazkur ma’lumot tovarlarning etiketkalarida, tamg‘alarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste’molchilarga yetkazilishi mumkin.

Tovar (ish, xizmat) haqidagi ma’lumotda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:

tovarning (ishning, xizmatning) nomi;

tovar (ish, xizmat) majburiy talablariga muvofiq kelishi shart bo‘lgan normativ hujjatning nomi;

tovar (ish, xizmat)ning asosiy iste’mol xususiyatlari, shu jumladan, o‘ziga xos xususiyatlari ro‘yxati;

narxi (tarifi) va sotib olish shartlari;

normativ-huquqiy hujjatlarga yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqarish sanasi ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan tovarning ishlab chiqarilgan sanasi;

ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari;

tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari;

tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati va ushbu muddat tugaganidan keyin iste’molchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarni bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) to‘liq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili);

6-modda. Tovar (ish, xizmat)lar to‘g‘risidagi ma’lumot (davomi)

tovar kelib chiqqan mamlakatning nomi;

ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari;

tovarlarni saqlash, xavfsiz utilizatsiya qilish usullari hamda qoidalari.

konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazilayotganda fonogrammadan foydalanish to‘g‘risidagi axborot.

Konsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart.

Tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur ma’lumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.

Texnik jihatdan tartibga solinishi majburiy bo‘lgan tovar bo‘yicha iste’molchiga uning texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.

Tovar (ish, xizmat) haqidagi zarur axborotning yo‘qligi bunday tovar (ish, xizmat)ni realizatsiya qilish ma’lumot berilgunga qadar tegishli davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi bo‘yicha to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.

7-modda. Tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan taqdirda iste’molchining huquqlari

Agar tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi:

zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab bo‘lsa, iste’molchi tegishli ma’lumot oqilona qisqa (ko‘pi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar ma’lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste’molchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘iga yoxud mol-mulkiga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, u ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oldiga qonunchilikda nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqlidir.

Iste’molchining tovar (ish, xizmat) haqidagi noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.

Noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

8-modda. Iste’molchining savdo va boshqa xizmat ko‘rsatish turlari sohasida shartnoma tuzish hamda sotib olinayotgan tovar (ish, xizmat) sifatini tekshirish huquqi

Iste’molchi shartnoma tuzish yo‘li bilan tovarni (ish xizmat)ni erkin sotib olish huquqiga ega bo‘lib, bu shartnomaga ko‘ra sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.

Narxnoma bilan qo‘yilgan tovarlar hamda tovar (ish, xizmatlar) haqida keluvchilar e’tiboriga havola etiladigan ma’lumot tegishli shartnomani tuzish uchun taklif deb hisoblanadi.

Tomonlar o‘rtasida shartnoma narsasi, miqdor, narx va boshqa muhim shartlar to‘g‘risida kelishuvga erishilsa, iste’molchi bilan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) o‘rtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Tuzilgan zahoti bajariladigan shartnoma, qoida tariqasida, og‘zaki shaklda tuziladi, qonunchilikda belgilab qo‘yilgan hollar bundan mustasno. Tuzilgan vaqtdan boshqa paytda (oldindan beriladigan buyurtmalar bo‘yicha, jo‘natma savdoda va boshqa hollarda) bajariladigan shartnoma yozma shaklda tuziladi.

Iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) esa, nazorat-o‘lchov asboblarini, narxga doir hujjatlarni taqdim etishi, tovarni ishlatib ko‘rsatishi, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi, zarurat bo‘lsa, tovarni ekspertizaga yuborishi shart.

9-modda. Oldi-sotdi shartnomalarining ayrim turlari to‘g‘risidagi qoidalar

Oldi-sotdi shartnomalarining ayrim turlari to‘g‘risidagi qoidalar, shuningdek, ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadi.

Bilimingizni sinang

«Iste’molchilar huquqlari» qonuni — 1-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari
  2. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik
  3. Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari
  4. Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar

To‘g‘ri javob: Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar. 1-modda: Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar.

«Iste’molchilar huquqlari» qonuni: «Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 11-modda
  2. 1-modda
  3. 2-modda
  4. 13-modda

To‘g‘ri javob: 1-modda. 1-modda: Ushbu Qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar.

«Iste’molchilar huquqlari» to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, quyidagi shaxslardan qaysi biri iste’molchi hisoblanadi?
  1. Foyda olish maqsadida xom ashyo sotib olgan korxona
  2. Yuridik shaxs nomidan transport xizmatiga buyurtma bergan tashkilot
  3. Shaxsiy iste’mol uchun muzlatgich sotib olgan fuqaro
  4. Do‘konida sotish uchun ulgurji tovar sotib olgan tadbirkor

To‘g‘ri javob: Shaxsiy iste’mol uchun muzlatgich sotib olgan fuqaro. 1-moddaga ko‘ra iste’molchi — foyda olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol uchun tovar sotib oluvchi fuqaro.

«Alfa» MChJ ofisi uchun 10 ta kompyuter sotib oldi va sifatsiz tovar uchun iste’molchi sifatida Qonun himoyasini talab qilmoqda. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Talab asossiz, chunki Qonunga ko‘ra iste’molchi faqat fuqaro (jismoniy shaxs)
  2. Talab asosli, agar kompyuterlar chet eldan olingan bo‘lsa, chunki import tovar
  3. Talab asosli, agar MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa, chunki u iste’molchi
  4. Talab asosli, chunki u tovar sotib oluvchi va shartnoma asosida olgan shaxs

To‘g‘ri javob: Talab asossiz, chunki Qonunga ko‘ra iste’molchi faqat fuqaro (jismoniy shaxs). 1-moddaga ko‘ra iste’molchi — fuqaro (jismoniy shaxs); yuridik shaxs iste’molchi hisoblanmaydi.

Qonunga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi kim?
  1. Shartnoma bo‘yicha iste’molchiga xizmat ko‘rsatuvchi yoki ish bajaruvchi korxona, tashkilot, muassasa yoki yakka tartibdagi tadbirkor, ijrochi
  2. Tovarni oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha iste’molchiga realizatsiya qiluvchi sotuvchi korxona, yakka tartibdagi tadbirkor yoki savdo shaxsi
  3. Tovarni faqat chet eldan olib kirib, iste’molchiga realizatsiya qilish uchun import qiluvchi korxona, tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor
  4. Iste’molchiga realizatsiya qilish uchun tovar ishlab chiqaradigan korxona, tashkilot, muassasa, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs

To‘g‘ri javob: Iste’molchiga realizatsiya qilish uchun tovar ishlab chiqaradigan korxona, tashkilot, muassasa, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs. 1-moddaga ko‘ra ishlab chiqaruvchi iste’molchiga realizatsiya qilish uchun tovar ishlab chiqaradi.

Ijrochi sotuvchidan qaysi jihati bilan farq qiladi?
  1. Ijrochi iste’molchi uchun shartnoma bo‘yicha ishlar bajaradi yoki xizmat ko‘rsatadi, sotuvchi esa tovar realizatsiya qiladi
  2. Ijrochi faqat yuridik shaxs bo‘ladi va bu uni sotuvchidan farqlaydi, sotuvchi esa faqat jismoniy shaxs bo‘ladi
  3. Ijrochi tovar ishlab chiqaradi va uni iste’molchiga realizatsiya qiladi, sotuvchi esa shartnoma bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi
  4. Ijrochi faqat davlat tashkiloti hisoblanadi, sotuvchi esa xususiy tadbirkor, shuning uchun ular bir-biridan farq qiladi

To‘g‘ri javob: Ijrochi iste’molchi uchun shartnoma bo‘yicha ishlar bajaradi yoki xizmat ko‘rsatadi, sotuvchi esa tovar realizatsiya qiladi. 1-moddaga ko‘ra ijrochi ish bajaradi yoki xizmat ko‘rsatadi, sotuvchi esa oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha tovar realizatsiya qiladi.

Do‘konda Dilorom xaridor bilan «Bu mahsulotni 100 ming so‘mga beraman» deb og‘zaki kelishdi va xaridor pul to‘lab mahsulotni oldi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Shartnoma tuzilgan, chunki shartnoma og‘zaki yoki yozma kelishuv bo‘lishi mumkin
  2. Shartnoma tuzilmagan, chunki yozma shakldagi kelishuv yo‘q, og‘zaki yetarli emas
  3. Shartnoma faqat chek berilgan taqdirda tuzilgan hisoblanadi, chek bo‘lmasa yo‘q
  4. Shartnoma faqat notarial tasdiq bilan tuzilgan hisoblanadi, boshqa kelishuv kuchga ega emas

To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzilgan, chunki shartnoma og‘zaki yoki yozma kelishuv bo‘lishi mumkin. 1-moddaga ko‘ra shartnoma — sifat, miqdor, muddat, narx bo‘yicha og‘zaki yoki yozma kelishuvdir.

Tovar (ish, xizmat)ning xavfsizligi nimani anglatadi?
  1. Iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulkiga va atrof-muhitga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bog‘liq xavf xatarning yo‘qligini
  2. Tovarning arzonligi va iste’molchi uchun hamyonbop narxda sotilishini hamda sifat ko‘rsatkichlarining yuqoriligini
  3. Tovar o‘ramining chiroyli, qulay va jozibador bo‘lishini hamda uning iste’molchi e’tiborini tortishini ta’minlovchi holatni
  4. Tovarning chet eldan olib kirilgani va ishlab chiqaruvchining xalqaro obro‘li kompaniya ekanligini tasdiqlovchi holatni

To‘g‘ri javob: Iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulkiga va atrof-muhitga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bog‘liq xavf xatarning yo‘qligini. 1-moddaga ko‘ra xavfsizlik — hayot, sog‘liq, mol-mulk va atrof-muhitga zarar xavfining yo‘qligi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
Keyingi →Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi (2/4)