Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi (2/4)
Moddalar
10-modda. Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi
Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tovarlarni kreditga sotish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi.
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq to‘lash naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkin. Sotuvchining (ijrochining) haq to‘lash shakliga qarab tovarning ayni bir markasi (modeli, artikuli), shuningdek bir xil hajmdagi va sifatdagi ishlar, xizmatlar uchun har xil narxlar (tariflar) belgilashi, shu jumladan ularni sun’iy ravishda oshirishi yoki pasaytirishi taqiqlanadi. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun naqd pulsiz shaklda haq to‘langanda, iste’molchilarga rag‘batlantirishlar berilishi mumkin.
11-modda. Ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari
Uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim. Kafolat muddati tovar iste’molchiga sotilgan yoki xizmat ko‘rsatilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tovar sotilgan kunni aniqlashning imkoni bo‘lmasa, bu muddat tovar ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan foydalanilishini) ta’minlashi shart.
Butlovchi buyumlarning kafolat muddati, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, asosiy buyumning kafolat muddatidan kam bo‘lmasligi lozim.
Kafolat muddati tovar (xizmat)ning pasportida yoki tovarni sotish yoxud xizmat ko‘rsatish paytida tovar bilan birgalikda iste’molchiga beriladigan boshqa hujjatda ko‘rsatiladi.
Ishlab chiqaruvchi tovardan kafolat muddati va xizmat muddati mobaynida foydalanish imkoniyatini ta’minlashi, tovarning ta’mirlanishini va unga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil etishi, tovarni ishlab chiqarish muddati mobaynida hamda u ishlab chiqarishdan olib tashlanganidan keyin tovarning xizmat muddati mobaynida, bunday muddat bo‘lmagan taqdirda esa, tovar ishlab chiqarishdan olib tashlangan paytdan e’tiboran o‘n yil mobaynida yetarli hajmda va turda ehtiyot qismlari ishlab chiqarishi hamda savdo va ta’mirlash tashkilotlariga yetkazib berishi shart.
11-modda. Ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari (davomi)
Dori vositalari va tibbiy buyumlarda, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etiladi.
12-modda. Iste’molchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz bo‘lishiga talab qo‘yish huquqi
Iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
Tovar (ish, xizmat)ning iste’molchilar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga doir talablar qonunchilik bilan belgilanadi.
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tovar (ish, xizmat)ning xizmat muddati yoki yaroqlilik muddati mobaynida, agar bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa, tovar iste’molchiga sotilgan (ish bajarilgan) dan e’tiboran o‘n yil mobaynida uning xavfsiz bo‘lishini ta’minlashi shart.
Iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi tovar ishlab chiqarganlik (ish bajarganlik, xizmat ko‘rsatganlik) uchun qonunchilikka muvofiq:
ishlab chiqaruvchi (ijrochi);
normativ hujjatlarni tasdiqlagan organ;
muvofiqlik sertifikati bergan organ;
sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, veterinariya xizmati organlari yoki xavfli tovar (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar javobgar bo‘ladi.
Tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi ta’minlanmaganligi oqibatida iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq qoplanishi lozim.
12-modda. Iste’molchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz bo‘lishiga talab qo‘yish huquqi (davomi)
Agar tovar (ish, xizmat)dan xavfsiz foydalanish yoki uni shu tarzda tashish va saqlash uchun maxsus qoidalarga rioya etish zarur bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi) bunday qoidalarni ishlab chiqishi, sotuvchi (ijrochi) esa, ularni iste’molchilar e’tiboriga yetkazishi shart.
Agar tovardan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilish, ish (xizmat) natijalari iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulkiga yoki atrof-muhitga zarar yetkazayotganligi yoxud zarar yetkazishi mumkinligi aniqlansa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) zarar keltiruvchi sabablar bartaraf etilgunga qadar ularni ishlab chiqarishni (bajarishni, uni realizatsiya qilishni) darhol to‘xtatishi, muomaladan chiqarish va iste’molchilardan qaytarib olish choralarini ko‘rishi shart.
Zarar yetkazilishining sabablarini bartaraf etish mumkin bo‘lmagan taqdirda, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) bunday tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlashi, ishni bajarish va xizmat ko‘rsatishni tugatishi shart, bunda davolashga, oziq-ovqatga mo‘ljallangan tovarlar va maishiy kimyo tovarlari sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan utilizatsiya qilinishi shart. Bu majburiyatlar sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tomonidan bajarilmagan taqdirda, tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlash, ishni bajarish va xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish, ularni muomaladan chiqarish va iste’molchilardan qaytarib olish tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz bo‘lishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari ko‘rsatmasiga binoan amalga oshiriladi.
12-modda. Iste’molchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz bo‘lishiga talab qo‘yish huquqi (davomi)
Iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga hamda atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan tovarlarning partiyalarini muomaladan chiqarish, ishlarni bajarishni va xizmatlar ko‘rsatishni taqiqlab qo‘yish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
Tovarni qaytarib olish, ishni bajarishni va xizmat ko‘rsatishni taqiqlab qo‘yish munosabati bilan iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
Agar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) xavfli xossalarga ega bo‘lgan tovarni qaytarib olish yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rgan bo‘lsa, u iste’molchi mazkur tovardan foydalanishni davom ettiraverishi tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.
12¹-modda. Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha tovarni topshirish muddatini (muddatlarini) buzish
Oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda (muddatlarda) tovarni iste’molchiga topshirishi shart.
Tovarni topshirish sotuvchi tomonidan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq uni iste’molchiga yoki u ko‘rsatgan shaxsga topshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan muddatda (muddatlarda) tovarni topshirish bo‘yicha majburiyatni bajarmagan taqdirda, sotuvchi kechiktirilgan har bir vaqt birligi (shartnomada ko‘rsatilgan daqiqa, soat, kun) uchun majburiyatning bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida iste’molchiga penya to‘laydi, biroq bunda penyaning umumiy summasi topshirilmagan tovar bahosidan oshib ketmasligi kerak. Penyani to‘lash sotuvchini oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan muddatda (muddatlarda) tovarni topshirish bo‘yicha majburiyatni buzganlik oqibatida iste’molchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashdan ozod etmaydi.
Sotuvchining ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan penyani to‘lashi va zararning o‘rnini qoplashi sotuvchini majburiyatlarni asl holida bajarishdan ozod etmaydi.
Oldi-sotdi shartnomasini tuzishda va savdo qoidalarini belgilashda penya miqdori ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan miqdordan kam etib belgilanishi mumkin emas.
13-modda. Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari
Nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
Agar nuqsonlar:
tovarning kafolat muddati yoxud yaroqlilik muddati mobaynida;
kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida;
ko‘chmas mulk iste’molchiga o‘tkazilgan kundan e’tiboran ikki yil mobaynida, agar shartnomada bundan uzoqroq muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa;
mavsumiy tovarlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan muddat mobaynida aniqlangan bo‘lsa, iste’molchi mazkur huquqlarini ro‘yobga chiqarishi mumkin.
Iste’molchi o‘ziga sotilgan to‘plamlar, garniturlar, komplektlar va komplekslarning mustaqil tarkibiy qismi bo‘lgan va mustaqil narxga ega bo‘lgan buyumlarda nuqsonlar borligini aniqlagan taqdirda, butun to‘plam, garnitur, komplekt va kompleksga nisbatan ham, ularning nuqsonlari bor mustaqil tarkibiy qismlariga nisbatan ham ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqlidir.
13-modda. Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari (davomi)
Ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan talablarni iste’molchi sotuvchiga qo‘yadi.
Iste’molchining talablari u kassa yoki tovar chekini yoxud sotib olinganlikni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni (dalillarni), kafolat muddati belgilangan tovarlar bo‘yicha esa, tegishlicha rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatga taqdim etgan taqdirda ko‘rib chiqiladi.
Iste’molchining texnik pasportni yo‘qotib qo‘ygan taqdirda, uni qayta tiklash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Tovarda aniqlangan nuqsonlar ishlab chiqaruvchi tomonidan bartaraf etiladi. Ishlab chiqaruvchi bilan sotuvchining o‘zaro munosabatlari shartnoma bilan tartibga solinadi.
14-modda. Nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi
Iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar bo‘lmagan taqdirda, iste’molchining almashtirib berish xususidagi talabi da’vo qilingan paytdan e’tiboran bir oy ichida qondirilishi kerak. Cho‘l va olis joylarda, tovarlar vaqti-vaqti bilan olib boriladigan joylarda iste’molchining bunday talabi ushbu joylarga navbatdagi tovar yetkazib berish uchun ketadigan muddat ichida, lekin ikki oydan kechiktirmay qondirilishi lozim.
Ana shu muddatlarning o‘tkazib yuborilgan har bir kuni uchun sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste’molchiga almashtirilgan tovarni berish bilan bir vaqtda tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.
Iste’molchining roziligi bilan sotuvchi nuqsonli tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib berib, xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishi shart.
15-modda. Tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibi
Tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim.
Iste’molchi kafolat muddati tugaganidan keyin tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish to‘g‘risida ishlab chiqaruvchiga talab qo‘yishga haqli. Bunday talab, basharti tovarda ishlab chiqaruvchining aybi bilan yo‘l qo‘yilgan jiddiy nuqsonlar aniqlangan bo‘lsa, belgilangan xizmat muddati mobaynida, agar xizmat muddati belgilanmagan bo‘lsa, o‘n yil mobaynida qo‘yilishi mumkin.
Uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarni ta’mirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun iste’molchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi (sotuvchining hisobidan uning o‘zi yoki vakili eltib beradi). Buning uchun ishlab chiqaruvchi sotuvchi bilan birgalikda shartnoma asosida tovarlarning almashuv fondini nazarda tutishlari shart. Mazkur talablar tatbiq etilmaydigan uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarlar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydi.
Tovardagi nuqsonlarni bartaraf etish xususida talab qo‘yilgan taqdirda, undan foydalanishning kafolat muddati iste’molchining tovardan foydalana olmagan davrga teng muddatga uzaytiriladi. Mazkur muddat iste’molchi nuqsonlarni bartaraf etish talabi bilan murojaat etgan kundan e’tiboran hisoblana boshlaydi.
15-modda. Tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibi (davomi)
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste’molchining ta’mirlashga ketadigan vaqtda foydalanish uchun shunday tovarni berib turish haqidagi talabini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun, shuningdek, nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga neustoyka (penya) to‘laydi.
16-modda. Iste’molchining nuqsonli tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqi
Agar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste’molchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo‘lsa, iste’molchi tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va ma’naviy zararni ushbu Qonunning 20 va 22-moddalariga muvofiq qoplashni talab qilishga haqli.
17-modda. Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilgan taqdirda u bilan hisob-kitob qilish
Nuqsonli tovar ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilgan vaqtda tovarning narxi o‘zgargan bo‘lsa, qayta hisob-kitob qilinmaydi.
Nuqsonli tovar boshqa markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilayotganda, agar almashtirilishi kerak bo‘lgan tovar narxi uning o‘rniga berilayotgan tovar narxidan past bo‘lsa, iste’molchi narxlardagi farqni qo‘shimcha ravishda to‘lashi lozim, almashtirilishi kerak bo‘lgan tovar narxi uning o‘rniga berilayotgan tovar narxidan yuqori bo‘lsa, iste’molchiga narxlardagi farq qaytariladi. Bunday hisob-kitob chog‘ida almashtirilishi kerak bo‘lgan tovar narxi oshgan taqdirda, uning talab qo‘yilgan paytdagi narxi, narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytdagi narxi qo‘llaniladi.
Shartnoma bekor qilinayotganda tovar narxi oshgan bo‘lsa, iste’molchi bilan hisob-kitob tovarning tegishli talab qo‘yilgan paytdagi qiymatiga qarab, narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytdagi qiymatiga qarab amalga oshiriladi.
Tovarni kreditga sotish to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinganligi munosabati bilan tovar qaytarilgan taqdirda, tovar qaytarilguniga qadar shartnoma bo‘yicha iste’molchi tomonidan to‘langan pul summasi unga qaytarib beriladi, shuningdek kredit olish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlarning hamda kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar summasining o‘rni qoplanadi.
Agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, iste’molchi tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, xuddi shunday shaklda amalga oshiriladi.
17-modda. Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilgan taqdirda u bilan hisob-kitob qilish (davomi)
Hajmi katta yoki vazni besh kilogrammdan ziyod tovarni ta’mirlash, narxini tushirish, almashtirish uchun eltish va iste’molchiga qaytarib keltirib berish sotuvchining (ishlab chiqaruvchining) kuchi bilan va uning hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu majburiyat bajarilmagan taqdirda tovarni eltish va qaytarib olib kelish iste’molchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin Bunda iste’molchining tovarni eltish va qaytarib olib ketish bilan bog‘liq xarajatlarini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) qoplashi shart.
Bilimingizni sinang
«Iste’molchilar huquqlari» qonuni — 10-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha tovarni topshirish muddatini (muddatlarini) buzish
- Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari
- Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi
- Oldi-sotdi shartnomalarining ayrim turlari to‘g‘risidagi qoidalar
To‘g‘ri javob: Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi. 10-modda: Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi.
«Iste’molchilar huquqlari» qonuni: «Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi» qaysi moddada belgilangan?
- 13-modda
- 12¹-modda
- 9-modda
- 10-modda
To‘g‘ri javob: 10-modda. 10-modda: Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi.
«Iste’molchilar huquqlari» to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, tovar (ish, xizmat) uchun haq to‘lash shakli va tartibi qanday belgilanadi?
- Faqat sotuvchi tomonidan bir tomonlama belgilanadi, iste’molchi roziligi talab etilmaydi
- Iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan
- Hokimlik tomonidan barcha sotuvchilar uchun yagona tartibda belgilab qo‘yiladi, iste’molchi
- Faqat Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, tomonlarning kelishuvi hisobga olinmaydi
To‘g‘ri javob: Iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan. 10-moddaga ko‘ra haq to‘lash shakli va tartibi iste’molchi va sotuvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.
Do‘kondagi sotuvchi mahsulotni sotib, kassa yoki tovar chekini bermadi, «chek kerak emas» dedi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Chek berish faqat nasiyaga savdoda shart bo‘lib, naqd savdoda sotuvchi chek berishga majbur emas
- Sotuvchi haq, chunki chekni faqat iste’molchi so‘raganda berish yetarli, so‘ralmasa shart emas
- Chek faqat 100 ming so‘mdan ortiq xaridda beriladi, undan kam xaridda chek talab qilinmaydi
- Sotuvchining harakati qonunga zid, tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi
To‘g‘ri javob: Sotuvchining harakati qonunga zid, tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi. 10-moddaga ko‘ra oldi-sotdida iste’molchiga cheк beriladi va chekni bermasdan sotish taqiqlanadi.
Kafe egasi taomni naqd to‘lov uchun 50 000 so‘m, plastik karta bilan to‘lov uchun esa 55 000 so‘mga sotmoqda. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Qonuniy, chunki narx faqat egasining ixtiyorida belgilanadi va to‘lov shakliga bog‘liq bo‘lishi mumkin
- Qonuniy, agar karta komissiyasi mavjud bo‘lsa, shuning uchun narxni oshirib belgilash mumkin bo‘ladi
- Taqiqlanadi, haq to‘lash shakliga qarab bir xil mahsulotga har xil narx belgilash mumkin emas
- Qonuniy, agar narxlar menyuda ko‘rsatilgan bo‘lsa, haq to‘lash shakliga qarab ularni farqlash mumkin
To‘g‘ri javob: Taqiqlanadi, haq to‘lash shakliga qarab bir xil mahsulotga har xil narx belgilash mumkin emas. 10-moddaga ko‘ra haq to‘lash shakliga qarab har xil narxlar belgilash, shu jumladan sun’iy oshirish yoki pasaytirish taqiqlanadi.
Tovar ishlab chiqarishdan olib tashlanganidan keyin xizmat muddati bo‘lmasa, ishlab chiqaruvchi ehtiyot qismlarni qancha muddat mobaynida yetkazib berishi shart?
- uch yil
- besh yil
- yigirma yil
- o‘n yil
To‘g‘ri javob: o‘n yil. Xizmat muddati bo‘lmagan taqdirda ehtiyot qismlar tovar ishlab chiqarishdan olib tashlangan paytdan e’tiboran o‘n yil mobaynida ta’minlanadi.
Uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarning kafolat muddati qaysi kundan boshlab hisoblanadi?
- Tovar omborga kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi
- Tovar iste’molchiga sotilgan yoki xizmat ko‘rsatilgan kundan
- Tovar zavodda ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi
- Shartnoma imzolangan kundan boshlab, kelishuv sanasidan hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Tovar iste’molchiga sotilgan yoki xizmat ko‘rsatilgan kundan. 11-moddaga ko‘ra kafolat muddati tovar sotilgan yoki xizmat ko‘rsatilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Xaridor muzlatgich sotib oldi, ammo chek yo‘qolganligi sababli sotilgan kunni aniqlashning imkoni yo‘q. Kafolat muddati qaysi kundan hisoblanadi?
- Ariza yozilgan kundan
- Kafolat hisoblanmaydi
- Xaridor murojaat qilgan kundan
- Tovar ishlab chiqarilgan kundan
To‘g‘ri javob: Tovar ishlab chiqarilgan kundan. 11-moddaga ko‘ra sotilgan kunni aniqlash imkoni bo‘lmasa, muddat ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash