Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik … (4/4)
Moddalar
27-modda. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun javobgar bo‘ladi.
Ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart ekanligi qonunchilikda belgilangan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, iste’molchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek iste’molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchilarga zarar yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganligi ishlab chiqaruvchilarni (ijrochilarni, sotuvchilarni) yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
Tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi haqidagi talablarga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat)lar tufayli iste’molchilarga zarar yetkazilsa, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsiz bo‘lishi va ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar.
27¹-modda. Davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi ustidan shikoyat qilish
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi ustidan bevosita sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilishga haqli.
Davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi sudga shikoyat qilish huquqini istisno etmaydi.
Davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi ustidan sudga shikoyat qilinishi uning ijro etilishini sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar to‘xtatib turadi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘iga boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘rsatmalar mustasno.
28-modda. Moliyaviy xizmatlar sohasida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish
Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadigan ijrochi o‘zining tugatilishi yoki to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lishi ehtimolini nazarda tutgan holda iste’molchining talablarini qondirish maqsadida o‘z javobgarligini sug‘urta qildirishi shart.
Moliyaviy xizmatlar ijrochisi iste’molchiga yetkazilgan zarar uchun o‘zining javobgarligi to‘g‘risida sug‘urta shartnomasi borligi haqida iste’molchiga axborot berishi shart.
28¹-modda. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) namunalar va (yoki) ularning tavsifi bo‘yicha axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilinishi mumkin.
Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste’molchiga shartnoma tuzilguniga qadar davlat tilida yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra boshqa tilda quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak:
sotuvchining (ijrochining) nomi, uning manzili va shikoyatlarni qabul qilish tartibi;
ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) to‘liq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili);
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) asosiy iste’mol xususiyatlari va o‘ziga xos xususiyatlari;
litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi);
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) narxi, yetkazib berish narxi va to‘lov shartlari;
ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafillik majburiyatlari, tovarni ta’mirlash shartlari, shuningdek uni saqlash bilan bog‘liq xizmatlar;
shartnomani bajarishning boshqa shartlari;
agar davriy ravishda tovarlarni yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish yoki ishlarni bajarish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomaning eng kam amal qilish muddati;
28¹-modda. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish (davomi)
tegishli shartnomani tuzish uchun takliflarni qabul qilish muddati;
shartnomani bekor qilish tartibi.
Axborot tizimlaridan foydalangan holda tuzilgan shartnoma bekor qilinganda, sotuvchi (ijrochi) iste’molchiga tovarni qaytarib berish amalga oshiriladigan joy to‘g‘risida xabar berishi kerak.
Tovarni namuna va (yoki) uning tavsifi bo‘yicha realizatsiya qilish chog‘ida sotuvchi (ijrochi) namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo‘lgan tovarni taqdim etishi, shuningdek iste’molchiga tovarni qabul qilib olishida uning butligini, yaroqliligini va iste’mol xususiyatlari to‘liq saqlanganligini tekshirish imkoniyatini berishi shart. Agar tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo‘lmasa, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini bu haqda oldindan xabardor qilishi kerak. Tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo‘lmagan hollarda, iste’molchi uni almashtirishni yoki pul summasini qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Tovarni qaytarib berish bilan bog‘liq barcha xarajatlar sotuvchining (ijrochining) zimmasida bo‘ladi.
Iste’molchining aybisiz yetkazilgan shikastlantirishlar, shuningdek tovarni ko‘zdan kechirish va uni tekshirib ko‘rish maqsadida qadog‘ini ochish sababli tovar qiymatining pasayishi iste’molchini shartnomani bekor qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Agar shartnoma bekor qilinganidan keyin iste’molchi to‘lagan pul summasi shartnomada belgilangan muddat ichida unga sotuvchi tomonidan qaytarilmasa, sotuvchi iste’molchiga shartnomada belgilangan muddatlardan ortiq har bir kechiktirilgan kun uchun qaytarilishi lozim bo‘lgan pul summasining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi. Bunda neustoykaning (penyaning) miqdori qaytarilishi lozim bo‘lgan pul summasidan oshib ketishi mumkin emas. Neustoykaning (penyaning) to‘langanligi sotuvchini shartnoma bekor qilinishi munosabati bilan yuzaga keladigan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
29-modda. Iste’molchilarning huquqlarini sud orqali himoya qilish
Iste’molchining huquqlari buzilgan taqdirda, u sudga murojaat qilishga haqlidir. Da’volar, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, javobgar, iste’molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Iste’molchilar o‘z huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha, shuningdek, tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining (iste’molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadilar.
30-modda. Iste’molchilarning jamoat birlashmalari
Iste’molchilar o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda iste’molchilar birlashmalarini tuzishlari mumkin.
Iste’molchilarning birlashmalari o‘z faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiruvchi jamoat birlashmalaridir.
Iste’molchilarning jamoat birlashmalari quyidagi huquqlarga ega:
vakolatli davlat organlariga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
iste’molchilarga axborotga oid va maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish, ularning natijalariga ko‘ra tayyorlangan takliflar va tavsiyalarni vakolatli davlat organlariga taqdim etish hamda e’lon qilish;
aholining iste’molchilikka oid savodxonligini oshirish bo‘yicha ma’rifiy ishlarni amalga oshirish;
iste’molchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish hamda ularga ko‘maklashish.
Iste’molchilarning jamoat birlashmalari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-aprel,
221-I-son
Bilimingizni sinang
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun kim javobgar bo‘ladi?
- Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)
- Faqat iste’molchilar birlashmasi rahbari
- Faqat davlat organi xodimi bo‘lgan shaxs
- Faqat iste’molchining o‘zi javobgar bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi). 27-moddaga ko‘ra qonunchilikni buzganlik uchun ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) javobgar bo‘ladi.
Do‘kon mudiri sut mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tganini bila turib, ularni sotish uchun qabul qildi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Faqat ogohlantirish beriladi, mudir jarimadan ozod
- Faqat tovarlar qaytariladi, jarima solinmaydi
- Javobgarlik yo‘q, tovarlar sotilmagan bo‘lgani uchun
- Mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortiladi
To‘g‘ri javob: Mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortiladi. 27-moddaga ko‘ra yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotish uchun qabul qilish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Quyidagilardan qaysi biri ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi?
- Tovarni arzon narxda sotish va chegirmalar belgilash, iste’molchilar manfaati uchun
- Mijozlarga chegirma berish va ularni ogohlantirmaslik hamda ularning shikoyatiga javob berish
- Iste’molchi huquqlari buzilishlarini bartaraf etish ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash
- Do‘konda tozalikni saqlash va sanitariya talablariga qat’iy rioya qilishga e’tibor qaratish
To‘g‘ri javob: Iste’molchi huquqlari buzilishlarini bartaraf etish ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash. 27-moddaga ko‘ra ko‘rsatmalarni bajarishdan bo‘yin tovlash yoki lozim darajada bajarmaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Sotuvchi tovarning tarkibi haqida iste’molchiga bila turib noto‘g‘ri ma’lumot berdi. Bu holat qanday oqibatga olib keladi?
- Faqat tovarning narxi pasaytiriladi
- Ma’muriy javobgarlikka tortiladi
- Hech qanday oqibat yo‘q
- Faqat iste’molchiga uzr aytiladi
To‘g‘ri javob: Ma’muriy javobgarlikka tortiladi. 27-moddaga ko‘ra bila turib noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Quyidagi qoidabuzarliklardan qaysi biri ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi?
- Xodimlarga ta’til berish va mehnat qonunchiligiga rioya etish
- Do‘konning ish vaqtini o‘zgartirish va uni e’lon qilish tartibi
- Tovarlarni majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzish
- Reklama yozuvini almashtirish va uni qayta joylashtirish qoidalari
To‘g‘ri javob: Tovarlarni majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzish. 27-moddaga ko‘ra majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzish ma’muriy javobgarlikka olib keladi.
Ishlab chiqaruvchiga ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin u qoidabuzarlikni bartaraf etish majburiyatidan ozod bo‘ladimi?
- Ha, to‘liq ozod bo‘ladi, jazo majburiyatni bekor qiladi
- Faqat sud ruxsati bilan ozod bo‘ladi, ruxsatsiz emas
- Yo‘q, ma’muriy jazo bu majburiyatdan ozod etmaydi
- Faqat yarmidan ozod bo‘ladi, qolgan yarmini bajaradi
To‘g‘ri javob: Yo‘q, ma’muriy jazo bu majburiyatdan ozod etmaydi. 27-moddaga ko‘ra ma’muriy jazo qoidabuzarlikni bartaraf qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
Xavfsiz bo‘lmagan tovar tufayli iste’molchiga zarar yetkazilsa, nazorat qiluvchi davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari nima bo‘ladi?
- Qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar
- Javobgarlikdan to‘liq ozod bo‘ladilar
- Faqat ogohlantiriladilar, mukofot berilmaydi
- Faqat mukofotlanadilar, javobgarlik yo‘q
To‘g‘ri javob: Qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar. 27-moddaga ko‘ra nazorat organlarining mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasidan norozi. U qayerga shikoyat qilishga haqli?
- Bevosita sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga
- Faqat bevosita sudga shikoyat qilishi mumkin, yuqori turuvchi organga murojaat qilishi mumkin emas
- Faqat yuqori turuvchi organga shikoyat qilishi mumkin, sudga murojaat qilishga haqli emas
- Shikoyat qilishga haqli emas, chunki davlat organining ko‘rsatmasi bajarilishi majburiy va yakuniy
To‘g‘ri javob: Bevosita sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga. 271-moddaga ko‘ra bevosita sudga yoki yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilish mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash