XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · Jahon tarixi · 1-mavzu

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida xalqaro munosabatlar

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida dunyo mamlakatlari

Shuhrat Ergashev, To‘lqinjon Bobomatov, Jamshid Abdullayev

Jahon tarixi 11

Yangi nashr

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinfi uchun darslik

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nashrga tavsiya etgan

Toshkent – 2025

Mas’ul muharrirlar:

Farmonov Rahmon — tarix fanlar doktori, professor Karimov Farhod Erkinovich — siyosiy fanlar doktori (DSc), professor

Taqrizchilar:

T. Alimardanov — Renessans ta’lim universiteti professori; N. Sattorov — Nizomiy nomidagi O‘zMPU dotsenti; J. Akramov — Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD); Q. Ehsonov — Yangihayot tumani 332-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi; M. Hasanov — Yangihayot tumani 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.

Shartli belgilar:

Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas. Mazkur ibora paydo bo‘lganidan buyon ming yillar o‘tdi. Bu — butun koinot, tabiat va bashariyat doimiy o‘zgarishda, yangilanishda deganidir.

Darhaqiqat, insoniyat ham ana shu azaliy qonuniyat asosida yashaydi va hayot kechiradi. Har qanday yangilanishning mazmun-mohiyati, namoyon bo‘lish xususiyati shunday.

Davrlar o‘taveradi, zamonlar almashaveradi. Bu yorug‘ olamga kelgan har bir odamzod avlodi turli o‘zgarish va yangilanishlar sari boraveradi.

Shartli belgilar:

Butun insoniyat kabi jahondagi har bir xalq va millat ham o‘zining taraqqiyot tongiga qarab intiladi. Tabiatning buyuk hodisasi bo‘lgan quyoshning har erta saharda olamga yuz ko‘rsatishi qanchalik go‘zal va jozibali bo‘lsa, dunyodagi xalqlar va davlatlar rivojida yangi tonglarning boshlanishi ham shu qadar fayzli va tarovatlidir.

Ayni shu nuqtayi nazardan qaraganda, xalqlar tarixida o‘ziga xos tub yangilanish davlari borki, bunday zamonlarda muayyan millat dahosi, uning o‘z salohiyatini namoyon etishga intilishi, yaratuvchanlik faoliyati eng yuksak cho‘qqilarga ko‘tariladi. Nisbatan qisqa davrda erishilgan ulug‘ marralar jahon ahlini lol qoldiradi. Ayni bir xalq salohiyatining ulkan natijasi bo‘lgan olamshumul yutuqlar esa insoniyat tarixining yorqin sahifalariga aylanadi, dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga katta kuch va shiddat beradi.

Shartli belgilar:

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

“sovuq urush”ning tugashi

1989-yil 3-dekabrda AQSH Prezidenti Jorj Bush va SSSR rahbari Mixail Gorbachov “sovuq urush” tugaganligini e’lon qilishdi.

SSSRning parchalanishi

1991-yil 26-dekabrda SSSR Oliy Soveti-ning Respublikalar Kengashi SSSRning tugatilishi to‘g‘risidagi Deklaratsiyani qabul qildi.

XX asrning 90-yillarida xalqaro munosabatlar

Jahon tarixi eng yangi davrining uchinchi bosqichi 1991-yilidan boshlanib, hozirgi kungacha bo‘lgan voqealar tarixini o‘rganadi. Bu davrda sotsialistik rejimning barbod bo‘lishi, “sovuq urush”ning barham topishi va SSSRning tarqalib ketishi jahon miqyosida kuchlar nisbatiga, shakllangan geosiyosiy muvozanatga katta ta’sir ko‘rsatadi. Xalqaro munosabatlarda qirq yildan ortiq hukmronlik qilgan ikki qutbli dunyo tartibi yakuniga yetdi.

Eslab ko‘ring!

Savollar: Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan keyin xalqaro munosabatlarning o‘ziga xos jihatlari nimalarda namoyon bo‘ldi?

Bu davrda iqtisodiy va madaniy hayotning globallashuvi, ekologiya muammolarining keskinlashuvi, dunyoning katta qismida modernizatsiya jarayonlarining tugallanmaganligi bilan bog‘liq ziddiyatlar xalqaro barqarorlikka jiddiy xavf solib, ko‘plab mamlakatlardagi murakkab muammolarning manbayiga aylandi.

1990-yillar boshlarida xalqaro munosabatlar tizimida tub burilish yuz berdi. Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida sotsializmning qulashi, SSSRning parchalanishi natijasida “ikki qutbli dunyo” modeli barham topishi ko‘p qutbli dunyoning tashkil topishiga sabab bo‘ldi. Ular boshchiligida kuchayib borgan integratsiyalashuv jarayonlari XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi xalqaro munosabatlarning muhim omiliga aylandi.

Ijodiy ish topshirig‘i

1. XX asr oxiri – XXI asr boshlarida dunyo mamlakatlarining chegaralarida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lganligini xaritadan aniqlang. 2. Dunyoning siyosiy xaritasi yordamida SSSRning parchalanishi natijasida paydo bo‘lgan davlatlarni ko‘rsating va ularning mustaqillikka erishish sanasini infografika ko‘rinishida yozing.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: Ko‘p qutbli dunyoning tashkil topishi xalqaro munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Ayni paytda, ikki qutbli dunyo tizimining o‘zgarishi bir qator davlatlar siyosiy rivojlanishida keskin burilishga olib keldi. Totalitar mafkuraning barham topishi natijasida vujudga kelgan mafkuraviy bo‘shliqqa progressiv g‘oyalar bilan birga millatchilik, diniy mutaassiblik, tajovuzkorlik g‘oyalari ham kirib keldi, lokal urushlar xavfi kuchaydi.

Dunyoning turli mintaqalaridagi siyosiy beqarorlik yangidan yangi mojarolarni keltirib chiqardi. 1990-yillar oxirida Tropik va Janubiy Afrika qonli urushlar, davlat to‘ntarishlari, partizanlik harakatlari maydoniga aylandi.

XXI asr birinchi choragida xalqaro munosabatlar

XXI asr boshlarida insoniyat duch kelgan eng xavfli muammolardan biri xalqaro terrorizm bo‘lib qoldi. Xalqaro terrorizm insoniyatga o‘tgan asrlardan buyon ma’lum bo‘lsa-da, ammo aynan hozirgi davrda, global jahon sivilizatsiyasining shakllanishi yakunlovchi bosqichga kirgan paytda u jahon siyosatida yangi sifat va o‘rin kasb etmoqda. 2001-yil 11-sentyabrda Nyu York va Vashington shaharlarida amalga oshirilgan terroristik aktlar jahon jamoatchiligini terrorizmga qarshi birlashishga undadi. Aytish joizki, 1993-yilda O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida xalqaro terrorizm xavfi haqida nutq so‘zlagan.

Mulohaza yuriting

Savollar: Ko‘p qutbli dunyo modelining shakllanishi qanday natijaga olib kelishi mumkin?

(rasm: BRICS)

Yodda tuting!

Jahon tarixi eng yangi davrining uchinchi bosqichi 1991-yildan boshlanib, hozirgi kungacha bo‘lgan voqealar tarixini o‘rganadi.

1990-yillar boshlarida xalqaro munosabatlar tizimida tub burilish yuz berdi.

1990-yillar oxirida Tropik va Janubiy Afrika qonli urushlar, davlat to‘ntarishlari, partizanlik harakatlari maydoniga aylandi.

Ayni paytda, XXI asr boshlariga kelib, jahonda bir qator davlatlarning kuchayishi va ularning muqobil markazlarga aylanish jarayoni ham ko‘zga tashlanib qoldi. Jadal rivojlanayotgan Xitoy, Hindiston, Braziliya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Meksika, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi arab davlatlari va boshqalar xalqaro va mintaqaviy munosabatlarga kuchli ta’sir ko‘rsata boshladi. 2001-yili SHHT (Shanxay Hamkorlik Tashkiloti — mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti), 2009-yili BRIKS (ing. BRICS — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR nomlarining bosh harflari — davlatlar hamdo‘stligi) xalqaro tashkilotlarining paydo bo‘lishi va ularga a’zo davlatlar safining kengayib borishi jahondagi kuchlar nisbatiga ta’sir ko‘rsatdi. Shu tariqa ko‘p qutbli dunyo modelining shakllanish jarayoni boshlandi.

Yodda tuting!

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida: “Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaymoqda va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda”, – deya bugungi xalqaro vaziyatga ta’rif berdi.

2020-yil boshida butun dunyoga tarqalgan “COVID-19” pandemiyasi jahondagi mavjud muammolarni yanada keskinlashtirdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil boshiga kelib, dunyo bo‘yicha 777 milliondan ortiq odam “COVID-19” bilan kasallanib, shundan 7,0 milliondan ortiq kishi vafot etdi. Pandemiya jahon iqtisodiyotiga ham juda katta ta’sir ko‘rsatdi: fond birjalarida narxlar keskin tushib ketdi, jahon bozorida neft va oltinning narxi sezilarli pasaydi, yuk va yo‘lovchi tashish sohalari katta zarar ko‘rdi, ko‘plab korxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Bu qiziq!

Pandemiya davrida masofaviy ish va onlayn ta’limning keskin oshishi raqamli texnologiyalarning ahamiyatini yanada oshirdi. Ko‘plab kompaniyalar va ta’lim muassasalari ish va ta’lim jarayonlarini onlayn platformalarda amalga oshira boshladi. Bu o‘zgarishlar raqamli texnologiyalarning rivojlanishiga olib keldi.

XXI asrning birinchi choragida jahon iqtisodiyotining integratsiyalashuvi jadallashdi, G‘arb davlatlarining rivojlanayotgan mamlakatlar bilan yaqinlashuvi yuz berdi. Ammo iqtisodiy hamkorlik va integratsiyaning kuchayishiga qaramasdan, jahon hamjamiyati oldida hal qilinishi lozim bo‘lgan bir qator muammolar turibdi. Ularga Yaqin Sharqdagi Isroil bilan “Hamas” guruhi o‘rtasidagi urushni, Suriyadagi jangovar to‘qnashuvlarni, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarolar, Afrika va dunyoning boshqa mintaqalarida kuchayib borayotgan xalqaro terrorizm xavfini kiritish mumkin. Zero, globallashuv jarayoni susayib, mintaqalashuv jarayoni kuchayayotgan bugungi davrda urush va terrorizm xalqaro munosabatlarning murakkab muammosiga aylandi.

Atamalar izohi

Globallashuv — bu jahon mamlakatlarining iqtisodiy, siyosiy, madaniy va diniy jihatdan birlashishi yoki yaqinlashishi jarayoni.

Modernizatsiya — bu ijtimoiy tizimni jadal rivojlantirish maqsadida uni to‘liq yoki qisman yangilash, an’anaviy jamiyatdan yangilangan jamiyatga, agrar sivilizatsiyadan industrial sivilizatsiyaga o‘tish jarayoni.

Totalitar mafkura — bu mafkuraviy tuzum shakli bo‘lib, totalitar jamiyatda aholini keng miqyosda, ommaviy ravishda mafkuraviy qayta tarbiyalash vositasi.

Ko‘p qutbli dunyo — jahonda bir-biridan ustun bo‘lmagan bir nechta siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy markazlar (qutblar)ning mavjudlik holati.

Atamalar izohi

Uchinchi dunyo — XX asrning ikkinchi yarmiga xos bo‘lgan siyosiy atama. U “sovuq urush”da va u bilan bog‘liq qurollanish poygasida bevosita ishtirok etmayotgan davlatlarga nisbatan qo‘llanilgan. Dastlab kapitalistik dunyo va sotsialistik lagerga kirmagan barcha mamlakatlar “uchinchi dunyo” deb atalgan.

Ijodiy ish topshirig‘i

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragidagi xalqaro munosabatlar bilan bog‘liq ijobiy hamda salbiy jihatlarni daftaringizga jadval ko‘rinishida yozing. Fikringizni statistik raqamlar bilan asoslang.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Ikki qutbli dunyo tizimi barham topgandan keyin xalqaro munosabatlarning dolzarb muammolari nimalardan iborat bo‘lib qoldi? 2. 1990-yillar boshlarida xalqaro munosabatlarda yuz bergan tub burilish nimalarda namoyon bo‘ldi? 3. “Globallashuv” va “Mafkuraviy bo‘shliq” tushunchalari o‘rtasidagi aloqadorlik va farqlarni tushuntiring. 4. SHHT va BRIKS xalqaro tashkilotlari o‘rtasidagi farqlarni muhokama qiling. 5. Darslik va internet materiallaridan foydalanib XX asr oxiri – XXI asr boshlarida xalqaro munosabatlarga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim omillarning ro‘yxatini tuzing.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

AQSH Prezidenti Jorj Bush va SSSR rahbari Mixail Gorbachov “sovuq urush” tugaganligini qaysi yili e’lon qilishdi?
  1. 1991-yil
  2. 1989-yil
  3. 1985-yil
  4. 1987-yil

To‘g‘ri javob: 1989-yil. Bush va Gorbachov 1989-yil 3-dekabrda “sovuq urush” tugaganini e’lon qilgan.

AQSH Prezidenti Jorj Bush va SSSR rahbari Gorbachov “sovuq urush” tugaganini qaysi sanada e’lon qilishdi?
  1. 1991-yil 26-dekabr
  2. 1989-yil 3-dekabr
  3. 1989-yil 9-noyabr
  4. 1990-yil 3-oktabr

To‘g‘ri javob: 1989-yil 3-dekabr. “Sovuq urush” tugaganligi 1989-yil 3-dekabrda e’lon qilingan.

“Sovuq urush” tugaganligini kimlar e’lon qilishdi?
  1. Jorj Bush va Mixail Gorbachov
  2. Ronald Reygan va Leonid Brejnev
  3. Jorj Bush va Boris Yeltsin
  4. Mixail Gorbachov va Margaret Tetcher

To‘g‘ri javob: Jorj Bush va Mixail Gorbachov. “Sovuq urush” tugaganligini AQSH Prezidenti Jorj Bush va SSSR rahbari Gorbachov e’lon qilgan.

Quyidagi voqealarni qadimiysidan yangisiga qarab tartiblang: 1. BRIKS tashkilotining paydo bo‘lishi; 2. SSSRning tugatilishi to‘g‘risidagi Deklaratsiyaning qabul qilinishi; 3. “Sovuq urush” tugaganligining e’lon qilinishi; 4. Nyu York va Vashingtondagi terroristik aktlar.
  1. 3–2–4–1
  2. 2–3–4–1
  3. 3–2–1–4
  4. 3–4–2–1

To‘g‘ri javob: 3–2–4–1. “Sovuq urush” tugashi 1989-yilda, SSSRning tugatilishi 1991-yilda, terroristik aktlar 2001-yilda, BRIKS esa 2009-yilda yuz bergan.

SSSR Oliy Sovetining Respublikalar Kengashi SSSRning tugatilishi to‘g‘risidagi Deklaratsiyani qaysi yili qabul qildi?
  1. 1989-yil
  2. 1990-yil
  3. 1993-yil
  4. 1991-yil

To‘g‘ri javob: 1991-yil. Deklaratsiya 1991-yil 26-dekabrda qabul qilingan.

SSSR Oliy Sovetining Respublikalar Kengashi SSSR tugatilishi to‘g‘risidagi Deklaratsiyani qaysi sanada qabul qildi?
  1. 1989-yil 3-dekabr
  2. 1991-yil 3-dekabr
  3. 1992-yil 26-dekabr
  4. 1991-yil 26-dekabr

To‘g‘ri javob: 1991-yil 26-dekabr. Deklaratsiya 1991-yil 26-dekabrda qabul qilingan.

Quyidagi hukmlarni ko‘rib chiqing: I. SSSRning tugatilishi to‘g‘risidagi Deklaratsiyani 1991-yil 26-dekabrda SSSR Oliy Sovetining Respublikalar Kengashi qabul qilgan. II. SHHT 2001-yilda, BRIKS esa 2009-yilda paydo bo‘lgan. III. Jorj Bush va Mixail Gorbachov “sovuq urush” tugaganligini 1991-yilda e’lon qilgan. Qaysilari to‘g‘ri?
  1. faqat I
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. Deklaratsiya 1991-yil 26-dekabrda qabul qilingan, SHHT 2001-yilda, BRIKS 2009-yilda paydo bo‘lgan; “sovuq urush” tugashi esa 1989-yilda e’lon qilingan, shuning uchun III noto‘g‘ri.

Jahon tarixi eng yangi davrining uchinchi bosqichi qaysi yildan boshlanadi?
  1. 1945-yildan
  2. 1989-yildan
  3. 1991-yildan
  4. 2001-yildan

To‘g‘ri javob: 1991-yildan. Uchinchi bosqich 1991-yildan boshlanib, hozirgi kungacha davom etadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
Keyingi →Sharqiy Yevropa mamlakatlarida demokratik inqiloblar va sotsialistik lagerning parchalanishi