XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · Jahon tarixi · 29-mavzu

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida ilmiy-texnik taraqqiyot: Ilm-fan, adabiyot, san’at

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida jahon sivilizatsiyasi muammolari

Eslab ko‘ring!

Savollar: Internetning o‘tmishdoshi Arpanet qachon kashf etilgan?

XX asrning ikkinchi yarmidagi ilmiy-texnik inqilob (ITI) so‘nggi yuz yil davomidagi ilm-fan rivojlanishining qonuniy natijasi bo‘ldi. Bu inqilobning asosiy belgilari tovarlarni tabiiy va sintetik materiallardan ommaviy ishlab chiqarish, mashinalardan keng foydalanish, ishlab chiqarishning konveyerli liniyalarini, zavod-avtomatlarni va sanoat robotlarini yaratish bo‘ldi. ITI jahonning ilg‘or mamlakatlarini sivilizatsiyaning industrial bosqichidan postindustrial davriga olib chiqdi. Axborot va yangi texnologiyalarning jadal rivojlanishi natijasida olimlar “axborot jamiyati” deb atagan jamiyat shakllana boshladi.

Eslab ko‘ring!

XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida ilmiy-texnik taraqqiyot dunyo miqyosida turli sohalarda katta o‘zgarishlar va yuksalishlarga olib keldi. Ushbu davrda ilm-fan, texnologiya, muhandislik va innovatsiyalar sohalarida ko‘plab inqilobiy yangiliklar yuz berdi, ular iqtisodiyot, jamiyat va hayot tarzini tubdan o‘zgartirdi.

Tabiiy fanlar va tibbiyot

XX asrning ikkinchi yarmida biologiya, biokimyo va tibbiyotning rivojlanishi inson hayotining keskin o‘zgarishiga, industrial jamiyatning yangi sifat bosqichiga o‘tishiga olib keldi. XX asrda qora chechak, ispan grippi, o‘lat, vabo, terlama, sil, bezgak kabi kasalliklar Yer yuzida 1 milliardga yaqin kishining o‘limiga olib keldi. Asr oxiriga kelib, yangi yuqumli kasallik — OITS paydo bo‘ldi. Shunga qaramasdan, aynan XX asrda tarixda birinchi bor yuqumli kasalliklar odamlar o‘limining asosiy sababi bo‘lmay qoldi. Juda ko‘plab kasalliklarga qarshi vaksinalar yaratildi. Ammo 2019-yili boshlangan “COVID-19” pandemiyasi XXI asrning birinchi choragida miqyosi jihatidan eng keng tarqalgan kasallik bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimi uchun eng yirik inqiroz va sinov bo‘ldi.

Yodda tuting!

Inklyuziv ta’lim — bu alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha o‘quvchilar uchun teng sharoitlar ta’minlangan holda beriladigan ta’lim. Inklyuziv ta’lim maktablarda jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun tashkil etiladi.

Zamonaviy ta’lim jiddiy muammolar oldida turibdi. Ularning yechimi nafaqat o‘qitish usullari, balki ta’lim tizimining maqsad va tamoyillari ustida ham chuqur o‘ylashni talab qiladi.

Ta’lim tizimidagi islohotlar quyidagi muammolar yechimiga qaratilgan:

Yodda tuting!

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida shu kabi muammolarni bartaraf etish uchun ta’lim tizimi isloh qilinmoqda.

Mulohaza yuriting

Savollar: Ommaviy madaniyat — bu zamonaviy jamiyat hayotining deyarli barcha sohalariga kirib kelgan maishiy, ko‘ngilochar va axboriy madaniyat. Bu jamiyat uchun ijobiy hodisami yoki salbiy?

Ommaviy axborot vositalarining takomillashuvi uni kishilarning ongiga, yurish-turish va kayfiyatiga ta’sir o‘tkazuvchi qudratli vositaga aylantirdi. XX asrning ikkinchi yarmida sun’iy yo‘ldosh orqali teleko‘rsatuvlarni namoyish qilish, global kompyuter tarmog‘ini yaratish orqali insoniyatning ma’naviy hayotini baynalmilallashtirish uchun sharoit tug‘ildi, g‘oyalar va madaniy qadriyatlarning o‘ziga xos jahon bozori paydo bo‘ldi. Unda kuchli davlatlar o‘zining siyosiy va madaniy ta’sirini ta’minlash uchun kurashmoqda.

Mulohaza yuriting

Ommaviy madaniyat nafaqat ko‘ngil ochadigan, balki ma’lum mafkuraviy maqsadni ham ko‘zlagan ommaviy vaqtichog‘likning audio va video mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi butun boshli sanoatning paydo bo‘lishiga olib keldi.

So‘nggi paytda ko‘plab xalqlarning taqlid obyektiga aylangan G‘arb sivilizatsiyasi texnik va texnologik innovatsiyalar, demokratiya va inson huquqlari kabi tushunchalar bilan birga madaniy tolerantlikning yangidan yangi jihatlarini ham namoyon qilmoqda. Aslida xulq-atvorning taqlidchilik modeli kishilarda sustkashlik, moslashuvchanlik, ya’ni dunyoni qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilishga tayyorlik psixologiyasini shakllantiradi.

Mulohaza yuriting

Bunday psixologiya rivojlanayotgan mamlakatlar, ayniqsa, avtoritar rejimlar hukmron bo‘lgan jamiyatlar uchun katta xavf solmoqda. Ushbu jamiyatlarda bu psixologiya ijtimoiy taraqqiyot muammolari va tarix to‘g‘risida sodda qarashlarni yaratishga, jamiyatda umumiy shukronalik ruhini o‘rnatishga xizmat qiladi. Bunday jamiyatda san’at umuminsoniy muammolarni chetlab, turmushning xususiy, mayda ikir-chikirlarini ijtimoiy muammo darajasiga ko‘taradi, ommaviy axborot vositalari orqali uni targ‘ib qiladi. Adabiyotda ham zamonga mos yozuvchilar ko‘payib, ular adabiyotning asosiy vazifasi avtoritar rejimga xizmat qilish, ba’zan ochiqcha maddohlikdan iborat deb biladi. Shu tariqa jamiyat ma’naviy qashshoqlashish xavfi ostida qoladi.

Adabiyot

XX asr oxiri – XXI asr boshlariga kelib, adabiy jarayonlar tez o‘zgardi, har o‘n yilda adabiyotda yangi yo‘nalish paydo bo‘ldi, yangi maktablar shakllandi. Shunday maktablardan biri bayon qilishning realistik shakli bo‘lib, yangi adabiy fenomen — ommaviy adabiyotda o‘ziga yo‘l topdi. Bu adabiyot ommaviy o‘quvchiga mo‘ljallanib, aniq andozalar asosida yozilgan, badiiy jihatdan unchalik yuksak bo‘lmagan, mafkuraviy jihatdan mavjud tartiblarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan asarlardir. Bu — bozorning barcha qonunlariga rioya qilinadigan, xaridorlarning turli qatlamiga mo‘ljallangan adabiy tovar.

Ushbu murakkab jarayonlarga qaramasdan, adabiyot intellektual izlanish jarayonini davom ettirmoqda, u zamonaviy jamiyatning ehtiyojlarini va rivojlanish usullarini anglashga intilmoqda.

Adabiyot

Yangi asr boshida paydo bo‘lgan shunday asarlar qatoriga asli afg‘onistonlik bo‘lgan amerikalik yozuvchi Xolid Husayniyning “Shamol ortidan yugurib”, “Tog‘lar ham sado berdi”, “Ming quyosh shu’lasi” asarlarini kiritish mumkin. Ayniqsa, uning 2001-yil sentyabr voqealaridan so‘ng nashr qilingan “Shamol ortidan yugurib” romani o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va o‘ziga xos bestsellerga aylandi.

Braziliyalik yozuvchi Paulo Koelyoning “Alkimyogar” romani ham davrning mashhur asarlaridan biri. Asar yoshlik, orzu va unga intilish haqida. “O‘z taqdiri yo‘lidan borib, ko‘ngliga tuggan orzuumidlarini amalga oshirishi — mana insonning yagona eng to‘g‘ri vazifasi”, – deb yozadi P. Koelyo.

Adabiyot

So‘nggi vaqtda mashhur bo‘lgan yana bir asar xitoylik yozuvchi Yuy Xua qalamiga mansub “Yashamoq” romanidir. Asarda yozuvchi XX asr ikkinchi yarmidagi Xitoy tarixining fojiali tomonlarini bitta oila taqdirida katta mahorat bilan yoritib bergan.

San’at

Ommaviy madaniyat san’atning zamonaviy muammosiga aylandi. Ommaviy madaniyat keng tarqalgan mamlakatlarda ma’naviy hayotni belgilovchi muhim omil sifatida shakllandi. Ko‘pchilik madaniyat arboblarining fikricha, ommaviy iste’molga mo‘ljallangan mahsulotlar (teleseriallar, melodramalar, triller — dahshatli filmlar, detektivlar, fantastika va boshqalar), ko‘pincha, katta badiiy qimmatga ega emas.

Ammo qizig‘i shundaki, hozirgi zamonda ommaviy madaniyat vositalaridan foydalanmasdan o‘ziga e’tiborni jalb qilish mumkin emas. Shu nuqtayi nazardan qaralsa, ommaviy madaniyatning hukmronligiga qarshi norozilik ham namoyishkorona harakat bo‘lib, o‘zi ham ommaviy madaniyatning bir qismiga aylanib bormoqda. Masalan, ommaviy madaniyatning tanqidiga bag‘ishlangan teleko‘rsatuvlar ham shakl va ko‘pincha, mazmun jihatidan ommaviy madaniyatni targ‘ib qilyapti, uning usullarini ko‘chirib olyapti.

San’at

Axborot davrining yangi texnologiyalari, san’atda axborotning haddan ziyodligi, inson bilan mashina o‘rtasida ziddiyatga olib keldi. Bu ziddiyatni hal qilish yo‘li sifatida telekommunikatsiyaga estetik asoslarni olib kirish, uni axborot yetkazish funksiyasidan ozod qilish, xususan, ko‘rsatuvlar mazmunini sharqona mistitsizm, irratsional negiz bilan to‘ldirish taklif qilinadi. Intellektni “ishga solmasdan”, bevosita insonning ichki olamiga murojaat qilish — bu prinsip kompyuter grafikasi, videokliplar yaratish kabi san’atning yangi turlarida, qisman zamonaviy kino san’atida qo‘llanilmoqda.

Telekommunikatsiyalarning global tarmog‘i, ommaviy madaniyat paydo bo‘lishining eng muhim natijasi badiiy san’atning ijtimoiy-siyosiy roli oshganligida namoyon bo‘ldi. Endi san’at faqat hayotning in’ikosi bo‘lmasdan, ijtimoiy reallikni shakllantiruvchi omilga ham aylandi.

San’at

Umuman olganda, XX asr oxiri va XXI asr boshlarida ilmiy-texnik taraqqiyot bir qator sohalarda inqilobiy o‘zgarishlarga olib keldi. Axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, biotexnologiya, yashil energiya, kosmik tadqiqotlar va robototexnika kabi sohalarda yuz berayotgan yutuqlar insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirmoqda. Bu davrda ilm-fan va texnologiyaning rivojlanishi nafaqat iqtisodiyotni, balki jamiyatning ijtimoiy va madaniy hayotini ham shakllantirmoqda. Bu yutuqlar kelajakdagi innovatsion yechimlar va imkoniyatlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Atamalar izohi

Vaksina — yuqumli kasalliklarga qarshi emlashda qo‘llaniladigan vosita.

Mistitsizm — bu mistika, ya’ni g‘ayritabiiy kuchlarga moyillik, mistikaga asoslangan diniy-idealistik dunyoqarash shakli.

Irratsionallik — bu voqelikni bilishda ongning imkoniyatini rad etuvchi yoki uni juda cheklangan deb biluvchi falsafiy konsepsiya.

Ijodiy ish topshirig‘i

“XX asr oxiri – XXI asr boshlarida ilm-fan, adabiyot, san’at” mavzusini aks ettiruvchi taqdimot tayyorlang.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

Savollar: 1. ITI rivojlangan mamlakatlarda jamiyatning qanday sifat o‘zgarishlariga olib keldi? 2. “COVID-19” pandemiyasi dunyo davlatlari sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimiga qanday ta’sir ko‘rsatdi? 3. Siz qadriyatlar tizimining baynalmilallashuvi jarayoniga qanday qaraysiz? Unda milliy madaniyatlar uchun qanday xavf yashiringan? 4. Zamonaviy axborot vositalari adabiyot va san’atda qanday yangi yo‘nalishlar va muammolarni keltirib chiqarmoqda?

Xulosa

XX asr oxiri – XXI asr boshlari jamiyat taraqqiyotida jiddiy o‘zgarishlar, ilg‘or mamlakatlarning postindustrial sivilizatsiyaga o‘tish, ayni paytda industrial sivilizatsiya mamlakatlari o‘rtasida bozorni va xomashyoning yangi manbalarini egallash uchun kurashning keskinlashuvi, an’anaviy sivilizatsiya mamlakatlarida esa jadal modernizatsiyalash davri bo‘ldi. Modernizatsiyalash bir tomondan, industrial sivilizatsiya umumiy qadriyatlarining keng yoyilishini taqozo etsa, ikkinchi tomondan, industrial sivilizatsiyaga xos bo‘lgan ijtimoiy, millatlararo, ma’naviy rivojlanish kabi ziddiyatlarning an’anaviy jamiyatlarga ham yoyilishiga olib keldi. Shunga qaramasdan, modernizatsiya jarayoni hamma joyda keng tarqaldi, uning oqibatlari ham global xarakterga ega bo‘ldi. Modernizatsiya jarayoni keltirib chiqargan eng katta muammolardan biri an’anaviy munosabatlardan bozor munosabatlariga o‘tish jarayonida ishsizlikning oshib borishi, ijtimoiy munosabatlarning keskinlashuvi va aholining bir qismining boshqa davlatlarga migratsiyasi bilan bog‘liq holatlardir. Xomashyo resurslari, energiya manbalari va eng asosiysi, insonning ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq atrof-muhitni ifloslantirish muammolari ham juda keskinlashib bormoqda.

Xulosa

XX asr oxiri – XXI asrning birinchi choragida dunyoning juda katta qismida insonning erki, ozodligi va sha’nining daxlsizligi g‘oyasi tantana qildi. Uning tashabbuskorligi va tadbirkorligi uchun keng yo‘l ochilib, odamlar o‘z mehnati bilan munosib hayotni ta’minlashga erishdilar. Bu xalqlar butun XX asr davomida demokratik jamiyat qurdilar, shunga intildilar. Ammo XXI asr insoniyat kutgan mustahkam tinchlikni olib kelmadi. XX asr oxirida sotsialistik rejimning barbod bo‘lishi, ikki qutbli dunyo tizimining barham topishi xalqaro munosabatlarda yangi muammolarni keltirib chiqardi, yangi urush o‘choqlari paydo bo‘ldi.

Xulosa

1991-yili SSSRning tarqalib ketishi ko‘plab xalqlarga taraqqiyot yo‘lini erkin tanlash imkoniyatini berdi. Ularning ko‘pchiligi jamiyatni modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish, ozod va mustaqil davlat qurish yo‘lini tanladilar. Mustaqillikka erishgan O‘zbekiston Respublikasi ham yangi davlatlar qatorida o‘z taraqqiyot yo‘lini o‘zi tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan beri g‘oyat murakkab, ziddiyatli yo‘lni bosib o‘tdi, ammo asosiy masala — mustaqil davlat qurish vazifasi muvaffaqiyatli uddalandi. Bugun O‘zbekiston xalqi ulug‘ bir niyat bilan yangi jamiyat sari intilmoqda, Yangi O‘zbekistonni qurmoqda. Ayniqsa, yoshlarimiz kelajakka ulkan orzular bilan qadam tashlamoqda.

Qisqartirilgan so‘zlar

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Ilmiy-texnik inqilob (ITI) qaysi asrning ikkinchi yarmida yuz bergan va jahonning ilg‘or mamlakatlarini postindustrial davrga olib chiqqan?
  1. XX asrning
  2. XIX asrning
  3. XVIII asrning
  4. XXI asrning

To‘g‘ri javob: XX asrning. Ilmiy-texnik inqilob XX asrning ikkinchi yarmida bo‘lib, ilg‘or mamlakatlarni industrial bosqichdan postindustrial davrga olib chiqdi.

Ilmiy-texnik inqilob (ITI) jahonning ilg‘or mamlakatlarini qaysi bosqichdan qaysi davrga olib chiqdi?
  1. Industrial bosqichdan postindustrial davrga
  2. Agrar bosqichdan industrial davrga
  3. Postindustrial bosqichdan agrar davrga
  4. An’anaviy bosqichdan feodal davrga

To‘g‘ri javob: Industrial bosqichdan postindustrial davrga. ITI ilg‘or mamlakatlarni industrial bosqichdan postindustrial davrga olib chiqdi.

Axborot va yangi texnologiyalarning jadal rivojlanishi natijasida shakllana boshlagan jamiyatni olimlar qanday atashgan?
  1. Industrial jamiyat
  2. “Axborot jamiyati”
  3. Agrar jamiyat
  4. Konsumerist jamiyat

To‘g‘ri javob: “Axborot jamiyati”. Olimlar shakllanayotgan bunday jamiyatni “axborot jamiyati” deb atagan.

Ilmiy-texnik inqilob (ITI) qaysi davrda sodir bo‘lgan?
  1. XIX asrning birinchi yarmida
  2. XIX asr oxirida
  3. XX asrning ikkinchi yarmida
  4. XXI asrning ikkinchi o‘n yilligida

To‘g‘ri javob: XX asrning ikkinchi yarmida. ITI XX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan.

Ilmiy-texnik inqilob jahonning ilg‘or mamlakatlarini qanday sifat o‘zgarishiga olib keldi?
  1. Sivilizatsiyaning agrar bosqichidan industrial bosqichiga o‘tkazib, sanoat jamiyatini shakllantirdi
  2. Industrial sivilizatsiyani butunlay bartaraf etib, an’anaviy jamiyat tuzumini qayta tikladi
  3. Industrial bosqichdan postindustrial davrga olib chiqib, axborot jamiyati shakllana boshladi
  4. Ommaviy ishlab chiqarishni to‘xtatib, qo‘l mehnatiga asoslangan hunarmandchilikni kuchaytirdi

To‘g‘ri javob: Industrial bosqichdan postindustrial davrga olib chiqib, axborot jamiyati shakllana boshladi. ITI ilg‘or mamlakatlarni industrial bosqichdan postindustrial davrga olib chiqdi va axborot jamiyati shakllana boshladi.

XX asrda qora chechak, ispan grippi, o‘lat, vabo, terlama, sil, bezgak kabi kasalliklar Yer yuzida taxminan qancha kishining o‘limiga olib kelgan?
  1. 500 millionga yaqin
  2. 1 milliardga yaqin
  3. 10 millionga yaqin
  4. 100 millionga yaqin

To‘g‘ri javob: 1 milliardga yaqin. Matnga asosan, XX asrda bu kasalliklar Yer yuzida 1 milliardga yaqin kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Tarixda birinchi bor yuqumli kasalliklar odamlar o‘limining asosiy sababi bo‘lmay qolgan davr qaysi asr hisoblanadi?
  1. XXI asr
  2. XVIII asr
  3. XIX asr
  4. XX asr

To‘g‘ri javob: XX asr. Aynan XX asrda tarixda birinchi bor yuqumli kasalliklar odamlar o‘limining asosiy sababi bo‘lmay qoldi.

XXI asrning birinchi choragida sog‘liqni saqlash tizimi uchun eng yirik inqiroz bo‘lgan COVID-19 pandemiyasi qaysi yili boshlangan?
  1. 2020-yili
  2. 2021-yili
  3. 2019-yili
  4. 2018-yili

To‘g‘ri javob: 2019-yili. COVID-19 pandemiyasi 2019-yili boshlangan va sog‘liqni saqlash tizimi uchun eng yirik sinovga aylangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiXX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida barqaror rivojlanish va etno-ijtimoiy muammolar