XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida barqaror rivojlanish va etno-ijtimoiy muammolar
XX asr oxiri – XXI asr birinchi choragida jahon sivilizatsiyasi muammolari
Eslab ko‘ring!
Barqaror rivojlanish — bu iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar jarayoni bo‘lib, unda tabiiy resurslardan foydalanish, investitsiyalarni yo‘naltirish, ilmiy-texnik taraqqiyotning yo‘nalishini belgilash, shaxsning rivojlanishi va institutsional o‘zgarishlar bir-biri bilan moslashtiriladi, inson ehtiyojlari va intilishlarini qondirish uchun bugungi va istiqbolli imkoniyatlar kuchaytiriladi. Bulardan maqsad, albatta, kishilarning sifatli yashash darajasini ta’minlashdir.
Insoniyatning barqaror xavfsiz rivojlanishi ko‘p jihatdan xalqaro hamkorlikka ham bog‘liq. Sanoatni energiya va resurslar sarfini kamaytiruvchi yuqori texnologiyalarga asoslangan postindustrial tizimga o‘tkazish hozirgi sivilizatsiya zimmasiga tushayotgan yukni ancha kamaytirishi mumkin. Masalan, so‘nggi 50 yil ichida dunyoda yonilg‘i sarfining keskin kamayishi tabiatdan oshiqcha boylikni olmasdan, atrof-muhitni iflos qilmasdan yuqori texnologiyalar asosida mahsulot olish mumkinligini isbotladi.
Eslab ko‘ring!
Tabiatni himoya qilish bo‘yicha alohida davlatlar tomonidan olib borilayotgan tadbirlar bilan bir qatorda, bu sohadagi xalqaro hamkorlik ham rivojlanmoqda. Atrof-muhitni himoya qilish va barqaror taraqqiyot bo‘yicha 1992-yili Rio de Janeyro (Braziliya) shahrida o‘tkazilgan konferensiyada XXI asrdagi harakat, jumladan, butun insoniyat uchun barqaror-xavfsiz rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqish dasturi qabul qilindi. Dunyoning yetakchi mamlakatlari ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni atmosferaga chiqarishni kamaytirish va keyinchalik butunlay to‘xtatish majburiyatini oldi. Yadro texnologiyalaridan foydalanuvchi davlatlar atom elektrostansiyalari xavfsizligining xalqaro standartlariga rioya qilmoqda. Bu jarayonlar insoniyatning ertangi kuniga ishonchni mustahkamlamoqda.
Yodda tuting!
1992-yili Rio de Janeyro shahrida atrof-muhitni himoya qilish va barqaror taraqqiyot bo‘yicha konferensiya o‘tkazildi.
Irqchilik va irqiy kamsitilishga qarshi kurash
Jamiyatdagi irqiy keskinlikni yumshatishga qaratilgan tadbirlar etnik ozchilikning teng huquqlarini, jumladan, ijtimoiy himoyani mustahkamlash borasidagi qonunlar qabul qilinishini o‘z ichiga oladi. Shunday qonunlar dastlab sobiq SSSRda, AQSH va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida joriy etildi. Ayniqsa, Yevropada irqiy kamsitilishga qarshi qonunlarni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi. Etnik ozchilikning ijtimoiy muammolariga va siyosiy maqomiga fuqarolik jamiyatining nodavlat tizimlari, ayniqsa, katta e’tibor qaratdi. Masalan, kasaba uyushmalarida etnik ozchilik vakillari manfaatlarini ifoda etuvchi bo‘limlar paydo bo‘ldi. Yetakchi siyosiy partiyalar ham etnik ozchilik vakillari uchun o‘z bo‘limlarini ochdi. Parlamentga, mahalliy hokimiyat organlariga etnik ozchilik vakillaridan nomzodlar ko‘rsatildi. 1987-yili Buyuk Britaniyada ilk bor jamoa palatasiga etnik ozchilik vakillaridan to‘rt nafari saylandi. Keyin qora tanli Devid Dinkins Nyu York shahri meri, afroamerikalik Barak Husayn Obama AQSH prezidenti, kelib chiqishi belujlardan bo‘lgan Sodiq Omonxon London shahrining meri, kelib chiqishi panjoblik Rishi Sunak Buyuk Britaniya bosh vaziri etib saylandi.
Irqchilik va irqiy kamsitilishga qarshi kurash
Dunyo xalqlari irqchilikka qarshi
Ammo qora tanlilarning kamsitilish hollari saqlanib qolmoqda. 2013-yili AQSHda “Black Lives Matter” (“Qora tanlilar hayoti ahamiyatli”) jamoat tashkiloti paydo bo‘lib, bu tashkilot 2014-yili ikki nafar afroamerikalikning o‘ldirilishi ortidan juda faollashib ketdi.
2015-yili B. Obama irqchilik hamon dolzarb muammo ekanligini tan oldi. 2020-yili AQSHning Minneapolis shahrida afroamerikalik Jorj Floydning qamoqqa olish paytida politsiyachilar tomonidan o‘ldirilishi butun dunyoda “Black Lives Matter” norozilik namoyishlariga olib keldi. AQSH tarixidagi qulchilik bilan bog‘liq bir qator arboblarning haykallari, jumladan, Richmond va Baltimor shaharlarida Xristofor Kolumbga o‘rnatilgan haykallar ham ag‘darilib tashlandi.
XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi etno-ijtimoiy muammolar
XX asr oxiriga kelib, katta moddiy resurslarga ega bo‘lmagan davlatlar ham etno-ijtimoiy muammolar bilan to‘qnash kela boshladi. Zotan, XXI asrda etno-ijtimoiy mojarolar o‘tgan asrdagi sinfiy kurashlarga nisbatan ham jiddiyroq muammolar manbayi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Jahonda aholisi 1 milliondan oshiq bo‘lgan 164 ta davlatning yarmidan kamrog‘i nisbatan bir millatli, ya’ni asosiy aholisi bitta millatga mansub davlatlardir. Qolgan davlatlar ko‘p millatli hisoblanadi.
Aholining ko‘p millatli tarkibi shu davlatda etno-ijtimoiy qarama-qarshilik kelib chiqishini muqarrar qilib
Millatlararo hamjihatlik — tinchlik garovi
XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi etno-ijtimoiy muammolar
Millatlararo hamjihatlik — etnik mojarolarning oldini olishning samarali yo‘li
qo‘ymaydi. Ko‘p millatli mamlakatlar, masalan, O‘zbekistonda turli millatlarning tinch-totuv yashash an’anasi shakllangan. Ammo dunyoning ayrim hududlarida etnik nizolarning keskinlashuvi kuchaymoqda. 1980-yillar oxiriga kelib, yuz bergan jami harbiy nifoqlarning yarmidan ko‘pi bir davlat ichkarisida, etnoslararo kelishmovchiliklar edi. O‘sha paytda bu mojarolarning asosiy maydoni Osiyo va Afrika mamlakatlari bo‘ldi. Ammo SSSR tarqalib ketishi bilan uning sobiq hududida o‘nlab etnoslararo keskinlik o‘choqlari vujudga keldi. SSSRda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgan 1920-yillari sovet respublikalari o‘rtasidagi chegaralarni belgilashda etnik faktor yaxshi inobatga olinmagan, natijada ko‘plab aholi vakillari o‘z milliy respublikalari hududidan tashqarida qolib ketgan. Bu muammo, ayniqsa, Kavkazorti respublikalari va Markaziy Osiyoda SSSR qulagandan so‘ng yaqqol sezilib qoldi. Bu hududlarda ko‘plab sun’iy etnoslararo mojarolar o‘choqlari paydo bo‘ldi.
XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi etno-ijtimoiy muammolar
Butun dunyoda mavjud bo‘lgan etno-ijtimoiy muammolarni hal etish va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun BMT tomonidan 17 maqsaddan iborat global dastur qabul qilingan bo‘lib, unda quyidagi masalalar ustuvor deb belgilangan: qashshoqlik va ochlikka barham berish, yuqori darajali tibbiy yordam ko‘rsatish, sifatli ta’lim olish, gender tenglik, toza suv, sanitariya, arzon va zamonaviy energiya manbalari bilan ta’minlash, tabiatga zarar yetkazmagan holda ishlash va iqtisodni rivojlantirish, boy va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish, shahar va qishloqlarni rivojlantirish, tabiat ne’matlaridan unumli foydalanish va iqlim o‘zgarishining oldini olish, sayyoramiz ekotizimini saqlab qolish, odil sudlovni ta’minlash va o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari.
Atamalar izohi
Institutsional o‘zgarishlar — bu ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning tarkibiy qismi bo‘lib, ijtimoiy institutlardagi rivojlanish va o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi.
Potensial — bu qaysidir soha, jabhada mavjud barcha imkoniyatlar, vositalar yig‘indisi; keng ma’noda “zaxira” vositalari.
Irqchilik — bu irqlarning teng emasligi, “oliy” irqlarning “past” irqlar ustidan hukmronlik qilishi to‘g‘risidagi g‘ayriilmiy, reaksion nazariya.
Ijodiy ish topshirig‘i
Insoniyatning global muammolarini quyidagi jadvalda tasniflang:
| siyosiy muammolar | etno-ijtimoiy muammolar | ekologik muammolar | | --- | --- | --- | | | | |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
Muhim sanalar
- 1920-yillari — SSSRda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgan 1920-yillari sovet respublikalari o‘rtasidagi chegaralarni belgilashda etnik faktor yaxshi inobatga olinmagan, natijada ko‘plab aholi vakillari o‘z milliy respublikalari…
- 1980-yillar — 1980-yillar oxiriga kelib, yuz bergan jami harbiy nifoqlarning yarmidan ko‘pi bir davlat ichkarisida, etnoslararo kelishmovchiliklar edi.
- 1987-yili — 1987-yili Buyuk Britaniyada ilk bor jamoa palatasiga etnik ozchilik vakillaridan to‘rt nafari saylandi.
- 1992-yili — Atrof-muhitni himoya qilish va barqaror taraqqiyot bo‘yicha 1992-yili Rio de Janeyro (Braziliya) shahrida o‘tkazilgan konferensiyada XXI asrdagi harakat, jumladan, butun insoniyat uchun barqaror-xavfsiz rivojlanish…
- 1992-yili — 1992-yili Rio de Janeyro shahrida atrof-muhitni himoya qilish va barqaror taraqqiyot bo‘yicha konferensiya o‘tkazildi.
- 2013-yili — 2013-yili AQSHda “Black Lives Matter” (“Qora tanlilar hayoti ahamiyatli”) jamoat tashkiloti paydo bo‘lib, bu tashkilot 2014-yili ikki nafar afroamerikalikning o‘ldirilishi ortidan juda faollashib ketdi.
- 2014-yili — 2013-yili AQSHda “Black Lives Matter” (“Qora tanlilar hayoti ahamiyatli”) jamoat tashkiloti paydo bo‘lib, bu tashkilot 2014-yili ikki nafar afroamerikalikning o‘ldirilishi ortidan juda faollashib ketdi.
- 2015-yili — 2015-yili B. Obama irqchilik hamon dolzarb muammo ekanligini tan oldi.
- 2020-yili — 2020-yili AQSHning Minneapolis shahrida afroamerikalik Jorj Floydning qamoqqa olish paytida politsiyachilar tomonidan o‘ldirilishi butun dunyoda “Black Lives Matter” norozilik namoyishlariga olib keldi.
- XX asr — XX asr oxiriga kelib, katta moddiy resurslarga ega bo‘lmagan davlatlar ham etno-ijtimoiy muammolar bilan to‘qnash kela boshladi.
Bilimingizni sinang
Yuqori texnologiyalar asosida mahsulot olish mumkinligini isbotlagan, dunyoda yonilg‘i sarfi keskin kamaygan davr necha yilni tashkil etadi?
- 30 yil
- 100 yil
- 20 yil
- 50 yil
To‘g‘ri javob: 50 yil. So‘nggi 50 yil ichida yonilg‘i sarfining kamayishi yuqori texnologiyalar samaradorligini ko‘rsatdi.
Barqaror rivojlanishdan asosiy maqsad nima?
- Sanoat hajmini barcha tarmoqlarda keskin oshirishni
- Kishilarning sifatli yashash darajasini ta’minlash
- Tabiiy resurslarni to‘liq va tez o‘zlashtirib olishni
- Davlat xarajatlarini qisqartirib, byudjetni saqlashni
To‘g‘ri javob: Kishilarning sifatli yashash darajasini ta’minlash. Barqaror rivojlanishdan maqsad kishilarning sifatli yashash darajasini ta’minlashdir.
Barqaror rivojlanish jarayonida resurslardan foydalanish, investitsiya, ilmiy-texnik taraqqiyot va institutsional o‘zgarishlarni moslashtirishdan asosiy maqsad nima?
- Sanoat ishlab chiqarish hajmini har qanday yo‘l bilan oshirish
- Kishilarning sifatli yashash darajasini ta’minlash
- Tabiiy resurslardan foydalanishni butunlay to‘xtatish
- Etnik ozchiliklarning mamlakatlararo ko‘chishini rag‘batlantirish
To‘g‘ri javob: Kishilarning sifatli yashash darajasini ta’minlash. Bu jarayonlarni uyg‘unlashtirishdan maqsad kishilarning sifatli yashash darajasini ta’minlashdir.
Atrof-muhitni himoya qilish va barqaror taraqqiyot bo‘yicha Rio-de-Janeyro (Braziliya) konferensiyasi qaysi yili o‘tkazildi?
- 1997-yili
- 1992-yili
- 1987-yili
- 1982-yili
To‘g‘ri javob: 1992-yili. Rio-de-Janeyrodagi konferensiya 1992-yili o‘tkazilib, barqaror rivojlanish dasturi qabul qilindi.
Atrof-muhitni himoya qilish va barqaror taraqqiyot bo‘yicha 1992-yilgi konferensiya qaysi shaharda o‘tkazilgan?
- Nyu-York shahri
- Rio de Janeyro
- Kioto shahri
- Stokgolm shahri
To‘g‘ri javob: Rio de Janeyro. 1992-yili konferensiya Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida o‘tkazilgan.
Yetakchi mamlakatlar ozon qatlamini yemiruvchi moddalarga nisbatan qanday majburiyat olgan?
- Ularni faqat sanoatda ishlatib, atmosferaga chiqarishni davom ettirish
- Ularni boshqa mamlakatlarga sotib, ishlab chiqarishni kengaytirish
- Atmosferaga chiqarishni kamaytirib, keyin butunlay to‘xtatish
- Ularni atmosferada saqlab turib, chiqarishni to‘xtatmaslik
To‘g‘ri javob: Atmosferaga chiqarishni kamaytirib, keyin butunlay to‘xtatish. Mamlakatlar bunday moddalarni atmosferaga chiqarishni kamaytirib, keyinchalik to‘xtatish majburiyatini olgan.
Buyuk Britaniyada ilk bor jamoa palatasiga etnik ozchilik vakillaridan to‘rt nafari qaysi yili saylandi?
- 1987-yili
- 1997-yili
- 1982-yili
- 1977-yili
To‘g‘ri javob: 1987-yili. Buyuk Britaniyada 1987-yili jamoa palatasiga etnik ozchilikdan to‘rt vakil saylandi.
Nyu York shahri meri etib saylangan qora tanli siyosatchi kim?
- Devid Dinkins
- Maykl Blumberg
- Ed Koch
- Rudi Juliani
To‘g‘ri javob: Devid Dinkins. Qora tanli Devid Dinkins Nyu York shahri meri etib saylangan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash