Umumiy qoidalar
Moddalar
1-modda. Jamoat birlashmasi tushunchasi
O‘z huquqlari, erkinliklarini hamda siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, fan, madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarini birgalikda ro‘yobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma jamoat birlashmasidir.
Siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar, yoshlar va bolalar tashkilotlari, veteranlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, ilmiy-texnikaviy, madaniy-ma’rifiy, jismoniy tarbiya-sport va boshqa ko‘ngilli jamiyatlar, ijodiy uyushmalar, yurtdoshlar uyushmalari, assotsiatsiyalar va fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari deb e’tirof etiladi.
Ushbu Qonun tijorat maqsadlarini ko‘zlaydigan yoxud boshqa korxonalar va tashkilotlar foyda (daromad) orttirishiga ko‘maklashadigan kooperativ tashkilotlarga hamda boshqa tashkilotlarga, diniy tashkilotlarga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, shuningdek tashkil etish va faoliyat ko‘rsatish tartibi boshqa qonunchilik bilan belgilanadigan o‘zga organlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi qonunchiligi
O‘zbekiston Respublikasining jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi qonunchiligi jamoat birlashmalarining huquqiy holati asoslarini belgilab beradigan ushbu Qonundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi Qonunidan, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat bo‘ladi.
3-modda. Jamoat birlashmalarini tuzishdan ko‘zda tutilgan maqsad
Jamoat birlashmalari fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy, huquqlar hamda erkinliklarni ro‘yobga chiqarish va himoya qilish; fuqarolarning faolligi va tashabbuskorligini, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ularning ishtirok etishini rivojlantirish; kasb-kor va havaskorlik qiziqishlarini qondirish; ilmiy, texnikaviy va badiiy ijodkorlikni rivojlantirish; aholining sihat-salomatligini saqlash, xayriya faoliyatida qatnashish; madaniy-ma’rifiy, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport ishlarini amalga oshirish; tabiatni, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish; vatanparvarlik va insonparvarlik tarbiyasi; respublikalararo va xalqaro aloqalarni kengaytirish, xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash; qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish maqsadida tuziladi.
Faoliyati jamiyatning axloqiy negizlarini, umumbashariy insonparvarlik qadriyatlarini buzishga qaratilgan, shuningdek konstitutsion tuzumni g‘ayriqonuniy yo‘l bilan o‘zgartirish yoki O‘zbekiston Respublikasi hududining birligini buzish, urushni, zo‘ravonlikni va shafqatsizlikni, jamiyatni parchalashga olib boradigan ijtimoiy, shu jumladan sinfiy, shuningdek irqiy, milliy va diniy adovatni avj oldirish, qonunchilik bilan taqiqlangan boshqa xatti-harakatlar qilish maqsadini ko‘zlaydigan jamoat birlashmalarining tuzilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Harbiylashtirilgan jamoat birlashmalari va qurolli tuzilmalar, shuningdek diniy xarakterga ega partiyalar, ularning filiallari va boshqa struktura bo‘laklari tashkil etish taqiqlanadi.
3-modda. Jamoat birlashmalarini tuzishdan ko‘zda tutilgan maqsad (davomi)
Jamoat birlashmalari va ularning idoralari tomonidan qonuniy va demokratik yo‘l bilan shakllantirilgan hokimiyat va boshqaruv idoralari hamda hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lganlarga nisbatan g‘ayridemokratik tarzda kuch ishlatib tazyiq o‘tkazish taqiqlanadi. Qonuniy ravishda amal qilib turgan hokimiyat va boshqaruv idoralari hamda mansabdor shaxslarga demokratik usulda hal etish bahonasi bilan tazyiq o‘tkazishga bo‘lgan har qanday urinishga Qonun bilan barham beriladi.
Aholining salomatligi va axloqiga, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga tajovuz qiladigan jamoat birlashmalarini tuzish va ularning faoliyati qonunga muvofiq ta’qib qilinadi.
4-modda. Jamoat birlashmalari tuzilishi va faoliyatining qoidalari
Jamoat birlashmalari o‘z a’zolari (qatnashchilari)ning ixtiyoriyligi, teng huquqliligi, o‘zini o‘zi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik asosida tuziladi va harakat qiladi.
Barcha jamoat birlashmalari o‘z ustavlarida, boshqa hujjatlarda nazarda tutilgan vazifalarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari doirasida ish ko‘radilar.
Fuqaroning jamoat birlashmasi faoliyatida qatnashishi yoki qatnashmasligi uning huquqlari va erkinliklarini cheklash yoki unga imtiyozlar berish uchun, shu jumladan davlat tashkilotida lavozimni egallash sharti yoki Qonunda ko‘zda tutilgan majburiyatlarni bajarmaslik uchun asos bo‘la olmaydi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar, shuningdek mehnatkashlarning ijtimoiy ta’minoti va ijtimoiy sug‘urta qildirish to‘g‘risidagi qonunchilik jamoat birlashmalari apparati xodimlariga nisbatan joriy etiladi.
5-modda. Davlat va jamoat birlashmalari
Davlat jamoat birlashmalari huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi hamda Konstitutsiyaga muvofiq ular o‘z ustavlaridagi vazifalarni bajarishlari uchun shart-sharoit yaratilishiga kafolat beradi.
Davlat yoshlar va bolalar tashkilotlariga moddiy va ma’naviy madad beradi, ularga nisbatan imtiyozli soliq siyosati o‘tkazilishini ta’minlaydi, bolalar tashkilotlariga, maktab, maktabdan tashqari muassasalar binolaridan, klublardan, madaniyat saroylari va uylaridan, sport inshootlari va boshqa inshootlardan bepul yoki imtiyozli shartlar bilan foydalanish huquqini beradi.
Qonunda ko‘zda tutilgan hollardan tashqari davlat idoralari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek, jamoat birlashmalarining davlat idoralari va mansabdor shaxslarning faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jamoat birlashmalari tashkilotlarining tadbirlari ular a’zolarining (qatnashchilarning) asosan ishdan bo‘sh vaqtida va mazkur birlashmalar mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi.
Jamoat birlashmalari manfaatlariga daxldor masalalar qonunchilikda ko‘zda tutilgan hollarda tegishli jamoat birlashmalari ishtirokida yoki ular bilan kelishilgan holda davlat idoralari va xo‘jalik tashkilotlari tomonidan hal qilinadi.
6-modda. Respublika jamoat birlashmalari va boshqa jamoat birlashmalari
Ustavda belgilangan vazifalarga muvofiq faoliyati butun jumhuriyat hududida amalga oshiriladigan jamoat birlashmalari jumhuriyat jamoat birlashmalariga kiradi. Bunda siyosiy partiyaning kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan kamida yigirma ming, kasaba uyushmasining esa, kamida besh yuz a’zosi bo‘lishi kerak.
Viloyat, nohiya, shahar, posyolka va qishloq jamoat birlashmalari mahalliy jamoat birlashmalariga kiradi.
Ustavda belgilangan vazifalarga muvofiq faoliyati butun viloyat hududida, Toshkent shahrida esa butun shahar hududida amalga oshiriladigan jamoat birlashmalari viloyat, Toshkent shahar jamoat birlashmalariga kiradi.
Ustavda belgilangan vazifalarga muvofiq faoliyati butun nohiya (shahar) hududida amalga oshiriladigan jamoat birlashmalari nohiya (shahar) jamoat birlashmalariga kiradi.
Ustavda belgilangan vazifalarga muvofiq faoliyati posyolka, qishloq hududida amalga oshiriladigan jamoat birlashmalari posyolka, qishloq jamoat birlashmalariga kiradi.
Zarurat paydo bo‘lgan hollarda viloyatlararo va nohiyalararo jamoat tashkilotlari tuzilishi mumkin.
7-modda. Jamoat birlashmalarining ittifoqlari
Jamoat birlashmalari ixtiyoriylik asosida jamoat birlashmalarining ittifoqlariga uyushishga haqlidirlar.
Jamoat birlashmalarining ittifoqlari ushbu Qonunda jamoat birlashmalari uchun belgilab qo‘yilgan tartibda tuziladi, amal qiladi va o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
Bilimingizni sinang
«Jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, jamoat birlashmasi qanday tuzilma?
- Foyda olish maqsadida fuqarolar tuzadigan va daromadni a’zolar o‘rtasida taqsimlaydigan tijorat tuzilmasi
- Fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma
- Davlat organlari tomonidan majburiy tuziladigan va ularga bo‘ysunadigan hamda moliyalashtiriladigan tuzilma
- Faqat siyosiy partiyalardan iborat bo‘lgan va boshqa birlashmalarni o‘z ichiga olmaydigan yopiq tuzilma
To‘g‘ri javob: Fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma. 1-moddaga ko‘ra jamoat birlashmasi fuqarolarning xohish-irodasi natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilmadir.
Quyidagi tashkilotlardan qaysi biri jamoat birlashmalari deb e’tirof etiladi?
- Kasaba uyushmalari
- Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari
- Diniy tashkilotlar
- Foyda orttirishga ko‘maklashuvchi kooperativ tashkilotlar
To‘g‘ri javob: Kasaba uyushmalari. 1-moddaga ko‘ra kasaba uyushmalari jamoat birlashmalari qatoriga kiradi; qolganlariga Qonun tatbiq etilmaydi.
Diniy tashkilot «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi Qonun asosida faoliyat yuritishini talab qilmoqda. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Qonun diniy tashkilotlarga faqat Toshkentda tatbiq etiladi
- Qonun diniy tashkilotlarga tatbiq etilmaydi
- Qonun diniy tashkilotlarga Adliya vazirligi roziligi bilan tatbiq etiladi
- Qonun diniy tashkilotlarga ham tatbiq etiladi
To‘g‘ri javob: Qonun diniy tashkilotlarga tatbiq etilmaydi. 1-moddaga ko‘ra Qonun diniy tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi qonunchiligi nimalardan iborat?
- Faqat ushbu Qonundan va unga ilova qilingan Vazirlar Mahkamasi hamda hokimliklar qarorlaridan iborat bo‘ladi, boshqa hujjatlar emas
- Faqat Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan, shuningdek hokimliklar va vazirliklarning idoraviy buyruqlaridan iborat bo‘ladi, qonunlar emas
- Faqat Konstitutsiyadan va uning normalarini bevosita qo‘llash tartibini belgilovchi hujjatlardan iborat bo‘ladi
- Ushbu Qonundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi Qonunidan va boshqa qonunchilik hujjatlaridan
To‘g‘ri javob: Ushbu Qonundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi Qonunidan va boshqa qonunchilik hujjatlaridan. 2-moddaga ko‘ra qonunchilik shu Qonun, Qoraqalpog‘iston Qonuni va boshqa hujjatlardan iborat.
Quyidagilardan qaysi biri jamoat birlashmalarini tuzishdan ko‘zda tutilgan maqsadga kiradi?
- Davlat hokimiyatini zo‘rlik bilan egallash
- Kasb-kor va havaskorlik qiziqishlarini qondirish
- Foyda ko‘rish va uni a’zolar o‘rtasida taqsimlash
- Jamiyatda sinfiy adovatni avj oldirish
To‘g‘ri javob: Kasb-kor va havaskorlik qiziqishlarini qondirish. 3-moddaga ko‘ra birlashmalar kasb-kor va havaskorlik qiziqishlarini qondirish maqsadida ham tuziladi.
Bir guruh fuqarolar «Vatan posbonlari» nomli qurolli, harbiylashtirilgan jamoat birlashmasi tuzmoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Tuzish mumkin, agar ustav qabul qilinsa
- Tuzish taqiqlanadi
- Tuzish mumkin, agar Adliya vazirligi ro‘yxatga olsa
- Tuzish mumkin, agar a’zolar soni o‘n nafardan ko‘p bo‘lsa
To‘g‘ri javob: Tuzish taqiqlanadi. 3-moddaga ko‘ra harbiylashtirilgan jamoat birlashmalari va qurolli tuzilmalar tashkil etish taqiqlanadi.
Qonunga ko‘ra, qaysi partiyalarni tashkil etish taqiqlanadi?
- Tadbirkorlar partiyalari, ularning filiallari va boshqa struktura bo‘laklari
- Yoshlar partiyalari, ularning filiallari va boshqa struktura bo‘laklari
- Diniy xarakterga ega partiyalar, ularning filiallari va boshqa struktura bo‘laklari
- Ekologik yo‘nalishdagi partiyalar, ularning filiallari va struktura bo‘laklari
To‘g‘ri javob: Diniy xarakterga ega partiyalar, ularning filiallari va boshqa struktura bo‘laklari. 3-moddaga ko‘ra diniy xarakterga ega partiyalarni tashkil etish taqiqlanadi.
Quyidagilardan qaysi biri jamoat birlashmasini tuzishdan ko‘zda tutilgan maqsad emas, aksincha taqiqlangan maqsadga kiradi?
- Aholining sihat-salomatligini saqlash va sog‘lom turmush
- Konstitutsion tuzumni g‘ayriqonuniy yo‘l bilan o‘zgartirish
- Xayriya faoliyatida qatnashish va nogironlarga yordam ko‘rsatish
- Tabiatni muhofaza qilish va ekologik targ‘ibot olib borish
To‘g‘ri javob: Konstitutsion tuzumni g‘ayriqonuniy yo‘l bilan o‘zgartirish. 3-moddaga ko‘ra konstitutsion tuzumni g‘ayriqonuniy o‘zgartirish maqsadidagi birlashmalar tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash