XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Jinoyat kodeksi · 35–41¹-m.

Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi va turlari

Uchinchi Bo‘Lim

35-modda. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi

Qilmishda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan alomatlar rasmiy jihatdan mavjud bo‘lsa-da, lekin u ijtimoiy xavfli, g‘ayriqonuniy yoki aybli bo‘lmasa, qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb topiladi.

Quyidagi holatlar, ya’ni kam ahamiyatli qilmishlar; zaruriy mudofaa; oxirgi zarurat; ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash chog‘ida zarar yetkazish; buyruqni yoki boshqacha tarzdagi vazifani bajarish; kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilik; jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish natijasida qilmish sodir etish jinoyatni istisno qiluvchi holatlar deb topiladi.

36-modda. Kam ahamiyatli qilmishlar

Garchi ushbu Kodeksda jinoyat sifatida nazarda tutilgan qilmishning alomatlari mavjud bo‘lsa-da, o‘zining kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli bo‘lmagan harakat yoki harakatsizlik jinoyat deb topilmaydi.

37-modda. Zaruriy mudofaa

Zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, ya’ni mudofaalanuvchi yoxud boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoki davlat manfaatlarini qonunga xilof tajovuzlardan tajovuzchiga zarar yetkazgan holda himoya qilish chog‘ida qilingan harakat, agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.

Tajovuzning xususiyati va xavfliligi darajasiga butunlay muvofiq kelmaydigan mudofaa, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb topiladi.

Boshqa shaxslarga yoki hokimiyat organlariga yordam so‘rab murojaat qilish yoxud tajovuzdan o‘zga yo‘sinda qutulish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, zaruriy mudofaa huquqi shaxsga tegishlidir.

Zarar yetkazish maqsadida qasddan hujum qilish istagini qo‘zg‘atish zaruriy mudofaa deb topilmaydi.

38-modda. Oxirgi zarurat

Oxirgi zarurat holatida, ya’ni shaxsning yoki boshqa fuqarolarning shaxsiga yoxud huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid soluvchi xavfni qaytarish uchun qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazgan holda sodir etilgan qilmish, basharti, shu xavfni o‘sha holatda boshqa choralar bilan qaytarishning iloji bo‘lmasa hamda keltirilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.

Shaxsning oxirgi zarurat holatida sodir etgan qilmishi, basharti, oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, qonuniy deb topiladi.

Agar boshqa vositalar orqali xavfning oldini olish mumkin bo‘lsa yoki keltirilgan zarar oldi olingan zarardan oshib ketsa, qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga bunday zarar yetkazish oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqish deb topiladi.

Oxirgi zarurat holatida sodir etilgan qilmishning qonuniyligini baholashda oldi olinishi lozim bo‘lgan xavfning xususiyati va xavflilik darajasi, shunday xavfning haqiqatan mavjud yoki mavjud emasligi va yuz berish vaqtining yaqinligi, xavfni qaytaruvchi shaxsning mavjud imkoniyatlari, vujudga kelgan vaziyatdagi ruhiy holati va ishning boshqa holatlari hisobga olinadi.

39-modda. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash vaqtida unga zarar yetkazish, agar uni ushlash uchun zarur bo‘lgan choralarning chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.

Ushlash vositalari va usullariga, qilmishning hamda uni sodir etgan shaxsning xavflilik darajasiga, shuningdek ushlash sharoitiga butunlay mos kelmaydigan, ushlash zarurati taqozo etmagan holda ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazish ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish deb topiladi.

Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida unga yetkazilgan zararning qonuniyligini baholashda, qilmishni sodir etgan shaxsning ushlanishdan qochish maqsadida qilgan harakatlari, ushlovchining kuchi va imkoniyatlari, ruhiy holati va ushlash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa holatlar hisobga olinadi.

Maxsus vakolatli shaxslar bilan bir qatorda jabrlanuvchi va boshqa fuqarolar ham ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash huquqiga egadirlar.

40-modda. Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish

Shaxsning buyruq yoki boshqa farmoyishni, shuningdek mansab vazifalarini qonunan bajarishi tufayli zarar yetkazilgan bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.

Jinoiyligi oldindan ayon bo‘lgan buyruq yoki boshqa farmoyishni bajarib, jinoyat sodir etgan shaxs, umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi.

G‘ayriqonuniy ravishda berilgan buyruq yoki farmoyishni yoxud mansab vazifasini bajarmagan yoki buzgan shaxs javobgarlikka tortilmaydi. Shaxsning amalda sodir etgan qilmishida boshqa bir jinoyat tarkibining barcha alomatlari mavjud bo‘lsagina, u javobgarlikka tortiladi.

41-modda. Kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik

Ijtimoiy foydali maqsadga erishish uchun kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik qilib, huquqlar va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazish jinoyat deb topilmaydi.

Agar sodir etilgan harakat zamonaviy ilmiy-texnika bilimlari va tajribalariga muvofiq kelgan, qo‘yilgan maqsadga esa, tavakkal qilmay erishishning iloji bo‘lmagan hamda shaxs huquqlar va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazilishining oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rgan bo‘lsa, bunday tavakkalchilik asosli deb topiladi.

Kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik qilishda ko‘zlangan ijtimoiy foydali natijaga erishilmagan va keltirilgan zarar ijtimoiy foydali maqsadga erishish natijasida olinishi mumkin bo‘lgan foydali natijadan ko‘proq bo‘lgan taqdirda ham yetkazilgan zarar javobgarlikka sabab bo‘lmaydi.

Tavakkalchilik odamlarning halok bo‘lish xavfi, ekologiya halokati yoxud boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishi mumkinligini bila turib qilingan bo‘lsa, asosli deb topilmaydi.

Tadbirkorlik subyektlarining o‘zlariga ko‘rsatilgan xizmatlar, shu jumladan berilgan kreditlar yuzasidan banklar va boshqa moliya tashkilotlari oldidagi shartnoma majburiyatlarini tadbirkorlik tavakkalchiliklari hamda boshqa tijorat tavakkalchiliklari bilan bog‘liq holda bajarmaganligi banklar va boshqa moliya tashkilotlari xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi.

41¹-modda. Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish

Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qo‘llash bilan qo‘rqitish natijasida ushbu Kodeks bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazilishi, agar bunday majburlash yoxud qo‘rqitish oqibatida shaxs o‘z harakatlarini (harakatsizligini) boshqara olmagan bo‘lsa, jinoyat hisoblanmaydi.

Ushbu Kodeks bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qo‘llash bilan qo‘rqitish natijasida zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi masala, agar bunday majburlash yoki qo‘rqitish oqibatida shaxs o‘z harakatlarini (harakatsizligini) boshqarish imkoniyatini saqlab qolgan bo‘lsa, ushbu Kodeks 38-moddasining qoidalari inobatga olingan holda hal etiladi.

Bilimingizni sinang

Jinoyat kodeksi — 35-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi
  2. Takroran jinoyat sodir etish
  3. Jinoyatga daxldorlik
  4. Kam ahamiyatli qilmishlar

To‘g‘ri javob: Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi. 35-modda: Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi.

Jinoyat kodeksi: «Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 31-modda
  2. 32-modda
  3. 36-modda
  4. 35-modda

To‘g‘ri javob: 35-modda. 35-modda: Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi.

Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar deb qanday holatlar topiladi?
  1. Kodeksdagi alomatlar rasmiy jihatdan mavjud bo‘lsa-da, qilmish ijtimoiy xavfli, g‘ayriqonuniy yoki aybli bo‘lmagan holatlar
  2. Qilmish sodir etilgan, ammo uning jazo muddati o‘tib ketgan va shaxs javobgarlikdan ozod qilinadigan holatlar
  3. Kodeksdagi alomatlar mavjud bo‘lib, qilmish jabrlanuvchining roziligi bilan sodir etilgan har qanday holatlar
  4. Kodeksdagi alomatlar mavjud bo‘lsa-da, qilmish faqat ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan har qanday holatlar

To‘g‘ri javob: Kodeksdagi alomatlar rasmiy jihatdan mavjud bo‘lsa-da, qilmish ijtimoiy xavfli, g‘ayriqonuniy yoki aybli bo‘lmagan holatlar. 35-moddaga ko‘ra jinoyat alomatlari rasmiy mavjud bo‘lsa-da, qilmish ijtimoiy xavfli, g‘ayriqonuniy yoki aybli bo‘lmasa, jinoiylik istisno qilinadi.

Quyidagilardan qaysi biri qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holat hisoblanadi?
  1. Qilmish sodir etilgandan keyin chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish
  2. Kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq asosli tavakkalchilik
  3. Jabrlanuvchi bilan yarashish
  4. Qilmishning ehtiyotsizlik orqasida sodir etilishi

To‘g‘ri javob: Kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq asosli tavakkalchilik. 35-moddada jinoiylikni istisno qiluvchi holatlar qatorida asosli tavakkalchilik ham sanalgan.

Jinoyat kodeksi — 36-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Retsidiv jinoyat
  2. Kam ahamiyatli qilmishlar
  3. Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish
  4. Jinoyatlar majmui

To‘g‘ri javob: Kam ahamiyatli qilmishlar. 36-modda: Kam ahamiyatli qilmishlar.

Jinoyat kodeksi: «Kam ahamiyatli qilmishlar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 41¹-modda
  2. 33-modda
  3. 36-modda
  4. 34-modda

To‘g‘ri javob: 36-modda. 36-modda: Kam ahamiyatli qilmishlar.

Jinoyat alomatlari bo‘lgan qilmish nima uchun kam ahamiyatli bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi?
  1. Hech qanday zarar yetkazilmaganligi va oqibat yuz bermaganligi uchun
  2. Jabrlanuvchi shikoyat qilmaganligi va murosaga kelinganligi uchun
  3. Kam ahamiyatliligi tufayli u ijtimoiy xavfli bo‘lmaganligi uchun
  4. Shaxs ilgari sudlanmaganligi va ijobiy xarakteristikaga egaligi uchun

To‘g‘ri javob: Kam ahamiyatliligi tufayli u ijtimoiy xavfli bo‘lmaganligi uchun. 36-moddaga ko‘ra kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli bo‘lmagan harakat jinoyat deb topilmaydi.

Jinoyat kodeksi — 37-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Zaruriy mudofaa
  2. Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish
  3. Kam ahamiyatli qilmishlar
  4. Qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlar tushunchasi

To‘g‘ri javob: Zaruriy mudofaa. 37-modda: Zaruriy mudofaa.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBir qancha jinoyat sodir etishKeyingi →Jazo tushunchasi, maqsadlari va turlari (1/2)