Oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar (1/3)
Birinchi Bo‘Lim
122-modda. Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash
Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, —
ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
122¹-modda. Bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan bolani ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa yoxud O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan va chet davlat hududida turgan bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekiston Respublikasi hududiga qaytarilishini ta’minlamaslik, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
- b) badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
- b) jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan bolaning O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ta’minlagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek ilgari ushbu modda bo‘yicha javobgarlikdan ozod qilingan shaxslar mustasno.
123-modda. Ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash
Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashi, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamasligi, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
124-modda. Bolani almashtirib qo‘yish
Tamagirlik yoki boshqa past niyatlarda qasddan bolani almashtirib qo‘yish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
125-modda. Farzandlikka olish sirini oshkor qilish
Farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi, yetim yoki ota-ona g‘amxo‘rligidan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka olishning qonun bilan qo‘riqlanadigan sirini oshkor qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
- a) kasb faoliyati yoki xizmat mavqeyiga ko‘ra farzandlikka olishni sir saqlashi shart bo‘lgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
- b) g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa;
- v) og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
125¹-modda. Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
126-modda. Ko‘p xotinli bo‘lish
Ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
126¹-modda. Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
126¹-modda. Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik (davomi)
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lmagan va ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sog‘liqning uzoq vaqt, ya’ni kamida yigirma bir kun, ammo to‘rt oydan ko‘p bo‘lmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining o‘n foizidan o‘ttiz uch foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, —
uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
126¹-modda. Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik (davomi)
Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
- a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
- b) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
- v) o‘ta shafqatsizlik bilan;
- g) g‘arazli niyatlarda;
- d) diniy taassublar zamirida;
- e) bir guruh shaxslar tomonidan;
- j) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97, 104 va (yoki) 105-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
- z) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
- i) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish natijasida ko‘rish, so‘zlash, eshitish qobiliyatini yo‘qotishga yoxud biron a’zoning ishdan chiqishiga yoki uning funksiyalari tamoman yo‘qolishiga, ruhiy holatning buzilishiga yoki sog‘liqning boshqacha tarzda yomonlashuviga, umumiy mehnat qobiliyatining o‘ttiz uch foizidan kam bo‘lmagan qismining yo‘qolishiga yoki homilaning tushishiga yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo‘lsa, —
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
126¹-modda. Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik (davomi)
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
- a) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
- b) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;
- v) o‘ta shafqatsizlik bilan;
- g) g‘arazli niyatlarda;
- d) diniy taassublar zamirida;
- e) bir guruh shaxslar tomonidan;
- j) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa, —
yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
- a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
- b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97 va (yoki) 104-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
- v) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
- g) jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, —
o‘n yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bilimingizni sinang
Moddiy yordamga muhtoj voyaga yetmagan shaxsni ta’minlashdan bo‘yin tovlash jinoyati uchun sud qarori bilan undirilishi lozim mablag‘ jami bo‘lib qancha muddatdan ortiq to‘lanmasligi kerak?
- olti oydan
- bir oydan
- ikki oydan
- uch oydan
To‘g‘ri javob: ikki oydan. Mablag‘ jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat to‘lanmasa va ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.
Jinoyat kodeksi — 122-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Bolani almashtirib qo‘yish
- Bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish
- Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash
- Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik
To‘g‘ri javob: Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash. 122-modda: Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash.
Jinoyat kodeksi: «Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash» qaysi moddada belgilangan?
- 126¹-modda
- 122-modda
- 124-modda
- 122¹-modda
To‘g‘ri javob: 122-modda. 122-modda: Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash.
Jinoyat kodeksining 122-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash jinoyat bo‘lishi uchun sud qarori yoki buyrug‘iga binoan undirilishi lozim mablag‘ni jami bo‘lib qancha muddatdan ortiq to‘lamaslik kerak?
- bir oydan ortiq
- uch oydan ortiq
- ikki oydan ortiq
- olti oydan ortiq
To‘g‘ri javob: ikki oydan ortiq. 122-moddada mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat to‘lamaslik nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksining 122-moddasi birinchi qismi bo‘yicha (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) qanday jazo belgilangan?
- uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki olti oygacha ozodlikdan mahrum qilish
- ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
To‘g‘ri javob: ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 122-modda birinchi qismida ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘rsatilgan.
Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash xavfli retsidivist tomonidan sodir etilsa, 122-modda bo‘yicha qanday jazo qo‘llanadi?
- ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash
To‘g‘ri javob: ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 122-modda ikkinchi qismida xavfli retsidivist uchun ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Jinoyat kodeksining 122-moddasida nazarda tutilgan bo‘yin tovlash holatida shaxs qanday sharoitda javobgarlikdan ozod qilinadi?
- qarzdorlikning yarmini to‘lab, qolganiga kafil ko‘rsatgan bo‘lsa
- aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa
- aliment qarzdorligi bo‘yicha ma’muriy jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan bo‘lsa
- bola voyaga yetgan va aliment undirish to‘xtatilgan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa. 122-modda oxirida qarzdorlikni to‘liq to‘lagan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi aytilgan.
Rustam sud buyrug‘i bo‘yicha voyaga yetmagan farzandiga undirilishi lozim bo‘lgan alimentni uch oy to‘lamadi; ilgari shu qilmishi uchun ma’muriy jazoga tortilgan edi. Ish sudga yetib kelguncha Rustam qarzdorlikni to‘liq to‘ladi. Jinoyat kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Rustam ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, to‘lov hech narsani o‘zgartirmaydi
- Rustam faqat xavfli retsidivist bo‘lsagina javobgarlikdan ozod qilinadi
- Rustam aliment qarzdorligini to‘liq to‘lagani uchun javobgarlikdan ozod qilinadi
- Rustam 123-modda bo‘yicha javobgar bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Rustam aliment qarzdorligini to‘liq to‘lagani uchun javobgarlikdan ozod qilinadi. 122-modda oxiriga ko‘ra, qarzdorlikni to‘liq to‘lagan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash