O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar
Ikkinchi Bo‘Lim
157-modda. Davlatga xoinlik qilish
Davlatga xoinlik qilish, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi tomonidan josuslik, chet el davlatiga, chet el tashkilotiga yoki ularning vakillariga davlat sirlarini yetkazish yoxud O‘zbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borishda boshqacha yordam ko‘rsatish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga, hududiy daxlsizligiga, xavfsizligiga, mudofaa salohiyatiga, iqtisodiyotiga zarar yetkazishga qaratilgan qasddan sodir etilgan qilmish —
o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Chet el davlati yoki tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga qarshi qaratilgan davlatga zarar yetkazuvchi faoliyatni amalga oshirishda hamkorlik qilish uchun jalb qilingan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi o‘zining bunday hamkorligi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda arz qilsa, uning faoliyati esa respublika manfaatlariga zarar yetkazmagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Basharti, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi, o‘z qilmishi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilib, jinoyatni ochishga faol yordam bergan va buning natijasida davlat uchun kelib chiqishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlarning oldi olingan bo‘lsa, jazodan ozod qilinadi.
158-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hayotiga tajovuz qilish —
o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti badaniga qasddan shikast yetkazish —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish —
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
159-modda. O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da’vat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish —
bazaviy hisoblash miqdorining olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hokimiyat konstitutsiyaviy organlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki ularni Konstitutsiyada nazarda tutilmagan parallel hokimiyat tuzilmalari bilan almashtirishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlari, shuningdek, davlat hokimiyati vakolatli organlarining O‘zbekiston Konstitutsiyasida nazarda tutilmagan tartibda tuzilgan hokimiyat tuzilmalarini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qarorlarini belgilangan muddatda bajarmaslik —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar:
- a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
159-modda. O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (davomi)
- b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish —
o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Fitna to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar bergan shaxs, basharti, ko‘rilgan choralar natijasida fitnaning oldi olingan bo‘lsa, jazodan ozod qilinadi.
160-modda. Josuslik
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning davlat siri hisoblangan ma’lumotlarni chet el davlati, chet el tashkiloti yoki ularning agenturasiga yetkazishi, xuddi shuningdek yetkazish maqsadida qo‘lga kiritishi, yig‘ishi yoki saqlashi, shuningdek chet el razvedkasining topshirig‘i bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga zarar yetkazishda foydalanish uchun boshqa ma’lumotlarni yetkazishi yoki yig‘ishi —
o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Chet el razvedkasi bilan hamkorlik qilishga jalb qilingan shaxs, basharti, o‘ziga yuklatilgan topshiriqni bajarish yuzasidan hech qanday harakat sodir etmasdan, bu haqda o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga xabar bersa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
O‘zining jinoiy faoliyatini ixtiyoriy ravishda to‘xtatgan va qilmishi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ma’lum qilib, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan shaxs, basharti, davlat uchun kelib chiqishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlarning oldi olingan bo‘lsa, jazodan ozod qilinadi.
161-modda. Qo‘poruvchilik
Qo‘poruvchilik, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari faoliyati yoki ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligiga yoki iqtisodiyotiga putur yetkazish maqsadida odamlarni qirib yuborish, ularning sog‘lig‘iga ziyon, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilishga qaratilgan harakatlar —
o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
162-modda. Davlat sirlarini oshkor qilish
Davlat sirlarini oshkor qilish yoki o‘zgaga berish, ya’ni davlat siri, harbiy sir yoki xizmat siri hisoblangan ma’lumotlarning, bu ma’lumotlar ishonib topshirilgan yoki xizmati yoxud kasb faoliyati yuzasidan ulardan xabardor bo‘lgan shaxs tomonidan oshkor qilinishi, basharti, bu qilmishda davlatga xoinlik alomatlari bo‘lmasa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
163-modda. Davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yo‘qotish
Hujjatlarning, shuningdek ashyo yoki moddalarning, agar ular haqidagi ma’lumot davlat siri yoki harbiy sirni ifodalasa, xizmat yoki kasb faoliyati yuzasidan ishonib topshirilgan shaxs tomonidan yo‘qotilishi, basharti, bu yo‘qotish ana shu hujjatlar, ashyo yoki moddalar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish natijasida ro‘y bergan bo‘lsa, —
bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bilimingizni sinang
Davlatga xoinlik qilish jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilishning quyi chegarasi necha yil?
- yigirma yil
- o‘n besh yil
- o‘n yil
- besh yil
To‘g‘ri javob: o‘n yil. Davlatga xoinlik o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat kodeksi — 157-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish
- Josuslik
- Davlatga xoinlik qilish
- O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish
To‘g‘ri javob: Davlatga xoinlik qilish. 157-modda: Davlatga xoinlik qilish.
Jinoyat kodeksi: «Davlatga xoinlik qilish» qaysi moddada belgilangan?
- 160-modda
- 157-modda
- 158-modda
- 159-modda
To‘g‘ri javob: 157-modda. 157-modda: Davlatga xoinlik qilish.
Jinoyat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, davlatga xoinlik qilish jinoyatining subyekti kim bo‘lishi mumkin?
- chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs
- faqat harbiy xizmatchi
- faqat mansabdor shaxs
- O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi. 157-modda davlatga xoinlik qilishni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tomonidan sodir etilgan qilmish deb ta’riflaydi.
Davlatga xoinlik qilish (157-modda) uchun qanday jazo belgilangan?
- besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
To‘g‘ri javob: o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 157-moddada o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Jinoyat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, chet el davlati yoki tashkiloti bilan hamkorlikka jalb qilingan fuqaro qanday holatda javobgarlikdan ozod qilinadi?
- hamkorligi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda arz qilsa va faoliyati respublika manfaatlariga zarar yetkazmagan bo‘lsa
- hamkorlikdan faqat ichki pushaymon bo‘lib, hokimiyat organlariga arz qilmagan va faoliyatini ancha vaqt oldin to‘xtatgan bo‘lsa
- hamkorlik qilgan davlatga ma’lumot berib, respublika manfaatlariga zarar yetkazgan bo‘lsa ham, keyin hokimiyatga arz qilsa
- jinoyatdan keyin chet elga ketib qolib, hokimiyat organlariga arz qilmasdan, respublika manfaatlariga zarar yetkazgan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: hamkorligi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda arz qilsa va faoliyati respublika manfaatlariga zarar yetkazmagan bo‘lsa. 157-modda ikkinchi qismida hamkorligi haqida ixtiyoriy arz qilib, zarar yetkazmagan fuqaro javobgarlikdan ozod qilinadi.
O‘zbekiston fuqarosi Jahongir chet el razvedkasiga mudofaa salohiyatiga oid davlat sirlarini yetkazdi. Jinoyat kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Jahongirning harakati 162-modda bo‘yicha davlat sirini oshkor qilish hisoblanadi, jazo uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Jahongirning harakati 160-modda bo‘yicha josuslik hisoblanadi, chunki sirlar chet el razvedkasiga yetkazilgan, jazo besh yildan sakkiz yilgacha
- Jahongirning harakati 157-modda bo‘yicha davlatga xoinlik hisoblanadi, jazo o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Jahongir javobgar bo‘lmaydi, chunki mudofaa salohiyatiga oid ma’lumotlar davlat siri sifatida rasman tasdiqlanmagan va oshkor qilinmagan
To‘g‘ri javob: Jahongirning harakati 157-modda bo‘yicha davlatga xoinlik hisoblanadi, jazo o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 157-modda fuqaroning chet el davlatiga davlat sirlarini yetkazishini davlatga xoinlik deb biladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti badaniga qasddan shikast yetkazish uchun ozodlikdan mahrum qilishning quyi chegarasi necha yil?
- yetti yil
- uch yil
- o‘n yil
- besh yil
To‘g‘ri javob: besh yil. Prezident badaniga qasddan shikast yetkazish besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash