Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (1/3)
Beshinchi Bo‘Lim
242-modda. Jinoiy uyushma tashkil etish
Jinoiy uyushma tashkil etish, ya’ni jinoiy uyushma yoxud uning bo‘linmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilish, shuningdek, ularning mavjud bo‘lishi va ishlab turishini ta’minlashga qaratilgan faoliyat —
o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Uyushgan qurolli guruh tuzish, shuningdek unga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etish —
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
243-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, ya’ni mulk (pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk) jinoiy faoliyat natijasida topilgan bo‘lsa, uni o‘tkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yo‘li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berish, xuddi shuningdek bunday pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko‘chirish usulini, pul mablag‘lariga yoki boshqa mol-mulkka bo‘lgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirish yoxud sir saqlash, —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
244-modda. Ommaviy tartibsizliklar
Ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
- a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
- b) ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shaxsning ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tishi, shu jumladan ommaviy tartibsizliklarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va ko‘nikmalarini egallashi, o‘quv chog‘ida qurol-yarog‘, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganishi, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
244-modda. Ommaviy tartibsizliklar (davomi)
Qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish yoxud ushbu faoliyatni moliyalashtirish, xuddi shuningdek ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish, —
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u o‘quvdan o‘tganligi to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
244¹-modda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish
Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
244¹-modda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish (davomi)
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlar:
- a) oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;
- b) xizmat mavqeyidan foydalanib;
- v) diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;
- g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
244²-modda. Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish
Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish —
besh yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
- a) og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa;
- b) voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Basharti shaxs taqiqlangan tashkilotlar mavjudligi to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan xabar qilgan va jinoyatni ochishga yordam bergan bo‘lsa, u ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.
244³-modda. Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish
Diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
244⁴-modda. Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish
Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
- a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
- b) shaxsning o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib;
- v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;
- g) badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
- a) odamlar o‘limiga;
- b) halokatga;
- v) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
244⁵-modda. Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish
Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek Internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatish —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
244⁶-modda. Yolg‘on axborot tarqatish
Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, ushbu Kodeksning 244¹-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
- a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
- b) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
244⁶-modda. Yolg‘on axborot tarqatish (davomi)
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
- a) ommaviy tadbirlar jarayonida yoki favqulodda vaziyat holatida;
- b) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan holda;
- v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
245-modda. Shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish
Garov sifatida tutqunlikka olingan shaxsni ozod qilish sharti bilan davlat, xalqaro tashkilot, jismoniy yoki yuridik shaxsdan biron-bir harakat sodir etish yoki biron-bir harakat sodir etishdan o‘zini tiyib turishni talab qilish maqsadida shaxsni garov tariqasida tutqunlikka olish yoki tutqunlikda ushlab turish, ushbu Kodeksning 155, 165-moddalarida nazarda tutilgan alomatlar bo‘lmasa, —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
- a) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;
- b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa;
- v) og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, —
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bilimingizni sinang
Jinoiy uyushma tashkil etish uchun ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati qancha?
- yigirma yildan
- o‘n yildan
- o‘n besh yildan
- besh yildan
To‘g‘ri javob: o‘n besh yildan. Jinoiy uyushma tuzish yoki unga rahbarlik qilish o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat kodeksi — 242-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Yolg‘on axborot tarqatish
- Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish
- Jinoiy uyushma tashkil etish
- Yolg‘on guvohlik berish
To‘g‘ri javob: Jinoiy uyushma tashkil etish. 242-modda: Jinoiy uyushma tashkil etish.
Jinoyat kodeksi: «Jinoiy uyushma tashkil etish» qaysi moddada belgilangan?
- 244⁶-modda
- 243-modda
- 242-modda
- 238-modda
To‘g‘ri javob: 242-modda. 242-modda: Jinoiy uyushma tashkil etish.
Jinoiy uyushma tashkil etish (Jinoyat kodeksining 242-moddasi, birinchi qism) uchun qanday jazo belgilangan?
- O‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- O‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
To‘g‘ri javob: O‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 242-modda birinchi qismi: o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Jinoyat kodeksining 242-moddasiga ko‘ra jinoiy uyushma tashkil etish nimalarda ifodalanadi?
- Jinoiy uyushma a’zosi bo‘lishda va uning faoliyatida bevosita ishtirok etishda
- Faqat qurol sotib olish va uni jinoiy uyushma a’zolariga tarqatishda
- Jinoiy uyushma yoki uning bo‘linmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilishda
- Jinoyat sodir etishga undash yoki jinoiy uyushma a’zolarini yollashda
To‘g‘ri javob: Jinoiy uyushma yoki uning bo‘linmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilishda. 242-modda: jinoiy uyushma yoki uning bo‘linmalarini tuzish yoki rahbarlik qilish, shuningdek ularning mavjud bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan faoliyat.
Uyushgan qurolli guruh tuzish, unga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etish (242-modda, ikkinchi qism) uchun jazo jinoiy uyushma tashkil etish jazosidan qanday farq qiladi?
- Bir xil — o‘n besh yildan yigirma yilgacha
- Yengilroq — o‘n yildan o‘n besh yilgacha
- Og‘irroq — yigirma yildan o‘ttiz yilgacha
- Yengilroq — besh yildan o‘n yilgacha
To‘g‘ri javob: Yengilroq — o‘n yildan o‘n besh yilgacha. 242-modda ikkinchi qismi: uyushgan qurolli guruh uchun o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Boboev uyushgan qurolli guruh tarkibida faol ishtirok etdi, ammo guruhni tuzmagan va unga rahbarlik qilmagan. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Jinoiy javobgarlik yo‘q, chunki u guruhni tuzmagan va unga rahbarlik qilmagan, faqat ishtirokchi
- 242-moddaning birinchi qismi bo‘yicha o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
- Faqat jarima yoki besh yilgacha ozodlikni cheklash, chunki u guruh tashkilotchisi emas
- 242-moddaning ikkinchi qismi bo‘yicha, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
To‘g‘ri javob: 242-moddaning ikkinchi qismi bo‘yicha, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 242-modda ikkinchi qismi: uyushgan qurolli guruhda ishtirok etish ham jinoyat, jazo o‘n yildan o‘n besh yilgacha.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish uchun ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati qancha?
- sakkiz yildan
- o‘n yildan
- uch yildan
- besh yildan
To‘g‘ri javob: besh yildan. Daromadlarni legallashtirish besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash