Jinoyat protsessida ishtirok etishga monelik qiladigan holatlar. rad qilishlar
Ikkinchi Bo‘Lim
76-modda. Sudyaning, prokurorning, tergovchining, surishtiruvchining, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisi kotibining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Quyidagi hollarda sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim, basharti:
- 1) u shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan bo‘lsa;
- 2) u ushbu ishni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan biror mansabdor shaxsning yoki ushbu modda birinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilgan o‘zga shaxslarning qarindoshi bo‘lsa;
- 3) uning xolisligiga va beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa.
Sudya ilgari shu ishni yuritishda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud majlisining kotibi sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, o‘sha ishni kelgusida ko‘rishda qatnasha olmaydi.
Birinchi, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida ishni ko‘rishda ishtirok etgan sudya o‘z ishtirokida chiqarilgan hukm, ajrim bekor qilinganidan keyin o‘sha ishni ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.
Jinoyat ishini birinchi instansiya sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.
76-modda. Sudyaning, prokurorning, tergovchining, surishtiruvchining, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisi kotibining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar (davomi)
Jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.
Jinoyat ishini kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas.
Jinoyat ishini taftish instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya ushbu jinoyat ishini birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda, shuningdek ishni yuqori instansiya sudida taftish tartibida qayta ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas.
Surishtiruvchining, tergovchining, shuningdek sud majlisi kotibining o‘z protsessual majburiyatlarini bajarishi ularning shu ish bo‘yicha tegishincha surishtiruvni, dastlabki tergovni yuritishda takroran ishtirok etishi, shuningdek sud majlisi bayonnomasini yuritishi uchun monelik qilmaydi.
77-modda. Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi va jamoat birlashmasi yoki jamoaning boshqa vakillari ushbu Kodeksning 76-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda ishda ishtirok etishga haqli emaslar va rad qilinishlari lozim.
78-modda. Ekspertning, mutaxassisning, tarjimonning, xolisning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis ushbu Kodeksning 76-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek ishda ishtirok etayotgan shaxslardan birortasiga xizmat yuzasidan yoki boshqa jihatdan tobe bo‘lsa, jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va rad qilinishi lozim.
Bundan tashqari, basharti ekspert, mutaxassis, tarjimonning o‘z kasbiga noloyiqligi ayon bo‘lib qolsa, xolislar esa, ichki ishlar organi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, adliya yoki sud xodimi bo‘lsalar, rad qilinishlari lozim.
Materiallari ishning qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan taftish yoki o‘zga idoraviy tekshiruv o‘tkazgan shaxs ushbu ishda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishga haqli emas.
Ishda mutaxassis sifatida ishtirok etgan shaxs kelgusida ushbu ish bo‘yicha ekspert qilib tayinlanishi mumkin.
79-modda. Himoyachining, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar yoki fuqaroviy javobgar vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Himoyachi, shuningdek jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili quyidagi hollarda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas, basharti u:
- 1) ilgari shu ish bo‘yicha sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon yoki xolis sifatida ishtirok etgan bo‘lsa;
- 2) ushbu ishning tergovida yoki sudda ko‘rilishida ishtirok etgan yoxud ishtirok etayotgan sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi yoki sud majlisining kotibi bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa yoxud yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida u bilan bitim tuzgan protsess ishtirokchisining manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxs bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa;
- 3) sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida bo‘lsa, quyidagi hollar bundan mustasno: basharti u muomalaga layoqatsiz shaxslarning vakili bo‘lsa yoki o‘zi ishlaydigan va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishga jalb qilingan muassasaning vakili sifatida qatnashsa;
- 4) o‘z himoyasidagi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki o‘zi vakillik qilayotgan jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxsga yuridik yordam ko‘rsatayotgan yoki muqaddam shunday yordam ko‘rsatgan bo‘lsa.
80-modda. Rad qilish va o‘zini o‘zi rad etish hamda ularni hal qilish tartibi
Ushbu Kodeksning 76 — 79-moddalarida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, sud majlisining kotibi, jamoat birlashmasining yoki jamoaning vakili, himoyachi, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis o‘zini o‘zi rad etishi shart. Agar o‘zlari bunday qilmasalar, ular shu asosga ko‘ra gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, himoyachi tomonidan, sud majlisida esa, bundan tashqari davlat ayblovchisi, jamoat birlashmasi yoki jamoaning vakili tomonidan rad qilinishi mumkin.
Ishni tergov qilish chog‘ida rad etish masalasi prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tomonidan, sud majlisida esa, sud tomonidan ham qo‘yilishi mumkin.
Rad qilish haqidagi arz asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Rad qilingan shaxs rad etish haqidagi masala ko‘rilguniga qadar tushuntirish berishga haqli.
Sudyani rad qilish masalasi qolgan sudyalar tomonidan rad qilingan shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi. Ovozlar teng bo‘linganda sudya rad qilingan hisoblanadi. Ko‘pchilik sudyalarni yoki sudning butkul tarkibini yoxud sud majlisining kotibini rad qilish haqidagi masala to‘la tarkibdagi sud tomonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan hal etiladi. Ishni yakka o‘zi ko‘rayotgan sudyani rad qilish masalasini uning o‘zi hal qiladi.
80-modda. Rad qilish va o‘zini o‘zi rad etish hamda ularni hal qilish tartibi (davomi)
Prokurorni rad qilish masalasi ishni tergov qilish chog‘ida yuqori turuvchi prokuror tomonidan, sud majlisida esa, ishni ko‘rayotgan sud tomonidan hal etiladi.
Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilini rad qilish masalasi ishni ko‘rayotgan sud tomonidan hal etiladi.
Surishtiruvchi yoki tergovchini rad qilish masalasi surishtiruv va dastlabki tergov ustidan nazorat olib boruvchi prokuror tomonidan hal etiladi.
Ekspertni, mutaxassisni, tarjimonni, himoyachini, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakillarini rad qilish masalasi ishni tergov qilish chog‘ida surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan, sud majlisida esa, ishni ko‘rayotgan sud tomonidan hal etiladi.
Xolisni rad qilish masalasi surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan hal etiladi.
Ishni tergov qilish chog‘ida qo‘yilgan rad qilish masalasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan yigirma to‘rt soat ichida hal etiladi. Rad qilish sud majlisida qo‘yilgan bo‘lsa, bu masala shu majlisda darhol hal etiladi.
Rad qilishni qanoatlantirish yoki qanoatlantirmaslik haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Agar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi ushbu Kodeksning 76, 79-moddalarida ko‘rsatilgan holatlar mavjudligi sababli o‘zini o‘zi rad etmasa, uni rad qilish masalasi manfaatdor shaxslarning arizalariga ko‘ra tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshlig‘i yoki prokuror tomonidan hal qilinadi. Rad qilishni qanoatlantirish yoki qanoatlantirmaslik haqida qaror chiqariladi.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, sudya quyidagi qaysi holatda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim?
- U shu ishni ko‘rayotgan sud raisining hamkasbi va do‘sti bo‘lsa
- U ish ko‘rilayotgan shaharda yashab, shu yerda faoliyat yuritsa
- U shu ish bo‘yicha ilgari guvoh sifatida ishtirok etgan bo‘lsa
- U ilgari boshqa ishda ayblanuvchini oqlab hukm chiqargan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: U shu ish bo‘yicha ilgari guvoh sifatida ishtirok etgan bo‘lsa. 76-moddaga ko‘ra shu ish bo‘yicha guvoh, ekspert, himoyachi va boshqa sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan sudya rad qilinadi.
Sudya Rahimov ko‘rayotgan ishda prokuror vazifasini uning aka-ukasi bajarmoqda. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Rahimov ishda ishtirok etishi mumkin, agar taraflar e’tiroz bildirmasa
- Rahimov ishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim
- Rahimov faqat apellyatsiya bosqichida ishtirok eta olmaydi
- Rahimov faqat ayblanuvchi roziligi bilan ishtirok etishi mumkin
To‘g‘ri javob: Rahimov ishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim. 76-moddaga ko‘ra ishni yuritish uchun mas’ul mansabdor shaxsning qarindoshi bo‘lgan sudya ishda ishtirok eta olmaydi.
Sudya Yusupov ilgari shu ishni dastlabki tergovda tergovchi sifatida yuritgan edi. Endi ish sudda unga topshirildi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- U ishni ko‘rishda qatnasha olmaydi
- U ishni ko‘rishi mumkin, agar tergov tugaganiga bir yil o‘tgan bo‘lsa
- U ishni ko‘rishi mumkin, agar ayblanuvchi rozi bo‘lsa
- U faqat apellyatsiya instansiyasida ishni ko‘rishi mumkin
To‘g‘ri javob: U ishni ko‘rishda qatnasha olmaydi. 76-moddaga ko‘ra ilgari shu ishda tergovchi sifatida ishtirok etgan sudya o‘sha ishni kelgusida ko‘rishda qatnasha olmaydi.
Jinoyat ishini kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu ishni qaysi instansiyalarda ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas?
- Faqat apellyatsiya instansiyasi sudida, boshqalarida mumkin
- Birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida
- Faqat birinchi instansiya sudida, taftishda esa mumkin
- Hech qaysi instansiyada hech qanday cheklov mavjud emas
To‘g‘ri javob: Birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida. 76-moddaga ko‘ra kassatsiya sudyasi shu ishni birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.
Tergovchi ilgari shu ish bo‘yicha dastlabki tergovni yuritgan. U shu ishni takroran tergov qilishda ishtirok etishi mumkinmi?
- Yo‘q, takroran ishtirok etishi qonun bilan taqiqlanadi
- Ha, takroran ishtirok etishi unga monelik qilmaydi
- Ha, faqat prokurorning yozma ruxsati bilan ishtirok etadi
- Ha, faqat ayblanuvchining roziligi bilan ishtirok etadi
To‘g‘ri javob: Ha, takroran ishtirok etishi unga monelik qilmaydi. 76-moddaga ko‘ra tergovchining dastlabki tergovni takroran yuritishi unga monelik qilmaydi.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 77-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xolislar
- Dalillarning turlari
- Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
- Rad qilish va o‘zini o‘zi rad etish hamda ularni hal qilish tartibi
To‘g‘ri javob: Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar. 77-modda: Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar» qaysi moddada belgilangan?
- 80-modda
- 77-modda
- 73-modda
- 81-modda
To‘g‘ri javob: 77-modda. 77-modda: Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar.
Jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi ishda ishtirok etishga haqli bo‘lmaydigan holatlar Jinoyat-protsessual kodeksining qaysi moddasida nazarda tutilgan holatlar bilan bir xil?
- 76-moddada
- 79-moddada
- 80-moddada
- 49-moddada
To‘g‘ri javob: 76-moddada. 77-moddaga ko‘ra jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi 76-moddada nazarda tutilgan holatlarda ishtirok etishga haqli emas.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash