Lavozimdan chetlashtirish
To‘Rtinchi Bo‘Lim
255-modda. Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish asoslari va muddatlari
Basharti ayblanuvchi, sudlanuvchi o‘z ish joyida qolsa, jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga yoki jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashga to‘sqinlik qiladi yoxud jinoiy faoliyatini davom ettiradi, deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ular lavozimidan chetlashtirilishi mumkin.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi masala ushbu bobda belgilangan tartibda, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi masala esa ushbu Kodeksning 423, 438-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal qilinadi.
Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash uchun asos bo‘lgan holatlar bekor bo‘lguniga qadar o‘tgan vaqt mobaynida qo‘llaniladi.
Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasi qaror chiqargan sudni albatta xabardor etgan holda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan bekor qilinadi.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llash rad qilingan yoki u bekor qilingan taqdirda, aynan o‘sha ayblanuvchiga nisbatan mazkur masala bo‘yicha takroran sudga murojaat qilishga lavozimdan chetlashtirish uchun asos bo‘ladigan yangi holatlar yuzaga kelganda yo‘l qo‘yiladi.
256-modda. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish uchun asoslar mavjud bo‘lganda prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorda: lavozimidan chetlashtiriladigan shaxs haqidagi ma’lumotlar; uning ish joyi; lavozimdan chetlashtirish asoslari ko‘rsatiladi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Surishtiruvchining, tergovchining ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.
Prokuror ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.
257-modda. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi bo‘lmagan yoxud ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi materialni ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi.
Sud majlisida prokuror, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan bo‘lsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Zarur bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokurorning ma’ruzasi bilan boshlanadi, u mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash zaruratini asoslab beradi. So‘ngra ayblanuvchi, himoyachi, sudda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
258-modda. Sud ajrimi
Sudya ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida yoki ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirishni rad qilish haqida ajrim chiqaradi.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimida: lavozimidan chetlashtiriladigan shaxs haqidagi ma’lumotlar; uning ish joyi; lavozimdan chetlashtirish asoslari; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga qo‘yiladigan talab ko‘rsatiladi.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirishni rad qilish haqidagi ajrimi asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimi u o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Ajrim tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga ijro uchun, prokurorga, ayblanuvchiga, himoyachiga esa ma’lumot uchun yuboriladi.
Sudyaning ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilgan ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida ayblanuvchi, uning himoyachisi va qonuniy vakili, lavozimidan chetlashtirilgan ayblanuvchi ishlagan tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi yoxud prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud qirq sakkiz soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Shikoyat yoki protest berish sudning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimi ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay yakka tartibda ko‘rib chiqishi kerak.
258-modda. Sud ajrimi (davomi)
Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilish va ayblanuvchiga nisbatan lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llashga yoki mazkur protsessual majburlov chorasini bekor qilishga haqli.
259-modda. Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimni ijro etish
Sudning ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimi korxona, muassasa, tashkilot rahbari uchun majburiy bo‘lib, rahbar ajrimni olishi bilan darhol uni ijro etishi hamda bu haqda surishtiruvchini, tergovchini, prokurorni va sudni xabardor qilishi shart.
260-modda. Shaxsni lavozimidan qonunga xilof ravishda chetlashtirish oqibatida yetkazilgan ziyonni qoplash
Shaxsning lavozimidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgani oqibatida yetkazilgan ziyon, basharti keyinchalik unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan yoki jinoyat ishi ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra tugatilgan bo‘lsa, to‘la hajmda qoplanadi.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 255-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish asoslari va muddatlari
- Sud ajrimi
- Ishni sudga qadar yuritish bosqichida ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish
- O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklashning maqsadi va asoslari
To‘g‘ri javob: Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish asoslari va muddatlari. 255-modda: Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish asoslari va muddatlari.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish asoslari va muddatlari» qaysi moddada belgilangan?
- 255-modda
- 256-modda
- 254⁷-modda
- 254¹⁰-modda
To‘g‘ri javob: 255-modda. 255-modda: Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish asoslari va muddatlari.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ayblanuvchi qanday holatda lavozimidan chetlashtirilishi mumkin?
- Agar ish joyida qolsa, haqiqatni aniqlashga yoki zararni qoplashga to‘sqinlik qiladi yoxud jinoiy faoliyatini davom ettiradi deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa
- Agar u ilgari sudlangan bo‘lsa va uning sudlanganligi olib tashlanmagan bo‘lsa, haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilishi bilan bog‘liq asoslarsiz ham
- Har qanday ayblanuvchi avtomatik ravishda, ya’ni ayblov e’lon qilingan zahoti, hech qanday asoslarsiz va sud ajrimisiz lavozimidan chetlashtiriladi
- Agar u ayblovga rozi bo‘lmasa yoki ko‘rsatuv berishdan bosh tortsa, shuningdek tergovchi uni lavozimida ishlashni istamasa va bu haqda prokurorga xabar bersa
To‘g‘ri javob: Agar ish joyida qolsa, haqiqatni aniqlashga yoki zararni qoplashga to‘sqinlik qiladi yoxud jinoiy faoliyatini davom ettiradi deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa. 255-moddaga ko‘ra, ish joyida qolsa, haqiqatni aniqlashga yoki zararni qoplashga to‘sqinlik qilsa yoxud jinoiy faoliyatni davom ettirsa, lavozimidan chetlashtirilishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, lavozimdan chetlashtirish qancha vaqt mobaynida qo‘llaniladi?
- Ish sudga o‘tguncha bo‘lgan vaqt mobaynida, asos bo‘lgan holatlar bekor bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat’i nazar
- Ushbu majburlov chorasini qo‘llash uchun asos bo‘lgan holatlar bekor bo‘lguniga qadar o‘tgan vaqt mobaynida
- Bir yil davomida, shundan keyin esa asoslar tekshirilmasdan avtomatik ravishda bekor bo‘ladi
- Uch oy davomida, shundan keyin tergovchi muddatni o‘z qaroriga ko‘ra uzaytirmasa chora o‘z-o‘zidan bekor bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Ushbu majburlov chorasini qo‘llash uchun asos bo‘lgan holatlar bekor bo‘lguniga qadar o‘tgan vaqt mobaynida. 255-moddaga ko‘ra, lavozimdan chetlashtirish asos bo‘lgan holatlar bekor bo‘lguniga qadar o‘tgan vaqt mobaynida qo‘llaniladi.
Ayblanuvchi Qodirovga nisbatan lavozimdan chetlashtirishni qo‘llash rad qilindi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, aynan shu masala bo‘yicha takroran sudga murojaat qilish qachon mumkin?
- Lavozimdan chetlashtirish uchun asos bo‘ladigan yangi holatlar yuzaga kelganda
- Har doim mumkin, yangi holatlar yuzaga kelmagan bo‘lsa ham, istalgan paytda
- Hech qachon mumkin emas, chunki rad etilgan masala bo‘yicha takroran murojaat qilinmaydi
- Faqat ish yopilgandan keyin, lavozimdan chetlashtirish masalasi qayta ko‘rilganda
To‘g‘ri javob: Lavozimdan chetlashtirish uchun asos bo‘ladigan yangi holatlar yuzaga kelganda. 255-moddaga ko‘ra, takroran murojaat qilishga lavozimdan chetlashtirish uchun asos bo‘ladigan yangi holatlar yuzaga kelganda yo‘l qo‘yiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi iltimosnoma qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorda quyidagilardan qaysi biri ko‘rsatiladi?
- Faqat ayblanuvchining oilaviy ahvoli va uning mol-mulki haqidagi ma’lumotlar hamda jazo turi
- Faqat jabrlanuvchining ma’lumotlari va ayblov xulosasining mazmuni hamda jazo muddati to‘g‘risida
- Lavozimidan chetlashtiriladigan shaxs haqidagi ma’lumotlar, uning ish joyi va chetlashtirish asoslari
- Faqat jazo turi va muddati hamda ayblanuvchining oldingi sudlanganliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar
To‘g‘ri javob: Lavozimidan chetlashtiriladigan shaxs haqidagi ma’lumotlar, uning ish joyi va chetlashtirish asoslari. 256-moddaga ko‘ra, qarorda shaxs haqidagi ma’lumotlar, ish joyi va lavozimdan chetlashtirish asoslari ko‘rsatiladi.
Tergovchi Jalolov ayblanuvchini lavozimdan chetlashtirish bo‘yicha iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida qaror chiqardi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, qaror va materiallar kimga yuboriladi?
- Tergov sudyasiga bevosita
- Ayblanuvchining ish beruvchisiga
- Prokurorga
- Ichki ishlar organiga
To‘g‘ri javob: Prokurorga. 256-moddaga ko‘ra, surishtiruvchi yoki tergovchining qarori va materiallar prokurorga yuboriladi, prokuror rozi bo‘lsa sudga yuboradi.
Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran qancha muddatdan kechiktirmasdan yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi?
- yetmish ikki soatdan
- qirq sakkiz soatdan
- sakkiz soatdan
- yigirma to‘rt soatdan
To‘g‘ri javob: qirq sakkiz soatdan. Lavozimdan chetlashtirish haqidagi iltimosnoma yopiq majlisda materiallar kelib tushgandan qirq sakkiz soatdan kechiktirmasdan ko‘riladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash