XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Jinoyat-protsessual kodeksi · 290–295-m.

Hukmning mulkiy undirishlar to‘g‘risidagi qismi ijrosini ta’minlash

Beshinchi Bo‘Lim

290-modda. Mol-mulkni xatlash asoslari va tartibi

Hukmning fuqaroviy da’voga va boshqa mulkiy undirishlarga doir qismining ijrosini ta’minlash uchun surishtiruvchi, tergovchi yoki sud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlashi shart. Ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan mol-mulkni o‘zlashtirishning, xarj qilib yuborishning, yashirishning, yo‘q qilib tashlashning yoki shikastlantirishning oldini olish maqsadida ushbu mol-mulk ham xatlanadi. Shu maqsadda tergovchi yoki surishtiruvchi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlash haqida iltimosnoma qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqarib, unda mazkur protsessual harakatni o‘tkazish asoslarini bayon etadi.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgar oilasining normal turmushini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan uy-joy, kvartira, uy anjomlari va jihozlari, kiyim va boshqa buyumlar xatlanmaydi.

Turar joylar yoki yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar, mulk shaklidan qat’i nazar, davlatga xoinlik qilish, konstitutsiyaviy tuzumga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish, terrorizm, qo‘poruvchilik jinoyatlari sodir etish uchun foydalanilgan yoxud bu jinoyatlar qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, talonchilik yoki boshqa og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda — bu joylar xatlanadi.

Xatlash mulkdorga yoki mol-mulkning egasiga mol-mulkni tasarruf qilish, zarur hollarda esa, undan foydalanish man etilganligini e’lon qilishdan yoxud mol-mulkni tortib olishdan va uni saqlab turish uchun boshqa shaxslarga topshirishdan iboratdir.

290-modda. Mol-mulkni xatlash asoslari va tartibi (davomi)

Tergovchining yoki surishtiruvchining mol-mulkni xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qaroriga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.

Tergovchining yoki surishtiruvchining mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.

Prokuror mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.

Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, mol-mulkni xatlash sudning roziligisiz, tergovchining yoki surishtiruvchining qarori asosida amalga oshirilishi mumkin, lekin keyinchalik sud hamda prokuror qaror va bayonnomaning ko‘chirma nusxalari ilova qilingan holda yigirma to‘rt soat ichida xabardor qilinadi. Xabarnomada kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar aniq ko‘rsatilishi kerak. Mazkur xabarnomaga tergovchining yoki surishtiruvchining mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi qarorining, mol-mulkni xatlash bayonnomasining va zarur materiallarning ko‘chirma nusxalari ularni yuritish to‘g‘risidagi qarorning qonuniyligini tekshirish uchun ilova qilinadi.

Mazkur xabarnomani va unga ilova qilingan materiallarni olganidan keyin sudya mol-mulkni xatlash amalga oshirilganligining qonuniyligini ushbu Kodeks 290¹ va 290²-moddalari tartibida qirq sakkiz soat ichida tekshiradi va uning qonuniyligi yoki qonunga xilofligi to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Agar sudya mol-mulkni xatlash qonunga xilof ravishda amalga oshirilgan deb topsa, uni amalga oshirish davomida olingan barcha dalillar ushbu Kodeksning 95¹-moddasiga muvofiq nomaqbul deb topiladi.

290-modda. Mol-mulkni xatlash asoslari va tartibi (davomi)

Surishtiruvchi yoki tergovchi hukmning mulkiy undirishlarga oid qismi ijrosini ta’minlovchi choralarni yoki mulkiy yo‘sindagi jazo choralarini ko‘rmagan taqdirda, ishni yuritayotgan sud ajrim chiqarib, ularning zimmasiga bunday choralarni ko‘rish majburiyatini yuklaydi.

Fuqaroviy da’voni qanoatlantirganda yoki boshqa mulkiy undirishlarni qo‘llayotganda hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar, basharti oldin chora ko‘rilmagan bo‘lsa, sud hukmning shu qismi ijrosini ta’minlaydigan choralar ko‘rish haqida ajrim chiqarishga va uning ijrosini tergov yoki surishtiruv organiga topshirishga haqli.

Diplomatik vakolatxonalarning binolaridagi va diplomatik vakillarga qarashli mol-mulkni xatlashda ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinishi kerak.

290¹-modda. Mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish

Mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi bo‘lmagan yoxud mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.

Mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Sud majlisida prokuror, zarur hollarda tergovchi, surishtiruvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda ishtirok etayotgan bo‘lsa, himoyachi va (yoki) qonuniy vakil ishtirok etadi.

Sud majlisining o‘tkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun monelik qilmaydi.

Mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokurorning ma’ruzasi bilan boshlanadi, u mazkur protsessual harakatni o‘tkazish zaruratini asoslab beradi, keyin taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.

290²-modda. Sud ajrimi

Sudya mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, mol-mulkni xatlash to‘g‘risida yoki mol-mulkni xatlashni rad etish haqida ajrim chiqaradi.

Sudyaning mol-mulkni xatlashni rad etish haqidagi ajrimi asoslantirilgan bo‘lishi kerak.

Xatlash to‘g‘risidagi ajrimda u kim tomonidan, qachon va qaysi ish bo‘yicha chiqarilgani, nima maqsadda va kimning mol-mulki xatlanishi lozimligi ko‘rsatiladi.

Sudyaning mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi ajrimi o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Sudyaning ajrimi prokurorga, surishtiruvchiga yoki tergovchiga ijro uchun, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, qonuniy vakilga, himoyachiga esa ma’lumot uchun yuboriladi.

Mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani qo‘zg‘atish haqidagi qaror chiqarilganidan keyin surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan garov reyestriga bir kun ichida tegishli yozuv kiritiladi, mol-mulkni xatlash to‘g‘risida sud ajrimi chiqarilganidan keyin esa qonunchilikka muvofiq vakolatli bo‘lgan organlar tomonidan uch sutka ichida shunday yozuv kiritiladi.

Sudyaning mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi yoki mol-mulkni xatlashni rad etish haqidagi ajrimi ustidan mol-mulk xatlangan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida ayblanuvchi, qonuniy vakil, himoyachi tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida apellyatsiya tartibida prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati (protesti) ajrim chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma to‘rt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat (protest) bilan birga kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay yakka tartibda ko‘rib chiqishi kerak.

290²-modda. Sud ajrimi (davomi)

Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi sudning mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi ajrimi ijrosini to‘xtatib turmaydi.

Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi apellyatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:

sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmay qoldirishga;

sudyaning ajrimini bekor qilishga va mol-mulkni xatlashga rozilik berishga yoki mol-mulkni xatlashni rad etishga haqli.

Mol-mulkni xatlash rad etilgan taqdirda, mazkur masala bo‘yicha takroran sudga murojaat qilishga mol-mulkni xatlashni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yo‘l qo‘yiladi.

291-modda. Mol-mulkni xatlash bayonnomasi

Surishtiruvchi yoki tergovchi mol-mulkni xatlash to‘g‘risida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalari talablariga rioya qilgan holda ikki nafardan kam bo‘lmagan xolislar ishtirokida bayonnoma tuzadi. Bayonnomada xatlangan barcha mol-mulkning nomi, o‘lchovi, og‘irligi, eskirish darajasi va boshqa o‘ziga xos belgilari sanab o‘tilib, mol-mulkni xatlayotgan shaxsning harakatlari to‘g‘risidagi va bayonnomaga kiritilgan mol-mulkning uchinchi shaxslarga tegishliligi haqidagi arzlar bayon etiladi. Mol-mulk olib qo‘yilgan taqdirda aynan nimaning olinganligi va qayerga yoki kimga saqlash uchun topshirilganligi bayonnomada ko‘rsatiladi.

Mol-mulkni xatlash chog‘ida uni yashirish, yo‘q qilib yuborish yoki shikastlashga urinishlar qilingan bo‘lsa, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan qo‘llangan choralar ko‘rsatilib, bayonnomada aks ettirilishi lozim.

292-modda. Mol-mulk xatlanganligi to‘g‘risidagi bayonnomaning nusxasini taqdim qilish majburiyligi

Mol-mulk xatlanganligi to‘g‘risidagi bayonnomaning nusxasi mol-mulki ro‘yxatga olingan shaxsga yoki uning voyaga yetgan oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda, mol-mulk ro‘yxatga olingan hududdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga topshirilib tilxat olinadi.

Korxona, muassasa, tashkilot yoki diplomatiya vakolatxonasi hududidagi mol-mulkni ro‘yxatga olish o‘tkazilgan bo‘lsa, mol-mulk xatlanganligi to‘g‘risidagi bayonnomaning nusxasi tegishli ma’muriyat yoki diplomatiya vakolatxonasi vakiliga topshirilib, qo‘l qo‘ydirib olinadi.

293-modda. Xatlash chog‘ida mol-mulkni baholash

Xatlanayotgan mol-mulk surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan uning eskirish darajasini e’tiborga olib, baholash paytida mavjud bo‘lgan bozor narxida baholanadi. Zarur hollarda baholash mutaxassis ishtirokida yoki baholovchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Pullar, obligatsiyalar, cheklar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar o‘z qiymati bo‘yicha hisobga olinadi.

Hukmning fuqaroviy da’vo qismi ijrosini ta’minlash uchun mol-mulkni xatlashda bayonnomaga qiymati ziyonni qoplash uchun yetarli mol-mulk kiritiladi. Bunda mulkdor yoki mol-mulk egasi, o‘zining fikricha, qaysi mol-mulkni bayonnomaga kiritish zarur deb hisoblasa, shu mol-mulkni ko‘rsatishga haqlidir.

294-modda. Xatlangan mol-mulkni olib qo‘yish va saqlash

Xatlangan mol-mulk olib qo‘yilib, saqlash uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yoxud boshqa tashkilot vakiliga topshirilishi mumkin.

Xatlangan mol-mulk mulkdorga yoki mol-mulk egasiga, uning voyaga yetgan oila a’zolaridan biriga yoki boshqa shaxsga saqlab turish uchun qoldirilib, unga ushbu mol-mulkning to‘la-to‘kis saqlanishi uchun qonunda nazarda tutilgan javobgarlik tushuntiriladi va bu haqda undan tilxat olinadi.

Muomalada bo‘lishi man qilingan ashyolar har qanday hollarda ham olib qo‘yilishi kerak. Ularni saqlash tartibi qonun bilan belgilanadi.

Bank muassasalarida saqlanayotgan pullar, shuningdek davlat zayomi obligatsiyalari, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar olib qo‘yilmaydi, lekin mol-mulk xatlangani to‘g‘risidagi qarorni yoki ajrimni olish bilanoq, ularni xarjlash operatsiyalari to‘xtatib qo‘yiladi.

295-modda. Mol-mulk xatlanganligini bekor qilish

Oqlov hukmi qonuniy kuchga kirganda, jinoyat ishi tugatilganda, shuningdek fuqaroviy da’vogar o‘z da’vosidan voz kechganda hamda fuqaroviy da’voni qanoatlantirish yuzasidan ko‘rilgan choralarga sabab bo‘lgan asoslar bartaraf etilgan boshqa hollarda mol-mulkning xatlanganligi bekor qilinadi. Bunda garov reyestridan mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi yozuv chiqarib tashlanadi.

Bilimingizni sinang

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, hukmning fuqaroviy da’voga va boshqa mulkiy undirishlarga doir qismi ijrosini ta’minlash uchun gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini kim xatlashi shart?
  1. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud
  2. Faqat hukm chiqargan sud hukm o‘qilgandan keyin
  3. Prokuror yoki ishda ishtirok etayotgan advokat
  4. Tergovchi, faqat prokurorning yozma roziligi bilan

To‘g‘ri javob: Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud. 290-moddaga ko‘ra surishtiruvchi, tergovchi yoki sud mol-mulkni xatlashi shart.

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan mol-mulk qanday maqsadda xatlanadi?
  1. Ayblanuvchining jazosini yengillashtirish va jabrlanuvchi bilan yarashtirish imkonini berish uchun
  2. Mol-mulkni jabrlanuvchiga zudlik bilan topshirish va uning qiymatini baholash uchun
  3. Davlat foydasiga musodara qilishni kafolatlash va soliq to‘lovlarini undirish uchun
  4. Uni o‘zlashtirish, yashirish, yo‘q qilish yoki shikastlantirishning oldini olish uchun

To‘g‘ri javob: Uni o‘zlashtirish, yashirish, yo‘q qilish yoki shikastlantirishning oldini olish uchun. 290-moddaga ko‘ra ashyoviy dalil sifatidagi mol-mulk o‘zlashtirish, yashirish, yo‘q qilish yoki shikastlantirishning oldini olish maqsadida xatlanadi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ayblanuvchi mol-mulkini xatlashda quyidagilardan qaysi biri xatlanmaydi?
  1. Ayblanuvchining shaxsiy avtomobili hamda unga tegishli ehtiyot qismlar
  2. Oilaning normal turmushi uchun zarur uy-joy, uy anjomlari va kiyim-kechak
  3. Ayblanuvchining bank omonatidagi mablag‘lari hamda qimmatli qog‘ozlari
  4. Qimmatbaho zargarlik buyumlari, kolleksiyalar hamda san’at asarlari

To‘g‘ri javob: Oilaning normal turmushi uchun zarur uy-joy, uy anjomlari va kiyim-kechak. 290-moddaga ko‘ra oilaning normal turmushi uchun zarur uy-joy, kvartira, uy anjomlari, kiyim va boshqa buyumlar xatlanmaydi.

Tergovchi ayblanuvchi Tursunovning yashash uchun mo‘ljallanmagan omborxonasini xatlamoqchi. Ma’lum bo‘lishicha, omborxona terrorizm jinoyatini sodir etish uchun foydalanilgan. Himoyachi omborxona xususiy mulk bo‘lgani uchun xatlanmaydi, deb talab qilmoqda. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
  1. Omborxona xususiy mulk bo‘lgani uchun xatlanmaydi
  2. Omborxonani xatlash faqat ayblanuvchining roziligi bilan mumkin
  3. Omborxona mulk shaklidan qat’i nazar xatlanadi
  4. Omborxona faqat hukm qonuniy kuchga kirgach xatlanadi

To‘g‘ri javob: Omborxona mulk shaklidan qat’i nazar xatlanadi. 290-moddaga ko‘ra terrorizm jinoyatlari uchun foydalanilgan joylar mulk shaklidan qat’i nazar xatlanadi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, mol-mulkni xatlash nimadan iborat?
  1. Mulkdorga tasarruf qilish, zarur hollarda foydalanish man etilganini e’lon qilish yoki mol-mulkni tortib olish
  2. Mol-mulkni darhol sotib, tushumni davlat byudjetiga o‘tkazish va mulkdorga hech qanday kompensatsiya bermaslik
  3. Mol-mulkni mulkdordan olib, davlat egaligiga o‘tkazish hamda mulkdorning huquqini bekor qilish
  4. Mol-mulkni oshirib baholab, uni garovga qo‘yish va tushgan mablag‘ni jabrlanuvchiga topshirish

To‘g‘ri javob: Mulkdorga tasarruf qilish, zarur hollarda foydalanish man etilganini e’lon qilish yoki mol-mulkni tortib olish. 290-moddaga ko‘ra xatlash tasarruf (zarur hollarda foydalanish) man etilganini e’lon qilish yoki mol-mulkni tortib olishdan iborat.

Mol-mulk sud roziligisiz tergovchi qarori bilan xatlanganda, sud va prokuror qaror va bayonnoma nusxalari bilan qancha muddat ichida xabardor qilinadi?
  1. yetmish ikki soat
  2. sakkiz soat
  3. qirq sakkiz soat
  4. yigirma to‘rt soat

To‘g‘ri javob: yigirma to‘rt soat. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda xatlash sudsiz amalga oshirilsa, sud va prokuror yigirma to‘rt soat ichida xabardor qilinadi.

Mol-mulkni sudsiz xatlash haqidagi xabarnomani olgach, sudya xatlash qonuniyligini qancha muddat ichida tekshiradi va ajrim chiqaradi?
  1. qirq sakkiz soat
  2. yigirma to‘rt soat
  3. yetmish ikki soat
  4. sakkiz soat

To‘g‘ri javob: qirq sakkiz soat. Sudya xabarnomani olganidan keyin xatlash qonuniyligini qirq sakkiz soat ichida tekshirib, ajrim chiqaradi.

Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda sudning roziligisiz mol-mulkni xatlagan tergovchi sud va prokurorni qaror hamda bayonnoma nusxalari bilan qancha muddat ichida xabardor qilishi shart?
  1. Ikki soat ichida
  2. Sakkiz soat ichida
  3. Qirq sakkiz soat ichida
  4. Yigirma to‘rt soat ichida

To‘g‘ri javob: Yigirma to‘rt soat ichida. 290-moddaga ko‘ra sud va prokuror yigirma to‘rt soat ichida xabardor qilinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMol-mulkni jabrlanuvchi yoki fuqaroviy da’vogarga qaytarishKeyingi →Jinoyatlarning oldini olish choralari