Surishtiruv va dastlabki tergov organlari shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning qonunlarning ijro etishi ustidan nazorat
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
382-modda. Prokurorning vakolatlari
Surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini yuritishda qonunlarning ijro etilishi ustidan nazorat prokuror tomonidan amalga oshiriladi.
Jinoyat sodir etilgani to‘g‘risidagi ariza va xabarlarni ko‘rish hamda hal qilish, tekshirishni amalga oshirishning ushbu Kodeksda belgilangan tartibi, chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi surishtiruv va dastlabki tergov organlarining qonunlarning ijro etilishi ustidan olib boradigan nazoratining sohasidir.
Surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirib, prokuror o‘z vakolati doirasida:
surishtiruv va dastlabki tergov organlaridan hamda tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlardan ishlarni tekshirish uchun, sodir etilgan jinoyatlarga oid tezkor-qidiruv, surishtiruv, dastlabki tergov ishlarining borishiga doir hujjatlarni, materiallarni va boshqa ma’lumotlarni talab qilib oladi; sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlar haqidagi ariza va ma’lumotlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va hal etish to‘g‘risidagi qonun talablari qay darajada ijro etilayotganligini har oy kamida bir marta tekshiradi;
surishtiruvchilar va tergovchilarning shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qiladi;
jinoyatlarni tergov qilish, ehtiyot chorasini tanlash, o‘zgartirish yoki bekor qilish, uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash haqida iltimosnoma qo‘zg‘atish jinoyat tavsifini belgilash, ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish, ayrim tergov harakatlarini bajarish va jinoyat sodir etgan shaxslarni qidirish to‘g‘risida yozma ko‘rsatmalar beradi;
382-modda. Prokurorning vakolatlari (davomi)
qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoxud uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi yoxud qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi;
ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi yoxud ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi;
amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqida yoki jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi;
murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risida, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi;
pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida yoki O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash haqida sudga iltimosnoma kiritadi yoxud iltimosnomaga rozilik beradi;
tintuv o‘tkazish haqida, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqida, mol-mulkni xatlash to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi;
guvohlarning va jabrlanuvchilarning (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlab qo‘yish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi;
382-modda. Prokurorning vakolatlari (davomi)
gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi bilan aybga iqrorlik to‘g‘risida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda kelishuv tuzadi;
tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga shaxslarni ushlash, majburiy keltirish, qidirish haqidagi qarorlar, sudning qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimini ijro etishni, shuningdek prokuror yoki prokuratura tergovchisi yurituvidagi ishlar yuzasidan jinoyatlarni ochish va jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash uchun zarur choralarni ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatmalar beradi;
surishtiruvda, dastlabki tergovda ishtirok etadi hamda zarur hollarda, ushbu Kodeksga muvofiq har qanday ish bo‘yicha ayrim tergov harakatlarini shaxsan bajaradi yoki tergovni to‘liq amalga oshiradi;
uy-joy daxlsizligi, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar hamda boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kuryerlik jo‘natmalari va telegraf xabarlari sir saqlanishi huquqlarini cheklovchi hamda abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar haqida axborot olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishga, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining hamda tergovchining boshqa harakatlariga ruxsat beradi;
dastlabki tergov va surishtiruv muddatlarini ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda uzaytiradi;
382-modda. Prokurorning vakolatlari (davomi)
ishlarni surishtiruv va dastlabki tergov organlariga qo‘shimcha tergov o‘tkazish to‘g‘risidagi o‘z ko‘rsatmalari bilan qaytaradi;
jinoyat ishini prokuraturaning bir tergovchisidan boshqasiga, ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda esa, bir dastlabki tergov va surishtiruv organidan boshqa dastlabki tergov va surishtiruv organiga o‘tkazadi;
surishtiruvchini yoki tergovchini, basharti ular ishning tergovi chog‘ida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsalar, surishtiruv yoxud dastlabki tergov ishlarini davom ettirishdan chetlatadi;
jinoyat ishlari qo‘zg‘atadi yoki ularni qo‘zg‘atishni rad etadi, ishlarni tugatadi yoxud yuritilishini to‘xtatadi; qonunda nazarda tutilgan hollarda tergovchi yoki surishtiruvchining ishni tugatishiga rozilik beradi; ayblov xulosasi, ayblov dalolatnomasi yoki qarorini tasdiqlaydi, ishlarni sudga yuboradi.
Prokurorning ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibga muvofiq surishtiruv va dastlabki tergov organlariga hamda tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga tergovga qadar tekshirish o‘tkazish, ishlarni qo‘zg‘atish va tergov qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘rsatmalari ana shu organlar uchun majburiydir.
383-modda. Ko‘p voqeali jinoyat ishlari bo‘yicha prokurorning vakolatlari
Prokuror yoki uning o‘rinbosari ko‘p voqeali jinoyat ishlari bo‘yicha ayblovning ayrim voqealari yuzasidan muayyan shaxsga nisbatan to‘plangan dalillarni ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tuzish uchun yetarli deb e’tirof etsa, shu voqealar bo‘yicha tergovni tamomlash va ishni sudga yuborish haqida yozma ko‘rsatma berishga haqli.
384-modda. Ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishi yuzasidan prokuror hal etishi lozim bo‘lgan masalalar
Prokuror yoki uning o‘rinbosari tergovchidan ayblov xulosasi yoki surishtiruvchidan ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini o‘rganib chiqishi va:
- 1) ayblanuvchi zimmasiga qo‘yilayotgan qilmish sodir etilgan yoki etilmaganligini va bu qilmishda jinoyat tarkibi bor-yo‘qligini;
- 2) qo‘yilgan ayb ishdagi mavjud dalillar bilan asoslantirilgan-asoslantirilmaganligini;
- 3) ayblanuvchining isbotlangan barcha jinoiy qilmishlari ayblov mazmuniga kiritilgan-kiritilmaganligini;
- 4) jinoyati fosh qilingan barcha shaxslar ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan-qilinmaganligini;
- 5) ayblovni yoki ishni tugatishga sabab bo‘ladigan holatlar bor-yo‘qligini;
- 6) ayblanuvchining qilmishlariga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tavsif berilganligini;
- 7) tergovga tegishlilik qoidalariga rioya qilinganligini;
- 8) ehtiyot chorasi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tanlanganligini;
- 9) fuqaroviy da’voni va boshqa mulkiy undirishlarni ta’minlash choralari ko‘rilgan-ko‘rilmaganligini;
- 10) jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar aniqlangan-aniqlanmaganligini hamda ularga barham berish choralari ko‘rilgan-ko‘rilmaganligini;
- 11) tergov sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganligini, barcha vajlar tekshirilganligini va himoyaning iltimosnomalari ko‘rib chiqilganligini;
- 12) ishni birlashtirishda yoki ajratishda ushbu Kodeksning 332-moddasi talablariga rioya etilgan-etilmaganligini;
384-modda. Ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishi yuzasidan prokuror hal etishi lozim bo‘lgan masalalar (davomi)
- 13) ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi ushbu Kodeksning 379, 380 va 381¹²-moddalarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq tuzilgan-tuzilmaganligini;
- 14) surishtiruvchi va tergovchi ushbu Kodeksning boshqa talablariga rioya qilgan-qilmaganligini tekshirishi shart.
385-modda. Ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishi yuzasidan prokurorning qarori
Prokuror yoki uning o‘rinbosari ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini ko‘pi bilan besh sutkada ko‘rib chiqishi va quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi shart:
- 1) ishni sudga yuborish uchun asoslar mavjud deb topib, ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlash;
- 2) o‘z qarori bilan ayblov mazmunidan ayrim bandlarni chiqarib tashlash, yengilroq jinoyatni nazarda tutuvchi qonunni qo‘llash va shu o‘zgartirishlar bilan ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlash;
- 3) qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun ishni o‘z ko‘rsatmalari bilan surishtiruvchi yoki tergovchiga qaytarish;
- 4) surishtiruv o‘tkazilgan jinoyat ishini tergovga tegishlilik qoidalari buzilganligi aniqlangan yoki ushbu Kodeksning 381⁵-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda dastlabki tergov organiga o‘tkazish;
- 5) ishni yuritishni to‘xtatish;
- 6) ishni tugatish;
- 7) amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritish.
Basharti ayblovni to‘ldirish yoki uni og‘irlashtirish tomoniga yoxud haqiqiy holatlarga ko‘ra avvalgi ayblovdan jiddiy farq qiladigan tomonga o‘zgartirish talab qilinsa, prokuror yoki uning o‘rinbosari qo‘shimcha yoki o‘zgartirilgan ayb e’lon qilish uchun ishni qo‘shimcha tergovga qaytaradi.
386-modda. Ehtiyot chorasi to‘g‘risida qaror
Ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishi bo‘yicha prokuror yoki uning o‘rinbosari ehtiyot chorasini o‘z qarori bilan bekor qilishga, o‘zgartirishga yoki ilgari ehtiyot chorasi tanlanmagan bo‘lsa, shunday chorani tatbiq etishga haqlidir. Bunda ushbu Kodeksning 28-bobidagi qoidalar qo‘llaniladi.
387-modda. Sud majlisiga chaqirilishi lozim bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatini o‘zgartirish
Jinoyat ishi sudga yuborilgunga qadar prokuror yoki uning o‘rinbosari sud majlisiga chaqiriladigan shaxslarning ro‘yxatini o‘z qarori bilan qisqartirish yoki to‘ldirishga haqlidir. Bunda ayblanuvchilar, muomala layoqatiga ega bo‘lgan jabrlanuvchilar, voyaga yetmagan ayblanuvchilarning qonuniy vakillari, shuningdek fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan shaxslar yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinganlar va ularning vakillari ro‘yxatdan tushirib qoldirilishi mumkin emas. Dastlabki tergovda yoki surishtiruvda guvoh sifatida so‘roq qilinmagan va ekspert sifatida xulosa bermagan shaxslar ro‘yxatga qo‘shimcha qilib kiritilishi mumkin emas.
388-modda. Jinoyat ishini sudga yuborish
Prokuror yoki uning o‘rinbosari ayblov xulosasini yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlab, jinoyat ishini tegishli sudga yuboradi. Shu sudga ish bilan birga sud majlisida tekshirish va hal etish uchun barcha iltimoslar va shikoyatlar yuboriladi.
Prokuror yoki uning o‘rinbosari ishning sudga yuborilganligi haqida ayblanuvchiga va himoyachiga, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillariga darhol xabar qiladi va, agar iltimoslari bo‘lsa, ularni sudga yuborishga yoki sud majlisida bayon qilishga haqli ekanliklari to‘g‘risida ma’lum qiladi. Ayni vaqtda prokuror yoki uning o‘rinbosari ayblanuvchiga va himoyachiga ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi va unga qilingan ilovalarning tasdiqlangan nusxalarini yuboradi, sud majlisiga chaqirilishi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxati bundan mustasno, basharti ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi yoxud ilovaga o‘zgartishlar kiritilgan bo‘lsa, ularni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorning nusxasi ham yuboriladi.
Agar ayblanuvchi qamoqda saqlanayotgan bo‘lsa, ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar prokurorning topshirig‘iga ko‘ra unga qamoqda saqlash joyining ma’muriyati tomonidan ular kelib tushgan kuni tilxat olib topshiriladi, tilxat hujjatlar topshirilgan sana va vaqt ko‘rsatilgan holda sudga taqdim etiladi.
O‘NINCHI BO‘LIM
BIRINCHI INSTANSIYA SUDIDA ISH YURITISH
Bilimingizni sinang
Prokuror ariza va ma’lumotlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va hal etish haqidagi qonun talablarining ijrosini kamida qanchalik tez-tez tekshirib turadi?
- har hafta kamida bir marta
- har chorakda kamida bir marta
- har yili kamida bir marta
- har oy kamida bir marta
To‘g‘ri javob: har oy kamida bir marta. Prokuror bu qonun talablari ijrosini har oy kamida bir marta tekshiradi.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 382-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Jinoyat ishi tamomlanganidan keyin undagi materiallar bilan tanishib chiqish huquqini ta’minlash
- Ayblov dalolatnomasi
- Prokurorning vakolatlari
- Jinoyat ishini tugatish
To‘g‘ri javob: Prokurorning vakolatlari. 382-modda: Prokurorning vakolatlari.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Prokurorning vakolatlari» qaysi moddada belgilangan?
- 381¹³-modda
- 382-modda
- 381¹¹-modda
- 381¹²-modda
To‘g‘ri javob: 382-modda. 382-modda: Prokurorning vakolatlari.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini yuritishda qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni kim amalga oshiradi?
- Prokuror
- Sud
- Adliya organlari
- Ichki ishlar vazirligi
To‘g‘ri javob: Prokuror. 382-moddaga ko‘ra bunday nazorat prokuror tomonidan amalga oshiriladi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, prokuror sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlar haqidagi ariza va ma’lumotlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va hal etish to‘g‘risidagi qonun talablari ijrosini qanchalik tez-tez tekshiradi?
- Har yili bir marta
- Har oy kamida bir marta
- Har chorakda bir marta
- Faqat shikoyat tushganda
To‘g‘ri javob: Har oy kamida bir marta. 382-moddaga ko‘ra prokuror bu talablarning ijrosini har oy kamida bir marta tekshiradi.
Tergovchi Rustamov ayblanuvchini asossiz ravishda jinoyat tarkibisiz deb topib, qonunga xilof qaror chiqardi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra prokuror bu qaror bo‘yicha nima qilishi mumkin?
- Qarorni faqat e’tiroz bildirib, uni qayta ko‘rib chiqish uchun sudga yuboradi, bekor qila olmaydi
- Uni bekor qila olmaydi, tergovchining qarorlari bo‘yicha faqat yozma tavsiyalar beradi
- Surishtiruvchi va tergovchilarning qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qiladi
- Tergovchilarning qarorlarini avtomatik tarzda tugatadi, ishni esa o‘zi sudga yuboradi
To‘g‘ri javob: Surishtiruvchi va tergovchilarning qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qiladi. 382-moddaga ko‘ra prokuror surishtiruvchi va tergovchilarning qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ayblanuvchining qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish zarur bo‘lganda prokuror nima qiladi?
- Muddatni sud ruxsatisiz o‘zi mustaqil ravishda uzaytiradi
- Tergovchiga muddatni uzaytirish haqida yozma buyruq beradi
- Ichki ishlar organi boshlig‘idan uzaytirishga ruxsat oladi
- Sudga muddatni uzaytirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritadi
To‘g‘ri javob: Sudga muddatni uzaytirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritadi. 382-moddaga ko‘ra prokuror qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvlarini eshitib turish va mol-mulkni xatlash zarur bo‘lsa, prokuror qanday yo‘l tutadi?
- Sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi
- O‘zi qaror chiqarib, uni darhol ijro ettiradi va sudga xabar beradi
- Faqat tezkor-qidiruv organining yozma ruxsatini olib, ish yuritadi
- Faqat ayblanuvchi va himoyachining yozma roziligini oladi
To‘g‘ri javob: Sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi. 382-moddaga ko‘ra bunday harakatlar uchun prokuror sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash