XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Jinoyat-protsessual kodeksi · 556–564-m.

Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish (2/2)

To‘Qqizinchi Bo‘Lim

556-modda. Voyaga yetmagan shaxsni qarovga topshirish tartibi

Voyaga yetmagan shaxsni ota-onasi, vasiylar, homiylar yoki bolalar muassasasi rahbarlarining qaroviga topshirish mazkur shaxslardan birontasi voyaga yetmaganning surishtiruvchi, tergovchi, prokuror huzuriga va sudga o‘z vaqtida kelishini, shuningdek ayblanuvchining ushbu Kodeks 46-moddasida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishini ta’minlash mas’uliyatini yozma ravishda o‘z zimmasiga olishidan iboratdir.

Voyaga yetmaganni ota-onasining, vasiylarning, homiylarning yoki boshqa shaxslarning qaroviga topshirish ularning, shuningdek voyaga yetmagan shaxsning o‘zining roziligi bilangina amalga oshiriladi.

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud voyaga yetmagan shaxsni qarovga topshirishdan oldin ota-onalar, vasiylar yoki homiylarning shaxsi, ularning voyaga yetmagan shaxs bilan o‘zaro munosabati haqida ma’lumot to‘plashi va ular o‘smirni qarov ostiga olishni lozim darajada amalga oshirishga qodir ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak.

Ota-onalar, vasiylar, homiylar o‘zlarining kasalliklari, ish bilan band ekanliklari, voyaga yetmagan shaxs bilan o‘zaro munosabatlari yomonlashganligi va shuning oqibatida uning munosib xulq-atvorda bo‘lishini ta’minlay olmasliklari sababli voyaga yetmagan shaxs o‘z qarovlarida bo‘lishidan istagan vaqtda voz kechishga haqlidir.

Ota-onalardan, vasiylardan, homiylardan bolalar muassasasi rahbarlaridan voyaga yetmagan shaxsni qarovga qabul qilish haqida tilxat olinayotganda ular ushbu ehtiyot chorasi qo‘llanishiga asos bo‘lgan ayblovning mohiyati, ayblanuvchiga tayinlanishi mumkin bo‘lgan jazo va voyaga yetmagan shaxs sodir etishi ehtimol tutilgan qilmishlarning oldini olish maqsadida qarovga berilganidan keyin u xuddi ana shu xatti-harakatlarni sodir etsa, qarovga oluvchilarning javobgarligi haqida xabardor qilinishi lozim. Bu ma’lumotlar qarovga berish bayonnomasida yoki sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.

556-modda. Voyaga yetmagan shaxsni qarovga topshirish tartibi (davomi)

Ayblanuvchi o‘z vazifasini bajarmagan taqdirda uni o‘z qaramog‘iga olgan shaxs qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishi mumkin.

557-modda. Voyaga yetmagan shaxsni bolalar muassasasiga joylashtirish

Ehtiyot choralarini qo‘llash uchun asoslar bo‘lgan taqdirda, voyaga yetmagan ayblanuvchini, sudlanuvchini turmush va tarbiyalanish sharoitiga ko‘ra ilgarigi yashash joyida qoldirib bo‘lmasa, u surishtiruvchining, tergovchining prokuror sanksiya bergan qaroriga yoki sudning ajrimiga binoan bolalar muassasasiga joylashtirilishi mumkin.

558-modda. Voyaga yetmagan ayblanuvchini qamoqqa olish yoki uy qamog‘iga joylashtirish

Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish yoki uy qamog‘i voyaga yetmagan shaxsga nisbatan faqat ushbu Kodeksning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘lganda va unga besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tayinlanishi mumkin bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb e’lon qilingan hamda ayblanuvchining munosib xulq-atvorda bo‘lishini boshqa ehtiyot choralari ta’minlay olmaydigan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.

Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi masalani ko‘rib chiqishda prokuror ish materiallari bilan shaxsan tanishib chiqishi, iltimosnomaning asosliligini tekshirishi, hodisaning favquloddaligiga ishonch hosil qilishi va ayblanuvchini ushbu ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha so‘roq qilishi shart.

Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo‘llanilgan voyaga yetmagan shaxslar katta yoshdagilardan, shuningdek voyaga yetmagan mahkumlardan alohida saqlanishi lozim.

559-modda. Surishtiruvni, dastlabki tergovni tamomlash va voyaga yetmagan shaxsni ish materiallari bilan tanishtirish

Voyaga yetmagan ayblanuvchiga surishtiruv, dastlabki tergov tamomlanganligi e’lon qilinib, unga ish materiallari ko‘rsatilayotganda uning qonuniy vakili ishtirok etadi. Surishtiruvchi, tergovchi qonuniy vakilga ayblanuvchini ish materiallari bilan tanishtirish vaqti va joyi to‘g‘risida xabar berishi kerak.

Surishtiruvchi, tergovchi voyaga yetmagan ayblanuvchiga uning shaxsi shakllanishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ish materiallarini tanishish uchun ko‘rsatmaslik to‘g‘risida qaror chiqarishga haqlidir.

560-modda. Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishni yopiq sud majlisida ko‘rish

Ushbu Kodeks 19-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda voyaga yetmaganlarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ish yopiq sud majlisida ko‘riladi.

561-modda. Voyaga yetmagan sudlanuvchini sud majlisi zalidan chiqarib turish

Voyaga yetmagan sudlanuvchining himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek prokurorning fikrini eshitib, voyaga yetmagan shaxsga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan holatlar tekshirilayotganda sud o‘z ajrimi bilan uni sud zalidan chiqarib turishga haqli.

Voyaga yetmagan shaxs sud zaliga qaytarilganidan so‘ng raislik qiluvchi unga yo‘qligida bo‘lib o‘tgan muhokama mazmunini yetarli hajmda va shaklda ma’lum qiladi va uning yo‘qligida so‘roq qilingan shaxslarga savol berishi uchun voyaga yetmaganga imkoniyat yaratib beradi.

562-modda. Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyaga ishning ko‘rilishi haqida xabar berish

Sud, zarurat bo‘lganda, voyaga yetmagan shaxsning jinoyati to‘g‘risidagi ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida bolalar masalalari bo‘yicha komissiyaga xabar beradi. Sud, shuningdek bu komissiya vakillarini guvoh sifatida so‘roq qilish uchun sud majlisiga chaqirishga haqlidir.

563-modda. Voyaga yetmagan sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqarishda sud tomonidan hal etiladigan masalalar

Voyaga yetmagan sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqarishda sud, ushbu Kodeksning 457-moddasida ko‘rsatilgan masalalardan tashqari, basharti voyaga yetmagan shaxs shartli hukm qilinsa, unga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlansa, voyaga yetmagan shaxsga jamoat tarbiyachisi tayinlash zarurligini muhokama qilishga majbur.

564-modda. Voyaga yetmagan shaxsni javobgarlikdan yoki jazodan majburlov choralarini qo‘llagan holda ozod qilish

Voyaga yetmagan shaxsni Jinoyat kodeksi 87-moddasining birinchi qismiga muvofiq javobgarlikdan ozod qilib, materiallarni bolalar masalalari bo‘yicha komissiyada ko‘rishga topshirish chog‘ida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.

Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan ishni ko‘rishda Jinoyat kodeksi 87-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda sud voyaga yetmagan shaxsni jazodan ozod qilish va unga nisbatan majburlov chorasini qo‘llanish to‘g‘risidagi masalani muhokama etishi shart. Sud majburlov chorasini qo‘llanish yoki qo‘llanmaslik to‘g‘risida asoslantirilgan ajrim chiqaradi.

Majburlov chorasini qo‘llanish yoki qo‘llanmaslik to‘g‘risidagi ajrim ustidan umumiy tartibda shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin.

Bilimingizni sinang

Voyaga yetmaganni ota-onasi, vasiylari yoki homiylarining qaroviga topshirish kimning roziligi bilan amalga oshiriladi?
  1. Faqat prokurorning roziligi bilan
  2. Ularning, shuningdek voyaga yetmagan shaxsning o‘zining roziligi bilan
  3. Faqat bolalar masalalari bo‘yicha komissiyaning roziligi bilan
  4. Faqat sudyaning roziligi bilan, ota-onaning roziligisiz

To‘g‘ri javob: Ularning, shuningdek voyaga yetmagan shaxsning o‘zining roziligi bilan. 556-moddaga ko‘ra, qarovga topshirish qarovga oluvchilarning va voyaga yetmaganning o‘zining roziligi bilangina amalga oshiriladi.

Ota-onalar, vasiylar yoki homiylar voyaga yetmagan shaxsning o‘z qarovlarida bo‘lishidan qachon voz kechishga haqli?
  1. Faqat sud majlisi tugagandan keyin, sud majlisi davomida ota-onalar voz kechishga haqli emas
  2. Faqat prokurorning ruxsati bilan, kasalligi yoki bandligi sababli bo‘lgan taqdirda
  3. Faqat bir yil o‘tgach, jumladan munosabatlar yomonlashgan taqdirda ham voz kechishga haqli emas
  4. Istagan vaqtda, jumladan kasalligi, bandligi yoki munosabatlar yomonlashgani sababli

To‘g‘ri javob: Istagan vaqtda, jumladan kasalligi, bandligi yoki munosabatlar yomonlashgani sababli. 556-moddaga ko‘ra, qarovga oluvchilar qarovdan istagan vaqtda voz kechishga haqli.

Voyaga yetmagan shaxsni qarovga qabul qilish haqida tilxat olinayotganda qarovga oluvchilar nimalar to‘g‘risida xabardor qilinishi lozim?
  1. Ayblov mohiyati, mumkin bo‘lgan jazo va qilmish takrorlansa qarovga oluvchilarning javobgarligi to‘g‘risida
  2. Voyaga yetmaganning ota-onasining daromadi, mulkiy ahvoli va qarovga olinishining moliyaviy shartlari to‘g‘risida
  3. Faqat sud majlisi o‘tkaziladigan joy va vaqti, qarovga oluvchilarning javobgarligi esa tushuntirilmaydi
  4. Faqat voyaga yetmaganning sog‘lig‘i va o‘qish joyi to‘g‘risida, qarovga oluvchilarning javobgarligi haqida emas

To‘g‘ri javob: Ayblov mohiyati, mumkin bo‘lgan jazo va qilmish takrorlansa qarovga oluvchilarning javobgarligi to‘g‘risida. 556-moddaga ko‘ra, tilxat olinayotganda ayblovning mohiyati, mumkin bo‘lgan jazo va qarovga oluvchilarning javobgarligi tushuntiriladi.

16 yoshli Sanjar ota-onasining qaroviga topshirilgan, ammo u surishtiruvchi chaqirgan kunda kelmay, qarovga olgan shaxs buni ta’minlamadi. Qarovga olgan shaxsga nisbatan qanday xulosa to‘g‘ri?
  1. U hech qanday javobgarlikka tortilmaydi
  2. U avtomatik ravishda qamoqqa olinadi
  3. U qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishi mumkin
  4. Faqat voyaga yetmagan javobgar bo‘ladi, qarovga olgan shaxs emas

To‘g‘ri javob: U qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishi mumkin. 556-modda: ayblanuvchi vazifasini bajarmasa, uni qaramog‘iga olgan shaxs qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishi mumkin.

Jinoyat-protsessual kodeksi — 557-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Voyaga yetmagan shaxsni bolalar muassasasiga joylashtirish
  2. Voyaga yetmagan gumon qilinuvchi va ayblanuvchini so‘roq qilish
  3. Surishtiruvni, dastlabki tergovni tamomlash va voyaga yetmagan shaxsni ish materiallari bilan tanishtirish
  4. Voyaga yetmagan shaxsni qarovga topshirish tartibi

To‘g‘ri javob: Voyaga yetmagan shaxsni bolalar muassasasiga joylashtirish. 557-modda: Voyaga yetmagan shaxsni bolalar muassasasiga joylashtirish.

Jinoyat-protsessual kodeksi: «Voyaga yetmagan shaxsni bolalar muassasasiga joylashtirish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 553-modda
  2. 556-modda
  3. 557-modda
  4. 559-modda

To‘g‘ri javob: 557-modda. 557-modda: Voyaga yetmagan shaxsni bolalar muassasasiga joylashtirish.

Voyaga yetmagan ayblanuvchini bolalar muassasasiga joylashtirish qaysi hujjat bilan amalga oshiriladi va qachon mumkin?
  1. Prokuror sanksiya bermagan tergovchi qarori bilan, uni ilgarigi yashash joyida qoldirish mumkin bo‘lsa ham
  2. Faqat ota-onasining arizasi bilan, uni ilgarigi yashash joyida qoldirib bo‘lmasa ham sud ajrimisiz
  3. Prokuror sanksiya bergan qaror yoki sud ajrimi bilan, agar uni ilgarigi yashash joyida qoldirib bo‘lmasa
  4. Faqat bolalar masalalari bo‘yicha komissiya qarori bilan, agar uni ilgarigi yashash joyida qoldirib bo‘lmasa

To‘g‘ri javob: Prokuror sanksiya bergan qaror yoki sud ajrimi bilan, agar uni ilgarigi yashash joyida qoldirib bo‘lmasa. 557-moddaga ko‘ra, ilgarigi yashash joyida qoldirib bo‘lmasa, prokuror sanksiya bergan qaror yoki sud ajrimiga binoan joylashtiriladi.

Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i qo‘llanishi uchun jinoyat uchun qanday muddatdan ortiq ozodlikdan mahrum qilish tayinlanishi mumkin bo‘lishi kerak?
  1. uch yildan
  2. o‘n yildan
  3. yetti yildan
  4. besh yildan

To‘g‘ri javob: besh yildan. Voyaga yetmaganga qamoq yoki uy qamog‘i faqat besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish mumkin bo‘lgan qasddan jinoyat uchun qo‘llanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiVoyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish (1/2)Keyingi →Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarni yuritish (1/2)