O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi (1/2)
Beshinchi Bo‘Lim. Davlat Hokimiyatining Tashkil Etilishi
91-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati — besh yil.
92-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi bo‘lib, Senat a’zolaridan (senatorlardan) iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi bo‘lishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar qonun bilan belgilanadi.
Ayni bir shaxs bir paytning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
92-modda. (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas.
93-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
- 1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
- 2) O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
- 3) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish;
- 4) O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
- 5) O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
- 6) O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash;
- 7) O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
- 8) bojxona, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish;
- 9) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
- 10) O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash;
- 11) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish;
- 12) O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish;
93-modda. (davomi)
- 13) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish;
- 14) davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish;
- 15) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
- 16) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini va uning o‘rinbosarini saylash;
- 17) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash;
- 18) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
- 19) O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitish;
- 20) parlament tekshiruvini o‘tkazish;
- 21) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatida ko‘rib chiqiladi.
94-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat:
- 1) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
- 2) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
- 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
- 4) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan, shuningdek Vazirlar Mahkamasi a’zolarining o‘z faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish;
- 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash;
- 6) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha har yilgi ma’ruzasini eshitish;
- 7) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish;
- 8) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash;
- 9) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish;
94-modda. (davomi)
- 10) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
- 11) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;
- 12) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin.
95-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat:
- 1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini, Oliy sudini, Sudyalar oliy kengashini, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarini va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash;
- 2) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish hamda ma’qullash;
- 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish;
- 4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish;
- 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish;
- 6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
- 7) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish;
95-modda. (davomi)
- 8) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish;
- 9) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitish;
- 10) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish;
- 11) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish;
- 12) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlarini, ular qonunchilik normalariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, bekor qilish;
- 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash;
- 14) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish;
- 15) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
- 16) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;
- 17) Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, bundan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlar mustasno;
95-modda. (davomi)
- 18) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin.
96-modda.
Vakolat muddati tugagach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tegishincha yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati ish boshlaguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari tegishincha Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida o‘tkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining yarmidan ko‘pi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining a’zolari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh prokuror, Markaziy bank boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin.
96-modda. (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati alohida-alohida majlis o‘tkazadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlislari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq so‘zlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq so‘zlaganda o‘tkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qo‘shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin.
97-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qarorlari Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senat a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Bilimingizni sinang
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining vakolat muddati qancha?
- besh yil
- olti yil
- to‘rt yil
- yetti yil
To‘g‘ri javob: besh yil. Oliy Majlis palatalarining vakolat muddati besh yil.
Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi qanday organ va qaysi hokimiyatni amalga oshiradi?
- Oliy davlat vakillik organi, qonun chiqaruvchi hokimiyatni
- Oliy ijro etuvchi organ, ijro etuvchi hokimiyatni
- Oliy nazorat organi, sud hokimiyatini amalga oshiradi
- Oliy maslahat organi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini
To‘g‘ri javob: Oliy davlat vakillik organi, qonun chiqaruvchi hokimiyatni. 91-moddaga ko‘ra, Oliy Majlis oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy Majlis qaysi palatalardan iborat?
- Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senat (yuqori palata)
- Qonunchilik palatasi (yuqori palata) va Senat (quyi palata)
- Davlat Kengashi va Senat
- Qonunchilik palatasi va Xalq Kengashi
To‘g‘ri javob: Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senat (yuqori palata). 91-moddaga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining vakolat muddati qancha?
- Uch yil
- Besh yil
- To‘rt yil
- Yetti yil
To‘g‘ri javob: Besh yil. 91-moddada Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati besh yil ekani belgilangan.
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan nechta deputatdan iborat?
- bir yuz ellik deputatdan
- ikki yuz deputatdan
- bir yuz deputatdan
- bir yuz yigirma besh deputatdan
To‘g‘ri javob: bir yuz ellik deputatdan. Qonunchilik palatasi bir yuz ellik deputatdan iborat.
Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi nechta deputatdan iborat?
- Bir yuz yigirma
- Bir yuz ellik
- Ikki yuz
- Bir yuz
To‘g‘ri javob: Bir yuz ellik. 92-moddaga ko‘ra, Qonunchilik palatasi bir yuz ellik deputatdan iborat.
Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy Majlisning Senati qanday palata hisoblanadi?
- Kasbiy vakillik palatasi
- Hududiy vakillik palatasi
- Siyosiy partiyalar palatasi
- Ijro etuvchi hokimiyat palatasi
To‘g‘ri javob: Hududiy vakillik palatasi. 92-moddada Senat hududiy vakillik palatasi bo‘lib, senatorlardan iborat ekani aytilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Senatga teng miqdorda nechtadan a’zo saylanadi?
- Ikki kishidan
- Uch kishidan
- To‘rt kishidan
- Besh kishidan
To‘g‘ri javob: To‘rt kishidan. 92-moddaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash