O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi (2/2)
Beshinchi Bo‘Lim. Davlat Hokimiyatining Tashkil Etilishi
98-modda.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ega. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Bosh prokurori ham o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir.
Qonunchilik tashabbusi huquqi qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.
Qonun loyihalarini, qonunchilik takliflarini kiritish va ko‘rib chiqish tartibi qonun bilan belgilanadi.
99-modda.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy manbalarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.
Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
99-modda. (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘n to‘rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak.
Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.
100-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘z tarkibidan Qonunchilik palatasining Spikeri va uning o‘rinbosarlarini saylaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri:
- 1) Qonunchilik palatasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
- 2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
- 3) Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
- 4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
- 5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog‘liq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
100-modda. (davomi)
- 6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish ko‘radi;
- 7) Qonunchilik palatasi qarorlarini imzolaydi;
- 8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri farmoyishlar chiqaradi.
101-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘z tarkibidan Senat Raisi va uning o‘rinbosarlarini saylaydi. Senat Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozi bilan qabul qilingan Senat qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi:
- 1) Senat majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
- 2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
- 3) Senat qo‘mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
- 4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
- 5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog‘liq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
101-modda. (davomi)
- 6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda Senat nomidan ish ko‘radi;
- 7) Senat qarorlarini imzolaydi;
- 8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi farmoyishlar chiqaradi.
102-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun o‘z vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan qo‘mitalarni saylaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun o‘z vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan qo‘mitalarni saylaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, zarurat bo‘lgan taqdirda, muayyan vazifalarni bajarish uchun deputatlar, senatorlar orasidan komissiyalar tuzadi.
103-modda.
Mamlakatning xavfsizligi, barqaror rivojlanishi asoslariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, inson huquqlari va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar va voqealarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan parlament tekshiruvi o‘tkazilishi mumkin.
Parlament tekshiruvini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari orasidan tenglik asosida maxsus komissiya tuzilib, u o‘z faoliyatini qonunga muvofiq amalga oshiradi.
104-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlariga va Senati a’zolariga ularning deputatlik yoki senatorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat a’zolari o‘z vakolatlari davrida ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. Ular tegishincha Qonunchilik palatasi yoki Senatning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas.
Bilimingizni sinang
Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan saylov huquqiga ega fuqarolar kamida necha nafar bo‘lishi kerak?
- yuz ming nafardan
- ellik ming nafardan
- o‘n ming nafardan
- ikki yuz ming nafardan
To‘g‘ri javob: yuz ming nafardan. Saylov huquqiga ega kamida yuz ming nafar fuqaro qonunchilik takliflarini kiritishga haqli.
Konstitutsiyaga ko‘ra, quyidagi organlardan qaysi biri qonunchilik tashabbusi huquqiga ega?
- Markaziy bank
- Viloyat hokimligi
- Hisob palatasi
- Vazirlar Mahkamasi
To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasi. 98-moddaga ko‘ra, qonunchilik tashabbusi huquqiga Prezident, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qonunchilik palatasi deputatlari va Vazirlar Mahkamasi ega.
Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror qonunchilik tashabbusi huquqidan qanday doirada foydalanadi?
- Faqat byudjet va soliqqa oid masalalar bo‘yicha cheklovsiz
- Istalgan masala bo‘yicha, vakolatlariga bog‘liq bo‘lmagan holda
- O‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha
- Faqat Prezident topshirig‘i berilgan masalalar bo‘yicha
To‘g‘ri javob: O‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha. 98-moddaga ko‘ra, ular o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir.
Qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan Oliy Majlisning qaysi palatasiga kiritiladi?
- Qonunchilik palatasiga
- Senatga
- Ikkala palataga bir vaqtda
- Vazirlar Mahkamasiga
To‘g‘ri javob: Qonunchilik palatasiga. 98-moddaga ko‘ra, qonun loyihasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Saylov huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi uchun ular kamida qancha bo‘lishi kerak?
- O‘n ming nafar
- Yuz ming nafar
- Ellik ming nafar
- Bir million nafar
To‘g‘ri javob: Yuz ming nafar. 98-moddaga ko‘ra, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan saylov huquqiga ega fuqarolar qonunchilik takliflarini kiritishga haqli.
Tashabbus guruhi saylov huquqiga ega 80 ming nafar fuqaroning imzosini to‘plab, qonunchilik taklifini Qonunchilik palatasiga kiritmoqchi. Konstitutsiyaga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Taklifni kiritish mumkin, chunki saylov huquqiga ega ellik ming nafar imzo yetarli
- Taklifni kiritish mumkin, agar hokim va Prezident Administratsiyasi rozilik bersa
- Fuqarolarning qonunchilik tashabbusi huquqi yo‘q, taklifni faqat deputatlar kirita oladi
- Taklifni kiritib bo‘lmaydi, chunki fuqarolar soni yuz ming nafardan kam bo‘lmasligi kerak
To‘g‘ri javob: Taklifni kiritib bo‘lmaydi, chunki fuqarolar soni yuz ming nafardan kam bo‘lmasligi kerak. 98-moddaga ko‘ra, fuqarolar soni yuz ming nafardan kam bo‘lmasligi kerak.
Quyidagi organlardan qaysi biri qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli?
- Viloyat hokimi
- Davlat xavfsizlik xizmati
- Markaziy bank
- Markaziy saylov komissiyasi
To‘g‘ri javob: Markaziy saylov komissiyasi. 98-moddaga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi, Senat va ombudsman qonunchilik takliflarini kiritishga haqli.
Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran qancha muddatdan kechiktirmay Senatga yuboriladi?
- o‘ttiz kundan
- besh kundan
- o‘n besh kundan
- o‘n kundan
To‘g‘ri javob: o‘n kundan. Qonun qabul qilingan kundan boshlab o‘n kundan kechiktirmay Senatga yuboriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash