XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Ma’muriy javobgarlik kodeksi · 126–128⁷-m.

Transportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (3/7)

Maxsus Qism

126-modda. Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish

Texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish, bundan oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

127-modda. Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish

Tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish —

ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

128-modda. Haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi

Haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, velosiped yo‘lkalaridan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, ularga tutash hududlarda barpo etilgan yashil maydonlardan (bundan maxsus avtotransport vositalari mustasno) yurgizishi, yo‘l belgilari yoki yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmasligi (bundan ushbu Kodeksning 128³-moddasida, 128⁴-moddasining birinchi qismida, 128⁵, 128⁶, 128⁷ va 130-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno), yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanishi (bundan ruxsat etilgan hollar mustasno), yo‘nalishli transport vositalari to‘xtaydigan bekatlardan yoki piyodalar o‘tish joylaridan yurish, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi, xuddi shuningdek yo‘lovchilarga yoki piyodalarga loyqa sachratishi

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

128¹-modda. Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi

Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi (bundan telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarni ishlatmasdan turib so‘zlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish mustasno), —

ma’muriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

128²-modda. Transport vositasini boshqarish vaqtida tele-, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida monitordan (displeydan) foydalanish

Transport vositasini boshqarish vaqtida tele-, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida transport vositasi salonining old qismiga o‘rnatilgan monitordan (displeydan) foydalanish, —

ma’muriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

128³-modda. Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi

Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq, lekin 60 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining to‘qqiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi — to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar va transport vositalari spidometri ko‘rsatkichlaridagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami xatolar hisobga olinib, ularda qayd etilgan tezlikdan soatiga 5 kilometr chegirib tashlangan holda, ma’muriy jazo chorasi qo‘llaniladi.

128⁴-modda. Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib kirishi va o‘tishi

Svetoforning taqiqlovchi signalida yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida yo‘lning qatnov qismidagi yo‘l chiziqlari yoki yo‘l belgilari bilan belgilangan to‘xtash chizig‘ini bosib kirish, —

bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

128⁵-modda. Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi

Tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun transport vositalari haydovchilari tomonidan xalaqit berish, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

128⁶-modda. Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi

Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi, —

ma’muriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

128⁷-modda. Yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan transport vositalarining harakatlanishi

Yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan transport vositalarining harakatlanishi (bundan ruxsat etilgan hollar mustasno), —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Texnik reglamentga mos kelmaydigan qoraytirilgan oynali transport vositasidan foydalanganlik uchun jarima bazaviy hisoblash miqdorining necha baravari?
  1. o‘n besh baravari
  2. yigirma besh baravari
  3. o‘ttiz baravari
  4. yigirma baravari

To‘g‘ri javob: yigirma besh baravari. Oynalari ruxsatnomasiz qoraytirilgan transport vositasidan foydalanish yigirma besh baravari jarimaga sabab bo‘ladi.

Qoraytirilgan oynali transport vositasidan foydalanish huquqbuzarligi takror sodir etilganda qirq baravar jarima solinishi uchun ma’muriy jazodan keyin qancha muddat o‘tmagan bo‘lishi kerak?
  1. olti oy
  2. uch oy
  3. bir yil
  4. ikki yil

To‘g‘ri javob: bir yil. Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima qirq baravarga teng bo‘ladi.

Haydovchi Sardor avtomobilining oynalarini qoraytirish uchun tegishli ruxsatnoma olgan va shu ruxsatnoma asosida oynalarini qoraytirgan. Tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositasidan foydalanganlik uchun u javobgarlikka tortiladimi?
  1. Yo‘q, oynalar tusini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma berilgan transport vositalari bu javobgarlikdan mustasno
  2. Ha, BHMning qirq baravari miqdorida jarima solinadi, chunki ruxsatnoma oynalarni qoraytirishga huquq bermaydi
  3. Ha, BHMning yigirma besh baravari miqdorida jarima solinadi, chunki ruxsatnoma ushbu javobgarlikdan ozod qilmaydi
  4. Ha, lekin faqat ma’muriy ogohlantirish beriladi, chunki ruxsatnoma javobgarlikdan to‘liq ozod qilmaydi

To‘g‘ri javob: Yo‘q, oynalar tusini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma berilgan transport vositalari bu javobgarlikdan mustasno. 126-moddada oynalar tusini o‘zgartirish uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno qilingan.

Texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon yoki qoraytirilgan oynali transport vositasidan foydalanish ma’muriy jazodan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, qanday jarima solinadi?
  1. BHMning yigirma besh baravari
  2. BHMning o‘n baravari
  3. BHMning qirq baravari
  4. BHMning ellik baravari

To‘g‘ri javob: BHMning qirq baravari. 126-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra takror holda BHMning qirq baravari miqdorida jarima solinadi; birinchi holda 25 baravari.

Tovush signalini sababsiz berganlik yoki ishlab chiqaruvchi nazarda tutmagan tovush va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatganlik uchun jarima bazaviy hisoblash miqdorining necha baravari?
  1. uch baravari
  2. besh baravari
  3. bir baravari
  4. ikki baravari

To‘g‘ri javob: uch baravari. Tovush signalini sababsiz berish uch baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.

Ruxsatsiz maxsus tovush va yorituvchi qurilmalar o‘rnatgan fuqarolarga qurilmalar musodara qilinib solinadigan jarima bazaviy hisoblash miqdorining qaysi baravaridan boshlanadi?
  1. bir baravaridan
  2. besh baravaridan
  3. ikki baravaridan
  4. uch baravaridan

To‘g‘ri javob: bir baravaridan. Fuqarolarga jarima bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga uch baravaridan besh baravarigacha.

Tovush signalini sababsiz bergan haydovchiga Ma’muriy javobgarlik kodeksiga ko‘ra qanday jarima solinadi?
  1. BHMning bir baravari
  2. BHMning besh baravari
  3. BHMning uch baravari
  4. BHMning ikkidan bir qismi

To‘g‘ri javob: BHMning uch baravari. 127-moddaning birinchi qismiga ko‘ra tovush signalini sababsiz berish uchun BHMning uch baravari miqdorida jarima solinadi.

Tegishli ruxsat olmay transport vositasiga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatgan fuqaroga qanday javobgarlik qo‘llanadi?
  1. Qurilmalar musodara qilinmaydi, BHMning bir baravari jarima solinadi
  2. Qurilmalar musodara qilinadi va BHMning uch baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi
  3. Faqat BHMning uch baravari miqdorida jarima solinadi
  4. Qurilmalar musodara qilinadi va BHMning bir baravaridan uch baravarigacha jarima solinadi

To‘g‘ri javob: Qurilmalar musodara qilinadi va BHMning bir baravaridan uch baravarigacha jarima solinadi. 127-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra qurilmalar musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 3 dan 5 baravarigacha jarima solinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTransportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (2/7)Keyingi →Transportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (4/7)