XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Ma’muriy javobgarlik kodeksi · 119–125⁴-m.

Transportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (2/7)

Maxsus Qism

119-modda. Kemalarni yoki kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek bunday kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzish

Kemalarni yoki kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini buzish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yong‘inga qarshi va avariya qutqaruv vositalari bilan ta’minlanmagan yoki qonunchilik talablariga zid ravishda qayta jihozlangan kemalardan yoxud kichik hajmli kemalardan foydalanish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, mansabdor shaxslarga esa — uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kemani yoki motorli kichik hajmli kemani kemalarni boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomondan boshqarish, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kemalardan yoki kichik hajmli kemalardan, shuningdek kemalar yoki kichik hajmli kemalar turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalarini buzish, texnik nosozligi bo‘lgan, foydalanilishi taqiqlangan kemani yoki kichik hajmli kemani boshqarish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, mansabdor shaxslarga esa — uch baravari miqdorida jarima solishga yoxud kema haydovchilarini kemani yoki kichik hajmli kemani boshqarish huquqidan bir yilu olti oy muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

120-modda. Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzish

Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzish —

bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

121-modda. Transport vositalarining ichki jihozlariga shikast yetkazish

Lokomotivlar, vagonlar, daryo va havo kemalari, xuddi shuningdek hamma turdagi maxsus transportlarning oynalari va ichki jihozlariga shikast yetkazish —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Avtobuslarning, taksilarning, marshrut taksilarining, shahar elektr transportining va metropoliten vagonlarining oynalari va ichki jihozlariga shikast yetkazish —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

123-modda. Transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish

Poyezdlarning vagonlari, avtotransport vositalari, shahar yo‘lovchilar transportidan va suv transportidan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

124-modda. Transportda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish

Transportda belgilangan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

125-modda. Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish

Haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek mototsikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi, —

ma’muriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Haydovchilarning belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan yoxud foydalanish man etiladigan darajada nosozligi bo‘lgan yoki qonunchilikda belgilangan tartibda favqulodda vaziyatda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha bilan jihozlanmagan, o‘t o‘chirgich, tibbiyot qutichasi, avariya holatida to‘xtaganligini bildiruvchi belgi va nur qaytargichli kamzul bilan butlanmagan, xuddi shuningdek ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shuningdek shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarishi, —

ma’muriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xalqaro avtomobil tashuvlarini hamda M3 va N3 toifali avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharlararo (400 km va undan ortiq masofada) tashishni raqamli nazorat uskunalarisiz (taxografsiz, nosoz taxografdan foydalangan holda yoki taxografni o‘chirib qo‘ygan holda, haydovchining taxografda foydalaniladigan kartaga ega bo‘lmagan holatida) amalga oshirish, shuningdek xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzishi, —

125-modda. Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish (davomi)

bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat raqam belgisi ayni shu transport vositasiga tegishli bo‘lmagan transport vositasini boshqarish —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qarashli transport vositalarini ishdan tashqari vaqtda ulardan foydalanish shartlariga muvofiq keladigan tarzda maxsus jihozlanmagan joyda saqlash —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuk avtotransportida tovar-transport yuk xatlarini, xalqaro yuk tashishda yo‘l varaqalarini, shuningdek yo‘lovchilar avtotransportida chipta-hisob va yo‘l varaqalarini yuritish bo‘yicha belgilangan talablarni buzish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, mansabdor shaxslarga esa uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu Kodeksning 125 (mopedlardan tashqari), 125¹, 126, 127, 128, 128¹, 128², 128³, 128⁴, 128⁵, 128⁶, 129, 130, 131, 133, 134, 135, 135¹, 136, 139, 140-moddalarida transport vositalari deyilganda barcha turdagi avtomobillar va traktorlar, qishloq xo‘jalik, melioratsiya, yo‘l-qurilish mashinalari va boshqa o‘ziyurar mashinalar, tramvay va trolleybuslar, shuningdek mototsikllar va boshqa mexanik transport vositalarini tushunmoq kerak.

125¹-modda. Yuk tashish qoidalarini, shatakka olish qoidalarini buzish

Yuk tashish qoidalarini, xuddi shuningdek shatakka olish qoidalarini buzish, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari, shuningdek umumiy haqiqiy vazni, o‘qqa tushuvchi og‘irligi belgilangan normadan o‘n foizgacha ortiq bo‘lgan transport vositalarida yo‘lga chiqish, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari, shuningdek umumiy haqiqiy vazni, o‘qqa tushuvchi og‘irligi belgilangan normadan o‘n foizdan yigirma foizgacha ortiq bo‘lgan transport vositalarida yo‘lga chiqish, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tegishli ruxsatnomasiz og‘ir vaznli, yirik gabaritli, xavfli yuklarni tashish, yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari, shuningdek umumiy haqiqiy vazni, o‘qqa tushuvchi og‘irligi belgilangan normadan yigirma foizdan ortiq bo‘lgan transport vositalarida yo‘lga chiqish, xuddi shuningdek ruxsatnomada ko‘rsatilgan harakat yo‘nalishidan chetga chiqish, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda avtotransport vositalarining gabarit va vazn parametrlarini aniqlashda o‘lchash asbobidagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami xatolar hisobga olinib, o‘lchash asbobida qayd etilgan gabarit va vazn parametrlaridan ikki foizli farq chegirib tashlangan holda, ma’muriy jazo chorasi qo‘llaniladi.

125²-modda. Boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuklarni va (yoki) yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish

Xorijiy tashuvchilarga tegishli bo‘lgan, shu jumladan ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirilgan avtotransport vositalarida yo‘lovchilar va yuklarni O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan punktlar o‘rtasida tashish (kabotaj), agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Avtomobil transportida yuk va yo‘lovchilarni xalqaro yo‘nalishlarda tashish bilan avtotransport vositasining O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab o‘tishi va tegishli tashish turini amalga oshirishi huquqini beruvchi ruxsatnomasiz shug‘ullanish, ruxsatnoma to‘ldirish bo‘yicha talablarni buzish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab tranzit harakatlanish uchun mo‘ljallangan yo‘nalishlarga rioya etmaslik, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

125³-modda. Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish

Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

125⁴-modda. Avtomobil transportida muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish qoidalarini buzish

Avtomobil transportida yo‘lovchilarni muntazam yo‘nalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma yonida bo‘lmagan holda yo‘lovchi tashish, belgilangan yo‘l haqi tariflarini oshirish, muntazam yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik, tasdiqlangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqish, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Kemalarni yoki kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini buzgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining necha baravari miqdorida jarima solinadi?
  1. ikki baravari
  2. besh baravari
  3. bir baravari
  4. uch baravari

To‘g‘ri javob: bir baravari. Ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini buzish uchun fuqarolarga bir baravari, mansabdor shaxslarga ikki baravari miqdorida jarima solinadi.

Hamid kemalarni boshqarish huquqiga ega bo‘lmagani holda motorli kichik hajmli kemani boshqardi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Unga BHMning ikki baravari miqdorida jarima solinadi
  2. Unga BHMning bir baravari miqdorida jarima solinadi
  3. Unga BHMning uch baravari miqdorida jarima solinadi
  4. Unga BHMning besh baravari miqdorida jarima solinadi

To‘g‘ri javob: Unga BHMning uch baravari miqdorida jarima solinadi. 119-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra kemani huquqiga ega bo‘lmagan shaxs boshqarsa, BHMning uch baravari miqdorida jarima solinadi.

Texnik nosozligi bo‘lgan, foydalanilishi taqiqlangan kemani boshqargan kema haydovchisi qanday muddatga kemani boshqarish huquqidan mahrum etilishi mumkin?
  1. bir yilu uch oy muddatga
  2. bir yilu olti oy muddatga
  3. ikki yilu uch oy muddatga
  4. uch yilu olti oy muddatga

To‘g‘ri javob: bir yilu olti oy muddatga. 119-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra jarima o‘rniga kema haydovchilari bir yilu olti oy muddatga boshqarish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

Marshrut avtobusi haydovchisi Botir muntazam yo‘nalishda tasdiqlangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqdi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Unga BHMning bir baravari miqdorida jarima solinadi
  2. Unga BHMning o‘n baravari miqdorida jarima solinadi
  3. Unga BHMning ikkidan bir qismi miqdorida jarima solinadi
  4. Unga BHMning uch baravari miqdorida jarima solinadi

To‘g‘ri javob: Unga BHMning uch baravari miqdorida jarima solinadi. 125⁴-moddaga ko‘ra tasdiqlangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqish uchun BHMning uch baravari miqdorida jarima solinadi.

Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzganlik uchun jarimaning yuqori chegarasi bazaviy hisoblash miqdorining qancha baravari?
  1. besh baravarigacha
  2. ikki baravarigacha
  3. bir baravarigacha
  4. uch baravarigacha

To‘g‘ri javob: bir baravarigacha. Jarima bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda solinadi.

Ma’muriy javobgarlik kodeksi — 120-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzish
  2. Havo kemasidan foydalanish vaqtida lazer nurini yo‘naltirish orqali xalaqit berish
  3. Kemalarni yoki kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek bunday kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzish
  4. Transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish

To‘g‘ri javob: Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzish. 120-modda: Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzish.

Ma’muriy javobgarlik kodeksi: «Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 119-modda
  2. 123-modda
  3. 120-modda
  4. 116¹-modda

To‘g‘ri javob: 120-modda. 120-modda: Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzish.

Portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzganlik uchun qanday jarima solinadi?
  1. BHMning bir baravaridan ikki baravarigacha
  2. BHMning ikkidan bir qismidan bir baravarigacha
  3. BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha
  4. BHMning uch baravaridan besh baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning ikkidan bir qismidan bir baravarigacha. 120-moddaga ko‘ra portlarda yuklarni ortish, tushirish va taxlash qoidalarini buzish uchun BHMning ikkidan bir qismidan bir baravarigacha jarima solinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTransportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (1/7)Keyingi →Transportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (3/7)