XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Ma’muriy javobgarlik kodeksi · 193–195²-m.

Boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (1/14)

Maxsus Qism

193-modda. Deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish

Davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan deputatlar hamda senatorlar oldidagi o‘z vazifalarini bajarmaslik, ularning ishiga to‘sqinlik qilish, ularga ataylab soxta ma’lumot berish, deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan parlament so‘rovini, deputat, senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni qasddan taqdim etish, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

193¹-modda. Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish

Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisiga mazkur xizmatchining o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat ishtirokidagi tashkilot deganda:

ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat tashkiloti;

to‘liq yoki qisman davlat organi yoki davlat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan yoki ta’sis etilgan notijorat tashkiloti tushuniladi.

Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisi deganda mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs tushuniladi.

193²-modda. Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi

Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat ishtirokidagi tashkilot deganda:

ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat tashkiloti;

to‘liq yoki qisman davlat organi yoki davlat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan yoki ta’sis etilgan notijorat tashkiloti tushuniladi.

Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisi deganda mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs tushuniladi.

193³-modda. Notarial harakatni amalga oshirishni qonunga xilof ravishda rad etish

Notarial harakatni amalga oshirishni qonunga xilof ravishda rad etish —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

193⁴-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga ma’lum bo‘lib qolgan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilgan bo‘lsa, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

194-modda. Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik

Ichki ishlar organlari xodimining huquqbuzarlikni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ichki ishlar organlariga borish yoki ko‘rsatilgan muddatda ichki ishlar organlarida bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini to‘xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo‘ysunmaslik, xuddi shuningdek jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash vazifalarini amalga oshirayotgan boshqa shaxslarning qonuniy talablarini bajarmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Transport vositasi haydovchisi tomonidan ichki ishlar organi xodimining yoki xodimlarining transport vositasini to‘xtatish haqida berilgan qonuniy talablarini ketma-ket bir necha marta uzrli sabablarsiz bajarmaslik, —

transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

194¹-modda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) huquqbuzarliklarni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ko‘rsatilgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlariga (huquqni muhofaza qiluvchi organlarga) borish yoki O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarida (huquqni muhofaza qiluvchi organlarda) hozir bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini to‘xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo‘ysunmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

195-modda. Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish

Ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da’vatlar qilish, xuddi shuningdek ichki ishlar organlari xodimlariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatish, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

195¹-modda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da’vatlar qilish, xuddi shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatish, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

195²-modda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Mansabdor shaxs deputat va senatorlar oldidagi vazifalarini bajarmasa, unga solinadigan jarimaning eng kam miqdori qancha?
  1. Bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari
  2. Bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari
  3. Bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari
  4. Bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari

To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari. Mansabdor shaxslarga jarima uch baravaridan yetti baravarigacha belgilangan.

Ma’muriy javobgarlik kodeksi — 193-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish
  2. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik
  3. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik
  4. Deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish

To‘g‘ri javob: Deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish. 193-modda: Deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish.

Ma’muriy javobgarlik kodeksi: «Deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 195¹-modda
  2. 194¹-modda
  3. 193⁴-modda
  4. 193-modda

To‘g‘ri javob: 193-modda. 193-modda: Deputatlik va senatorlik faoliyatining kafolatlarini buzish.

Korxona direktori deputatning rasmiy so‘roviga uzrli sababsiz javob bermay, uni ko‘rib chiqmasdan qoldirdi. Unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra qanday jarima solinadi?
  1. BHMning besh baravaridan o‘n ikki baravarigacha
  2. BHMning uch baravaridan yetti baravarigacha
  3. BHMning o‘n baravaridan yigirma baravarigacha
  4. BHMning o‘ttiz baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning uch baravaridan yetti baravarigacha. 193-moddaga ko‘ra deputat so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirgan mansabdor shaxsga BHMning uch baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi.

Quyidagi harakatlardan qaysi biri mansabdor shaxs tomonidan sodir etilsa, 193-moddaga ko‘ra deputatlik va senatorlik faoliyati kafolatlarini buzish hisoblanadi?
  1. Deputatning shaxsiy murojaatiga belgilangan muddatda to‘liq javob berish
  2. Senator so‘rovini ko‘rib chiqib, unga belgilangan muddatda to‘liq javob taqdim etish
  3. Deputat qabuliga o‘z vaqtida kelib, uning murojaatlarini qabul qilish
  4. Parlament so‘rovini, deputat, senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish

To‘g‘ri javob: Parlament so‘rovini, deputat, senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish. 193-moddaga ko‘ra parlament, deputat yoki senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish javobgarlik asosi.

Davlat organi xizmatchisini pora evaziga o‘z manfaatlarini ko‘zlab harakat qilishga undab, moddiy qimmatliklar berish uchun jarimaning eng ko‘p miqdori qancha?
  1. Bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravarigacha
  2. Bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha
  3. Bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha
  4. Bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha

To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha. Bunday huquqbuzarlik uchun jarima bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha miqdorda solinadi.

Fuqaro Sardor davlat organining xizmatchisiga uning xizmat mavqeyidan foydalanib, qonunga xilof harakat qilishi evaziga pul berdi. Unga qanday jarima solinadi?
  1. BHMning o‘ttiz baravarigacha
  2. BHMning o‘n baravarigacha
  3. BHMning ellik baravarigacha
  4. BHMning yuz baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning o‘ttiz baravarigacha. 193¹-moddaga ko‘ra xizmatchini pora evaziga og‘dirib olish uchun BHMning o‘ttiz baravarigacha jarima solinadi.

193¹-moddaga ko‘ra «xizmatchi» deganda kim tushuniladi?
  1. Davlat organida saylov asosida lavozimga kelgan va mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lgan shaxs
  2. Faqat davlat organining rahbari bo‘lib, mehnat shartnomasi asosida ishlovchi mansabdor shaxs
  3. Mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlovchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs
  4. Faqat davlat xizmatchilari reyestrida ro‘yxatga olingan va mansabdor shaxs alomatlariga ega shaxs

To‘g‘ri javob: Mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlovchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs. 193¹-moddada xizmatchi — mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida faoliyat yurituvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiJamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (3/3)Keyingi →Boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (2/14)