XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Ma’muriy javobgarlik kodeksi · 332–336-m.

Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish bo‘yicha ish yuritish · narsani haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish bo‘yicha ish yuritish

Beshinchi Bo‘Lim

332-modda. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish muddatlari va tartibi

Jarima huquqbuzar tomonidan unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda — shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to‘g‘risida xabar berilgan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmay to‘lanishi lozim, ushbu moddaning ikkinchi qismi bundan mustasno.

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan hollarda esa, shikoyat yoki protest qanoatlantirilmay qoldirilganligi to‘g‘risida xabar berilgan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay to‘lashi kerak.

O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mustaqil ish haqi bo‘lmagan taqdirda, jarima ularning ota-onalari yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslardan undirib olinadi.

Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun solingan jarima huquqbuzar tomonidan tegishli bank muassasasiga to‘lanadi, huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida undirib olinadigan jarima bundan mustasno.

332¹-modda. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi

Huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining ellik foizini yoki o‘ttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:

ushbu Kodeksning 131, 132, 136, 140-moddalarida va 211-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda;

jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;

xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda.

333-modda. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni majburiy ijro etish

Huquqbuzar jarimani ushbu Kodeksning 332-moddasida belgilangan muddat ichida to‘lamagan taqdirda, jarima solish to‘g‘risidagi qaror sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilab qo‘yilgan qoidalarga muvofiq jarimani uning ish haqi yoki boshqa maoshidan, nafaqasidan yoki stipendiyasidan majburiy tartibda undirib olish uchun yuboriladi.

Basharti jarima solingan shaxs ishlamayotgan bo‘lsa yoxud jarimani huquqbuzarning ish haqi yoki boshqa daromadidan, pensiyasi yoki stipendiyasidan boshqa sabablarga ko‘ra undirib olishning iloji bo‘lmasa, uni undirib olish davlat ijrochisi tomonidan jarima solish to‘g‘risida tegishli organ (mansabdor shaxs) chiqargan qaror asosida huquqbuzarning mulkidan, shuningdek umumiy mulkdagi uning hissasidan undirib olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Jarima O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ijro hujjatlari bo‘yicha undirib olinishi mumkin bo‘lmagan mol-mulkdan undirib olinishi mumkin emas.

334-modda. Joyning o‘zida undirib olinadigan jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish

Ushbu Kodeksning 283-moddasiga muvofiq jarima ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilingan joyning o‘zida undirib olingan taqdirda huquqbuzarga qat’iy moliyaviy hisobot hujjati hisoblangan belgilangan nusxadagi kvitansiya beriladi.

Jarima ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida to‘lanmasa, ishni ko‘rib chiqish va qarorni ijro etish ushbu Kodeksning 332 va 333-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

335-modda. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish ishlarini tugallash

Jarima solish to‘g‘risidagi qarorga muvofiq jarima to‘la-to‘kis undirib olingach, uning ijro etilganligi haqida belgi qo‘yilib, shu qarorni chiqargan organga (mansabdor shaxsga) yoki sudga qaytariladi.

Majburiy ijroga qaratilgan jarima solish to‘g‘risidagi qaror ijro etilganidan so‘ng davlat ijrochisi ijro ishini yuritishni tamomlash to‘g‘risida qaror chiqaradi va uning bir nusxasini uni chiqargan organga (mansabdor shaxsga) yoki sudga yuboradi.

336-modda. Narsani haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish

Haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror asosida olib qo‘yilgan narsalar belgilangan tartibda shartnoma-vositachilik asosida yoxud auksion shaklidagi kimoshdi savdosida realizatsiya qilinadi.

Qurolni va uning o‘q-dorilarini haqini to‘lab olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror ichki ishlar organlari tomonidan ijro etiladi.

Haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yilgan narsani sotishdan tushgan pullar ushbu Kodeksning 26-moddasiga muvofiq olib qo‘yilgan narsalarni sotish xarajatlarini chegirib qolib, shu narsalarning sobiq egasiga topshiriladi.

Bilimingizni sinang

Huquqbuzar jarimani, shikoyat berilmagan bo‘lsa, unga jarima solish haqidagi qaror topshirilgan kundan boshlab qancha muddatdan kechiktirmay to‘lashi lozim?
  1. to‘qson kundan
  2. o‘ttiz kundan
  3. oltmish kundan
  4. o‘n besh kundan

To‘g‘ri javob: o‘ttiz kundan. Jarima qaror topshirilgan kundan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay to‘lanishi lozim.

Jarima solish haqidagi qaror ustidan shikoyat qanoatlantirilmagan bo‘lsa, jarima shu haqda xabar berilgan kundan boshlab qancha muddatdan kechiktirmay to‘lanishi lozim?
  1. uch kundan
  2. o‘ttiz kundan
  3. o‘n besh kundan
  4. oltmish kundan

To‘g‘ri javob: o‘n besh kundan. Shikoyat yoki protest qanoatlantirilmagani haqida xabar berilgan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmay jarima to‘lanadi.

Ma’muriy javobgarlik kodeksiga ko‘ra, huquqbuzar jarimani unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab qancha muddatdan kechiktirmay to‘lashi lozim (shikoyat yoki protest bo‘lmaganda, yo‘l harakati qoidalarini buzish holatidan tashqari)?
  1. O‘n besh kundan kechiktirmay
  2. O‘ttiz kundan kechiktirmay
  3. Oltmish kundan kechiktirmay
  4. To‘qson kundan kechiktirmay

To‘g‘ri javob: O‘ttiz kundan kechiktirmay. 332-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, jarima qaror topshirilgan kundan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay to‘lanishi lozim.

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solindi, qaror ustidan shikoyat berilmagan. Huquqbuzar jarimani qaror chiqarilgan kundan e’tiboran qancha muddatdan kechiktirmay to‘lashi kerak?
  1. O‘ttiz kundan kechiktirmay
  2. Qirq besh kundan kechiktirmay
  3. Oltmish kundan kechiktirmay
  4. O‘n besh kundan kechiktirmay

To‘g‘ri javob: Oltmish kundan kechiktirmay. 332-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima oltmish kundan kechiktirmay to‘lanadi.

Ma’muriy javobgarlik kodeksiga ko‘ra, o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan huquqbuzarning mustaqil ish haqi bo‘lmasa, jarima kimdan undirib olinadi?
  1. Faqat huquqbuzarning o‘z mulkidan, ota-onasidan undirish mumkin emas
  2. Huquqbuzar yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘ini hisobidan
  3. Huquqbuzar o‘qiydigan o‘quv muassasasining mablag‘laridan
  4. Huquqbuzarning ota-onasi yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslardan

To‘g‘ri javob: Huquqbuzarning ota-onasi yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslardan. 332-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, bunday jarima ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan undiriladi.

Huquqbuzar jarima qarori topshirilgan kundan boshlab qancha muddat ichida jarima miqdorining ellik foizini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi?
  1. uch kun
  2. o‘ttiz kun
  3. o‘n besh kun
  4. oltmish kun

To‘g‘ri javob: o‘n besh kun. Qaror topshirilganidan o‘n besh kun ichida jarimaning ellik foizini ixtiyoriy to‘lagan shaxs qolgan qismidan ozod qilinadi.

Huquqbuzar jarima qarori topshirilgandan keyin o‘n besh kun ichida jarimaning qancha qismini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi?
  1. o‘ttiz foizini
  2. yigirma besh foizini
  3. ellik foizini
  4. yetmish foizini

To‘g‘ri javob: ellik foizini. O‘n besh kun ichida jarima miqdorining ellik foizi ixtiyoriy to‘lansa, jarimaning qolgan qismi to‘lanmaydi.

Ma’muriy javobgarlik kodeksi — 332¹-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi
  2. Ma’muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishga qaratish
  3. Ma’muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qarorning ijrosini tugatish
  4. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish muddatlari va tartibi

To‘g‘ri javob: Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi. 332¹-modda: Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAsosiy qoidalarKeyingi →Narsani musodara qilish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish bo‘yicha ish yuritish