XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Mualliflik huquqi» qonuni · 4–13-m.

Mualliflik huquqi (1/4)

Moddalar

4-modda. Mualliflik huquqining amal qilish sohasi

Ushbu Qonunga muvofiq mualliflik huquqi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy turish joyiga ega bo‘lgan mualliflarning yoki mualliflik huquqining boshqa dastlabki egalik qiluvchilarining asarlariga;

mualliflarining fuqaroligi va doimiy turish joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasida birinchi marta chop etilgan asarlarga;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan asarlarga tatbiq etiladi.

Agar asar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgan sanadan so‘ng o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi hududida chop etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida ham birinchi marta chop etilgan deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq asarga O‘zbekiston Respublikasi hududida muhofaza berilgan taqdirda, asar muallifi mualliflik huquqini olish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan yuridik fakt qaysi davlatning hududida sodir bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha davlatning qonuni bilan aniqlanadi.

5-modda. Mualliflik huquqi obyekti

Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo‘lmish fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.

Mualliflik huquqi quyidagi biron-bir obyektiv shaklda bo‘lgan oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi:

yozma (qo‘lyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv va hokazo);

og‘zaki (omma oldida so‘zlash, omma oldida ijro etish va hokazo);

ovozli yoki video yozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik va hokazo);

tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr va hokazo);

hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot va hokazo);

boshqa shakllardagi.

Mualliflik huquqi g‘oyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usullar yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.

6-modda. Mualliflik huquqi obyektlari bo‘lgan asarlar

Quyidagilar mualliflik huquqi obyektlaridir:

adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);

drama va ssenariy asarlari;

matnli yoki matnsiz musiqa asarlari;

musiqali drama asarlari;

xoreografiya asarlari va pantomimalar;

audiovizual asarlar;

rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy san’atning boshqa asarlari;

manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;

arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari;

fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;

jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;

barcha turdagi EHM uchun dasturlar, shu jumladan har qanday dasturlash tilida va har qanday shaklda, chunonchi boshlang‘ich matn hamda obyekt kodida ifodalanishi mumkin bo‘lgan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari;

ushbu Qonunning 5-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan boshqa asarlar.

7-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar

Ushbu Qonunning 5-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan:

asarning mustaqil ravishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan qismlari (shu jumladan uning nomi);

hosila asarlar (tarjimalar, ishlanma asarlar, annotatsiyalar, referatlar, muxtasar xulosalar, sharhlar, inssenirovkalar, aranjirovkalar, soddalashtirishlar hamda fan, adabiyot va san’at asarlarining boshqa qayta ishlanmalari);

to‘plamlar (ensiklopediyalar, antologiyalar, ma’lumotlar bazalari) va materiallarning tanlanganligi yoki joylashtirilganligiga ko‘ra ijodiy mehnat natijasi bo‘lgan boshqa jamlama asarlar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanadi.

Hosila va jamlama asarlar, ularning yaratilishi uchun asos bo‘lgan yoki ularning tarkibiga kirgan asarlar mualliflik huquqi obyektlari bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, mualliflik huquqi bilan muhofaza qilinadi.

8-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar

Quyidagilar mualliflik huquqi obyektlari bo‘lmaydi:

rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar, to‘xtamlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari;

rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar);

xalq ijodiyoti asarlari;

oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar;

insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.

9-modda. Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga bo‘lgan huquqlar

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasiga bo‘lgan mualliflik huquqi loyihani yaratgan (ishlab chiqqan) shaxsga tegishlidir.

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasini ishlab chiqqan shaxs, agar bunday loyihani ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq bergan organ tomonidan taqiqlangan bo‘lmasa, o‘zi yaratgan loyihani chop etishga haqlidir. Loyihani chop etishda uni ishlab chiqqan shaxs o‘z ismi-sharifini ko‘rsatishga haqlidir.

Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasidan, agar loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan chop etilgan yoki tegishli organga yuborilgan bo‘lsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin.

Loyiha asosida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlash chog‘ida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga ko‘ra loyihaga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Vakolatli organ loyiha asosidagi rasmiy hujjat, ramz yoki belgini qabul qilganidan (tasdiqlaganidan) keyin mazkur rasmiy hujjat, ramz yoki belgidan loyihani ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini ko‘rsatmagan holda foydalaniladi.

10-modda. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi. Mualliflik prezumpsiyasi

Fan, adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Asarning asl nusxasida yoki nusxasida muallif sifatida ko‘rsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, asar muallifi hisoblanadi.

Asar imzosiz yoki taxallus ostida chop etilgan taqdirda (muallifning taxallusi uning kim ekanligiga shubha qoldirmaydigan hollar bundan mustasno), asarni chop etgan, asarda ismi-sharifi yoki nomi ko‘rsatilgan noshir, agar boshqa dalillar bo‘lmasa, muallifning vakili hisoblanadi hamda muallifning huquqlarini himoya qilish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash huquqiga egadir. Bu qoida bunday asar muallifi o‘z shaxsini oshkor etguniga va o‘zining muallif ekanligini ma’lum qilguniga qadar amalda bo‘ladi.

11-modda. Mualliflik huquqining muhofaza belgilari

Mutlaq mualliflik huquqlari egasi o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun mualliflik huquqining muhofaza belgisidan foydalanishi mumkin bo‘lib, bu belgi asarning har bir nusxasida aks ettiriladi va quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi:

aylana ichidagi lotincha “C” harfi;

mutlaq mualliflik huquqlari egasining ismi-sharifi (nomi);

asar birinchi marta chop etilgan yil.

Mualliflik huquqining muhofaza belgisida ko‘rsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlangan bo‘lmasa, mutlaq mualliflik huquqlari egasi hisoblanadi.

12-modda. Hammualliflik

Ikki yoki undan ortiq jismoniy shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi, mazkur asar bo‘linmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat’i nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo‘ladi.

Agar asarning muayyan qismidan uning boshqa qismlariga bog‘liq bo‘lmagan holda foydalanish mumkin bo‘lsa, bu mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qism deb e’tirof etiladi.

Hammualliflarning har biri, agar ular o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, asarning o‘zi yaratgan, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga haqlidir.

Hammualliflar o‘rtasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, kelishuv asosida belgilanadi. Bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda, asarga bo‘lgan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi, mualliflik haqi esa ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Agar hammualliflarning asari bo‘linmas bir butunni tashkil etsa, asardan foydalanishni yetarli asoslar bo‘lmay turib taqiqlab qo‘yishga hammualliflardan hech biri haqli emas.

13-modda. Hosila asarga bo‘lgan mualliflik huquqi

Hosila asar muallifiga fan, adabiyot va san’at asarining mazkur muallif tomonidan amalga oshirilgan qayta ishlanmasiga bo‘lgan mualliflik huquqi tegishlidir.

Hosila asar muallifi qayta ishlangan asar muallifi huquqlariga rioya etgan taqdirda, o‘zi yaratgan asarga mualliflik huquqidan foydalanadi.

Hosila asar muallifining mualliflik huquqi qayta ishlashga asos bo‘lgan asarni boshqa shaxslar ham o‘zlari qayta ishlashlariga to‘sqinlik qilmaydi.

Bilimingizni sinang

Asar O‘zbekiston hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgandan so‘ng qancha vaqt ichida O‘zbekistonda ham chop etilsa, O‘zbekistonda ham birinchi marta chop etilgan hisoblanadi?
  1. bir yil
  2. o‘n besh kun
  3. oltmish kun
  4. o‘ttiz kun

To‘g‘ri javob: o‘ttiz kun. Chet elda birinchi chop etilgandan so‘ng o‘ttiz kun ichida O‘zbekistonda chop etilgan asar bu yerda ham birinchi marta chop etilgan hisoblanadi.

«Mualliflik huquqi» qonuni — 4-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Asosiy tushunchalar
  2. Ushbu Qonunning maqsadi
  3. Hammualliflik
  4. Mualliflik huquqining amal qilish sohasi

To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqining amal qilish sohasi. 4-modda: Mualliflik huquqining amal qilish sohasi.

«Mualliflik huquqi» qonuni: «Mualliflik huquqining amal qilish sohasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 12-modda
  2. 3-modda
  3. 1-modda
  4. 4-modda

To‘g‘ri javob: 4-modda. 4-modda: Mualliflik huquqining amal qilish sohasi.

Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, mualliflik huquqi O‘zbekiston hududida birinchi marta chop etilgan asarlarga qanday tatbiq etiladi?
  1. Mualliflarning fuqaroligi va doimiy turish joyidan qat’i nazar
  2. Faqat O‘zbekiston fuqarolari tomonidan yaratilgan asarlarga nisbatan
  3. Faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan asarlarga nisbatan
  4. Faqat doimiy turar joyi O‘zbekistonda bo‘lgan mualliflarga nisbatan

To‘g‘ri javob: Mualliflarning fuqaroligi va doimiy turish joyidan qat’i nazar. 4-moddaga ko‘ra O‘zbekistonda birinchi marta chop etilgan asarlarga muallif fuqaroligi va turar joyidan qat’i nazar tatbiq etiladi.

Asar O‘zbekiston hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgan sanadan so‘ng qancha muddat ichida O‘zbekistonda chop etilsa, O‘zbekistonda ham birinchi marta chop etilgan hisoblanadi?
  1. Ikki hafta ichida
  2. Bir yil ichida
  3. Olti oy ichida
  4. O‘ttiz kun ichida

To‘g‘ri javob: O‘ttiz kun ichida. 4-moddaga ko‘ra o‘ttiz kun ichida O‘zbekistonda chop etilgan bo‘lsa, ham birinchi marta chop etilgan hisoblanadi.

Mualliflik huquqi asarning qaysi jihatlaridan qat’i nazar tatbiq etiladi?
  1. Faqat tili, hajmi va nashr etilgan yilidan
  2. Faqat asarning narxi va tijorat qiymatidan
  3. Faqat muallifning yoshi va ijtimoiy mavqeidan
  4. Maqsadi, qadr-qimmati va ifodalanish usulidan

To‘g‘ri javob: Maqsadi, qadr-qimmati va ifodalanish usulidan. 5-moddaga ko‘ra huquq asarning maqsadi, qadr-qimmati va ifodalanish usulidan qat’i nazar tatbiq etiladi.

Mualliflik huquqi quyidagilardan qaysi biriga nisbatan tatbiq etiladi?
  1. G‘oyalarga
  2. Tizimlar va konsepsiyalarga
  3. Ifoda shakliga
  4. Usullar va jarayonlarga

To‘g‘ri javob: Ifoda shakliga. 5-moddaga ko‘ra huquq g‘oya, prinsip, usul, jarayon, tizim yoki konsepsiyalarga emas, ifoda shakliga tatbiq etiladi.

Mualliflik huquqi asarlarning qaysi turlariga tatbiq etiladi?
  1. Faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan asarlarga
  2. Faqat oshkor qilinmagan va qo‘lyozma shaklidagi asarlarga
  3. Oshkor qilingan ham, oshkor qilinmagan ham asarlarga
  4. Faqat oshkor qilingan va nashr etilgan asarlarga

To‘g‘ri javob: Oshkor qilingan ham, oshkor qilinmagan ham asarlarga. 5-moddaga ko‘ra huquq oshkor qilingan va oshkor qilinmagan asarlarga tatbiq etiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUmumiy qoidalarKeyingi →Mualliflik huquqi (2/4)