Mualliflik huquqi (2/4)
Moddalar
14-modda. Jamlama asarga bo‘lgan mualliflik huquqi
Jamlama asar muallifiga (tuzuvchisiga) ijodiy mehnat natijasini ifodalovchi, mazkur muallif tomonidan amalga oshirilgan, materiallarni tanlab olish yoki joylashtirishga bo‘lgan mualliflik huquqi tegishlidir.
Tuzuvchi jamlama asarga kiritilgan asarlardan har birining mualliflari huquqlariga rioya etgan taqdirda, mualliflik huquqidan foydalanadi.
Agar mualliflik shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, jamlama asarga kiritilgan asarlarning mualliflari o‘z asarlaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlarini jamlama asardan qat’i nazar saqlab qoladilar.
Tuzuvchining mualliflik huquqi boshqa shaxslarning o‘z jamlama asarlarini yaratish uchun ayni o‘sha materiallarni mustaqil ravishda tanlab olishlariga yoki joylashtirishlariga to‘sqinlik qilmaydi.
15-modda. Audiovizual asarga bo‘lgan mualliflik huquqi
Audiovizual asar mualliflari (hammualliflari) quyidagilardan iboratdir:
sahnalashtiruvchi rejissor;
ssenariy muallifi;
muayyan audiovizual asar uchun maxsus yaratilgan matnli yoki matnsiz musiqa asari muallifi;
sahnalashtiruvchi operator;
sahnalashtiruvchi rassom.
Nomi yoki ismi-sharifi tayyorlovchi sifatida asarning asl nusxasida yoxud nusxasida ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqacha hol isbotlangan bo‘lmasa, shu audiovizual asarni tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.
Audiovizual asar omma oldida ijro etilgan taqdirda, musiqa asari (matnli yoki matnsiz) muallifi o‘z musiqa asarining omma oldida ijro etilganligi uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.
16-modda. Intervyu mualliflari
Intervyuga bo‘lgan mualliflik huquqi intervyu bergan shaxsga va intervyu olgan shaxsga, agar ular o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, hammualliflar sifatida tegishlidir.
Intervyudan foydalanishga faqat intervyu bergan shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
17-modda. Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslarning huquqlari
Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (audiovizual asarlarni tayyorlovchilar, ensiklopediyalar noshirlari, prodyuserlar va boshqa shu kabilar) tegishli asarlarning mualliflari deb e’tirof etilmaydi. Biroq ushbu Qonunda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, bunday shaxslar ana shu asarlardan foydalanishda mutlaq huquqlarga ega bo‘ladilar.
Audiovizual asarni tayyorlovchi bu asardan foydalanilganda o‘z ismi-sharifi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi-sharifi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.
Ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli to‘plamlaridan, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar ularning noshiriga tegishlidir. Bunday nashrlardan har qanday tarzda foydalanilganda noshir o‘z ismi-sharifi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi-sharifi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.
18-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari
Asar muallifiga quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlar tegishlidir:
asar muallifi deb e’tirof etilish huquqi (mualliflik huquqi);
asardan muallifning haqiqiy ismi-sharifi, taxallusini ko‘rsatgan holda yoxud ismi-sharifini ko‘rsatmasdan, ya’ni imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi (mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq);
asarni har qanday shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish huquqi (oshkor qilishga bo‘lgan huquq), shu jumladan chaqirib olish huquqi;
asarni, shu jumladan uning nomini muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obro‘sini himoya qilish huquqi).
Muallif asarni oshkor qilish to‘g‘risida ilgari qabul qilgan qaroridan, asardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga ular shunday qaror tufayli ko‘rgan zararlarning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplash sharti bilan, voz kechish huquqiga (asarni chaqirib olish huquqiga) egadir. Agar asar oshkor qilingan bo‘lsa, muallif uni chaqirib olganligi to‘g‘risida ommaga ma’lum qilishi shart. Bunda u asarning avval tayyorlangan nusxalarini o‘z hisobidan muomaladan olib qo‘yishga haqlidir. Bu qoidalar, agar muallif bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmat asarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
18-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari (davomi)
Muallifning roziligisiz uning asarini bezaklar, so‘zboshi, xotima, sharhlar yoki biron-bir tushuntirishlar bilan nashr etish taqiqlanadi.
Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning mulkiy huquqlaridan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lib, asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilgan taqdirda ham uning o‘zida saqlanib qoladi.
Muallifning o‘z shaxsiy nomulkiy huquqlarini amalga oshirishdan voz kechish to‘g‘risida biron-bir shaxs bilan kelishuvi va bu haqdagi arizasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
19-modda. Muallifning mulkiy huquqlari
Muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega.
Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Qonunda ko‘rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular bo‘lmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.
Muallifning asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:
asarni takrorlash (takrorlash huquqi);
asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);
asarni barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);
asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi);
tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi);
asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi);
asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi);
19-modda. Muallifning mulkiy huquqlari (davomi)
asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi);
asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi);
asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi);
asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi);
asarni barchaning e’tiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilsa (barchaning e’tiboriga takroran yuborish huquqi).
Muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga (haq olish huquqi) ega.
Agar chop etilgan asarning nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish orqali fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularni kelgusida muallifning roziligisiz va unga haq to‘lamasdan tarqatishga yo‘l qo‘yiladi, ushbu Qonun 23-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.
Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (ixtirolarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qo‘llash asardan mualliflik huquqi ma’nosida foydalanganlik deb hisoblanmaydi.
20-modda. Muallifning ayrim mulkiy huquqlarining o‘ziga xos xususiyatlari
Muallifning asarni tarjima qilishga va qayta ishlashga bo‘lgan mutlaq huquqlari tarjima qilingan yoki qayta ishlangan asarga nisbatan ushbu Qonun 19-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini o‘z ichiga oladi.
Muallifning dizaynerlik, arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish loyihalaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari bunday loyihalarni amalda ro‘yobga chiqarishni ham o‘z ichiga oladi. Qabul qilingan arxitektura loyihasining muallifi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachidan qurilishga doir hujjatlarni ishlab chiqish hamda bino yoki inshootni qurish chog‘ida o‘z loyihasini ro‘yobga chiqarishda qatnashish huquqini berishni talab qilishga haqlidir.
21-modda. Prokatga berish huquqi
Audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar, fonogrammaga yozilgan asarlar mualliflari asarning asl nusxasini yoki nusxasini prokatga berishga ruxsat etishda mutlaq huquqqa ega. Ushbu qismning qoidalari audiovizual asarlarga nisbatan, agar faqat shunday prokat ana shu asarlarni takrorlashga bo‘lgan mutlaq huquqqa jiddiy zarar yetkazadigan keng ko‘lamli takrorlashga olib kelmasa, shuningdek EHM uchun dasturlarga nisbatan, agar EHM uchun dasturning o‘zi prokatning asosiy obyekti bo‘lmasa, qo‘llanilmaydi.
Fonogramma yoki audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda muallif, fonogramma yoki audiovizual asarni prokatga berish huquqi fonogrammani tayyorlovchiga yoki audiovizual asarni tayyorlovchiga o‘tkazilganligiga qaramay, fonogramma yoki audiovizual asar nusxalarining prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi. Mazkur haqning eng kam miqdori, uni to‘lash shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
22-modda. Asarlarni saqlash uchun topshirish
Agar asar saqlash uchun har kimning foydalanishi mumkin bo‘lgan saqlov joyiga (depozitariyga) topshirilgan bo‘lsa va depozitariy bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra mazkur depozitariyga murojaat etadigan har qanday shaxsning asar nusxasini olishi mumkin bo‘lsa, asardan bu tarzda foydalanish asarlarning qo‘lyozmalarini, har qanday moddiy jismdagi boshqa asarlarni saqlash uchun topshirish deb e’tirof etiladi.
Asarni saqlash uchun topshirish mutlaq mualliflik huquqi egasining depozitariy bilan tuzilgan, asardan foydalanish shartlarini belgilovchi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bunday shartnoma va depozitariyning foydalanuvchi bilan tuzgan shartnomasi ommaviy shartnomadir.
23-modda. Tasviriy san’at asarlaridan foydalanish huquqi. Ergashma huquq
Tasviriy san’at asarining muallifi asar mulkdoridan o‘z asarlarini takrorlash huquqini (foydalanish huquqini) amalga oshirish imkoniyatini berishni talab qilishga haqlidir. Bunda asar mulkdoridan asarni muallifga yetkazib berishni talab qilish mumkin emas.
Tasviriy san’at asariga bo‘lgan mulk huquqining muallifdan boshqa shaxsga (haq evaziga yoki tekin) o‘tishi bu asarning dastlabki sotilishini bildiradi.
Tasviriy san’at asarini oldingi narxdan kamida yigirma foiz yuqori narx bo‘yicha oshkora qayta sotishning (kimoshdi savdosi, tasviriy san’at galereyasi, badiiy salon, do‘kon va hokazo orqali) har bir holatida muallif sotuvchidan qayta sotish narxining besh foizi miqdorida haq olish huquqiga ega (ergashma huquq). Mazkur huquq boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi va faqat muallifning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga mualliflik huquqining amal qilish muddatiga o‘tadi.
Bilimingizni sinang
«Mualliflik huquqi» qonuni — 14-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Jamlama asarga bo‘lgan mualliflik huquqi
- Hammualliflik
- Muallifning ayrim mulkiy huquqlarining o‘ziga xos xususiyatlari
- Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar
To‘g‘ri javob: Jamlama asarga bo‘lgan mualliflik huquqi. 14-modda: Jamlama asarga bo‘lgan mualliflik huquqi.
«Mualliflik huquqi» qonuni: «Jamlama asarga bo‘lgan mualliflik huquqi» qaysi moddada belgilangan?
- 14-modda
- 20-modda
- 8-modda
- 12-modda
To‘g‘ri javob: 14-modda. 14-modda: Jamlama asarga bo‘lgan mualliflik huquqi.
Jamlama asar muallifiga (tuzuvchisiga) qanday mualliflik huquqi tegishli?
- Kiritilgan asarlarning barchasiga nisbatan mutlaq mualliflik huquqi
- Kiritilgan asarlar mazmunini o‘zgartirib, qayta ishlash huquqi
- Materiallarni tanlab olish yoki joylashtirishga bo‘lgan huquq
- Jamlama asarni faqat o‘z nomidan nashr etishning mutlaq huquqi
To‘g‘ri javob: Materiallarni tanlab olish yoki joylashtirishga bo‘lgan huquq. 14-moddaga ko‘ra tuzuvchiga materiallarni tanlab olish yoki joylashtirishga bo‘lgan huquq tegishli.
Shartnomada boshqacha qoida bo‘lmasa, jamlama asarga kiritilgan asarlar mualliflari o‘z asarlaridan foydalanish huquqlarini saqlab qoladimi?
- Yo‘q, bu huquqlar jamlama asar tuzuvchisiga o‘tadi
- Faqat noshirning yozma ruxsati bilan saqlab qoladi
- Ha, jamlama asardan qat’i nazar saqlab qoladi
- Ha, lekin faqat besh yil muddatda saqlab qoladi
To‘g‘ri javob: Ha, jamlama asardan qat’i nazar saqlab qoladi. 14-moddaga ko‘ra mualliflar mutlaq huquqlarini jamlama asardan qat’i nazar saqlab qoladi.
Kazus: Antologiya tuzuvchisi Salim 30 ta shoirning she’rini tanlab to‘plam chiqardi. Shoirlardan biri, Dildora, o‘z she’rini boshqa kitobga alohida kiritmoqchi. Shartnomada boshqacha qoida yo‘q. Xulosa qaysi?
- Dildora o‘z she’ridan foydalanish mutlaq huquqini saqlab qoladi
- She’r jamlama asarga kiritilgani sababli jamoat mulkiga aylandi
- Dildora she’rga bo‘lgan mutlaq huquqini Salim foydasiga yo‘qotdi
- Dildora o‘z she’ridan faqat Salimning roziligi bilan foydalana oladi
To‘g‘ri javob: Dildora o‘z she’ridan foydalanish mutlaq huquqini saqlab qoladi. 14-moddaga ko‘ra jamlama asarga kiritilgan asar muallifi o‘z asaridan foydalanish huquqini saqlab qoladi.
Audiovizual asarning hammualliflari qatoriga kiradiganlar to‘g‘ri sanalgan javobni toping.
- Rejissor, prodyuser, bosh aktyorlar, operator, kinoteatr direktori va uning o‘rinbosari
- Rejissor, ssenariy muallifi, maxsus yaratilgan musiqa muallifi, operator, rassom
- Aktyorlar, tomoshabinlar, kino tanqidchilari, film tarqatuvchilari va reklama agentlari
- Faqat ssenariy muallifi va rejissor, qolgan ishtirokchilar hammuallif bo‘la olmaydi
To‘g‘ri javob: Rejissor, ssenariy muallifi, maxsus yaratilgan musiqa muallifi, operator, rassom. 15-moddaga ko‘ra hammualliflar: rejissor, ssenariy muallifi, musiqa muallifi, operator, rassom.
Audiovizual asarni tayyorlovchi kim deb e’tirof etiladi?
- Nomi yoki ismi-sharifi asarning nusxasida tayyorlovchi sifatida ko‘rsatilgan shaxs, boshqacha isbotlanmasa
- Asarni suratga olgan rejissor har doim, uning nusxada ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar
- Asar nusxalarini prokatga beruvchi shaxs, boshqacha isbotlanmasa, tayyorlovchi sifatida e’tirof etiladi
- Asarni tayyorlashga eng ko‘p mablag‘ sarflagan shaxs, nusxada qanday ko‘rsatilganidan qat’i nazar
To‘g‘ri javob: Nomi yoki ismi-sharifi asarning nusxasida tayyorlovchi sifatida ko‘rsatilgan shaxs, boshqacha isbotlanmasa. 15-moddaga ko‘ra nusxada tayyorlovchi sifatida ko‘rsatilgan shaxs, aksi isbotlanmasa, tayyorlovchi sanaladi.
Audiovizual asar omma oldida ijro etilganda musiqa asari muallifi qanday huquqni saqlab qoladi?
- Filmni prokatga berib, undan tushgan daromadni qayta taqsimlash huquqini
- Musiqa asari omma oldida ijro etilganligi uchun haq olish huquqini
- Musiqa asarini audiovizual asardan alohida sotish va tarqatish huquqini
- Audiovizual asarning omma oldida ijrosini taqiqlash va to‘xtatish huquqini
To‘g‘ri javob: Musiqa asari omma oldida ijro etilganligi uchun haq olish huquqini. 15-moddaga ko‘ra musiqa muallifi omma oldida ijro etilgani uchun haq olish huquqini saqlaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash