Murojaatlarni berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi (1/2)
Moddalar
21-modda. Murojaatlarni berish tartibi
Murojaatlar ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga bevosita yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni o‘z vakiliga berishga yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
Murojaatga u bo‘yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning ko‘chirma nusxalari, shuningdek uni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno. Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar murojaat taalluqliligi bo‘yicha boshqa davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga yuborilganda murojaatga ilova qilinishi kerak.
Murojaat pochta aloqa vositasi orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va unga ilovalar mavjudligi tekshiriladi. Konvertda murojaat mavjud bo‘lmasa yoki u shikastlangan bo‘lsa, shuningdek murojaatda ko‘rsatilgan ilovalar mavjud bo‘lmasa, dalolatnoma tuzilib, uning bir nusxasi murojaat etuvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yuboriladi.
22-modda. Murojaatlarni berish muddatlari
Murojaatlarni berish muddatlari, qoida tariqasida, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxslarining murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.
Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.
Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko‘rib chiquvchi davlat organi, tashkilot yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tiklanadi.
23-modda. Murojaatlar bo‘yicha ish yuritish
Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan murojaat o‘sha kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat organlarida, tashkilotlarda murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftari yuritilib, unda murojaatning tartib raqami va kelib tushgan sanasi, murojaat etuvchi jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), yuridik shaxsning nomi, murojaatning qisqacha mazmuni, ijrosi to‘g‘risidagi belgi, shuningdek boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Davlat organlari, tashkilotlar murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etishi mumkin.
Davlat organining rahbariga yoki vakolat berilgan mansabdor shaxsiga ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. Bunda jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, murojaatning qisqacha mazmuni, shuningdek uni ko‘rib chiqish natijasi ommaviy qabul bayonnomasida ko‘rsatiladi.
Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish bo‘yicha ish yuritish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi
Davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar shu organ, tashkilot tomonidan yoki murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha zimmasiga majburiyatlar yuklatilgan mansabdor shaxslar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Davlat organiga, tashkilotga kelib tushgan murojaatlar bo‘ysunuv tartibida quyi turuvchi bo‘linmalarga ham yuborilishi mumkin.
Agar murojaatda davlat organlari, tashkilotlarning bir nechta tarkibiy bo‘linmalariga taalluqli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning barchasi murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ijrochilar etib belgilanadi. Ijrochilar o‘rtasida birinchi ko‘rsatilgan tarkibiy bo‘linma murojaatning ko‘rib chiqilishini boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda ta’minlaydi.
Murojaatni to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo‘lgan taqdirda, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchidan, shuningdek o‘z vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar o‘zlaridan so‘ralayotgan axborotni o‘n kun ichida taqdim etishi shart.
24-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi (davomi)
Murojaatlarni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari zarur hollarda, murojaatning joyning o‘ziga borib ko‘rib chiqilishini ta’minlashi mumkin.
Agar murojaatda qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.
Agar murojaatni ko‘rib chiqishda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
24¹-modda. Voyaga yetmagan shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari
Voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli. Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini ko‘rib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ularning murojaatlarini ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Murojaatda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolatiga kirmaydigan davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari murojaatni tegishli davlat organiga, boshqa tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yoxud vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart.
25-modda. Ayrim murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi
Takroriy murojaatlar umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi, ushbu Qonunning 30-moddasida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.
Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolati doirasiga kirmaydigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga, boshqa tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi. Bunda kelib tushgan elektron murojaat elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga, tashkilotlarga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.
Agar murojaatlarda ularni tegishli davlat organlariga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish uchun zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.
Agar murojaatni ko‘rib chiqish davomida murojaatning dublikati kelib tushsa, mazkur murojaat avval kelib tushgan murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi.
Agar murojaatning dublikati murojaat ko‘rib chiqilganidan va javob yuborilganidan keyin kelib tushsa, bu haqda davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini tegishli tartibda xabardor qiladi.
25-modda. Ayrim murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi (davomi)
Murojaatlarning turlariga kiritilmagan xatlarni (tashakkurnomalar, tabriknomalar, taklifnomalar, fikr-mulohazalarni) ko‘rib chiqish davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ularning o‘z ixtiyoriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Bilimingizni sinang
«Murojaatlar to‘g‘risida» qonun — 21-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Murojaat etuvchini eshitish
- Murojaatlarni berish tartibi
- Murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish kafolatlari
- Murojaat etilganda huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarga rioya etilishining kafolatlari
To‘g‘ri javob: Murojaatlarni berish tartibi. 21-modda: Murojaatlarni berish tartibi.
«Murojaatlar to‘g‘risida» qonun: «Murojaatlarni berish tartibi» qaysi moddada belgilangan?
- 17-modda
- 26-modda
- 21-modda
- 18-modda
To‘g‘ri javob: 21-modda. 21-modda: Murojaatlarni berish tartibi.
«Murojaatlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, murojaatlar kimga beriladi?
- Murojaat etuvchining yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga yoxud sud organiga bevosita
- Faqat davlat organi rahbarining shaxsiy kotibiga yoki ishlar boshqaruvchisiga yozma ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri
- Masalani hal etish o‘z vakolatiga kiradigan organga bevosita yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga
- Faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasiga, u orqali esa boshqa organlarga yuborish uchun
To‘g‘ri javob: Masalani hal etish o‘z vakolatiga kiradigan organga bevosita yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga. Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, murojaat vakolatiga kiruvchi organga bevosita yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.
Qonunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni qanday usullarda berishga haqli?
- Mustaqil ravishda, o‘z vakili orqali, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborish bilan
- Faqat mustaqil ravishda va faqat yozma shaklda, shaxsan davlat organiga kelib topshirish yo‘li bilan
- Faqat o‘z vakili orqali yoki faqat notarius tomonidan tasdiqlangan shaklda yuborish yo‘li bilan
- Mustaqil ravishda yoki faqat sud orqali, pochta va elektron shaklda yuborish taqiqlangan holda
To‘g‘ri javob: Mustaqil ravishda, o‘z vakili orqali, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborish bilan. Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, murojaat mustaqil, vakil orqali, pochta vositalari orqali yoki elektron shaklda berilishi mumkin.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan keksa Qobilning manfaatlarini ko‘zlab davlat organiga murojaat yuborish kerak. Kim bunday murojaatni bera oladi?
- Faqat Qobilning o‘zi, chunki murojaat huquqi shaxsiy huquq bo‘lib, boshqaga o‘tmaydi
- Qobilning har qanday qo‘shnisi, hech qanday vakolat hujjatisiz murojaat bera oladi
- Faqat mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, chunki layoqatsiz shaxslar nomidan u murojaat beradi
- Qobilning qonuniy vakili qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda murojaat bera oladi
To‘g‘ri javob: Qobilning qonuniy vakili qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda murojaat bera oladi. Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, muomalaga layoqatsiz shaxslar manfaatlarini ko‘zlab murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan beriladi.
Nilufar murojaatiga avvalgi qaror nusxasini ilova qilgan edi. Javob olgach, u hujjatlarini qaytarib berish haqida yozma ariza bilan murojaat qildi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Hujjatlar qaytarilmaydi, chunki ilova qilingan hujjatlar har qanday holatda organda qoladi
- Hujjatlar qaytariladi, chunki murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan
- Hujjatlar faqat sud qarori mavjud bo‘lgan taqdirdagina murojaat etuvchiga qaytarilishi mumkin
- Hujjatlar qaytariladi, lekin faqat Nilufar yuridik shaxs vakili bo‘lgan taqdirdagina qaytariladi
To‘g‘ri javob: Hujjatlar qaytariladi, chunki murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan. Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, ilova hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi yozma ariza bergan hollar bundan mustasno.
Davlat organiga pochta orqali kelgan konvertda murojaatda ko‘rsatilgan ilovalardan biri yo‘q edi. Organ xodimi qanday ish tutishi kerak?
- Murojaatni ko‘rmay qoldirib, uni anonim murojaat sifatida hisobdan chiqarishi va hech kimni xabardor qilmasligi kerak
- Yetishmagan ilovani murojaat etuvchining ishonch telefoni orqali og‘zaki so‘rab olib, ko‘rishni davom ettirishi kerak
- Dalolatnoma tuzishi va uning bir nusxasini murojaat etuvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yuborishi kerak
- Dalolatnoma tuzib, uni faqat yuqori turuvchi organga yuborishi, murojaat etuvchiga esa yubormasligi kerak
To‘g‘ri javob: Dalolatnoma tuzishi va uning bir nusxasini murojaat etuvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yuborishi kerak. Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, ilova yetishmasa dalolatnoma tuziladi va uning bir nusxasi murojaat etuvchiga yuboriladi.
Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat huquq buzilgani ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan qancha muddatda beriladi?
- Bir yildan kechiktirmay
- Olti oydan kechiktirmay
- Ikki yildan kechiktirmay
- Uch oydan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: Bir yildan kechiktirmay. Ariza yoki shikoyat huquq buzilgani ma’lum bo‘lgandan uzog‘i bilan bir yil ichida beriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash