XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Murojaatlar to‘g‘risida» qonun · 26–31-m.

Murojaatlarni berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi (2/2)

Moddalar

26-modda. Murojaat etuvchini eshitish

Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, boshqa tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari o‘z tashabbusiga ko‘ra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga ko‘ra uni eshitishni tashkil etishi mumkin.

Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchiga murojaatda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirish va murojaat bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etish imkoniyatini beradi. Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini eshitishga ekspertlarni, mutaxassislarni va manfaatdor tashkilotlarning vakillarini jalb etishi mumkin.

27-modda. Murojaatlarga javoblar

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda murojaat qiluvchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatga javobni davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning mansabdor shaxsi imzolaydi.

Jamoaviy murojaatlarga javob, agar murojaatda javobni boshqa shaxsga yuborish talab etilmagan bo‘lsa, murojaat qiluvchilarning ro‘yxatida birinchi ko‘rsatilgan shaxsga yuboriladi.

Murojaat, agar unda qo‘yilgan barcha masalalar ushbu Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda, ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Murojaatlarga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, javoblar murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni inkor etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonunchilik hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.

Ommaviy qabullar vaqtida davlat organining rahbariga yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxsiga kelib tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarga yozma javob yoki elektron shakldagi javob talab etilmaydi.

28-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

29-modda. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish

Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

mazkur Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.

Murojaatlar ko‘rmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar ko‘rmay qoldirilganligi to‘g‘risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.

30-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishni tugatish

Murojaatlarni ko‘rib chiqish quyidagi hollarda tugatiladi:

agar takroriy murojaatlarda yangi vajlar yoki yangidan ochilgan holatlar keltirilmagan bo‘lsa, ilgarigi murojaat materiallarida esa tekshiruvlarning to‘la-to‘kis materiallari mavjud bo‘lsa va murojaat qiluvchiga belgilangan tartibda javoblar berilgan bo‘lsa;

agar murojaat qiluvchi o‘z murojaatini belgilangan tartibda chaqirib olgan bo‘lsa yoki uni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risida iltimos qilgan bo‘lsa;

yashash joyi, turgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili yoki boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilmaganligi tufayli chaqirishning imkoni yo‘qligi sababli murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoniyati bo‘lmaganda;

murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud emasligi sababli, davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmay qolgan taqdirda;

agar murojaat qiluvchi jismoniy shaxs vafot etganidan so‘ng murojaatni ko‘rib chiqish huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa.

Murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risidagi qarorni davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi qabul qiladi.

Takroriy murojaatni ko‘rib chiqish ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisiga muvofiq tugatilganda, murojaat qiluvchi takroriy murojaatning asossizligi va ushbu masala yuzasidan u bilan yozishmalar tugatilishi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinadi. Yozishmalar olib borish tugatilgan murojaat qiluvchidan takroriy murojaat kelib tushgan taqdirda, bunday murojaatni ko‘rib chiqish murojaat qiluvchini bu haqda xabardor qilmasdan tugatiladi.

30-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishni tugatish (davomi)

Murojaatni ko‘rib chiqish uni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha tugatilganda murojaat murojaat qiluvchiga davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxsining xati bilan birga uch kun ichida qaytariladi. Murojaatni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.

Murojaat qiluvchi chaqirilgan jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining kelmay qolganligi sababli murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilinadi.

31-modda. Murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish

Jismoniy yoki yuridik shaxsning iltimosiga ko‘ra murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari murojaatga javobni uning mazmunini o‘zgartirmasdan tushuntirishi, shuningdek yo‘l qo‘yilgan xatolar va arifmetik xatolarni o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki murojaat qiluvchining iltimosiga ko‘ra, murojaatga javobning mazmuniga daxl qilmagan holda tuzatishi shart.

Murojaat qiluvchining murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish to‘g‘risidagi iltimosi u kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Bilimingizni sinang

Murojaat etuvchini eshitishni tashkil etish qaysi asoslarda mumkin?
  1. Faqat yuqori turuvchi organning yozma ko‘rsatmasiga ko‘ra yoki prokuror taqdimiga ko‘ra
  2. Faqat murojaat etuvchining yozma roziligi bilan va sud ishtirokida
  3. Organning o‘z tashabbusiga ko‘ra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga ko‘ra
  4. Faqat takroriy murojaat kelib tushgan hollarda va rahbarning buyrug‘iga asosan

To‘g‘ri javob: Organning o‘z tashabbusiga ko‘ra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga ko‘ra. Qonunning 26-moddasiga ko‘ra, eshitish organning o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki murojaat etuvchining iltimosiga ko‘ra tashkil etilishi mumkin.

Murojaat etuvchini eshitishga davlat organi kimlarni jalb etishi mumkin?
  1. Ekspertlarni, mutaxassislarni va manfaatdor tashkilotlarning vakillarini
  2. Faqat sud hay’ati a’zolarini, prokuratura va ichki ishlar xodimlarini
  3. Faqat murojaat etuvchining yaqin qarindoshlari va qo‘shnilarini
  4. Faqat ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va muxbirlarini

To‘g‘ri javob: Ekspertlarni, mutaxassislarni va manfaatdor tashkilotlarning vakillarini. Qonunning 26-moddasiga ko‘ra, eshitishga ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlarning vakillari jalb etilishi mumkin.

«Murojaatlar to‘g‘risida» qonun — 27-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Murojaatlar bo‘yicha ish yuritish
  2. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organining, tashkilotning va ular mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari
  3. Murojaatlarga javoblar
  4. Voyaga yetmagan shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari

To‘g‘ri javob: Murojaatlarga javoblar. 27-modda: Murojaatlarga javoblar.

«Murojaatlar to‘g‘risida» qonun: «Murojaatlarga javoblar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 24¹-modda
  2. 27-modda
  3. 23-modda
  4. 33-modda

To‘g‘ri javob: 27-modda. 27-modda: Murojaatlarga javoblar.

Murojaatga javobni kim imzolaydi?
  1. Murojaatni birinchi bo‘lib ko‘rgan kichik ijrochi xodim yakka tartibda
  2. Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazgan kotib va uni ro‘yxatga olgan bo‘lim boshlig‘i
  3. Yuqori turuvchi organning ishlar boshqaruvchisi va uning tayinlangan vakili
  4. Davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning mansabdor shaxsi

To‘g‘ri javob: Davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning mansabdor shaxsi. Qonunning 27-moddasiga ko‘ra, javobni organning rahbari yoki uning mansabdor shaxsi imzolaydi.

Mahallaning o‘n ikki nafar aholisi jamoaviy murojaat yo‘lladi. Ro‘yxatda birinchi bo‘lib Aliyev, so‘ngra boshqalar ko‘rsatilgan. Javobni boshqa shaxsga yuborish talab etilmagan. Javob kimga yuboriladi?
  1. Ro‘yxatda eng keksa shaxs bo‘lgan murojaat etuvchiga yuboriladi
  2. Ro‘yxatda birinchi ko‘rsatilgan shaxs — Aliyevga yuboriladi
  3. Ro‘yxatdagi har bir shaxsga alohida-alohida yuboriladi
  4. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga yoki hokimga yuboriladi

To‘g‘ri javob: Ro‘yxatda birinchi ko‘rsatilgan shaxs — Aliyevga yuboriladi. Qonunning 27-moddasiga ko‘ra, jamoaviy murojaatga javob ro‘yxatda birinchi ko‘rsatilgan shaxsga yuboriladi.

Hokimning ommaviy qabulida fuqaro Zafar og‘zaki murojaat qildi va masala joyida hal etildi. Keyin Zafar yozma javob berilishini talab qildi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Yozma javob majburiy, chunki ommaviy qabulda hal etilgan barcha og‘zaki murojaatlarga yozma javob berish shartdir
  2. Elektron javob majburiy, chunki ommaviy qabulda hal etilgan murojaatlarga faqat shunday javob beriladi
  3. Yozma yoki elektron javob talab etilmaydi, chunki joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarga bunday javob shart emas
  4. Yozma javob faqat Zafar yuridik shaxsning vakili bo‘lgan taqdirdagina talab etilishi mumkin bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Yozma yoki elektron javob talab etilmaydi, chunki joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarga bunday javob shart emas. Qonunning 27-moddasiga ko‘ra, ommaviy qabulda joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarga yozma yoki elektron javob talab etilmaydi.

Murojaat qachon ko‘rib chiqilgan hisoblanadi?
  1. Unda qo‘yilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilib, murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilganda
  2. Murojaat ro‘yxatdan o‘tkazilib, unga ijrochi tayinlanganda va rahbar uni ko‘rib chiqishga qabul qilganda
  3. Murojaatdagi masalalarning kamida yarmi hal etilib, bu haqda ichki hujjatga belgi qo‘yilganda va rahbar imzolaganda
  4. Murojaat bo‘yicha qaror qabul qilinib, uning nusxasi organning arxiviga topshirilganda va hisobga olinganda hamda saqlanganda

To‘g‘ri javob: Unda qo‘yilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilib, murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilganda. Qonunning 27-moddasiga ko‘ra, barcha masalalar ko‘rib chiqilib, javob yuborilgan taqdirda murojaat ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMurojaatlarni berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi (1/2)Keyingi →Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, davlat organlarining, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari