Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, davlat organlarining, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari
Moddalar
32-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari
Murojaatlar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
murojaatni ko‘rib chiqishning borishi to‘g‘risida axborot olish;
vajlarni shaxsan bayon etish va tushuntirishlar berish;
murojaatni tekshirish materiallari va uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish;
qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki bunday materiallarni boshqa organlardan talab qilib olish to‘g‘risida iltimos qilish;
advokat yordamidan foydalanish;
murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risida yoxud murojaatga javobni tushuntirish va (yoki) uni tuzatish to‘g‘risida iltimos qilish;
o‘z murojaatini u ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan paytda murojaat bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan chaqirib olish;
murojaatni qabul qilishni yoki ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etganlik ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish.
Jismoniy va yuridik shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
33-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organining, tashkilotning va ular mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:
murojaatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
murojaat qiluvchi yoki boshqa shaxs yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqish mumkin bo‘lmaganda yoxud murojaatni eshitish uchun uni chaqirish;
bila turib yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan murojaatni tekshirish sababli yetkazilgan xarajatlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risida sudga murojaat qilish.
Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari:
murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
murojaat qiluvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini, agar ular davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, ta’minlashi;
murojaat etuvchiga ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko‘rib chiqilganidan so‘ng yozma yoxud elektron shaklda darhol xabar qilishi, ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal qilingan og‘zaki murojaatlar bundan mustasno;
33-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organining, tashkilotning va ular mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari (davomi)
murojaat yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan, agar jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu qarorga rozi bo‘lmasa, shikoyat berish tartibini tushuntirishi;
murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi;
qonunga xilof harakatlarni (harakatsizlikni) bartaraf etish yuzasidan darhol chora-tadbirlar ko‘rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablar va sharoitlarni o‘z vakolatlari doirasida aniqlashi;
jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila a’zolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila a’zolari ularning murojaatlari sababli ta’qib etilishini belgilangan tartibda bartaraf etishi;
agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish choralarini ko‘rishi shart.
Davlat organlari murojaatlar bilan ish olib boruvchi o‘z xodimlarini o‘qitadi va uch yilda kamida bir marta ularning malakasini oshiradi. Davlat organlarining murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlariga nisbatan qo‘yiladigan talablar, shuningdek ularni o‘qitish va malakasini oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat organi, tashkilot va ular mansabdor shaxslarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
34-modda. Murojaatlarning ko‘rib chiqilishini monitoring va nazorat qilish
Davlat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari o‘z tuzilmaviy bo‘linmalari tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Murojaat u qaysi rahbar yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan nazoratga olingan bo‘lsa, o‘sha shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.
Oraliq javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar nazoratdan olinmaydi.
35-modda. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish
Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari kelib tushgan murojaatlarning statistik hisobini yuritadi. Statistik hisobga olishda kelib tushgan, ko‘rib chiqilgan, qanoatlantirilgan, qanoatlantirish rad etilgan, ko‘rmay qoldirilgan murojaatlarning soni, shuningdek murojaatlar bilan ishlashga bog‘liq bo‘lgan boshqa ma’lumotlar nazarda tutilishi kerak.
Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari har chorakda murojaatlarni umumlashtiradi va tahlil qiladi.
Davlat organlari murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra ma’lumotnomalar (sharhlar) tuzadi, ularda murojaatlar bilan ishlashning umumiy ko‘rsatkichlari, murojaatlarda tez-tez ko‘tarilgan masalalar, murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha aniqlangan asosiy kamchiliklar va qoida buzarliklar, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish maqsadida ko‘rilgan chora-tadbirlar aks ettiriladi.
Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra tuzilgan ma’lumotnomalar (sharhlar) tegishli davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Bilimingizni sinang
«Murojaatlar to‘g‘risida» qonun — 32-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Murojaatlarni ko‘rib chiqishni tugatish
- Nizolarni hal etish
- Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari
- Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari
To‘g‘ri javob: Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari. 32-modda: Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari.
«Murojaatlar to‘g‘risida» qonun: «Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari» qaysi moddada belgilangan?
- 28-modda
- 32-modda
- 30-modda
- 36-modda
To‘g‘ri javob: 32-modda. 32-modda: Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari.
Quyidagilardan qaysi biri murojaat ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqi hisoblanadi?
- Qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan talab qilib olish to‘g‘risida iltimos qilish
- Murojaatlarning statistik hisobini yuritish va ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hisobotlar tayyorlash
- Murojaat qiluvchini eshitish uchun chaqirish hamda uning ishtirokisiz murojaatni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilish
- Qabul qilingan qarorning ijrosini o‘zi bevosita nazorat qilish hamda mansabdor shaxslarga jazo tayinlash
To‘g‘ri javob: Qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan talab qilib olish to‘g‘risida iltimos qilish. 32-moddaga ko‘ra shaxslar qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan talab qilib olish haqida iltimos qilish huquqiga ega.
Fuqaro Aziz o‘z murojaatini hali qaror qabul qilinmasdan oldin chaqirib olmoqchi. Qonunga ko‘ra buni qanday amalga oshiradi?
- Faqat sudga ariza berib, ruxsat olish yo‘li bilan
- Yozma yoki elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan
- Faqat shaxsan ommaviy qabulda og‘zaki aytish yo‘li bilan
- Chaqirib olish mumkin emas, murojaat nazoratdan chiqmaydi
To‘g‘ri javob: Yozma yoki elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan. 32-moddaga ko‘ra murojaat qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan chaqirib olinishi mumkin.
Mansabdor shaxs fuqaro Kamolaning murojaatini qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etdi. Qonunga ko‘ra Kamola nima qila oladi?
- Faqat prokuraturaga shikoyat qiladi, yuqori organga va sudga murojaat qila olmaydi
- Faqat Vazirlar Mahkamasiga shikoyat qiladi, sudga murojaat qilishga haqli emas
- Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qiladi
- Shikoyat qilishga haqli emas, chunki murojaatni qabul qilish ixtiyoriy hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qiladi. 32-moddaga ko‘ra qonunga xilof rad etish ustidan yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish mumkin.
Davlat organi bila turib yolg‘on ma’lumot ko‘rsatilgan murojaatni tekshirish uchun xarajat qildi. Qonunga ko‘ra u bu xarajatlar o‘rnini qanday qoplatishi mumkin?
- Murojaat qiluvchi ish haqidan o‘zi ushlab qolib
- Ma’muriy jarima solib
- Prokuraturaga topshirib
- Sudga murojaat qilish orqali
To‘g‘ri javob: Sudga murojaat qilish orqali. 33-moddaga ko‘ra davlat organi yolg‘on ma’lumotli murojaatni tekshirish xarajatlarini qoplash to‘g‘risida sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Fuqaro Sanjar o‘z huquqlariga daxldor hujjatlar bilan tanishmoqchi. Hujjatlar davlat sirini o‘z ichiga olmaydi va hech kimga zarar yetkazmaydi. Qonunga ko‘ra organ qanday yo‘l tutishi kerak?
- Tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart
- Tanishuvni rad etadi, chunki hujjatlar ichki
- Faqat sud orqali tanishtiradi
- Hujjatlarni murojaat etuvchining oila a’zosiga topshiradi
To‘g‘ri javob: Tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart. 33-moddaga ko‘ra organ murojaat qiluvchiga unga daxldor hujjatlar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart (sir bo‘lmasa va zarar yetkazmasa).
Davlat organlari murojaatlar bilan ishlovchi xodimlarining malakasini kamida bir marta necha yil ichida oshiradi?
- Bir yilda
- Ikki yilda
- Besh yilda
- Uch yilda
To‘g‘ri javob: Uch yilda. Davlat organlari murojaatlar bilan ishlovchi xodimlarning malakasini uch yilda kamida bir marta oshiradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash