Umumiy qoidalar (1/2)
I Bo‘Lim. Notariat Faoliyatining Tashkiliy Asoslari
1-modda. O‘zbekiston Respublikasida notariat
O‘zbekiston Respublikasida notariat qonunda nazarda tutilgan notarial harakatlarni hamda ular bilan bevosita bog‘liq huquqiy va texnik tusdagi harakatlarni notariuslar tomonidan amalga oshirish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga da’vat etilgan huquqiy institutdir.
O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat notarial idoralari notariuslari va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan amalga oshiriladi. Notariuslarning reyestrini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuritadi
Boshqa davlatlarning hududida notarial harakatlarni O‘zbekiston Respublikasi konsullari amalga oshiradi.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasida notarius
Yigirma besh yoshdan kichik va oltmish besh yoshdan katta bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka o‘tagan, malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi notarius bo‘lishi mumkin. Sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan o‘tish talab qilinmaydi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notariat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida uch yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan e’tiboran besh yil o‘tmagan bo‘lsa, olti oy muddat stajirovka o‘taydi.
Quyidagilar notarius bo‘lishi mumkin emas:
muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxs;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
notarius, advokat, tergovchi, surishtiruvchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolatlari o‘z kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun tugatilgan shaxs — uch yil mobaynida.
Notarius yordamchi, stajyor, shuningdek notarial faoliyatni tashkil etish bilan bog‘liq boshqa xodimlarga ega bo‘lishi mumkin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasida notarius (davomi)
Notarial harakatlarni amalga oshirishda notariuslar, davlat notarial idorasida ishlashidan yoki xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar bo‘lib ishlashidan qat’i nazar, teng huquqlarga ega va bir xil majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. Davlat notarial idoralari notariuslari va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Davlat notarial idoralari notariuslariga maxsus unvonlar — mansab darajalari beriladi.
2¹-modda. Notarius yordamchisi
Yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi notarius yordamchisi bo‘lishi mumkin.
Ushbu Qonun 2-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar notarius yordamchisi bo‘lishi mumkin emas.
Davlat notarial idorasi notariusining yordamchisini ishga qabul qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya boshqarmalari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius yordamchisini ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining (bundan buyon matnda Notarial palata deb yuritiladi) tegishli hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan holda uni tavsiya qilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi.
Notarius yordamchisi notariusning topshirig‘iga ko‘ra notarial harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etishga, bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlar loyihalarini tuzishga, hujjatlarning ko‘chirma nusxalari va dublikatlarini, ulardan ko‘chirmalarni tayyorlashga, shuningdek notarial harakatlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berishga haqli.
Davlat notarial idorasi notariusi yordamchisiga maxsus unvonlar — mansab darajalari beriladi.
2²-modda. Notarius stajyori
Oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi notarius stajyori bo‘lishi mumkin.
Ushbu Qonun 2-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar notarius stajyori bo‘lishi mumkin emas.
Davlat notarial idorasi notariusining stajyorini ishga qabul qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius stajyorini ishga qabul qilish Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi tavsiyasiga asosan ushbu boshqarma tomonidan biriktirilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius tomonidan notarius stajyorini ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Stajirovka notarial idorada o‘taladi. Notarius stajyori o‘z faoliyatini notarius rahbarligida, uning alohida topshiriqlarini bajargan holda amalga oshiradi.
Notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Notarial palata bilan birgalikda belgilanadi.
3-modda. Notarius qasamyodi
Notarius O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasining majlisida quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Notarius vazifasini halol va vijdonan bajarishga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga tantanali qasamyod qilaman”.
3¹-modda. Malaka komissiyalari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari (bundan buyon matnda malaka komissiyalari deb yuritiladi) xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) to‘xtatib turish va tugatish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish maqsadida tashkil etiladi.
Malaka komissiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalarining qarorlari bilan Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi vakillari, notariuslar hamda adliya organlarining xodimlari orasidan besh nafardan to‘qqiz nafar kishigacha bo‘lgan tarkibda toq miqdorda tuziladi.
Davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini berish bo‘yicha malaka imtihonini o‘tkazish, notarius qasamyodini qabul qilish, malaka komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish, shuningdek malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun o‘n bir nafar kishidan iborat tarkibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Oliy malaka komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
Oliy malaka komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyalari, Notarial palata vakillari, notariuslar hamda adliya organlarining xodimlari, shuningdek advokatlar kiradi. Oliy malaka komissiyasining shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
3¹-modda. Malaka komissiyalari (davomi)
Tanlov o‘tkazish va malaka imtihoni topshirish tartibi, Oliy malaka komissiyasi va malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
5-modda. Notariusning mustaqilligi va betarafligi
Notarius o‘z faoliyatida mustaqil va betaraf bo‘lib, uni amalga oshirishda notariat to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qiladi.
6-modda. Notarial harakatlarning maxfiyligi
Notariusning, notarial harakatlarni amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxslarning, shuningdek amalga oshirilayotgan notarial harakatlar to‘g‘risida o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xabardor bo‘lib qolgan shaxslarning o‘zlariga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilishi, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ham oshkor qilishi taqiqlanadi.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (hujjatlar) bu harakatlar kimning nomidan yoki kimning topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha shaxslarning o‘zigagina berilishi mumkin.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar (ma’lumotlar) sud, prokuratura, surishtiruv va tergov organlari yurituvida bo‘lgan ishlar munosabati bilan ularning talabiga binoan beriladi.
Notariuslar tomonidan shuningdek:
maxsus vakolatli davlat organiga — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lgan amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar (ma’lumotlar);
davlat soliq xizmati organiga — ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini, mol-mulk ijarasi shartnomalarini tasdiqlash va ijara haqining miqdori to‘g‘risidagi, shuningdek meros yoki hadya tartibida fuqarolar mulkiga o‘tayotgan mol-mulkning qiymati haqidagi ma’lumotnomalar;
6-modda. Notarial harakatlarning maxfiyligi (davomi)
ichki ishlar organiga — avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish huquqi uchun ishonchnomalarni, ushbu vositalarni boshqa shaxsga o‘tkazish, ijaraga berish, ulardan tekin foydalanish, ularning garov, lizing shartnomalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;
qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga — boshqa shaxsga o‘tkazilayotgan ko‘chmas mulkning kadastr raqami to‘g‘risidagi va oluvchi haqidagi ma’lumotlar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga (bundan buyon matnda ijtimoiy himoya organi deb yuritiladi) umrbod ta’minlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi to‘g‘risidagi, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqidagi arizada imzoning haqiqiyligi shahodatlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizaga asosan yuborilgan so‘rovga ko‘ra, amalga oshirilgan notarial harakatlar haqidagi ma’lumotnomalar (ma’lumotlar), shu jumladan qimmatli qog‘ozlar, ko‘chmas mulk, avtomototransport vositalarining oldi-sotdi, hadya, ijara, garov, tekin foydalanish, lizing shartnomalari to‘g‘risidagi va ijara haqining miqdori haqidagi, avtomototransport vositasini boshqarish va sotish huquqi bilan berilgan ishonchnomalar to‘g‘risidagi, meros va hadya tartibida fuqarolar mulkiga o‘tayotgan mol-mulkning qiymati hamda daromad keltiradigan va majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan boshqa bitimlarning miqdori haqidagi ma’lumotlar;
6-modda. Notarial harakatlarning maxfiyligi (davomi)
kredit byurosiga uning so‘roviga ko‘ra — bitim predmeti bo‘lgan obyektni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash yoki ushbu obyektga nisbatan xatlov mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar (ma’lumotlar);
rieltorlik tashkilotiga uning so‘roviga ko‘ra — bitim predmeti bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektini boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash yoki ushbu obyektga nisbatan xatlov mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar (ma’lumotlar);
manfaatdor shaxslarga vasiyat qiluvchining vafotidan keyin — vasiyatnoma to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar beriladi.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi maqsadida uning so‘roviga ko‘ra taqdim etiladi.
Ma’lumotnomalarni (ma’lumotlarni) taqdim etish axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
«Notariat to‘g‘risida» qonun: «O‘zbekiston Respublikasida notariat» qaysi moddada belgilangan?
- 1-modda
- 2-modda
- 7-modda
- 2²-modda
To‘g‘ri javob: 1-modda. 1-modda: O‘zbekiston Respublikasida notariat.
Notariat to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida notariat nima?
- Notarial harakatlarni notariuslar amalga oshirishi orqali shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga da’vat etilgan huquqiy institut
- Notariuslar tomonidan davlat nomidan sud hukmlarini ijro etish orqali jamiyat tartibini ta’minlashga da’vat etilgan huquqiy institut va davlat organi
- Notarial harakatlarni faqat davlat organlari amalga oshirishi orqali fuqarolarning mulkiy manfaatlarini nazorat qilishga mo‘ljallangan ma’muriy tizim
- Shartnomalar tuzishda tomonlarning majburiyatlari bajarilishini sud tartibida majbur qilishga da’vat etilgan, notariuslar faoliyatini birlashtiruvchi nodavlat tashkilot
To‘g‘ri javob: Notarial harakatlarni notariuslar amalga oshirishi orqali shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga da’vat etilgan huquqiy institut. Qonunning 1-moddasiga ko‘ra notariat huquq va qonuniy manfaatlarni himoya qilishni ta’minlashga da’vat etilgan huquqiy institutdir.
Notariuslarning reyestrini qaysi organ yuritadi?
- O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy malaka komissiyasi
- O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. 1-moddaga ko‘ra notariuslarning reyestrini Adliya vazirligi yuritadi.
Boshqa davlatlarning hududida notarial harakatlarni kim amalga oshiradi?
- Chet eldagi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xodimlari
- O‘zbekiston Respublikasi konsullari
- Notarial palataning chet eldagi vakillari
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi konsullari. 1-moddaga ko‘ra xorijda notarial harakatlarni O‘zbekiston konsullari bajaradi.
Notarius bo‘lishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining quyi yosh chegarasi qanday?
- Yigirma besh yoshdan
- Yigirma yoshdan
- O‘ttiz yoshdan
- Yigirma uch yoshdan
To‘g‘ri javob: Yigirma besh yoshdan. Notarius bo‘lish uchun fuqaro yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmasligi kerak.
Notarius bo‘lishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining yuqori yosh chegarasi qanday?
- Yetmish besh yoshdan
- Yetmish yoshdan
- Oltmish yoshdan
- Oltmish besh yoshdan
To‘g‘ri javob: Oltmish besh yoshdan. Notarius bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxs oltmish besh yoshdan katta bo‘lmasligi shart.
Notarius bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsning yoshiga qo‘yiladigan talab qanday?
- Yigirma yoshdan kichik va oltmish yoshdan katta bo‘lmagan
- O‘ttiz yoshdan kichik va oltmish besh yoshdan katta bo‘lmagan
- Yigirma besh yoshdan kichik va yetmish yoshdan katta bo‘lmagan
- Yigirma besh yoshdan kichik va oltmish besh yoshdan katta bo‘lmagan
To‘g‘ri javob: Yigirma besh yoshdan kichik va oltmish besh yoshdan katta bo‘lmagan. 2-modda: notarius yigirma besh yoshdan kichik va oltmish besh yoshdan katta bo‘lmagan fuqaro bo‘lishi mumkin.
Notarius bo‘lish uchun talab qilinadigan stajirovka notarial idorada kamida qancha muddat o‘taladi?
- Kamida bir yil
- Kamida olti oy
- Kamida ikki yil
- Kamida uch yil
To‘g‘ri javob: Kamida bir yil. 2-moddaga ko‘ra notarial idorada kamida bir yil stajirovka o‘tish talab etiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash