Notariusning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
I Bo‘Lim. Notariat Faoliyatining Tashkiliy Asoslari
17-modda. Notariusning huquqlari
Notarius quyidagi huquqlarga ega:
o‘ziga murojaat qilgan barcha shaxslar uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan notarial harakatlarni amalga oshirish, notarial harakatni amalga oshirish joyi qonunchilikda belgilab qo‘yilgan hollar bundan mustasno;
bitim va arizalarning loyihalarini tuzish, hujjatlarning nusxalarini va ulardan ko‘chirmalarni tayyorlash, shuningdek notarial harakatlarning amalga oshirilishiga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
jismoniy va yuridik shaxslardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni talab qilib olish.
davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni so‘rash hamda olish;
jismoniy va yuridik shaxslar nomidan tegishli davlat organlariga mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni va hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshirish uchun, shuningdek hujjatlarning chet elda amal qilishi uchun mazkur organlar tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlarni olgan holda hujjatlarni legallashtirish uchun murojaat qilish.
yuridik shaxslarning rahbar organlari yig‘ilishlarida ularning taklifiga ko‘ra ishtirok etish.
18-modda. Notariusning majburiyatlari
Notarius:
jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z huquqlarini amalga oshirishda va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ko‘maklashishi, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirib berishi;
taraflar taqdim etgan bitimlar loyihalarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishi hamda ularning mazmuni taraflarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va ushbu bitimlarning qonun talablariga zid kelish-kelmasligini tekshirishi;
yuridik jihatdan bexabarlikdan jismoniy va yuridik shaxslarning zarariga foydalanilmasligi uchun ularni amalga oshirilayotgan notarial harakatlarning oqibatlari haqida ogohlantirishi;
qonunchilikka mos kelmaydigan notarial harakatni amalga oshirishni rad etishi;
notarial harakatlarni amalga oshirish chog‘ida fuqarolar yoki mansabdor shaxslar tomonidan qonuniylik buzilganligini aniqlagan taqdirda, zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun tegishli korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yoki prokurorga bu haqda xabar qilishi;
uch yilda kamida bir marta o‘z kasbiy malakasini oshirishi;
sud, prokuratura, surishtiruv va tergov organlari yurituvida bo‘lgan ishlar bilan bog‘liq notarial harakatlarni amalga oshirganlik to‘g‘risida ularning talabiga binoan ma’lumotnomalar (ma’lumotlar) berishi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lgan amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni (ma’lumotlarni) maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etishi;
18-modda. Notariusning majburiyatlari (davomi)
ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini, mol-mulk ijarasi shartnomalarini tasdiqlash va ijara haqining miqdori to‘g‘risidagi, shuningdek meros yoki hadya tartibida fuqarolar mulkiga o‘tayotgan mol-mulkning qiymati haqidagi ma’lumotnomalarni davlat soliq xizmati organiga taqdim etishi;
avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish huquqi uchun ishonchnomalarni, ushbu vositalarni boshqa shaxsga o‘tkazish, ijaraga berish, ulardan tekin foydalanish, ularning garov, lizing shartnomalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni ichki ishlar organiga taqdim etishi;
boshqa shaxsga o‘tkazilayotgan ko‘chmas mulkning kadastr raqami to‘g‘risidagi va oluvchi haqidagi ma’lumotlarni qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalariga taqdim etishi;
umrbod ta’minlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi to‘g‘risidagi, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqidagi arizada imzoning haqiqiyligi shahodatlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ijtimoiy himoya organiga taqdim etishi;
amalga oshirilgan notarial harakatlar haqidagi ma’lumotnomalarni (ma’lumotlarni), shu jumladan qimmatli qog‘ozlar, ko‘chmas mulk, avtomototransport vositalarining oldi-sotdi, hadya, ijara, garov, tekin foydalanish, lizing shartnomalari to‘g‘risidagi va ijara haqining miqdori haqidagi, avtomototransport vositasini boshqarish va sotish huquqi bilan berilgan ishonchnomalar to‘g‘risidagi, meros va hadya tartibida fuqarolar mulkiga o‘tayotgan mol-mulkning qiymati hamda daromad keltiradigan va majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan boshqa bitimlarning miqdori haqidagi ma’lumotlarni ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizaga asosan ijtimoiy himoya organi tomonidan yuborilgan so‘rovga ko‘ra taqdim etishi;
18-modda. Notariusning majburiyatlari (davomi)
bitim predmeti bo‘lgan obyektni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash yoki ushbu obyektga nisbatan xatlov mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni (ma’lumotlarni) kredit byurolarining so‘roviga ko‘ra taqdim etishi;
bitim predmeti bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektini boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash yoki ushbu obyektga nisbatan xatlov mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni (ma’lumotlarni) rieltorlik tashkilotining so‘roviga ko‘ra taqdim etishi;
vasiyat qiluvchining vafotidan keyin manfaatdor shaxslarga vasiyatnoma to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni taqdim etishi;
amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining so‘roviga ko‘ra taqdim etishi shart.
Litsenziya olgan notarius ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
notarial idora tashkil etilgan notarial okrugda kamida ikki yil ishlab berishi;
faoliyati o‘n kundan ortiq muddatga to‘xtatilgan notariusning ish yurituvidagi hujjatlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi tomonidan belgilangan hollarda qabul qilib olishi;
Notarial palata konferensiyasi tomonidan miqdori belgilanadigan kirish va a’zolik badallarini Notarial palataga to‘lashi shart.
19-modda. Notariusning javobgarligi
Notarius o‘z majburiyatlarini buzganligi uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgar bo‘ladi.
Davlat notarial idorasining notariusi tomonidan o‘z majburiyatlarini buzganligi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda davlat tomonidan qoplanadi.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius notarial harakatlar orqali qonunni buzganligi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zarar uchun, agar ushbu moddada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, mulkiy javobgar bo‘ladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta badali (sug‘urta summasi) yoki sug‘urta badali yetarli bo‘lmagan taqdirda notariusning shaxsiy mol-mulki hisobidan, notariusning shaxsiy mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi hisobidan qoplanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning qasddan sodir etgan xatti-harakatlari natijasida zarar yetkazilganligi sudning qarori bilan tasdiqlangan taqdirda, ushbu zararning o‘rni Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi hisobidan qoplanmaydi.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar uchun davlat javobgar bo‘lmaydi.
19¹-modda. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini sug‘urta qilish
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius notarial faoliyatni amalga oshirishda notariusning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasini tuzishi shart.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasini tuzmasdan o‘zining majburiyatlarini va notarial harakatlarni amalga oshirishga haqli emas.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga va (yoki) notarial faoliyatni amalga oshirishdagi uchinchi shaxslarga mulkiy zarar yetkazilganligi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi xavfi bilan bog‘liq mulkiy manfaatlar fuqarolik javobgarlikni sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta obyektidir.
Qonunchilikka zid notarial harakatni amalga oshirish natijasida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy yoki yuridik shaxsga mulkiy zarar yetkazilganligining sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan belgilangan yoki sug‘urta qiluvchi tomonidan tan olingan fakti notariusning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta hodisasidir.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasi quyidagi eng kam miqdordan kam bo‘lishi mumkin emas:
Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlarning ma’muriy markazlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining kamida ming baravaridan;
19¹-modda. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini sug‘urta qilish (davomi)
boshqa aholi punktlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh yuz baravaridan.
Bilimingizni sinang
Notariusning huquqlariga quyidagilardan qaysi biri kiradi?
- Bitim va arizalar loyihalarini tuzish hamda notarial harakatlarga doir tushuntirishlar berish
- Bitim va arizalar loyihalarini tuzish hamda sud ishlarida tomonlar vakili sifatida qatnashish
- Bitim loyihalarini tuzish hamda taraflar nomidan davlat organlarida mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish
- Arizalar loyihalarini tuzish hamda taraflar uchun majburiyatlarini bajarishni kafolatlash
To‘g‘ri javob: Bitim va arizalar loyihalarini tuzish hamda notarial harakatlarga doir tushuntirishlar berish. 17-moddada loyihalarni tuzish va tushuntirishlar berish notariusning huquqi sifatida sanalgan.
Notarius davlat organlari, korxonalar va tashkilotlarga nisbatan qanday huquqqa ega?
- Faqat sud orqali notarial harakatlar uchun zarur ma’lumotlarni so‘rash hamda olish
- Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur ma’lumotlarni so‘rash hamda olish
- Davlat organlariga notarial harakatlar bo‘yicha ko‘rsatma berish hamda ularni nazorat qilish
- Tashkilotlar xodimlarini jarimaga tortish va ular faoliyatini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish
To‘g‘ri javob: Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur ma’lumotlarni so‘rash hamda olish. 17-modda notariusga zarur ma’lumot va hujjatlarni so‘rash hamda olish huquqini beradi.
Notarius yuridik shaxslarning rahbar organlari yig‘ilishlarida qanday huquqqa ega?
- Ularning qarorlarini bekor qilish hamda ovoz berish
- Majlis kun tartibini belgilash hamda raislik qilish
- Ularning taklifiga ko‘ra yig‘ilishlarda ishtirok etish
- Taklifsiz ham har qanday yig‘ilishda ovoz berib ishtirok etish
To‘g‘ri javob: Ularning taklifiga ko‘ra yig‘ilishlarda ishtirok etish. 17-modda: notarius yuridik shaxslarning rahbar organlari yig‘ilishlarida ularning taklifiga ko‘ra ishtirok etadi.
Notarius o‘z kasbiy malakasini kamida qancha vaqt oralig‘ida oshirishi shart?
- Har yili
- Ikki yilda
- Uch yilda
- Besh yilda
To‘g‘ri javob: Uch yilda. Notarius uch yilda kamida bir marta o‘z kasbiy malakasini oshirishi shart.
Notarius uch yil davomida kamida necha marta o‘z kasbiy malakasini oshirishi shart?
- To‘rt marta
- Uch marta
- Bir marta
- Ikki marta
To‘g‘ri javob: Bir marta. Notarius uch yilda kamida bir marta o‘z kasbiy malakasini oshirishi shart.
«Notariat to‘g‘risida» qonun — 18-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish
- Notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish tartibi
- Notariusning huquqlari
- Notariusning majburiyatlari
To‘g‘ri javob: Notariusning majburiyatlari. 18-modda: Notariusning majburiyatlari.
«Notariat to‘g‘risida» qonun: «Notariusning majburiyatlari» qaysi moddada belgilangan?
- 18-modda
- 15-modda
- 15²-modda
- 17-modda
To‘g‘ri javob: 18-modda. 18-modda: Notariusning majburiyatlari.
Bitim loyihasi taqdim etilganda notarius nimani tekshirishi shart?
- Bitim mazmuni taraflarning moliyaviy ahvoliga mosligini va soliq qarzi yo‘qligini
- Bitim qiymati bozor narxiga mosligini va taraflarning yoshi yigirma beshdan oshganligini
- Bitim matni davlat tilida yozilganligini va unda taraflarning shaxsiy fotosuratlari mavjudligini
- Bitim mazmuni taraflarning asl maqsadiga mosligini va qonun talablariga zid emasligini
To‘g‘ri javob: Bitim mazmuni taraflarning asl maqsadiga mosligini va qonun talablariga zid emasligini. 18-moddada notarius bitim mazmunining taraflar maqsadiga mosligini va qonunga zid emasligini tekshirishi shart.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash