Notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish, uning faoliyatini tashkil etish tartibi
I Bo‘Lim. Notariat Faoliyatining Tashkiliy Asoslari
14-modda. Davlat notarial idoralarining tarmog‘i va shtatlari
O‘zbekiston Respublikasida davlat notarial idoralarining tarmog‘i, shtatlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Ikki nafar va undan ortiq notarius ishlaydigan davlat notarial idoralarida notariuslardan biri katta notarius etib tayinlanadi hamda uning zimmasiga ushbu notarial idoraning ma’muriy-tashkiliy ishlarini nazorat qilish majburiyatlari yuklatiladi.
15-modda. Notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish tartibi
Notarius lavozimi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ta’sis etiladi va tugatiladi.
Muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notariuslar lavozimlarining eng kam soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatiladigan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
15¹-modda. Notarius maqomiga ega bo‘lish. Notariusni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish
Litsenziya shaxsning xususiy notarial faoliyatini amalga oshirishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatdir.
Litsenziya Oliy malaka komissiyasining notariuslik vakolatlarini berish bo‘yicha malaka imtihoni yakunlari yuzasidan chiqariladigan qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladi.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) litsenziya olish uchun malaka imtihoni topshirishi shart.
Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida olti oydan keyin qo‘yiladi.
Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor bir oy muddat ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga, adliya boshqarmalariga litsenziya olish uchun murojaat qilishi kerak.
Talabgor tomonidan litsenziya olish uchun murojaat qilish muddatining uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilishi litsenziyaning amal qilishini tugatishga asos bo‘ladi.
Davlat notarial idorasi notariusiga litsenziya uning arizasiga ko‘ra, malaka imtihoni topshirmasdan beriladi.
Belgilangan tartibda litsenziya olgan, talabgor shaxs litsenziya olgan kundan e’tiboran uch oy ichida notarial idora tashkil etishi va notarial harakatlarni amalga oshirishga kirishishi shart.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius notarial idora tashkil etilgan paytdan e’tiboran uch kun ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligini, adliya boshqarmasini bu haqda xabardor qiladi.
15¹-modda. Notarius maqomiga ega bo‘lish. Notariusni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish (davomi)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusni xabarnoma olingan kunning ertasidan kechiktirmay hisobga qo‘yadi va bu haqda Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasini xabardor qiladi. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius shunday xabarnoma olingan paytdan e’tiboran Notarial palataning a’zosi bo‘ladi.
Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash Oliy malaka komissiyasining tanlov natijalari yuzasidan chiqargan qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat notarial idoralarining notariuslari ish joyini o‘zgartirish (rotatsiya) tartibida boshqa notarial idoralarga tayinlanishi mumkin. Notariuslarni attestatsiyadan o‘tkazish va ish joyini o‘zgartirish (rotatsiya) tartibi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat notarial idorasining notariusi va xodimlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu Qonun talablarini inobatga olgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Notariuslar o‘z kasbiy malakasini davriy oshirish yakunlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tadi.
15²-modda. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish uni hisobga qo‘ygan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan malaka komissiyasining qaroriga asosan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
notarius jinoiy javobgarlikka tortilganda — u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan e’tiboran va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar;
notarius qonunchilikda belgilangan tartibda bedarak yo‘qolgan deb topilganda — bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinguniga qadar bo‘lgan davrga;
notariat to‘g‘risidagi qonunchilik, Notariusning kasb etikasi qoidalari talablari, notarial harakatlar siri va notarius qasamyodi notarius tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
Notarial palataning yoki adliya organining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan, shu jumladan notariusning zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydigan qarorlari notarius tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda;
notariusda fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasi mavjud bo‘lmaganda yoki tuzilgan shartnoma qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lmaganda — bunday shartnoma tuzilgan yoki tuzilgan shartnoma qonunchilikka muvofiq holga keltirilgan kunga qadar;
15²-modda. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish (davomi)
notarial faoliyatni tashkil etishga oid minimal talablar bajarilmaganda — bunday hollar bartaraf etilguniga qadar;
notarius Notarial palataga a’zolik badallarini bir oydan ortiq muddat davomida to‘lamaganda — uch oygacha, a’zolik badallarini to‘laguniga qadar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi notariusga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish davrida litsenziyaning amal qilishini o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turishga haqli.
Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish muddati olti oydan oshishi mumkin emas, bundan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni, agar ular bartaraf etib bo‘lmaydigan xususiyatga ega bo‘lmasa, ko‘rsatilgan muddatda bartaraf etishi shart.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmalarining litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish notarius maqomining to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi uch kunlik muddat ichida Notarial palatani xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning maqomi to‘xtatilganligi yoki tiklanganligi haqida xabardor etadi, shuningdek ommaviy axborot vositalarida va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida tegishli xabarni e’lon qiladi. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius maqomining to‘xtatib turilishi notariusning Notarial palataga a’zoligi to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.
15²-modda. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish (davomi)
Notariusning maqomini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan hollar tugatilganidan keyin shaxs notarial faoliyatga kirishadi.
Notarius maqomi to‘xtatib turilgan shaxsning Notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalanish imkoniyati to‘xtatiladi.
Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib keladigan qoidabuzarliklar hollari va ular bo‘yicha litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish muddatlari O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan belgilanadi.
15³-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
Notarius litsenziyasining amal qilishini tugatish notariusni hisobga olgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmasining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
notarius litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganda;
ushbu Qonun 15¹-moddasining oltinchi va sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar bajarilmaganda;
notarius ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan, shuningdek Notarial palata va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyatdan tashqari boshqa haq to‘lanadigan lavozimga tayinlanganda (saylanganda);
notariusning muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sudning notariusni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilganda;
notarius oltmish besh yoshga to‘lganda;
notarius vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda.
Litsenziyaning amal qilishini ma’muriy sud tomonidan tugatish notariusni hisobga olgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmasining murojaatiga ko‘ra malaka komissiyasining qarori asosida quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
o‘z vazifalarini olti oy mobaynida uzrli sabablarsiz bajarmaganda;
litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorning g‘ayriqonuniy ekanligi aniqlanganda;
litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilishiga olib kelgan holatlarni adliya organi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;
15³-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish (davomi)
notarius tomonidan notariat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, Notariuslarning kasb etikasi qoidalari, notarial harakatlarning siri va notarius qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzilganda, notariusning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda notariatning obro‘sini tushiradigan qilmish sodir etilganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmasining litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish notarius maqomining tugatilishiga sabab bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi uch kunlik muddatda Notarial palatani xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning maqomi tugatilganligi haqida xabardor qiladi, shuningdek tegishli xabarni ommaviy axborot vositalarida va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius maqomining tugatilishi notariusning Notarial palataga a’zoligi tugatilishiga sabab bo‘ladi.
Notariusning vakolatlari tugatilgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi notariusning ish yurituvidagi hujjatlarni boshqa notariusga topshirish haqida qaror qabul qiladi, boshqa hujjatlar esa idoraviy notarial arxivga topshiriladi.
15⁴-modda. Litsenziyani bekor qilish
Litsenziyani bekor qilish notariusning arizasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasining qarori bilan, litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasining arizasiga asosan ma’muriy sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
Litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziya berilgan sanadan e’tiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Litsenziyaning bekor qilinishi notariusning o‘z kasbiy faoliyatini bajarish chog‘idagi harakatlari g‘ayrihuquqiy deb topilganligini anglatmaydi, bundan notarial harakatlarni sud tomonidan haqiqiy emas deb topish hollari mustasno.
16-modda. Notariusning faoliyat ko‘rsatish hududi (notarial okrug)
Notariusning faoliyat ko‘rsatish hududi (notarial okrug) O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishiga muvofiq belgilanadi.
Notarial idora tegishli notarial okrug doirasida joylashgan bo‘lishi kerak.
Jismoniy yoki yuridik shaxs notarial harakatni amalga oshirish uchun xohlagan notariusga murojaat qilishga haqli, bundan ushbu Qonunning 37, 51, 52, 59, 63, 74, 82 va 93-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Notariusning notarial harakatni belgilangan faoliyat hududidan tashqarida amalga oshirishi bu harakatni haqiqiy emas, deb topishga asos bo‘lmaydi.
Notarius mavjud bo‘lmagan hududdagi vasiyat qiluvchi og‘ir kasal bo‘lgan hollarda vasiyatnomani tasdiqlash uchun notarius o‘zi xizmat ko‘rsatadigan hududdan tashqariga chiqishga haqlidir.
Bilimingizni sinang
Davlat notarial idorasida kamida necha nafar notarius ishlaganda ulardan biri katta notarius etib tayinlanadi?
- Bir nafar
- Ikki nafar
- Uch nafar
- Besh nafar
To‘g‘ri javob: Ikki nafar. Ikki nafar va undan ortiq notarius ishlaydigan davlat notarial idoralarida notariuslardan biri katta notarius etib tayinlanadi.
Davlat notarial idoralarining tarmog‘i va shtatlarini kim tasdiqlaydi?
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
- Notarial palata
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi komissiya
- Oliy malaka komissiyasi
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. 14-modda: tarmoq va shtatlarni Adliya vazirligi tasdiqlaydi.
Davlat notarial idorasida katta notarius qachon tayinlanadi?
- Idorada uch nafar va undan ortiq notarius ishlaganda
- Idorada ikki nafar va undan ortiq notarius ishlaganda
- Idorada besh yildan ortiq ish stajiga ega notarius bo‘lganda
- Idora viloyat markazida joylashgan bo‘lgan taqdirda
To‘g‘ri javob: Idorada ikki nafar va undan ortiq notarius ishlaganda. 14-moddaga ko‘ra ikki yoki undan ortiq notarius ishlaydigan idorada ulardan biri katta notarius etib tayinlanadi.
Katta notariusning zimmasiga qanday majburiyat yuklatiladi?
- Boshqa notariuslarning notarial harakatlarini bekor qilish
- Notariuslarga litsenziya berish
- Idoraning ma’muriy-tashkiliy ishlarini nazorat qilish
- Notariuslardan malaka imtihoni qabul qilish
To‘g‘ri javob: Idoraning ma’muriy-tashkiliy ishlarini nazorat qilish. 14-modda: katta notarius idoraning ma’muriy-tashkiliy ishlarini nazorat qiladi.
«Notariat to‘g‘risida» qonun — 15-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish
- Notariusning huquqlari
- Litsenziyaning amal qilishini tugatish
- Notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish tartibi
To‘g‘ri javob: Notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish tartibi. 15-modda: Notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish tartibi.
«Notariat to‘g‘risida» qonun: «Notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish tartibi» qaysi moddada belgilangan?
- 15³-modda
- 15²-modda
- 17-modda
- 15-modda
To‘g‘ri javob: 15-modda. 15-modda: Notarius lavozimini ta’sis etish va tugatish tartibi.
Notarius lavozimini kim ta’sis etadi va tugatadi?
- Notarial palata
- Vazirlar Mahkamasi
- Hududiy adliya boshqarmasi mustaqil ravishda
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. 15-moddaga ko‘ra notarius lavozimi Adliya vazirligi tomonidan ta’sis etiladi va tugatiladi.
Muayyan notarial okrugdagi notariuslar lavozimlarining eng kam sonini kim belgilaydi?
- Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi o‘rnatadigan tartibda
- Adliya vazirligi, viloyat hokimliklari bilan kelishilgan tartibda
- Notarial palata, Adliya vazirligi o‘rnatadigan tartibda
- Oliy malaka komissiyasi, o‘zi belgilaydigan tartibda
To‘g‘ri javob: Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi o‘rnatadigan tartibda. 15-modda: eng kam sonni Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda belgilaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash