Notarial harakatlarni amalga oshirish qoidalari (1/2)
Ii Bo‘Lim. Notarial Harakatlar Va Ularni Amalga Oshirish Qoidalari
30-modda. Notarial harakatlarni amalga oshirish joyi
Notarial harakatlar notarial idoralarning binolarida amalga oshiriladi.
Fuqaro kasalligi, nogironligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra notarial idoraga bora olmaydigan ayrim hollarda notarial harakatlar mazkur fuqaro turgan joyda amalga oshirilishi mumkin.
Qonunchilikda notarial harakatlar notarial idoralarning binolaridan tashqarida amalga oshiriladigan boshqa hollar ham nazarda tutilishi mumkin.
31-modda. Notarial harakatni amalga oshirish va to‘xtatib turish muddatlari
Notarial harakatlar haq to‘langanidan so‘ng zarur bo‘lgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kuni amalga oshiriladi.
Notarial harakatni amalga oshirish qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilib olish yoki hujjatlarni ekspertizaga yuborish zarur bo‘lganida kechiktirilishi mumkin.
Notarial harakatlarni amalga oshirish, basharti qonunga binoan manfaatdor shaxslardan ushbu harakatlarni amalga oshirishga e’tiroz bor-yo‘qligini so‘rash zarur bo‘lganda, kechiktirilishi mumkin. Notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish muddati bir oydan oshmasligi lozim. Notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan shaxsning talabiga ko‘ra unga notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish haqidagi qaror beriladi.
Manfaatdor shaxs tasdiqlashni so‘rayotgan huquq yoki fakt ustida da’volashish uchun sudga murojaat qilish istagidagi boshqa manfaatdor shaxsning arizasiga ko‘ra notarial harakatni amalga oshirish bir marotaba ko‘pi bilan o‘n kun muddatga kechiktirilishi mumkin. Agar bu muddat ichida ariza tushganligi haqida suddan ma’lumot olinmasa, notarial harakat amalga oshirilishi lozim.
Bir manfaatdor shaxs tasdiqlashni so‘rayotgan huquq yoki fakt ustida da’volashayotgan boshqa manfaatdor shaxsdan ariza tushganligi to‘g‘risida suddan ma’lumot olingan taqdirda notarial harakatni amalga oshirish mazkur ish sudda hal bo‘lguniga qadar to‘xtatib turiladi.
Qonunchilikda notarial harakatlarni amalga oshirishni kechiktirish va to‘xtatib turishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.
32-modda. Notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan kishining shaxsini aniqlash
Notariuslar va notarial harakatlarni amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxslar notarial harakatlarni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan kishilarning shaxsini aniqlaydi.
Notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan kishining shaxsi uning shaxsiga nisbatan har qanday shubhalarni istisno etadigan pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi yoxud boshqa hujjatlariga asosan aniqlanishi kerak.
Notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroning shaxsini aniqlashda notarius tegishli axborot resurslaridan foydalanadi.
33-modda. Bitimlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning muomala layoqatini va yuridik shaxslarning huquq layoqatini tekshirish
Bitimlar tasdiqlab berilayotganida ularda ishtirok etayotgan fuqarolarning muomala layoqati belgilangan tartibda aniqlanadi va yuridik shaxslarning huquq layoqati tekshiriladi. Bitim vakil tomonidan tuzilgan taqdirda uning vakolati ham tekshiriladi.
34-modda. Notarial tasdiqlanadigan bitimlar, shuningdek arizalar va boshqa hujjatlarni imzolash tartibi
Notarial tasdiqlanadigan bitimlar, shuningdek arizalar va boshqa hujjatlar notarius ishtirokida imzolanadi. Bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlar taraflar tomonidan barmoq izlarini olish yo‘li bilan tasdiqlanishi mumkin.
Bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlarni tasdiqlash jarayoni videokonferensaloqa orqali amalga oshirilishi mumkin.
Agar fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, bitim, ariza yoki boshqa hujjatni uning topshirig‘iga ko‘ra uning o‘zi va notarius hozirligida boshqa fuqaro imzolashi mumkin, bunda notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroning hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligi sabablari yozib qo‘yilishi lozim. Bunday hollarda notarial harakatlarni amalga oshirish chog‘ida videoyozuv vositalaridan foydalaniladi.
Basharti notarial idoraning yig‘majildlarida korxonalar, muassasalar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining vakolatlari tekshirilganligi haqida ma’lumotlar, imzolarining shaxsan murojaat qilingan vaqtda olingan namunasi bo‘lsa va ularning imzolari haqiqiyligiga shubha tug‘ilmaydigan bo‘lsa, notarius bu mansabdor shaxslarning o‘zlari kelishini talab qilmasligi mumkin.
Ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi, shu jumladan ijtimoiy kartani rasmiylashtirish haqidagi arizadagi ariza beruvchining va u bilan birga yashovchi oila a’zolarining (o‘z oilasiga ega bo‘lmaganda ota-onasining, shuningdek o‘z oilasiga ega bo‘lganda erining, xotinining, o‘z oilasiga ega bo‘lmagan 18 yoshli va undan katta yoshli farzandlarining) imzolarini notarial shahodatlash talab etilmaydi. Mazkur arizada ijtimoiy himoya organiga ariza beruvchining va u bilan birga yashovchi oila a’zolarining (o‘z oilasiga ega bo‘lmaganda ota-onasining, shuningdek o‘z oilasiga ega bo‘lganda erining, xotinining, o‘z oilasiga ega bo‘lmagan 18 yoshli va undan katta yoshli farzandlarining) imzolari ularga doir bo‘lgan, ushbu Qonun 6-moddasi to‘rtinchi qismining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan ma’lumotlarni, shuningdek kredit axborotini, qimmatli qog‘ozlar bozoridagi maxfiy axborotni va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni, agar bu ma’lumotlar o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lsa, olishga hamda ularga ishlov berishga bo‘lgan roziligidir. Bunda ijtimoiy himoya organining xodimlari mazkur arizadagi imzolarning haqiqiyligi uchun javobgar bo‘ladi.
35-modda. Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun taqdim etiladigan hujjatlarga qo‘yiladigan talablar
Notariuslar notarial harakatlarni amalga oshirish uchun qirib o‘chirilgan yoki qo‘shimchalar kiritilgan, so‘zlari ustidan chizilgan va izoh berilmagan boshqa tuzatishlari bo‘lgan hujjatlarni, shuningdek qalamda yozilgan hujjatlarni qabul qilmaydi. Agar hujjatdagi mavjud izoh berilmagan tuzatishlar yoki boshqa kamchiliklar taqdim etilgan hujjatning maqsadi uchun ahamiyatsiz bo‘lsa, notarius bunday hujjatni notarial harakatni amalga oshirish uchun qabul qilishga haqli.
Notarial tasdiqlanadigan bitimlarning matni aniq va ravshan yozilgan bo‘lishi kerak, hujjatning mazmuniga taalluqli sana va muddatlar hech bo‘lmaganda bir marta so‘z bilan, yuridik shaxslarning nomlari esa — ular organlarining manzillarini ko‘rsatgan holda qisqartirishlarsiz yozilishi lozim. Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi to‘liq yozilib, yashash joyi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Bir varaqdan ortiq bo‘lgan hujjat ip o‘tkazib tikilgan, varaqlari raqamlangan va muhr bosib tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
36-modda. Tasdiqlovchi yozuvlarni yozish va guvohnomalar berish
Bitimlarni tasdiqlashda, hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligini, hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga qilingan tarjimasi to‘g‘riligini tasdiqlashda, hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlashda tegishli hujjatlarga tasdiqlovchi yozuvlar yoziladi.
Merosga bo‘lgan huquq, mulk huquqi tasdiqlanganda, fuqaroning tirik ekanligi va muayyan joyda ekanligi faktlari, fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligi tasdiqlanganda, saqlash uchun hujjatlar qabul qilib olinganida tegishli guvohnomalar beriladi.
Bilimingizni sinang
Notarial harakatlar qoidaga ko‘ra qayerda amalga oshiriladi?
- Notarial idoralarning binolarida
- Fuqaroning yashash joyida
- Adliya boshqarmasi binosida
- Davlat soliq xizmati binosida
To‘g‘ri javob: Notarial idoralarning binolarida. 30-modda: notarial harakatlar notarial idoralarning binolarida amalga oshiriladi.
Fuqaro Karimov og‘ir kasal bo‘lib, notarial idoraga bora olmaydi. U ishonchnomani tasdiqlatmoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Harakat faqat idora binosida amalga oshiriladi, istisnosiz
- Harakat faqat sud ruxsati bilan fuqaro turgan joyda amalga oshiriladi
- Ishonchnomani boshqa shaxs notariussiz imzolaydi
- Notarial harakat mazkur fuqaro turgan joyda amalga oshirilishi mumkin
To‘g‘ri javob: Notarial harakat mazkur fuqaro turgan joyda amalga oshirilishi mumkin. 30-moddaga ko‘ra kasallik tufayli idoraga bora olmaydigan fuqaro turgan joyda ham harakat amalga oshirilishi mumkin.
Notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish muddati qancha muddatdan oshmasligi lozim?
- Uch oydan
- Bir haftadan
- Bir oydan
- O‘n kundan
To‘g‘ri javob: Bir oydan. Notarial harakatni kechiktirish muddati bir oydan oshmasligi kerak.
Boshqa manfaatdor shaxsning sudga murojaat qilish istagi haqidagi arizasiga ko‘ra notarial harakat bir marotaba ko‘pi bilan qancha muddatga kechiktirilishi mumkin?
- O‘n kun
- Bir oy
- Uch kun
- Besh kun
To‘g‘ri javob: O‘n kun. Bunday ariza asosida notarial harakat bir marotaba ko‘pi bilan o‘n kun muddatga kechiktirilishi mumkin.
Notarial harakatlar qaysi muddatda amalga oshiriladi?
- Haq to‘langanidan keyin uch kun ichida zarur hujjatlar taqdim etilganda
- Haq to‘langanidan so‘ng barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kuni
- Barcha hujjatlar taqdim etilgach, bir oy ichida va haq to‘lovsiz
- Notarius belgilagan istalgan kunda, hujjatlar taqdim etilgach
To‘g‘ri javob: Haq to‘langanidan so‘ng barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kuni. 31-modda: harakat haq to‘langach va hujjatlar taqdim etilgan kuni amalga oshiriladi.
Notarial harakatni amalga oshirish qaysi hollarda kechiktirilishi mumkin?
- Taraflardan biri ish bilan band bo‘lib, kelisha olmaganida yoki notarius ta’tilga chiqqanida
- Notarial harakat uchun davlat boji to‘lanmagan yoki uning miqdori kechiktirib to‘langan bo‘lsa
- Qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilib olish yoki hujjatlarni ekspertizaga yuborish zarur bo‘lganda
- Taraflar bitim shartlarini bir necha marta o‘zgartirib, notarius ularni qayta tuzishi zarur bo‘lganda
To‘g‘ri javob: Qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilib olish yoki hujjatlarni ekspertizaga yuborish zarur bo‘lganda. 31-modda: qo‘shimcha ma’lumot yoki ekspertiza zarur bo‘lsa, kechiktirish mumkin.
Manfaatdor shaxslardan e’tiroz bor-yo‘qligini so‘rash zarur bo‘lganda notarial harakatni kechiktirish muddati qancha?
- O‘n kundan oshmasligi lozim
- Uch oydan oshmasligi lozim
- Olti oydan oshmasligi lozim
- Bir oydan oshmasligi lozim
To‘g‘ri javob: Bir oydan oshmasligi lozim. 31-moddaga ko‘ra kechiktirish muddati bir oydan oshmasligi lozim.
Tasdiqlanayotgan huquq yoki fakt ustida da’volashish uchun sudga murojaat qilish istagidagi manfaatdor shaxsning arizasiga ko‘ra notarial harakat qancha muddatga kechiktirilishi mumkin?
- Bir marotaba ko‘pi bilan o‘n kunga
- Ikki marotaba bir oydan
- Bir marotaba ko‘pi bilan uch oyga
- Muddatsiz
To‘g‘ri javob: Bir marotaba ko‘pi bilan o‘n kunga. 31-modda: bunday hollarda bir marotaba ko‘pi bilan o‘n kunga kechiktiriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash