XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Oila kodeksi · 135–141-m.

Alimentlarni to‘lash va undirish tartibi (1/2)

V Bo‘Lim. Oila A’Zolarining Va Boshqa Shaxslarning Aliment Majburiyatlari

135-modda. Alimentni ixtiyoriy to‘lash

Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs alimentni ixtiyoriy ravishda shaxsan yoki o‘z arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablag‘ olayotgan joyida to‘lanadi.

Voyaga yetmagan bolalar uchun olinadigan aliment arizaga muvofiq ushbu Kodeksning 99-moddasida belgilangan miqdorlarda ushlab qolinadi.

Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin.

Alimentning ixtiyoriy ravishda to‘lab turilishi aliment undiruvchini aliment undirish haqidagi da’vo yoki ariza bilan xohlagan vaqtda sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi.

136-modda. Alimentni sud tartibida undirish

Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.

Mazkur shaxs, nizo bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli bo‘lib, bu ariza buyruq tartibida ish yuritish tarzida ko‘rib chiqiladi.

Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.

Agar ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.

137-modda. Ish beruvchining (tashkilot ma’muriyatining) aliment ushlab qolish majburiyati

Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot ma’muriyati aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsga ish haqi to‘langan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga aliment to‘lashi yoki aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning hisobidan unga o‘tkazishi shart.

138-modda. Aliment to‘lovchining ish, o‘qish joyi va turar joyi o‘zgarganligi haqida xabar qilish majburiyati

Sudning hal qiluv qarori yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv bo‘yicha aliment ushlab qolishi lozim bo‘lgan ish beruvchi (tashkilot ma’muriyati) aliment to‘lovchi shaxs bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida, shuningdek uning yangi ish, o‘qish joyi yoki turar joyi unga ma’lum bo‘lsa, bu haqda sudning hal qiluv qarori ijro etiladigan joydagi davlat ijrochisiga yoki aliment oluvchi shaxsga uch kun muddat ichida xabar berishi shart.

Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatda o‘z ish, o‘qish joyi yoki turar joyi o‘zgarganligi haqida, shuningdek qo‘shimcha ish haqi yoki boshqa daromadi to‘g‘risida davlat ijrochisini hamda aliment oluvchi shaxsni xabardor qilishi shart.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra xabar qilmagan taqdirda, aybdor mansabdor shaxs va aliment to‘lovchi shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

139-modda. Aliment qarzini undirish

Aliment qarzi aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan undiriladi. Ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli bo‘lmaganda, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘idan, tijorat va tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlarga shartnoma asosida o‘tkazilgan pul mablag‘idan undiriladi, mulk huquqining o‘tishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno. Bu mablag‘ yetarli bo‘lmaganda undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning qonun bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.

Undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning hisobvaraqlaridagi pul mablag‘iga va uning boshqa mol-mulkiga qonunchilikda belgilangan tartibda qaratiladi.

Aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv yoki ijro varaqasi asosida o‘tgan davrdagi aliment qarzi ijro varaqasi yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv aliment undirish uchun taqdim qilingunga qadar o‘tgan uch yildan ortiq bo‘lmagan muddat uchun undiriladi.

Alimentlar ijro varaqasi yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv bo‘yicha aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning aybi bilan undirilmagan bo‘lsa, alimentlar ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan uch yillik muddatdan qat’i nazar, o‘tgan barcha vaqt uchun undiriladi.

140-modda. Aliment qarzining miqdorini belgilash

Aliment qarzining miqdori davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Ushbu Kodeksning 99-moddasiga asosan voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi. Agar aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo‘lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi. Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan to‘lanadigan qat’iy summasini belgilashi mumkin.

141-modda. Aliment qarzini to‘lashdan ozod qilish

Taraflar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq aliment qarzini to‘lashdan ozod qilish yoki uni kamaytirishga taraflarning o‘zaro roziligi bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi, voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lanadigan hollar bundan mustasno.

Agar sud aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra aliment to‘lamaganligini aniqlasa hamda uning moddiy va oilaviy ahvoli yig‘ilgan aliment qarzni to‘lashga imkon bermaydi deb topsa, aliment to‘lovchining da’vosiga binoan uni aliment qarzlarini to‘lashdan to‘la yoki qisman ozod etishga haqlidir.

Bilimingizni sinang

Oila kodeksi — 135-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Alimentni ixtiyoriy to‘lash
  2. Alimentni sud tartibida undirish
  3. Qarindoshlar va boshqa shaxslardan undiriladigan alimentning miqdori
  4. Ish beruvchining (tashkilot ma’muriyatining) aliment ushlab qolish majburiyati

To‘g‘ri javob: Alimentni ixtiyoriy to‘lash. 135-modda: Alimentni ixtiyoriy to‘lash.

Oila kodeksi: «Alimentni ixtiyoriy to‘lash» qaysi moddada belgilangan?
  1. 129-modda
  2. 137-modda
  3. 136-modda
  4. 135-modda

To‘g‘ri javob: 135-modda. 135-modda: Alimentni ixtiyoriy to‘lash.

Oila kodeksiga ko‘ra aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs alimentni ixtiyoriy ravishda qayerda to‘lashi mumkin?
  1. Faqat shaxsan yoki o‘z arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida, pensiya olayotgan joyida esa emas
  2. Shaxsan yoki o‘z arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyida
  3. Faqat davlat ijrochisining depozit hisobvarag‘i orqali yoki o‘z arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida
  4. Faqat notarius orqali yoki aliment oluvchining ishlab turgan joyidagi hisobvarag‘i orqali bank xizmatlari bilan

To‘g‘ri javob: Shaxsan yoki o‘z arizasiga muvofiq ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyida. 135-modda: aliment ixtiyoriy ravishda shaxsan yoki ariza bo‘yicha ishlab turgan joyida yoxud pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyida to‘lanadi.

Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun oldindan qanday yo‘l bilan to‘lanishi mumkin?
  1. Faqat bola voyaga yetgach, uning o‘ziga naqd pul berish yo‘li bilan
  2. Faqat ish beruvchi orqali ish haqi bilan birga, oldindan to‘lab bo‘lmaydi
  3. Faqat davlat ijrochisi orqali, mulk berish yo‘li bilan oldindan to‘lab bo‘lmaydi
  4. Ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan

To‘g‘ri javob: Ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan. 135-modda: alimentlar oldindan ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan ham to‘lanishi mumkin.

Ota Shuhrat bolasiga alimentni o‘z xohishi bilan to‘lab kelmoqda; ona Mohinur esa aliment bo‘yicha sudga murojaat qilmoqchi. Oila kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Ixtiyoriy to‘lab turilishi Mohinurni sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi
  2. Ixtiyoriy to‘lab turilishi Mohinurni sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etadi
  3. Mohinur sudga faqat Shuhrat to‘lashni to‘xtatgandan keyin olti oy o‘tgach murojaat qila oladi
  4. Mohinur sudga murojaat qilishi uchun Shuhratning yozma roziligi talab etiladi

To‘g‘ri javob: Ixtiyoriy to‘lab turilishi Mohinurni sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi. 135-modda: alimentning ixtiyoriy to‘lab turilishi aliment undiruvchini xohlagan vaqtda sudga murojaat qilish huquqidan mahrum etmaydi.

Aliment sudga murojaat qilingunga qadar olinmagan bo‘lsa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab qancha muddat doirasida undirib olinishi mumkin?
  1. bir yillik
  2. uch yillik
  3. o‘n yillik
  4. besh yillik

To‘g‘ri javob: uch yillik. Aliment to‘lashdan bosh tortilgani aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment murojaat paytidan boshlab uch yillik muddat doirasida undiriladi.

Oila kodeksi — 136-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzish
  2. Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvni o‘zgartirish yoki bekor qilish
  3. Ish beruvchining (tashkilot ma’muriyatining) aliment ushlab qolish majburiyati
  4. Alimentni sud tartibida undirish

To‘g‘ri javob: Alimentni sud tartibida undirish. 136-modda: Alimentni sud tartibida undirish.

Oila kodeksi: «Alimentni sud tartibida undirish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 130-modda
  2. 136-modda
  3. 137-modda
  4. 132-modda

To‘g‘ri javob: 136-modda. 136-modda: Alimentni sud tartibida undirish.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvKeyingi →Alimentlarni to‘lash va undirish tartibi (2/2)