XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Ombudsman to‘g‘risida» qonun · 36–42-m.

Ombudsmanning ta’sir choralari (2/2)

Moddalar

36-modda. Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorligi

Ombudsman qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilish huquqiga ega.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlislarida ishtirok etishi mumkin va sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishga haqlidir.

37-modda. Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorligi

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha majlislarida ishtirok etishga hamda qonunchilikning qo‘llanilishi yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishga haqli.

38-modda. Ombudsmanning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorligi

Ombudsman o‘z faoliyatini amalga oshirishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xususan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlik qiladi.

39-modda. Ombudsmanning fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi

Ombudsman mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va boshqa dasturlarni, shuningdek inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni o‘z vazifalari doirasida amalga oshiradi.

Ombudsman o‘zi tomonidan shakllantiriladigan ishchi guruhlar va ekspertlar guruhlari, komissiyalar hamda boshqa jamoatchilik-maslahat organlari faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Ombudsman inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalar yuzasidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan axborot almashinuvini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Ombudsman fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar o‘tkazishi, shuningdek ular bilan bitimlar tuzishi mumkin.

40-modda. Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga doir faoliyati

Ombudsman inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lib kirishga, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy institutlar bilan hamkorlikni amalga oshirishga hamda rivojlantirishga haqli.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi to‘g‘risida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy institutlarning xabardorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishiga doir ma’ruzalarini tayyorlashda ishtirok etadi.

41-modda. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya

Ombudsmanning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish yuzasidan uning faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida Ombudsmanning taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Kengashlari tomonidan Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya tuzilishi mumkin.

Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyaning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Kengashlari tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.

42-modda. Ombudsmanning faoliyatiga ko‘maklashish

Tashkilotlar va mansabdor shaxslar inson huquqlari va erkinliklari buzilganligiga taalluqli bo‘lgan, Ombudsman tomonidan so‘ralgan hujjatlarni, materiallarni hamda boshqa ma’lumotlarni taqdim etishi shart.

Ombudsman o‘z faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.

Faoliyati davlat sirlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarga Ombudsmanning kirishi tartibi, shuningdek davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni Ombudsmanga taqdim etish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Ombudsmanning faoliyatiga to‘sqinlik qilish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Ombudsman Konstitutsiyaviy sud bilan hamkorlik doirasida qanday huquqqa ega?
  1. Konstitutsiyaviy sud majlislarini boshqarish va yuritish huquqiga
  2. Konstitutsiyaviy sud qarorlarini bekor qilish huquqiga
  3. Konstitutsiyaviy sudga qonunga muvofiq murojaat qilish huquqiga
  4. Konstitutsiyaviy sudga hakamlik qilish va qaror chiqarish huquqiga

To‘g‘ri javob: Konstitutsiyaviy sudga qonunga muvofiq murojaat qilish huquqiga. 36-moddaga ko‘ra, Ombudsman qonunga muvofiq Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Konstitutsiyaviy sud inson huquqlariga doir masalani ko‘rib chiqmoqda. Ombudsman sud majlisida qatnashib, o‘z fikrini bildirmoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Ombudsman sud majlislarida faqat tinglovchi sifatida qatnashishi mumkin, o‘z fikrini bildirishga haqli emas hamda so‘z olmaydi
  2. Ombudsman sud majlislarida faqat Prezident ruxsati bilan ishtirok etib, o‘z fikrini bildirishi mumkin hamda faqat bir masala bo‘yicha
  3. Ombudsman sud majlislarida ishtirok etishi va ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishga haqli
  4. Ombudsman faqat yopiq majlislarda qatnashib, ko‘rib chiqilayotgan masalalarning bir qismi yuzasidan o‘z fikrini bayon etishga haqli

To‘g‘ri javob: Ombudsman sud majlislarida ishtirok etishi va ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishga haqli. 36-moddaga ko‘ra, Ombudsman Konstitutsiyaviy sud majlislarida ishtirok etib, o‘z nuqtai nazarini bayon etishga haqli.

Ombudsman Oliy sud bilan hamkorlikda qaysi majlislarda ishtirok etishga haqli?
  1. Oliy sud Plenumining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya majlislarida ishtirok etishga
  2. Oliy sud Raisining iqtisodiy nizolar bo‘yicha ichki majlislarida faqat tinglovchi sifatida
  3. Oliy sud Plenumining inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha majlislarida
  4. Oliy sud Plenumining kadrlar masalalari bo‘yicha yopiq majlislarida ishtirok etishga

To‘g‘ri javob: Oliy sud Plenumining inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha majlislarida. 37-moddaga ko‘ra, Ombudsman Oliy sud Plenumining inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha majlislarida ishtirok etishga haqli.

«Ombudsman to‘g‘risida» qonun — 38-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ombudsmanning fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi
  2. Ombudsmanning qonunchilikni takomillashtirishga doir faoliyati
  3. Iltimosnoma
  4. Ombudsmanning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorligi

To‘g‘ri javob: Ombudsmanning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorligi. 38-modda: Ombudsmanning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorligi.

«Ombudsman to‘g‘risida» qonun: «Ombudsmanning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorligi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 31-modda
  2. 33-modda
  3. 38-modda
  4. 39-modda

To‘g‘ri javob: 38-modda. 38-modda: Ombudsmanning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan hamkorligi.

Ombudsman hamkorlik qiladigan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlardan biri qaysi?
  1. Bosh prokuraturaning Jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi
  2. Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
  3. Tashqi ishlar vazirligining Konsullik xizmati boshqarmasi
  4. Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)

To‘g‘ri javob: Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani). 38-moddaga ko‘ra, Ombudsman Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) bilan hamkorlik qiladi.

Quyidagilardan qaysi biri Ombudsmanning hamkor milliy instituti sifatida Qonunda ko‘rsatilgan?
  1. Prezident huzuridagi Davlat soliq qo‘mitasining soliq to‘lovchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili
  2. Oliy Majlisning Ishbilarmonlik palatasi huzuridagi tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakili
  3. Adliya vazirligi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil
  4. Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil

To‘g‘ri javob: Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil. 38-moddaga ko‘ra, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Ombudsmanning hamkoridir.

Ombudsman inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar qatorida qaysi markaz bilan hamkorlik qiladi?
  1. Inson huquqlari bo‘yicha Xalqaro sud Markazi (Gaaga) bilan
  2. Inson huquqlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Markazi bilan
  3. Inson huquqlari bo‘yicha Adliya vazirligi Milliy markazi
  4. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

To‘g‘ri javob: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi. 38-moddaga ko‘ra, Ombudsman Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bilan hamkorlik qiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOmbudsmanning ta’sir choralari (1/2)Keyingi →Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari faoliyati