Siyosiy partiya tushunchasi (1/2)
Moddalar
1-modda. Siyosiy partiya tushunchasi
Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiluvchi hamda o‘z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko‘ngilli birlashmasidir.
2-modda. Siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asoslari
Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga, boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq, shuningdek o‘z ustavlari asosida amalga oshiradilar.
3-modda. Siyosiy partiyalarni tuzish va ularning faoliyat ko‘rsatish prinsiplari
Siyosiy partiyalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish maqsadida, xohish-irodani erkin bildirish, partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish, a’zolarining teng huquqliligi, o‘zini o‘zi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik asosida tuziladi va faoliyat ko‘rsatadi.
Quyidagi siyosiy partiyalarni tuzish va ularning faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanadi:
konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi;
O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi;
urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi;
xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi;
milliy va diniy ruhdagi partiyalar.
4-modda. Siyosiy partiyalarga a’zolik
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir paytning o‘zida faqat bitta siyosiy partiyaga a’zo bo‘lishi mumkin.
Partiyaga mansubligiga ko‘ra fuqaroning huquqlarini har qanday cheklash, xuddi shuningdek unga imtiyozlar yoki ustunliklar berish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti respublika barcha fuqarolarining huquq va erkinliklariga rioya qilinishining kafili sifatida prezidentlik vakolatlarini bajarish muddati davomida siyosiy partiyaga a’zolikni yoki unda ishtirok etishni to‘xtatib turishi yoxud butunlay to‘xtatishi shart.
Quyidagilar siyosiy partiyalarga a’zo bo‘la olmaydilar:
sudyalar;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining mansabdor shaxslari;
prokurorlar va prokuratura tergovchilari;
ichki ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari, davlat xavfsizlik xizmati xodimlari;
harbiy xizmatchilar;
xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
Siyosiy partiyalarga a’zolik yakka tartibda qayd etiladi.
5-modda. Siyosiy partiyalar faoliyatining kafolatlari
Davlat siyosiy partiyalar huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini kafolatlaydi, ustavda belgilangan o‘z maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining siyosiy partiyalar ichki ishlariga aralashishlari yoxud, agar faoliyat qonunga hamda o‘z ustavlariga muvofiq amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ular faoliyatiga u yoki bu tarzda to‘sqinlik qilishlari man etiladi.
Siyosiy partiyalarning davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Siyosiy partiyalar tashkilotlarining tadbirlari asosan ular a’zolarining ishdan tashqari vaqtida va ana shu partiyalar mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. Xususiy ish beruvchilarning o‘z xodimlaridan ular mehnat vazifalarini bajarayotgan paytda partiya nomidan siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni talab qilishi man etiladi.
Siyosiy partiyalar apparati xodimlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta haqidagi qonunchilik tatbiq etiladi.
6-modda. Siyosiy partiyani tuzish
Siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida yigirma ming fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.
Siyosiy partiya tuzish tashabbuskorlari kamida ellik kishidan iborat bo‘lishi, ular partiya ta’sis hujjatlarini tayyorlash, a’zolar tarkibini shakllantirish hamda ta’sis syezdi yoki konferensiyasini chaqirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitani tuzishlari lozim.
Tashkiliy qo‘mita o‘zi tuzilgan kundan boshlab yetti kunlik muddatdan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga o‘z tashabbusi, qo‘mitaning tarkibi, rahbari (yetakchisi), joylashgan manzili hamda ta’sis syezdi yoki konferensiyasi chaqiriladigan sanani yozma ravishda xabar qilishi lozim.
Tashkiliy qo‘mita tuzilgan kundan boshlab uzog‘i bilan uch oy faoliyat ko‘rsatish huquqiga egadir.
Siyosiy partiya ta’sis syezdida yoki konferensiyasida tuziladi.
Ta’sis syezdi yoki konferensiyasi partiya ustavi va dasturini qabul qiladi, uning saylab qo‘yiladigan organlarini tuzadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning siyosiy partiyalarini, ularning bo‘linmalarini tashkil etishga va ularning faoliyati amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
7-modda. Siyosiy partiyaning ustavi
Siyosiy partiyaning ustavida quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:
partiyaning nomi, maqsadi va vazifalari;
partiyaning tuzilishi;
partiya a’zoligiga qabul qilish va undan chiqish shartlari va tartibi;
partiya a’zolarining huquq va majburiyatlari;
partiya va uning tashkilotlari rahbar organlarining vakolatlari hamda ularni tuzish (chaqirish) tartibi, ularning vakolat muddatlari;
partiya rahbar organlarining faoliyatini nazorat qilish tartibi;
partiya va uning tashkilotlari mablag‘larini shakllantirish hamda boshqa mol-mulkini sotib olish manbalari;
partiya rahbar organi joylashgan manzil;
partiya ustavi va dasturini qabul qilish, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish tartibi;
partiya faoliyatini qayta tashkil etish yoki to‘xtatish tartibi.
Ustavda partiya faoliyatiga oid boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
8-modda. Siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish
Siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ustav qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida quyidagilar taqdim etiladi:
partiya rahbar organining kamida uch a’zosi imzolagan ariza;
ustav;
dastur;
ta’sis syezdi yoki konferensiyasining bayoni;
ushbu Qonun talablari bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan mazkur partiyaga birlashish istagini bildirgan yigirma ming nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining o‘zlari imzo qo‘ygan ro‘yxati, saylab qo‘yiladigan organlarning a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, turar joyi va ish joyi, telefon raqami), rahbar organ a’zolariga vakolatlar, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida yoxud munozaralar kelib chiqqan taqdirda sudda partiya nomidan ishtirok etish huquqi berilganligi to‘g‘risidagi partiya oliy organining qarori.
Siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza u tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish natijalariga binoan siyosiy partiyani ro‘yxatga olish yoki ro‘yxatga olishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Qaror qabul qilingach, uzog‘i bilan uch kun muddat ichida u siyosiy partiya rahbar organiga beriladi yoki pochta orqali jo‘natiladi.
Siyosiy partiya ro‘yxatdan o‘tgan kundan e’tiboran yuridik shaxs maqomini oladi va u o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish (davomi)
Siyosiy partiyalar ustavlariga kiritilgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar ularning ustavlarini ro‘yxatga olish uchun ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi xabar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
9-modda. Siyosiy partiyani ro‘yxatga olishni rad etish
Agar siyosiy partiyaning ustavi, maqsadlari, vazifalari va faoliyat uslubi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lsa yoki oldinroq xuddi shunday nomdagi siyosiy partiya yoki jamoatchilik harakati ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu partiya ro‘yxatga olinmaydi.
Siyosiy partiyani ro‘yxatga olish rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taqdim etilgan hujjatlar qonunchilikning qaysi qoidalariga zid ekanligini ko‘rsatgan holda bu xususda partiya rahbar organining vakolatli a’zosiga yozma tarzda xabar qiladi. Ushbu siyosiy partiya rahbar organining vakolatli a’zolari ro‘yxatga olish rad etilganligi to‘g‘risida xabarnoma olingan kundan e’tiboran bir oy ichida hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunchiligiga butunlay muvofiq holga keltirgan taqdirdagina partiyani ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga takror murojaat etishga haqlidirlar.
Siyosiy partiyani ro‘yxatga olishni rad etish ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
Bilimingizni sinang
«Siyosiy partiyalar to‘g‘risida» qonun — 1-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Siyosiy partiyalarni tuzish va ularning faoliyat ko‘rsatish prinsiplari
- Siyosiy partiyani ro‘yxatga olishni rad etish
- Siyosiy partiyalar faoliyatining kafolatlari
- Siyosiy partiya tushunchasi
To‘g‘ri javob: Siyosiy partiya tushunchasi. 1-modda: Siyosiy partiya tushunchasi.
«Siyosiy partiyalar to‘g‘risida» qonun: «Siyosiy partiya tushunchasi» qaysi moddada belgilangan?
- 9-modda
- 3-modda
- 1-modda
- 5-modda
To‘g‘ri javob: 1-modda. 1-modda: Siyosiy partiya tushunchasi.
«Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, siyosiy partiya qanday birlashma hisoblanadi?
- Faqat mehnat jamoalari asosida tuziladigan birlashma
- Davlat hokimiyati organlari tizimiga kiruvchi majburiy birlashma
- Foyda olish maqsadida tuziladigan tijorat tashkiloti
- Davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko‘ngilli birlashma
To‘g‘ri javob: Davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko‘ngilli birlashma. 1-moddaga ko‘ra siyosiy partiya fuqarolarning ko‘ngilli birlashmasi bo‘lib, davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashadi.
Siyosiy partiyalarni tuzish va ularning faoliyat ko‘rsatishida qaysi prinsip belgilangan?
- Partiyaga majburiy kirish va undan chiqmaslik prinsipi
- Partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish prinsipi
- Partiyaga faqat hokim roziligi bilan kirish prinsipi
- Partiya a’zolarining tabaqalashtirilgan huquqlari prinsipi
To‘g‘ri javob: Partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish prinsipi. 3-moddaga ko‘ra partiyalar ixtiyoriy kirish va chiqish, teng huquqlilik, oshkoralik kabi prinsiplar asosida faoliyat ko‘rsatadi.
Tashabbuskorlar «Islomiy birlik» nomli, diniy ruhdagi siyosiy partiya tuzmoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Tuzish mumkin, agar yigirma ming imzo to‘plansa
- Tuzish mumkin, agar a’zolari faqat bitta viloyatdan bo‘lsa
- Tuzish mumkin, agar Adliya vazirligi rozi bo‘lsa
- Tuzish va faoliyat ko‘rsatish taqiqlanadi
To‘g‘ri javob: Tuzish va faoliyat ko‘rsatish taqiqlanadi. 3-moddaga ko‘ra milliy va diniy ruhdagi partiyalarni tuzish va ularning faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanadi.
Quyidagi siyosiy partiyalardan qaysi birini tuzish va uning faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanadi?
- Oshkoralik asosida faoliyat yurituvchi partiya
- O‘zini o‘zi boshqarish prinsipida ishlovchi partiya
- Urushni va irqiy adovatni targ‘ib qiluvchi partiya
- A’zolarining teng huquqliligiga asoslangan partiya
To‘g‘ri javob: Urushni va irqiy adovatni targ‘ib qiluvchi partiya. 3-moddaga ko‘ra urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi partiyalar taqiqlanadi.
Fuqaro Dilnoza bir vaqtning o‘zida ikkita siyosiy partiyaga a’zo bo‘lmoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Mumkin, chunki fuqaro bir paytda ikkita siyosiy partiyaga a’zo bo‘lishi mumkin
- Mumkin emas, fuqaro bir paytda faqat bitta partiyaga a’zo bo‘lishi mumkin
- Mumkin emas, fuqaro bir paytda uchta partiyadan ko‘p partiyaga a’zo bo‘la olmaydi
- Mumkin, faqat Adliya vazirligi ruxsati bilan ikkinchi partiyaga a’zo bo‘lish mumkin
To‘g‘ri javob: Mumkin emas, fuqaro bir paytda faqat bitta partiyaga a’zo bo‘lishi mumkin. 4-moddaga ko‘ra fuqaro bir paytda faqat bitta siyosiy partiyaga a’zo bo‘lishi mumkin.
Korxona rahbari faqat bitta partiyaning a’zolariga qo‘shimcha mukofot va ustunliklar berishni rejalashtirmoqda. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Ruxsat etiladi, partiyaga mansubligiga ko‘ra mukofot berish rahbarning huquqidir
- Ruxsat etiladi, agar bu partiya parlamentda o‘rinlarga ega bo‘lsa
- Taqiqlanadi, faqat moddiy imtiyozlar berish, boshqa ustunlik bermaslik mumkin
- Taqiqlanadi, partiyaga mansubligiga ko‘ra imtiyozlar berish mumkin emas
To‘g‘ri javob: Taqiqlanadi, partiyaga mansubligiga ko‘ra imtiyozlar berish mumkin emas. 4-moddaga ko‘ra partiyaga mansublikka ko‘ra imtiyozlar yoki ustunliklar berish taqiqlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash