XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida» qonun · 10–17-m.

Siyosiy partiyaning faoliyatini to‘xtatib turish (2/2)

Moddalar

10-modda. Siyosiy partiyaning faoliyatini to‘xtatib turish

Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, ushbu Qonunni, boshqa qonunchilik hujjatlarini yoki o‘z ustavini buzgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikning yoki ustavning qaysi normalari buzilganligini ko‘rsatgan holda bu xususda partiya rahbar organlariga yozma tarzda xabar qiladi va bunday buzishlarni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. Agar buzishlar belgilangan muddat davomida bartaraf etilmasa, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi siyosiy partiyaning faoliyatini olti oygacha muddatga to‘xtatib turishi mumkin.

Siyosiy partiyaning faoliyati to‘xtatib turilgan taqdirda, shu muddat davomida partiyaning har qanday ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi, targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishi, saylovlarda ishtirok etishi man qilinadi.

11-modda. Siyosiy partiyaning faoliyatini tugatish

Siyosiy partiyaning faoliyati quyidagi tarzda tugatiladi:

partiyaning o‘z ustaviga muvofiq tarqalib ketishi orqali, bu haqda partiya oliy organi uch kunlik muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga xabar qiladi;

partiya ushbu Qonun 3-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan xatti-harakatlarni sodir etgan hollarda yoki o‘z faoliyati to‘xtatib qo‘yilganidan so‘ng bir yil muddat ichida o‘sha xatti-harakatlarni takror sodir etgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori bilan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya faoliyati tugatilganligi to‘g‘risidagi rasmiy xabari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan kundan boshlab siyosiy partiyaning faoliyati tugaydi.

12-modda. Siyosiy partiyalarning huquqlari

Siyosiy partiyalar quyidagi huquqlarga ega:

o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni erkin tarqatish, o‘z g‘oyalari, maqsadlari va qarorlarini targ‘ib qilish;

saylab qo‘yiladigan davlat organlaridagi o‘z vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish;

qonunda belgilab qo‘yilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etish;

partiya faoliyati bilan bog‘liq yig‘ilishlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;

qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositalari ta’sis etish va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;

O‘zbekiston Respublikasining siyosiy partiyalari bilan ittifoq (blok) tuzish, ular bilan va boshqa jamoat birlashmalari bilan shartnoma munosabatlari o‘rnatish.

Siyosiy partiyalar ushbu Qonunda hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘z partiyalarining siyosatini uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun, siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan deputatlarning ta’sis yig‘ilishlarida tuziladi. Fraksiyalar fraksiyaning rahbari bergan tegishli ariza va ta’sis hujjatlariga asosan Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan ro‘yxatga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyasi quyidagi huquqlarga ega:

Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibini tuzishda ishtirok etish;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi tashabbus bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish;

Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibidagi har bir masala bo‘yicha muzokaralarda fraksiya vakiliga kafolatlangan so‘z berilishi;

tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeriga va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga, vazirlarga, shuningdek boshqa davlat organlarining rahbarlariga so‘rov bilan murojaat etish;

Qonunchilik palatasining Spiker o‘rinbosarligiga qo‘mitalari va komissiyalari raisligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish;

Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha fraksiya fikrini deputatlar orasida tarqatish;

Qonunchilik palatasi deputatlari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.

13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari (davomi)

Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi tarkibiga kiradi.

Fraksiyalarning faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy jihatdan va boshqa xizmatlar ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining devoni tomonidan ta’minlanadi.

13¹-modda. Parlamentdagi ko‘pchilik va parlamentdagi muxolifat. Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ko‘pchilik o‘rinni egallagan siyosiy partiya fraksiyasi parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi.

O‘z dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta siyosiy partiyalar fraksiyalari parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin.

Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘zlarini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.

Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qo‘ymaydi.

O‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:

o‘z vakillari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir nafar qo‘mita raisi va ikki nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi;

qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar o‘sha masalaga doir qonun loyihasining muqobil tahririni, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar uning ikkinchi o‘qishga tayyorlangan matnining yoki tarkibiy birligi matnining muqobil tahririni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish;

13¹-modda. Parlamentdagi ko‘pchilik va parlamentdagi muxolifat. Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi (davomi)

muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan o‘zining alohida fikrini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisi bayonnomasiga kiritish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarida hukumat a’zolarining Qonunchilik palatasi deputatlari savollariga javoblarini eshitish (“hukumat soati”) doirasida yilning har choragida kamida bitta masala kiritish;

parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yilning har choragida kamida bitta masala kiritish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha kelishuv komissiyasida o‘z vakillarining kafolatli ishtirok etishi.

Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas.

14-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari

Partiya guruhi — siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida, xalq deputatlari Kengashida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan deputatlar birlashmasi.

Siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga yoki xalq deputatlari Kengashiga saylangan deputat faqat shu partiyaning partiya guruhi a’zosi bo‘lishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlarning ta’sis yig‘ilishlarida tuziladi. Partiya guruhlari partiya guruhi rahbarining tegishli arizasi va ta’sis hujjatlariga asosan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari ularda tegishli siyosiy partiyadan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga yoki xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlariga saylangan kamida uch nafar deputat birlashgan taqdirda tuziladi;

Partiya guruhi hisobga olish ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.

Partiya guruhining faoliyati quyidagi hollarda tugatiladi:

partiya guruhining o‘z tashabbusi bilan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining yoki xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddati tugaganda;

14-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari (davomi)

partiya guruhi tarkibiga kiruvchi deputatlar soni uni tuzish uchun zarur bo‘lgan me’yordan kamayib ketganda;

tegishli siyosiy partiyaning faoliyati tugatilganda.

14¹-modda. Partiya guruhlarining huquqlari

Partiya guruhlari quyidagi huquqlarga ega:

davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi sessiyasi kun tartibini shakllantirishda ishtirok etish;

davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi qo‘mitalari yoki komissiyalari raisligiga, rais o‘rinbosarligiga va a’zoligiga nomzodlar yuzasidan takliflar kiritish;

davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi sessiyasi kun tartibidagi har bir masala bo‘yicha muzokaralarda partiya guruhi vakiliga so‘z berilishini kafolatlash;

tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining va Vazirlar Kengashining raislariga, vazirlariga hamda boshqa davlat organlari rahbarlariga, hokimlarga, hokim o‘rinbosarlariga, hokimliklar boshqarmalari, bo‘limlari va boshqa bo‘linmalarining rahbarlariga, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashi hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga so‘rov bilan murojaat qilish;

hududlarni rivojlantirish dasturlarining loyihalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;

tegishli hududda joylashgan davlat organi rahbarining, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan hisobotini yoki axborotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari Kengashining sessiyalarida eshitish to‘g‘risida, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini ko‘rib chiqish haqida takliflar kiritish. Bunda qaror deputatlarning yarmidan ko‘pi qo‘llab-quvvatlagan taqdirda qabul qilinadi;

14¹-modda. Partiya guruhlarining huquqlari (davomi)

tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining yoki xalq deputatlari Kengashining sessiyasida muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha partiya guruhining fikrini deputatlar orasida tarqatish;

tuman (shahar) hokimining, shuningdek tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining qoniqarsiz faoliyati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyat yoki Toshkent shahar hokimiga xulosa taqdim etish.

Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari viloyat hamda Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi huquqiga ega.

Partiya guruhlarining tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga va xalq deputatlari Kengashiga kiritiladigan masalalar bo‘yicha taklifi albatta ko‘rib chiqiladi.

Partiya guruhlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya guruhlari faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatdan xizmatlar ko‘rsatish Jo‘qorg‘i Kengesning devoni tomonidan, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatdan xizmat ko‘rsatish tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati tomonidan ta’minlanadi.

15-modda. Siyosiy partiyalar mulki

Binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, nashriyotlar, transport vositalari, shuningdek ustavida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boshqa mol-mulk siyosiy partiyalarning mulki bo‘lishi mumkin.

Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar faqat ustavda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi. Siyosiy partiyaning tadbirkorlik faoliyati natijalari uning moliyaviy hisobotida aks ettirilishi kerak.

Siyosiy partiyalarning tadbirkorlik faoliyatidan olgan daromadlari partiya a’zolari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas va ulardan faqat ustavda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun foydalaniladi.

Siyosiy partiyalar har yili barchaning e’tibori uchun o‘z budjetlarini e’lon qilib boradi va o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yoki u vakolat bergan organga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.

Siyosiy partiyalarning mulki qonun bilan muhofaza qilinadi.

17-modda. Siyosiy partiyalar faoliyatining qonunchilikka va o‘z ustavlariga muvofiqligini nazorat qilish

Siyosiy partiyalarning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunchilikka va o‘z ustavlariga muvofiqligini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nazorat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1996-yil 26-dekabr,

337-I-son

Bilimingizni sinang

Qonunbuzarlik bartaraf etilmasa, Oliy sud siyosiy partiyaning faoliyatini eng ko‘pi bilan qancha muddatga to‘xtatib turishi mumkin?
  1. olti oygacha
  2. bir oygacha
  3. bir yilgacha
  4. uch oygacha

To‘g‘ri javob: olti oygacha. Oliy sud siyosiy partiya faoliyatini olti oygacha muddatga to‘xtatib turishi mumkin.

«Siyosiy partiyalar to‘g‘risida» qonun — 10-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Siyosiy partiyalarga a’zolik
  2. Siyosiy partiyalar mulki
  3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari
  4. Siyosiy partiyaning faoliyatini to‘xtatib turish

To‘g‘ri javob: Siyosiy partiyaning faoliyatini to‘xtatib turish. 10-modda: Siyosiy partiyaning faoliyatini to‘xtatib turish.

«Siyosiy partiyalar to‘g‘risida» qonun: «Siyosiy partiyaning faoliyatini to‘xtatib turish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 10-modda
  2. 15-modda
  3. 4-modda
  4. 14-modda

To‘g‘ri javob: 10-modda. 10-modda: Siyosiy partiyaning faoliyatini to‘xtatib turish.

Siyosiy partiya faoliyatini olti oygacha muddatga to‘xtatib turish vakolati qaysi organga tegishli?
  1. Respublika Adliya vazirligi organi
  2. Respublika Bosh prokuraturasi organi
  3. O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi
  4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi. 10-moddaga ko‘ra faoliyatni olti oygacha to‘xtatib turish Oliy sud vakolatida.

Adliya vazirligi partiyaning ustavni buzganligini aniqladi. U qanday tartibda harakat qilishi kerak?
  1. Partiyani darhol tugatish haqida sudga murojaat qiladi va faoliyatini to‘xtatadi, muddat belgilamasdan, rahbarlarga xabarsiz
  2. Normalar buzilganini ko‘rsatmay, partiya a’zolariga og‘zaki ogohlantirish beradi va jarima belgilaydi, muddat bermaydi
  3. Qaysi normalar buzilganini ko‘rsatib, partiya rahbar organlariga yozma xabar qiladi va bartaraf etish uchun muddat belgilaydi
  4. Faqat Bosh prokurorga xabar yuboradi, partiya rahbar organlariga esa muddat belgilashni faqat taklif qiladi, o‘zi belgilamaydi

To‘g‘ri javob: Qaysi normalar buzilganini ko‘rsatib, partiya rahbar organlariga yozma xabar qiladi va bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. 10-moddaga ko‘ra avval yozma xabar beriladi va bartaraf etish muddati belgilanadi, so‘ng muddat o‘tsa sudga taqdimnoma kiritiladi.

Siyosiy partiya faoliyatini to‘xtatib turish haqida sudga taqdimnomani kimlar kiritishi mumkin?
  1. Faqat Vazirlar Mahkamasi Raisi
  2. Adliya vazirligi yoki Bosh prokuror
  3. Faqat Bosh prokuror yoki Senat Raisi
  4. Oliy sud Raisi yoki Adliya vaziri

To‘g‘ri javob: Adliya vazirligi yoki Bosh prokuror. 10-moddaga ko‘ra Adliya vazirligi yoki Bosh prokurorning taqdimnomasiga binoan Oliy sud qaror qiladi.

Partiya faoliyati to‘xtatib turildi. Partiya shu muddatda saylovlarda qatnashmoqchi va targ‘ibot olib bormoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Ikkalasi ham mumkin
  2. Saylovda qatnashishi mumkin, targ‘ibot mumkin emas
  3. Ikkalasi ham man qilinadi
  4. Targ‘ibot olib borishi mumkin, saylovda qatnashishi mumkin emas

To‘g‘ri javob: Ikkalasi ham man qilinadi. To‘xtatib turish davrida partiyaning OAVdan foydalanishi, targ‘ibot-tashviqot va saylovlarda ishtirok etishi man qilinadi.

Siyosiy partiya ustaviga muvofiq tarqalib ketganda, partiya oliy organi bu haqda Adliya vazirligiga qancha muddat ichida xabar qiladi?
  1. uch kunlik
  2. o‘n kunlik
  3. bir oylik
  4. yetti kunlik

To‘g‘ri javob: uch kunlik. Partiya o‘z ustaviga muvofiq tarqalib ketsa, oliy organ uch kunlik muddat ichida Adliya vazirligiga xabar qiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSiyosiy partiya tushunchasi (1/2)