XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Prokuratura to‘g‘risida» qonun · 43–51-m.

Prokuratura organlarining xodimlari

Vi Bo‘Lim. Prokuratura Organlarining Xodimlari

43-modda. Prokuratura organlaridagi lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarga nisbatan qo‘yiladigan talablar

Prokuratura organlarida prokurorlar, tergovchilar, surishtiruvchilar va ish o‘rganuvchilar lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga ega, zarur kasbiy fazilatlari bo‘lgan, zimmalariga yuklanadigan xizmat vazifalarini bajarishga sog‘lig‘i imkon beradigan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tayinlanadi.

Alohida hollarda, prokuratura organlaridagi xizmatga iqtisodiyot, moliya, sotsiologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida va boshqa sohalarda oliy ma’lumotga, zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar qabul qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari, shuningdek tumanlar, shaharlar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslar tayinlanadi.

Prokuratura organlari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori belgilaydigan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilishi lozim.

43¹-modda. Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar

Prokuratura organlari xodimlari quyidagilarga haqli emas:

o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) prokuratura organlarida birga xizmat qilishga, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga olib kelsa;

ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga;

tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;

tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga;

o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga;

qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqeyi bilan bog‘liq holda foydalanishga;

qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ishtirok etishga;

chet davlat fuqaroligini yoki chet davlatda doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni olish maqsadida murojaat qilishga;

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda ta’lim olish, stajirovka o‘tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar mustasno;

43¹-modda. Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar (davomi)

o‘zining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq hollar bundan mustasno;

xizmatni o‘tash vaqtida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarishga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida hollar bundan mustasno;

prokuratura organlarining binolarida va hududida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni tashkil etishga, diniy mazmundagi materiallar va buyumlarni saqlashga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq hollar bundan mustasno.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaganlik prokuratura organlari xodimlarini qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

44-modda. Prokurorlar va tergovchilarning qasamyodi

Prokuror yoki tergovchi lavozimiga birinchi marta tayinlanayotgan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:

“O‘z xizmat vazifalarimni halol va vijdonan bajarishga, qonun buzilishiga qarshi murosasiz kurashishga, fuqaro, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga tantanali qasamyod qilaman”.

Qasamyod qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan belgilanadi.

45-modda. Prokurorlar faoliyatini baholash

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurorining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining, tumanlar, shaharlar prokurorlarining hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlarning faoliyati tegishli yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan ularning vakolatlari muddati ichida kamida ikki marta kompleks o‘rganib chiqiladi. Prokurorlar faoliyatini baholashning asosiy mezonlari qonuniylikning holati va fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklari, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ta’minlanishi hisoblanadi.

O‘z faoliyati davrida tegishli hududda qonunlar ijrosi ustidan lozim darajada nazorat o‘rnatilishini ta’minlab bera olmagan shaxslar prokuror lavozimiga takroran ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

46-modda. Prokuratura organlarining ichki xavfsizligini ta’minlash bo‘linmasi

O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi tuzilmasida prokuratura organlarining ichki xavfsizligini ta’minlash bo‘linmasi tuziladi.

Prokuratura organlarining ichki xavfsizligini ta’minlash bo‘linmasi prokuratura organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish, korrupsiya va egallab turgan lavozimiga noloyiq boshqa nojo‘ya xatti-harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazadi, prokuratura organlarida ichki xavfsizlikni ta’minlash sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, Bosh prokuratura hay’atining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlari, farmoyishlari va ko‘rsatmalari so‘zsiz ijro etilishini ta’minlaydi.

47-modda. Prokuratura organlari xodimlarining darajali unvonlari va harbiy unvonlari

Prokuratura organlari xodimlariga egallab turgan lavozimlari va mehnat stajiga muvofiq darajali unvonlar yoki harbiy unvonlar beriladi.

48-modda. Prokuratura organlari va muassasalaridagi xizmat

Prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash, prokuratura organlari va muassasalarining xodimlariga darajali unvonlar va harbiy unvonlar berish hamda ulardan mahrum etish, ularni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish tartibi ushbu Qonunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari va muassasalarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi nizomda, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.

Prokuratura organlari xodimlari xizmat qurolini va shaxsiy himoya vositalarini qonunchilikda belgilangan tartibda saqlash, olib yurish hamda ulardan foydalanish huquqiga ega.

49-modda. Prokuratura organlari xodimining daxlsizligi

Prokuror, tergovchi va surishtiruvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va dastlabki tergov o‘tkazish prokuratura organlarining mutlaq vakolati hisoblanadi.

Prokuratura organlari xodimlarining intizomiy nojo‘ya xatti-harakat uchun javobgarligi masalasi yuqori turuvchi prokuror tomonidan hal etiladi.

50-modda. Prokuratura organlari xodimlarining moddiy va ijtimoiy ta’minoti

Prokuratura organlari xodimlarining ish haqi mansab maoshidan, darajali unvonlar (harbiy unvonlar), ko‘p yillik xizmat uchun to‘lanadigan ustama haqlardan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iborat bo‘ladi.

Darajali unvonlarga (harbiy unvonlarga) ega bo‘lgan prokuratura organlarining xodimlari belgilangan me’yorlar bo‘yicha bepul xizmat kiyimi bilan ta’minlanadi.

Prokuratura organlari xodimlariga davomiyligi o‘ttiz kalendar kundan iborat haq to‘lanadigan yillik ta’til beriladi. O‘n yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlariga davomiyligi besh kalendar kun, o‘n besh yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lganlarga davomiyligi o‘n kalendar kun, yigirma yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lganlarga esa davomiyligi o‘n besh kalendar kun qo‘shimcha ta’til beriladi.

51-modda. Prokuratura organlari xodimlarini hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash choralari

Prokuratura organlari xodimlarining hayoti va sog‘lig‘i davlat himoyasida bo‘ladi hamda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urtalanadi.

Davlat sug‘urta organlari quyidagi hollarda sug‘urta summalarini to‘laydilar:

prokuratura organlari xodimi ishlayotgan davrida yoki prokuratura organlaridan bo‘shatilganidan keyin halok bo‘lsa (vafot etsa), agar bu hol u o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan tan jarohatlari yoki sog‘lig‘ining boshqacha shikastlanishi oqibatida ro‘y bergan bo‘lsa, uning merosxo‘rlariga — O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 194-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan miqdorda;

prokuratura organlari xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kelgusida kasbiga doir faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatini istisno etadigan darajada mayib bo‘lib qolganida yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganida — uning oylik ish haqi yigirma besh karrasi miqdorida;

prokuratura organlari xodimiga u o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kasbiga doir faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatini istisno etmaydigan va mehnat qobiliyatini doimiy yo‘qotishga olib kelmaydigan tan jarohatlari yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganida — uning oylik ish haqi besh karrasi miqdorida.

Prokuratura organlari xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kelgusida kasbiga doir faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatini istisno etadigan darajada mayib bo‘lib qolganida yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganida majburiy davlat sug‘urtasi bo‘yicha olingan to‘lovlarni hisobga olmagan holda unga ish haqi va tayin etilgan pensiya o‘rtasidagi farq har oyda to‘lab boriladi.

51-modda. Prokuratura organlari xodimlarini hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash choralari (davomi)

Prokuratura organlari xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan tan jarohatlari yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilishi oqibatida halok bo‘lsa (vafot etsa), uning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolariga yetkazilgan zararning to‘lovi boquvchisini yo‘qotganlik munosabati bilan tayinlangan pensiya, xuddi shuningdek boshqa pensiya, ish haqi, stipendiya va o‘zga daromadlarni hisobga olmagan holda to‘lanadi.

Prokuratura organlari xodimining o‘z xizmat faoliyati bilan bog‘liq tarzda unga tegishli mol-mulkni yo‘q qilish yoki shikastlash oqibatida yetkazilgan zarar unga yoki uning oila a’zolariga to‘laligicha qoplanadi.

Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan zararni qoplash bo‘yicha to‘lovlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib, ular aybdor shaxslardan qonunda belgilangan tartibda keyinchalik undirib olinadi.

Bilimingizni sinang

O‘zbekiston Respublikasida tuman va shahar prokurorlari lavozimiga qancha yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslar tayinlanadi?
  1. o‘ttiz besh yoshdan
  2. yigirma yoshdan
  3. o‘ttiz yoshdan
  4. yigirma besh yoshdan

To‘g‘ri javob: yigirma besh yoshdan. Tuman, shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslar tayinlanadi.

«Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, prokuratura organlarida prokuror, tergovchi, surishtiruvchi va ish o‘rganuvchi lavozimiga qanday shaxslar tayinlanadi?
  1. Oliy yuridik ma’lumotli, kasbiy fazilatli, sog‘lig‘i imkon beradigan O‘zbekiston fuqarolari
  2. Oliy yoki o‘rta maxsus yuridik ma’lumotli, kamida besh yillik stajga ega O‘zbekiston fuqarolari
  3. Oliy yuridik ma’lumotli, kasbiy fazilatlarga ega, har qanday davlatning fuqarolari ham
  4. Oliy ma’lumotli, harbiy xizmatni o‘tagan va sudlanmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari

To‘g‘ri javob: Oliy yuridik ma’lumotli, kasbiy fazilatli, sog‘lig‘i imkon beradigan O‘zbekiston fuqarolari. 43-modda: bu lavozimlarga oliy yuridik ma’lumotli, kasbiy fazilatli, sog‘lig‘i imkon beradigan O‘zbekiston fuqarolari tayinlanadi.

Nomzod B. yigirma to‘rt yoshda, oliy yuridik ma’lumotli. U tuman prokurori lavozimiga tayinlanmoqchi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
  1. Tayinlanishi mumkin, chunki bu lavozim uchun yosh bo‘yicha biron-bir talab qonunda belgilanmagan
  2. Tayinlanishi mumkin emas, chunki yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxs tayinlanadi
  3. Tayinlanishi mumkin, chunki yosh talabi faqat Bosh prokurorning o‘ziga nisbatan qo‘llaniladi
  4. Tayinlanishi mumkin emas, chunki bu lavozimga o‘ttiz yoshdan kichik bo‘lmagan shaxs tayinlanadi

To‘g‘ri javob: Tayinlanishi mumkin emas, chunki yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxs tayinlanadi. 43-modda: tuman va shahar prokurorlari lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslar tayinlanadi.

Prokuratura organlari xodimlari attestatsiyadan qaysi tartibda o‘tkaziladi?
  1. Prezident belgilaydigan tartibda
  2. Adliya vazirligi belgilaydigan tartibda
  3. Bosh prokuror belgilaydigan tartibda
  4. Oliy Majlis belgilaydigan tartibda

To‘g‘ri javob: Bosh prokuror belgilaydigan tartibda. 43-modda: xodimlar Bosh prokuror belgilaydigan tartibda attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Alohida hollarda prokuratura organlaridagi xizmatga qaysi sohalardagi mutaxassislar qabul qilinishi mumkin?
  1. Tibbiyot, qurilish, qishloq xo‘jaligi va transport sohasidagi o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar
  2. Faqat harbiy va huquq-tartibot sohasida xizmat qilgan oliy ma’lumotli sobiq mutaxassislar
  3. Sud tizimi, advokatura, notariat va nodavlat tashkilotlar sohasidagi oliy ma’lumotli sobiq xodimlar
  4. Iqtisodiyot, moliya, sotsiologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar

To‘g‘ri javob: Iqtisodiyot, moliya, sotsiologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar. 43-modda: alohida hollarda iqtisodiyot, moliya, sotsiologiya, AKT va boshqa sohalardagi mutaxassislar qabul qilinishi mumkin.

«Prokuratura to‘g‘risida» qonun — 43¹-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Sud qarorlariga protest keltirish
  2. Prokuratura organlari xodimining daxlsizligi
  3. Prokuratura organlaridagi lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarga nisbatan qo‘yiladigan talablar
  4. Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar

To‘g‘ri javob: Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar. 43¹-modda: Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar.

«Prokuratura to‘g‘risida» qonun: «Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar» qaysi moddada belgilangan?
  1. 35-modda
  2. 43-modda
  3. 49-modda
  4. 43¹-modda

To‘g‘ri javob: 43¹-modda. 43¹-modda: Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar.

Prokuror V. ning akasi shu prokuraturada tergovchi bo‘lib ishlamoqda va V. ga bevosita bo‘ysunadi. Ularning birga xizmat qilishi haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Ular birga xizmat qilishi mumkin, chunki aka-ukalar uchun bunday cheklov nazarda tutilmagan
  2. Ular birga xizmat qila olmaydi, chunki biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga olib keladi
  3. Ular birga xizmat qilishi mumkin, agar Bosh prokuror buning uchun yozma ruxsat bergan bo‘lsa
  4. Ular hech qachon birga xizmat qila olmaydi, chunki qarindoshlar prokuraturada ishlashi taqiqlanadi

To‘g‘ri javob: Ular birga xizmat qila olmaydi, chunki biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga olib keladi. 43¹-modda: yaqin qarindoshlar birga xizmat qilishi birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga olib kelsa, taqiqlanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiProkuror nazorati hujjatlariKeyingi →Yakunlovchi qoidalar