O‘zbekiston Respublikasining referendumi (1/5)
Moddalar
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining referendumi
O‘zbekiston Respublikasining referendumi (bundan buyon matnda referendum deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir.
Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasidir.
Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Referendum O‘zbekiston Respublikasining butun hududida o‘tkaziladi.
2-modda. Referendum predmeti bo‘lmaydigan masalalar
Quyidagi masalalar referendum predmeti bo‘lishi mumkin emas:
O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va soliqlar;
amnistiya va afv etish;
jamoat tartibini, aholi sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish.
3-modda. Referendum o‘tkazilishini istisno etadigan holatlar
O‘zbekiston Respublikasining butun hududida joriy etilgan harbiy vaqt yoki favqulodda holat sharoitlarida, shuningdek harbiy vaqt tugagan yoki favqulodda holat bekor qilingandan keyin uch oy davomida referendum o‘tkazilmaydi.
Referendum natijalari rasman e’lon qilingandan keyin bir yil davomida mazmun yoki ma’nosiga ko‘ra xuddi shunday savol qo‘yilgan referendum o‘tkazilmaydi.
4-modda. Referendum to‘g‘risidagi qonunchilik
Referendum to‘g‘risidagi qonunchilik O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
5-modda. Referendum o‘tkazishning asosiy prinsiplari
Referendum fuqarolarning o‘z xohish-irodasini umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini referendumda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga, shuningdek xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari referendumda teng asoslarda ishtirok etadilar. Har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi.
Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ochiq va oshkora amalga oshiriladi.
Fuqarolarning o‘z xohish-irodasini bildirishi nazorat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari referendumda bevosita ishtirok etadilar.
6-modda. Referendumda ishtirok etish huquqi
Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqlidir.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning referendumda ishtirok etish huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqeyi, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.
7-modda. Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda oshkoralik
Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda qatnashayotgan davlat organlari va jamoat birlashmalari o‘z faoliyatlarini oshkora amalga oshiradilar.
Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni referendum o‘tkazuvchi komissiyalar amalga oshiradilar. Ular fuqarolarni o‘z ishlaridan, ovoz berish uchastkalari tuzilganligi, komissiyalarning tarkibi, ularning joylashgan manzili va ish vaqtidan voqif etadilar, ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlari bilan tanishtiradilar, ovoz berish yakunlaridan xabardor qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari referendumga tayyorgarlikning borishi va u qanday o‘tayotganligini yoritib boradilar.
8-modda. Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ochiqlik
Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, fuqarolar tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Manfaatdor tashkilotlar, fuqarolar tashabbuskor guruhlari o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida tegishli hududiy komissiyalarga referendum o‘tkazilishiga kechi bilan o‘n kun qolganida ma’lum qiladilar.
Hududiy komissiyalar manfaatdor tashkilotdan, fuqarolar tashabbuskor guruhidan ariza olganidan keyin besh kun ichida mandatni kuzatuvchi uchun beradi. Boshqa davlatlardan va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.
9-modda. Kuzatuvchilarning huquqlari
Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning majlislarida hozir bo‘lish;
referendum uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va ovoz berish qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, ovoz berish byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
ovozlarni sanab chiqishda va referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining ovoz berish yakunlari to‘g‘risidagi bayonini tuzishda hozir bo‘lish;
ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli referendum o‘tkazuvchi komissiya tomonidan tasdiqlangan nusxalarini so‘rash va olish;
agar referendumda ushbu Qonunning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida referendum o‘tkazuvchi yuqori komissiyaga ma’lum qilish.
Kuzatuvchilarga quyidagilar man etiladi:
ovoz beruvchi ovoz berish byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;
ovoz beruvchilarga ta’sir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyoti tarqatish;
ovoz beruvchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;
referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish chog‘ida aralashish.
9-modda. Kuzatuvchilarning huquqlari (davomi)
Kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida uch kun oldin xabardor qilishi kerak.
10-modda. Referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari referendum o‘tkazilishini yoqlab yoki unga qarshi, referendumga qo‘yilayotgan qonun loyihasi, amaldagi qonun yoki boshqa masalani yoqlab yoki unga qarshi moneliksiz tashviqot olib borishga haqlidirlar.
Referendumga qo‘yiladigan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish maqsadida radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish mumkin.
Tashviqotni fuqarolarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlari bundan mustasno), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.
Referendum o‘tkaziladigan kunda va referendumni o‘tkazishga bir kun qolganda tashviqot yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
II. REFERENDUMNI TAYINLASH
Bilimingizni sinang
«Referendum to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining referendumi nima?
- Qonunlar va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadida jamiyat va davlat hayotining kichik masalalari yuzasidan Oliy Majlis deputatlarining ovoz berishi
- Qonunlar va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishi
- Qonunlarni qabul qilish maqsadida davlat hayotining muhim masalalari yuzasidan faqat saylov komissiyalari a’zolarining yopiq ovoz berishi
- Qonunlarni bekor qilish maqsadida jamiyat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan faqat mahalla fuqarolar yig‘inlarining ochiq ovoz berishi
To‘g‘ri javob: Qonunlar va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishi. 1-moddada referendum fuqarolarning umumxalq ovoz berishi sifatida ta’riflangan.
Referendumda qabul qilingan qarorlar, agar ularda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, qanday yo‘l bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin?
- Oliy Majlis qarori bilan
- Prezident farmoni bilan
- Konstitutsiyaviy sud ajrimi bilan
- Faqat referendum yo‘li bilan
To‘g‘ri javob: Faqat referendum yo‘li bilan. 1-moddaga ko‘ra bunday qarorlar faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Fuqarolar tashabbuskor guruhi Davlat budjetidagi soliq stavkalarini pasaytirish masalasini referendumga qo‘ymoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Bunday masala referendum predmeti bo‘lishi mumkin emas
- Bunday masala referendumga qo‘yilishi mumkin
- Masala faqat Prezident tashabbusi bilan referendumga qo‘yiladi
- Masala faqat tuman darajasida referendumga qo‘yilishi mumkin
To‘g‘ri javob: Bunday masala referendum predmeti bo‘lishi mumkin emas. 2-moddaga ko‘ra Davlat budjeti va soliqlar referendum predmeti bo‘lishi mumkin emas.
Bir guruh fuqarolar viloyat hokimini vazifasidan ozod etish masalasini referendumga qo‘yishni taklif qildi. Qonunga ko‘ra bu taklif qanday baholanadi?
- Qabul qilinadi, chunki mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish referendum predmeti bo‘la oladi
- Qabul qilinadi, faqat Qonunchilik palatasi roziligi bilan mansabdor shaxslarni vazifasidan ozod etish masalasi qo‘yiladi
- Qabul qilinmaydi, chunki mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish referendum predmeti bo‘la olmaydi
- Qabul qilinmaydi, chunki viloyat hokimini faqat Prezident tayinlaydi, shuning uchun fuqarolar taklif kirita olmaydi
To‘g‘ri javob: Qabul qilinmaydi, chunki mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish referendum predmeti bo‘la olmaydi. 2-moddaga ko‘ra mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish referendum predmeti emas.
O‘zbekiston Respublikasida harbiy vaqt tugagan yoki favqulodda holat bekor qilingandan keyin qancha muddat davomida referendum o‘tkazilmaydi?
- bir yil
- bir oy
- olti oy
- uch oy
To‘g‘ri javob: uch oy. Harbiy vaqt tugagan yoki favqulodda holat bekor qilingandan keyin uch oy davomida referendum o‘tkazilmaydi.
Referendum natijalari rasman e’lon qilingandan keyin mazmuniga ko‘ra xuddi shunday savol qo‘yilgan referendum qancha vaqt davomida o‘tkazilmaydi?
- bir yil
- olti oy
- uch oy
- ikki yil
To‘g‘ri javob: bir yil. Natijalar rasman e’lon qilingandan keyin bir yil davomida shunday savolli referendum o‘tkazilmaydi.
«Referendum to‘g‘risida» qonun — 3-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Referendum predmeti bo‘lmaydigan masalalar
- Referendum o‘tkazilishini istisno etadigan holatlar
- Referendum o‘tkazishning asosiy prinsiplari
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumni o‘tkazish tashabbusini amalga oshirish tartibi
To‘g‘ri javob: Referendum o‘tkazilishini istisno etadigan holatlar. 3-modda: Referendum o‘tkazilishini istisno etadigan holatlar.
«Referendum to‘g‘risida» qonun: «Referendum o‘tkazilishini istisno etadigan holatlar» qaysi moddada belgilangan?
- 5-modda
- 2-modda
- 3-modda
- 12-modda
To‘g‘ri javob: 3-modda. 3-modda: Referendum o‘tkazilishini istisno etadigan holatlar.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash