XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Saylov kodeksi · 27–32-m.

Saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish · Saylov byulleteni

Moddalar

27-modda. Saylovchilarning ro‘yxatlari

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.

Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.

Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.

27¹-modda. Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatlariga kiritish

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.

Chet davlatlarda turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan o‘n besh kun oldin yozma shaklda yoki O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarning ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatida ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga darhol taqdim etadi.

27¹-modda. Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatlariga kiritish (davomi)

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun darhol taqdim etadi.

28-modda. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, shuningdek saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.

Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini oladi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish bo‘yicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashadi.

Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari bo‘yicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.

Saylovchilarning ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

28-modda. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (davomi)

Saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan olingan saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalaniladi.

29-modda. Fuqarolarni saylovchilarning ro‘yxatlari bilan tanishtirish

Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi. Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatidagi o‘ziga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham ta’minlanadi.

Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

Uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati hamma tanishib chiqishi uchun qulay bo‘lgan holda taqdim etiladi. Bunday ro‘yxatda saylovchilarning faqat familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan yili ko‘rsatiladi.

Uchastka saylov komissiyasi ro‘yxat bilan tanishish joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor etadi.

Saylov komissiyalari saylovchilarning ro‘yxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.

29-modda. Fuqarolarni saylovchilarning ro‘yxatlari bilan tanishtirish (davomi)

Saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga besh kun qolganida to‘xtatiladi.

30-modda. Saylovchilarning ro‘yxatlari xususida bahslashuv

Har bir fuqaro saylovchilarning ro‘yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.

Uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

31-modda. Saylov byulletenining mazmuni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni namunasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tug‘ilgan yili va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovida saylov byulleteniga unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.

Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak.

Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek tegishli hududiy, tuman va shahar saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli hudud aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda chop etiladi.

Saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkin.

32-modda. Saylov byulletenlarini tayyorlash va yetkazib berish

Uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini ovoz berish kuniga, shu jumladan muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida tuman, shahar saylov komissiyalaridan oladi. Saylov byulletenlarining topshirilganligi hamda qabul qilinganligini tuman, shahar va uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari yoxud kotibi tegishli hujjatda o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlarining tayyorlanishi va yetkazib berilishini ta’minlaydi.

Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni saylov uchastkasi bo‘yicha ro‘yxatlarga kiritilgan saylovchilar soniga nisbatan yarim foizdan ortiqroq bo‘lishi mumkin emas. Saylov byulleteni o‘ng tomonining yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki a’zosi imzo qo‘yadi, imzolar uchastka saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan saylov byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.

Bilimingizni sinang

Saylov kodeksi — 27-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasiga a’zolik
  2. Siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar
  3. Fuqarolarni saylovchilarning ro‘yxatlari bilan tanishtirish
  4. Saylovchilarning ro‘yxatlari

To‘g‘ri javob: Saylovchilarning ro‘yxatlari. 27-modda: Saylovchilarning ro‘yxatlari.

Saylov kodeksi: «Saylovchilarning ro‘yxatlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 27-modda
  2. 33-modda
  3. 29-modda
  4. 25-modda

To‘g‘ri javob: 27-modda. 27-modda: Saylovchilarning ro‘yxatlari.

Saylov kodeksiga ko‘ra, qaysi fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi?
  1. Faqat saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va uchastka hududida kamida bir yil doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilgan fuqarolar
  2. Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n olti yoshga to‘lgan va uchastka hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar
  3. Saylov kuniga qadar o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ammo faqat uchastka hududida doimiy ro‘yxatda turgan va ishlayotgan fuqarolar
  4. Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va uchastka hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar

To‘g‘ri javob: Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va uchastka hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar. 27-moddaga ko‘ra, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan, uchastka hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar ro‘yxatga kiritiladi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning saylovchilar ro‘yxatlari qaysi ma’lumotlar asosida tuziladi?
  1. Tuman hokimligi taqdim etadigan ma’lumotlar
  2. Ichki ishlar organlari taqdim etadigan ma’lumotlar
  3. Harbiy qism komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar
  4. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi taqdim etadigan ma’lumotlar

To‘g‘ri javob: Harbiy qism komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar. 27-moddaga ko‘ra, harbiy qismlardagi saylovchilar ro‘yxati harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi.

Serjant Bobur harbiy qism hududidan tashqarida, ijaraga olgan kvartirada yashaydi. Qismning komandiri uni qism ro‘yxatiga kiritmoqchi. Saylov kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. U faqat qism komandiri ma’lumoti asosida qism ro‘yxatiga kiritiladi
  2. U saylovda ishtirok etish huquqidan vaqtincha mahrum
  3. U yashash joyi bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi
  4. U faqat maxsus uchastkada, qamoqxona rahbari ma’lumoti bilan kiritiladi

To‘g‘ri javob: U yashash joyi bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. 27-moddaga ko‘ra, harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda kiritiladi.

Chet davlatlarda turgan fuqarolar o‘zlarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida vakolatxona uchastka komissiyasiga saylovdan qancha vaqt oldin murojaat qilishi mumkin?
  1. uch kun
  2. besh kun
  3. o‘n besh kun
  4. o‘ttiz kun

To‘g‘ri javob: o‘n besh kun. Chet eldagi fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi haqida saylovdan o‘n besh kun oldin murojaat qilishi mumkin.

Chet davlatlarda turgan fuqaro o‘zini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga qachongacha murojaat qilishi mumkin?
  1. Saylovdan o‘ttiz kun oldin
  2. Saylovdan o‘n kun oldin
  3. Saylovdan besh kun oldin
  4. Saylovdan o‘n besh kun oldin

To‘g‘ri javob: Saylovdan o‘n besh kun oldin. 27¹-moddaga ko‘ra, murojaat saylovdan o‘n besh kun oldin yozma yoki elektron shaklda qilinishi mumkin.

Dubaydagi O‘zbekiston bosh konsulligi huzurida uchastka tuzilgan. Fuqaro Sardor saylovga o‘n kun qolganida ro‘yxatga kiritilishini so‘rab murojaat qildi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Murojaat muddatida berilgan, chunki konsullik uchastkasida saylovdan besh kun oldin ham mumkin
  2. Sardor faqat shaxsan kelib murojaat qilishi shart edi, elektron murojaat qabul qilinmaydi
  3. Murojaat muddatidan keyin berilgan, chunki u saylovdan o‘n besh kun oldin berilishi kerak edi
  4. Murojaatni uchastka komissiyasi emas, Tashqi ishlar vazirligi ko‘rib chiqadi va hal qiladi

To‘g‘ri javob: Murojaat muddatidan keyin berilgan, chunki u saylovdan o‘n besh kun oldin berilishi kerak edi. 27¹-moddaga ko‘ra, murojaat saylovdan o‘n besh kun oldin yozma yoki elektron shaklda beriladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSaylov komissiyalari (2/2)Keyingi →Kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari