Asosiy qoidalar (1/2)
Umumiy Qism
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ushbu Kodeks soliqlar va yig‘imlarni belgilash, joriy etish va bekor qilishga, hisoblab chiqarish hamda to‘lashga doir munosabatlarni, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan va qabul qilinishi ushbu Kodeksda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda soliq bilan bog‘liq muayyan munosabatlar ushbu Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinishi hamda tegishli vakolatli organning qarori bilan ushbu Kodeksning ayrim qoidalarini qo‘llash bo‘yicha alohida tartib belgilanishi mumkin.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining soliq to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni yoki ularning qismlarini ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topish
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi, agar mazkur hujjatga nisbatan quyidagi shartlardan hech bo‘lmaganda bittasi bajarilsa, ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topiladi:
- 1) ushbu Kodeksga muvofiq bunday hujjatlarni qabul qilish huquqiga ega bo‘lmagan organ tomonidan qabul qilingan bo‘lsa yoxud normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan bo‘lsa;
- 2) soliq munosabatlari subyektlarining ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlarini bekor qilsa yoki cheklasa;
- 3) soliq munosabatlari subyektlari harakatlarining ushbu Kodeksda belgilangan asoslarini, shartlarini, ketma-ketligini yoki tartibini o‘zgartirsa;
- 4) ushbu Kodeksda taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yo‘l qo‘ysa;
- 5) ushbu Kodeksning normalariga yoki qoidalarining mazmuniga boshqacha tarzda zid bo‘lsa.
Ushbu Kodeksga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ yoki uning yuqori turuvchi organlari bu hujjatni bekor qilishga yoki unga zarur o‘zgartishlar kiritishga haqli. Bu organlar ushbu Kodeksga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatni bekor qilishni yoki unga zarur o‘zgartishlar kiritishni rad etgan taqdirda, u sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi ular qabul qilingan sanadan e’tiboran ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi.
4-modda. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning vaqt bo‘yicha amal qilishi
Soliq solish, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq majburiyatlari yuzaga kelgan paytda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni bekor qiladigan yoki yengillashtiradigan soliq to‘g‘risidagi qonunchiliklar orqaga qaytish kuchiga ega.
Soliqlar va yig‘imlarni bekor qilishni, soliqlar va yig‘imlar stavkalarini kamaytirishni, soliq to‘lovchilarning majburiyatlarini bekor qilishni yoki ularning ahvolini boshqacha tarzda yengillashtirishni nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, agar bu soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan bo‘lsa, orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lishi mumkin, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yangi soliqlar va yig‘imlar belgilanishini nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oy o‘tgach amalga kiritiladi. Soliq imtiyozlarini bekor qilishni, yangi majburiyatlarni joriy etishni, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni yoki soliq munosabatlari subyektlarining holatini boshqacha tarzda og‘irlashtirishni nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ham xuddi shunday tartibda amalga kiritiladi.
4-modda. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning vaqt bo‘yicha amal qilishi (davomi)
Soliqlar va yig‘imlar stavkalarining o‘zgartirilishini nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, agar ularda kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ular rasman e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran amalga kiritiladi.
Ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida ko‘rsatilmagan soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
5-modda. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatlarni hisoblash tartibi
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatlar, ro‘y berishi kerak bo‘lgan voqea yoki sodir qilinishi kerak bo‘lgan harakatni ko‘rsatgan holda kalendar sana bilan yoki vaqtning yillar, choraklar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan o‘tish davri bilan aniqlanadi.
Kalendar sanadan yoki ro‘y berishi kerak bo‘lgan voqeadan keyingi kun soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatni hisoblash boshlanadigan kun deb hisoblanadi.
Yillar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tugaydi. Bunda ketma-ket keladigan o‘n ikki oydan iborat har qanday vaqt davri yil deb e’tirof etiladi, bundan kalendar yil mustasno.
Choraklar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi oyining tegishli kunida tugaydi. Bunda chorak uch kalendar oyga teng deb hisoblanadi, choraklar hisobi esa kalendar yil boshidan yuritiladi.
Oylar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi oyining tegishli sanasida tugaydi.
Agar muddatning tamom bo‘lishi tegishli sana mavjud bo‘lmagan oyga to‘g‘ri kelsa, muddat mazkur oyning oxirgi kunida tugaydi.
Kunlar bilan hisoblanadigan muddat, agar bu muddat kalendar kunlar bilan belgilanmagan bo‘lsa, ish kunlari bilan hisoblanadi. Bunda qonunchilikka muvofiq dam olish va (yoki) ish kuni bo‘lmagan bayram kuni deb e’tirof etilmaydigan kun ish kuni deb hisoblanadi.
Agar muddatning oxirgi kuni qonunchilikka muvofiq dam olish va (yoki) ish kuni bo‘lmagan kun deb e’tirof etiladigan kunga to‘g‘ri kelsa, dam olish kunidan va (yoki) ish kuni bo‘lmagan kundan keyingi ish kuni muddatning tamom bo‘lish kuni deb hisoblanadi.
5-modda. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatlarni hisoblash tartibi (davomi)
Amalga oshirilishi uchun muddat belgilangan harakat muddatning oxirgi kuni soat 24 ga qadar bajarilishi mumkin.
Agar hujjatlar yoxud pul mablag‘lari aloqa tashkilotiga muddatning oxirgi kuni soat 24 ga qadar topshirilgan bo‘lsa, muddat o‘tkazib yuborilmagan deb hisoblanadi.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasining soliq solishga oid xalqaro shartnomalarining qo‘llanilishi
O‘zbekiston Respublikasining soliq solish masalalariga oid xalqaro shartnomalarini va xalqaro soliq huquqining umumiy normalarini qo‘llash ushbu moddada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi tomonlardan biri bo‘lgan, ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni bartaraf etish masalalarini tartibga soladigan xalqaro shartnoma qoidalari shunday shartnomani tuzgan bir yoki ikkala davlatning soliq rezidentlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi tuzilgan davlatning soliq rezidentiga nisbatan, agar soliq rezidenti ushbu xalqaro shartnoma qoidalaridan mazkur xalqaro shartnoma tuzilgan davlatning soliq rezidenti bo‘lmagan boshqa shaxs manfaatlarini ko‘zlab foydalansa, tatbiq etilmaydi.
Ushbu moddaning beshinchi — o‘n ikkinchi qismlari qoidalari O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasiga muvofiq to‘lov manbaidan daromad olish uchun haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxsni aniqlash uchun qo‘llaniladi.
Yuridik shaxs tomonidan to‘lanadigan daromadlardan mustaqil ravishda foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan shaxs yoxud uning manfaatlarini ko‘zlab bunday daromadlarni tasarruf etishga vakolatli bo‘lgan o‘zga shaxs ushbu daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs deb topiladi. Bunda bu huquq ushbu yuridik shaxsda bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etish yoki uning ustidan nazorat bo‘lganligi yoxud boshqa holatlar tufayli yuzaga kelganligi ahamiyatga ega emas.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasining soliq solishga oid xalqaro shartnomalarining qo‘llanilishi (davomi)
Yuridik shaxs tashkil etmagan tuzilmaning daromadlariga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs xuddi shunday tartibda aniqlanadi.
Daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxsni aniqlashda ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan bajariladigan vazifalar, shuningdek ular qabul qiladigan tavakkalchiliklar inobatga olinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan daromadlarni tasarruf etishga nisbatan chet ellik shaxs cheklangan vakolatlarga ega bo‘lsa, hech qanday boshqa vazifalarni bajarmasa va hech qanday tavakkalchilikni o‘z zimmasiga olmasa, bunday daromadlarni bevosita yoki bilvosita boshqa shaxsga to‘lagan (to‘liq yoki qisman) holda, ushbu boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab mazkur daromadlarga nisbatan vositachilik vazifalarini amalga oshirsa, bu chet ellik shaxs O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega deb e’tirof etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromadlarni bunday daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lmagan chet ellik shaxsga to‘lash chog‘ida, agar to‘lov manbaiga bunday daromadlarga (ularning bir qismiga) nisbatan haqiqiy huquqqa ega shaxs ma’lum bo‘lsa, to‘lanayotgan daromadga soliq solish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- 1) agar to‘lanayotgan daromadlarga (ularning bir qismiga) nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti bo‘lsa, to‘lanayotgan daromadga (uning bir qismiga) soliq solishi, O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlariga nisbatan ushbu Kodeks qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda to‘lanayotgan daromadlarga (ularning bir qismiga) taalluqli soliq, agar to‘lov manbai o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organini xabardor qilgan bo‘lsa, to‘lov manbai tomonidan ushlab qolinmaydi. Bunday xabardor qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
6-modda. O‘zbekiston Respublikasining soliq solishga oid xalqaro shartnomalarining qo‘llanilishi (davomi)
- 2) agar to‘lanayotgan daromadlarga (ularning bir qismiga) nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs soliq solish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan amaldagi xalqaro shartnoma mavjud bo‘lgan davlatning (hududning) soliq rezidenti bo‘lsa, to‘lanayotgan daromadlarga (ularning bir qismiga) soliq solishga nisbatan mazkur xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Ko‘rsatilgan qoidalar, basharti daromadlar to‘lanadigan va bu daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lmagan shaxsning doimiy turgan joyi soliq solish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan amaldagi xalqaro shartnomaga ega bo‘lgan davlat (hudud) bo‘lsa, qo‘llaniladi.
Agar daromadlar to‘lanadigan va bu daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lmagan shaxsning doimiy turgan joyi soliq solish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan amaldagi xalqaro shartnomaga ega bo‘lmagan davlat (hudud) bo‘lsa, soliq to‘lov manbaida mazkur Kodeks bilan belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha ushlab qolinadi. Agar bunday daromadlar ushbu daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lmagan va bu daromadlarga (ularning bir qismiga) nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs qaysi davlat (hudud) rezidenti ekanligi o‘ziga ma’lum bo‘lmagan shaxsga to‘lansa, to‘lov manbaidagi soliq ham soliq stavkalari bo‘yicha ushlab qolinadi.
Xalqaro shartnomada O‘zbekiston Respublikasi tomonidan belgilangan vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalariga muvofiq chet davlatning vakolatli organidan chet davlat soliq to‘lovchisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida bajarilmagan soliq majburiyatlarini bajarishiga ko‘maklashish to‘g‘risida so‘rashga haqli.
7-modda. Soliq solish prinsiplari
Soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi.
8-modda. Majburiylik prinsipi
Har bir shaxs ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar va unda nazarda tutilgan yig‘imlarni to‘lashi shart.
Hech kimga soliqlar va yig‘imlarning barcha alomatlariga ega bo‘lgan, biroq ushbu Kodeksda nazarda tutilmagan yoxud uning normalari buzilgan holda belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyati yuklatilishi mumkin emas.
Bilimingizni sinang
Chet davlat bilan tuzilgan xalqaro shartnomada soliq solish bo‘yicha Soliq kodeksidan farq qiluvchi qoida bor. Soliq kodeksiga ko‘ra qaysi qoida qo‘llaniladi?
- Soliq kodeksi qoidalari, chunki ular ichki qonun
- Xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi
- Mahalliy hokimlik qarori
- Qaysi biri qulay bo‘lsa, soliq to‘lovchining tanlovi
To‘g‘ri javob: Xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. 2-moddaga ko‘ra xalqaro shartnomada boshqacha qoidalar bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Soliq kodeksiga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjat qaysi paytdan e’tiboran Kodeksga muvofiq emas deb topiladi?
- Qabul qilingan sanadan e’tiboran
- Sud qarori chiqqan kundan e’tiboran
- Bekor qilish haqida talab kelib tushgan kundan
- Keyingi soliq yilining boshidan
To‘g‘ri javob: Qabul qilingan sanadan e’tiboran. 3-moddaga ko‘ra hujjat qabul qilingan sanadan e’tiboran Kodeksga muvofiq emas deb topiladi.
Kodeksga zid hujjatni qabul qilgan organ yoki yuqori organ uni bekor qilishni rad etsa, bunday hujjat bilan nima qilinishi mumkin?
- Hujjat avtomatik bekor bo‘ladi
- Hujjat Prezident farmoni bilan bekor qilinadi
- Hujjat o‘z kuchini saqlab qoladi
- U sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin
To‘g‘ri javob: U sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. 3-moddaga ko‘ra rad etilgan taqdirda hujjat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Yangi soliqlar va yig‘imlar belgilanishini nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari rasman e’lon qilingan kundan kamida qancha vaqt o‘tgach amalga kiritiladi?
- bir oy
- bir yil
- uch oy
- olti oy
To‘g‘ri javob: uch oy. Yangi soliq va yig‘imlar joriy etuvchi hujjatlar rasman e’lon qilingandan kamida uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Soliq to‘lovchi Karimov soliq qonunbuzarligi uchun javobgar bo‘lgan edi. Keyin qabul qilingan yangi soliq qonunchiligi bunday qonunbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtirdi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Yangi qonunchilik orqaga qaytish kuchiga ega emas, eski qoidalar qo‘llanadi
- Javobgarlikni yengillashtiruvchi qonunchilik orqaga qaytish kuchiga ega
- Yangi qonunchilik faqat sudning ruxsati bilan orqaga qaytish kuchini oladi
- Yangi qonunchilik faqat yangi soliq to‘lovchilarga nisbatan qo‘llanadi
To‘g‘ri javob: Javobgarlikni yengillashtiruvchi qonunchilik orqaga qaytish kuchiga ega. 4-moddaga ko‘ra javobgarlikni bekor qiluvchi yoki yengillashtiruvchi qonunchilik orqaga qaytish kuchiga ega.
Yangi soliq joriy etuvchi qonun hujjati 1 martda rasman e’lon qilindi. Hujjat boshqa muddat ko‘rsatmagan bo‘lsa, u qachondan oldin amalga kiritilishi mumkin emas?
- Rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oy o‘tgach
- Rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida bir oy o‘tgach
- Rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida olti oy o‘tgach
- Rasman e’lon qilingan kundan keyingi yilning 1 yanvaridan boshlab
To‘g‘ri javob: Rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oy o‘tgach. 4-moddaga ko‘ra yangi soliqlar belgilovchi hujjatlar e’londan kamida uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Soliq stavkalarining o‘zgartirilishini nazarda tutuvchi hujjat (kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa) qaysi paytdan amalga kiritiladi?
- Rasman e’lon qilingan oydan keyingi chorakning birinchi kunidan e’tiboran
- Rasman e’lon qilingan kundan keyingi yilning birinchi kunidan e’tiboran
- Rasman e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran
- Rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgan keyingi kundan
To‘g‘ri javob: Rasman e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran. 4-moddaga ko‘ra stavkalar o‘zgarishi e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan amalga kiritiladi.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda ketma-ket keladigan qanday muddatdan iborat har qanday vaqt davri (kalendar yildan tashqari) yil deb e’tirof etiladi?
- to‘qqiz oydan
- olti oydan
- o‘n besh oydan
- o‘n ikki oydan
To‘g‘ri javob: o‘n ikki oydan. Ketma-ket keladigan o‘n ikki oydan iborat har qanday davr (kalendar yildan tashqari) yil hisoblanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash