Soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlash
Umumiy Qism
106-modda. Soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlash usullari
Soliq majburiyatining bajarilishi mol-mulk garovi, kafillik, bank kafolati, penyalar, bankdagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarning to‘xtatilishi va soliq to‘lovchining mol-mulkini xatlash bilan ta’minlanishi mumkin.
Soliq to‘lovchining soliq majburiyatini bajarish bo‘yicha ta’minlash chorasi sifatida mol-mulkni xatlash uning arizasiga ko‘ra:
- 1) qimmatli qog‘ozlar uyushgan bozorida muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarning garovi yoki ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan boshqa mol-mulk garovi bilan;
- 2) ushbu Kodeksning 108-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan uchinchi shaxsning kafilligi bilan almashtirilishi mumkin;
- 3) ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan bank kafolati bilan.
Ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan amaldagi bank kafolati berilgan taqdirda, soliq organi soliq to‘lovchiga ushbu bandda nazarda tutilgan ta’minlash choralarini almashtirishni rad etishga haqli emas.
Soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlash usullari, ularni qo‘llash tartibi va shartlari ushbu bobda belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar bo‘yicha bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlashning boshqa choralari ham qo‘llanilishi mumkin.
107-modda. Mol-mulk garovi
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda soliqlarni to‘lash majburiyati mol-mulk garovi bilan ta’minlanishi mumkin.
Mol-mulk garovi soliq organi va garovga qo‘yuvchi o‘rtasidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi. Soliq to‘lovchining o‘zi yoki uchinchi shaxs garovga qo‘yuvchi bo‘lishi mumkin.
Soliq to‘lovchi tegishli soliq summalarini va tegishli penyalarni to‘lash bo‘yicha majburiyatini bajarmagan taqdirda, soliq organi ushbu majburiyatning garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymati hisobidan bajarilishini fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Fuqarolik qonunchiligiga muvofiq o‘ziga nisbatan garov belgilanishi mumkin bo‘lgan mol-mulk, agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, garov predmeti bo‘lishi mumkin.
Boshqa shartnoma bo‘yicha garov predmeti soliq organi va garovga qo‘yuvchi o‘rtasidagi shartnoma bo‘yicha garov predmeti bo‘lishi mumkin emas.
Garov chog‘ida mol-mulk garovga qo‘yuvchida qolishi yoxud garovga qo‘yuvchining mablag‘lari hisobiga soliq organiga (garovga oluvchiga), garovga qo‘yilgan mol-mulkning but saqlanishini ta’minlash majburiyati unga yuklangan holda, topshirilishi mumkin.
Garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan biron-bir bitimni, shu jumladan soliq qarzi summalarini uzish maqsadida bitimlarni tuzish faqat garovga oluvchi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin.
Soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlash usuli sifatida garov belgilashda yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarga nisbatan, agar soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, fuqarolik qonunchiligining qoidalari qo‘llaniladi.
108-modda. Kafillik
Soliq majburiyatini bajarish muddatlari o‘zgargan taqdirda va ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda soliqlarni to‘lash majburiyati kafillik bilan ta’minlanishi mumkin.
Kafillik tufayli kafil, agar soliq to‘lovchi tegishli soliq summalarini va tegishli penyalarni belgilangan muddatda to‘lamasa, soliq organlari oldida soliq to‘lovchining soliqlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatini to‘liq hajmda bajarish majburiyatini oladi.
Kafillik fuqarolik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq soliq organi va kafil o‘rtasidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Soliq to‘lovchi kafillik bilan ta’minlangan soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatini bajarmagan taqdirda, kafil va soliq to‘lovchi solidar javobgar bo‘ladilar.
To‘lanishi bo‘yicha majburiyat kafillik bilan ta’minlangan soliq belgilangan muddatda to‘lanmagan yoki to‘liq to‘lanmagan taqdirda, soliq organi soliqni to‘lash to‘g‘risidagi talabnomani bajarish muddati tugagan kundan e’tiboran besh kun ichida kafillik shartnomasi bo‘yicha pul summasini to‘lash to‘g‘risida kafilga talabnoma yuboradi.
Agar kafil kafillik shartnomasi bo‘yicha pul summasini to‘lash to‘g‘risidagi talabnomani belgilangan muddatda bajarmasa, soliq organi ushbu Kodeksning 15-bobida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ushbu kafildan to‘lash majburiyati uning kafilligi bilan ta’minlangan summalarni majburiy ravishda undirish choralarini qo‘llaydi.
Kafil shartnomaga muvofiq o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajargach, kafil tomonidan to‘langan summalarni, shuningdek shu summalar bo‘yicha foizlarni hamda soliq to‘lovchining majburiyatlari bajarilishi munosabati bilan ko‘rilgan zararlarning o‘rni qoplanishini soliq to‘lovchidan talab qilish huquqi unga o‘tadi.
108-modda. Kafillik (davomi)
Yuridik yoki jismoniy shaxs kafil bo‘lishi mumkin.
Soliqni to‘lash bo‘yicha bitta majburiyatga nisbatan bir vaqtning o‘zida bir nechta kafilning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yiladi.
Soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlash bo‘yicha chora sifatida kafillik belgilanishida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarga nisbatan, agar soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, fuqarolik qonun hujjatlarining qoidalari qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning qoidalari yig‘imlarni to‘lashdagi kafillikka nisbatan ham qo‘llaniladi.
109-modda. Bank kafolati
Soliq majburiyatini bajarish muddatlari o‘zgargan taqdirda va ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda soliqni to‘lash majburiyati bank kafolati bilan ta’minlanishi mumkin.
Agar soliq to‘lovchi to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summalarini va tegishli penyalarni belgilangan muddatda to‘lamasa, bank kafolati tufayli bank (kafolat beruvchi) soliq organlari oldida soliq to‘lovchining soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatini to‘liq hajmda bajarish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Bank kafolati quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- 1) kafolat qaytarib olinmaydigan va boshqa shaxsga o‘tkazilmaydigan bo‘lishi kerak;
- 2) kafolatda soliq organi tomonidan kafolat beruvchiga ushbu moddada nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishga doir ko‘rsatma bo‘lishi mumkin emas;
- 3) amal qilish muddati, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchi tomonidan bank kafolati bilan ta’minlangan soliq to‘lash majburiyatini bajarishning belgilangan muddati o‘tadigan kundan e’tiboran kamida olti oydan keyin tugashi kerak;
- 4) qaysi summaga berilgan bo‘lsa, o‘sha summa kafolat beruvchi tomonidan soliq to‘lovchining soliqni va tegishli penyalarni to‘lash bo‘yicha majburiyati, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘liq hajmda bajarilishini ta’minlashi kerak;
- 5) kafolat beruvchi tomonidan ushbu bank kafolati bo‘yicha pul summasini to‘lash to‘g‘risidagi talabnoma belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, soliq organi tomonidan to‘lash majburiyati bank kafolati bilan ta’minlangan summalarni kafolat beruvchidan undirish choralari qo‘llanilishini nazarda tutishi kerak.
109-modda. Bank kafolati (davomi)
Kafolat beruvchidan undirish, agar soliq organining mazkur talabnomasi kafolat beruvchiga bank kafolatining amal qilish muddati tugagunga qadar yuborilgan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 121 va 123-moddalarida nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatning bajarilishi bank kafolati bilan ta’minlangan soliq belgilangan muddatda to‘lanmagan yoki to‘liq to‘lanmagan taqdirda, soliq organi soliqni to‘lash to‘g‘risidagi talabnomani bajarish muddati tugagan kundan e’tiboran besh kun ichida kafolat beruvchiga bank kafolati bo‘yicha pul summasini to‘lash haqida talabnoma yuboradi.
Bank kafolati bo‘yicha majburiyat kafolat beruvchi tomonidan u bank kafolati bo‘yicha pul summasini to‘lash to‘g‘risida talabnoma olgan kundan e’tiboran besh kun ichida bajarilishi lozim.
Kafolat beruvchi soliq organiga bank kafolati bo‘yicha pul summasini to‘lash to‘g‘risidagi talabnomani qanoatlantirishni rad etishga haqli emas (bundan bank kafolati berilgan muddat tugaganidan keyin kafolat beruvchiga talabnoma taqdim etilgan hollar mustasno).
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar penyalar va jarimalarni to‘lash bo‘yicha majburiyatning bajarilishini ta’minlovchi bank kafolatlariga nisbatan ham qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda va shartlarda O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi yoki chet el yuridik shaxsi tomonidan soliqni to‘lash majburiyati xalqaro reyting agentliklarining yuqori reytingiga ega bo‘lgan chet el bankining bank kafolati bilan ta’minlanishi mumkin. Chet el bankining bunday kafolati ushbu modda uchinchi qismining 1 — 4-bandlarida nazarda tutilgan talablarga mos bo‘lishi kerak.
110-modda. Penya
Soliq to‘lovchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan soliqlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda to‘lashi lozim bo‘lgan pul summasi penyadir.
Tegishli penyalarning summasi to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summalaridan tashqari va soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatning bajarilishini ta’minlashga doir boshqa choralar, shuningdek soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari qo‘llanilishidan qat’i nazar to‘lanadi.
Penyalar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan soliqni to‘lash kunidan keyingi kundan boshlab soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatni bajarish kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun hisoblanadi.
Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini berish to‘g‘risida ariza berilganligi to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasiga penyalar hisoblanishini to‘xtatib turmaydi.
Soliq to‘lovchi, uning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarning to‘xtatilishi yoki pul mablag‘lariga taqiq qo‘yilishi shaklidagi soliq organining undirish to‘g‘risida ta’minot choralari haqidagi qarori qabul qilinganligi sababli to‘lay olmagan soliq qarziga penya hisoblanmaydi. Bunday holda penyalar ko‘rsatib o‘tilgan holatlarning butun amal qilish davri uchun hisoblanmaydi.
Soliqni hisoblash va to‘lash tartibi haqida yoki soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llashga doir boshqa masalalar bo‘yicha moliya yoki soliq organi (uning mansabdor shaxsi) tomonidan o‘z vakolatlari doirasida soliq to‘lovchiga yoki nomuayyan doiradagi shaxslarga berilgan yozma tushuntirishlarni bajarishi natijasida soliq to‘lovchida hosil bo‘lgan soliq bo‘yicha qarz summasiga penya hisoblanmaydi.
110-modda. Penya (davomi)
Penyalar soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida soliq organining soliq to‘lovchiga yuborilgan asosli fikrini bajarishi natijasida soliq to‘lovchida hosil bo‘lgan soliq bo‘yicha qarz summasiga hamda qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha undirilgan mablag‘lar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarning depozit hisobvaraqlaridan budjetga o‘tkazilgan kunga qadar shu mablag‘lar summasiga hisoblanmaydi.
Majburiyatlar reyestriga kiritilgan ijro hujjatlari bo‘yicha soliq qarziga mazkur ijro hujjatlari ushbu Reyestrga kiritilgan sanadan e’tiboran penya hisoblanmaydi.
Ushbu moddaning oltinchi va yettinchi qismlarida ko‘rsatilgan holatlar, shu organning mohiyati va mazmuniga ko‘ra soliq qarzi hosil bo‘lgan soliq (hisobot) davrlariga taalluqli tegishli hujjat mavjud bo‘lgan taqdirda, shunday hujjat qabul qilingan sanadan qat’i nazar, aniqlanadi.
Ushbu moddaning oltinchi va yettinchi qismlari qoidalari, agar soliq organining mazkur yozma tushuntirishlari yoki asoslantirilgan fikri soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan to‘liq bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri axborotga asoslangan bo‘lsa, qo‘llanilmaydi.
Har bir kechiktirilgan kun uchun penyalar soliqning to‘lanmagan summasidan kelib chiqib foizlarda belgilanadi.
Penyaning foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining shu davrda amalda bo‘lgan qayta moliyalash stavkasining uch yuzdan biriga teng etib qabul qilinadi.
Penyalar tegishli soliq to‘lanadigan budjetga (davlat maqsadli jamg‘armasiga) to‘lanadi.
110-modda. Penya (davomi)
Penyalar soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan, shuningdek soliq to‘lovchining boshqa mol-mulki hisobidan ushbu Kodeksning 15-bobida nazarda tutilgan tartibda majburiy ravishda undirilishi mumkin.
Yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan penyani majburiy ravishda undirish ushbu Kodeksning 121 — 124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda, boshqa jismoniy shaxslardan esa — ushbu Kodeksning 125-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksning 120-moddasi yettinchi — sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan penyani majburiy ravishda undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar soliq agentlariga ham tatbiq etiladi.
111-modda. Banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga qabul qilinishi mumkin. Soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni o‘n kundan ko‘p muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining iltimosnomasiga asosan sud tomonidan qabul qilinishi mumkin. Bunda soliq to‘lovchining (soliq agentining) bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalari sud tomonidan qaror qabul qilingunga qadar to‘xtatib turiladi.
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror elektron shaklda soliq organi tomonidan bankka yuboriladi. Bir vaqtning o‘zida soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga uning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turilishi to‘g‘risida xabarnoma buning sabablarini ko‘rsatgan holda yuboriladi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish soliq organi tomonidan mazkur soliq to‘lovchilarning (soliq agentlarining) soliq majburiyatlari bajarilishini ta’minlash uchun quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:
- 1) ushbu soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan soliq organiga moliyaviy va (yoki) soliq hisoboti bunday hisobotni taqdim etishning belgilangan muddati tugaganidan keyin o‘n kun ichida taqdim etilmaganda;
111-modda. Banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish (davomi)
- 2) soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan soliq organining kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha talabnomasiga tushuntirishlar va (yoki) tuzatishlar belgilangan muddatda taqdim etilmaganda, shuningdek soliq to‘lovchi tomonidan soliq organi talab qilgan hujjatlar taqdim etilmaganda;
- 3) soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan soliq organlarining mansabdor shaxslarini ko‘rsatilgan hududga yoki binoga (bundan turar joylar mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilishda. Soliq organi mansabdor shaxsining kirishiga to‘sqinlik qilinishi uning o‘zi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadigan dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday dalolatnoma asosida soliq organi bankdagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turadi;
- 4) soliq to‘lovchining (soliq agentining) o‘zi ko‘rsatgan manzilda yo‘qligida.
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarning to‘xtatib turilishi banklar tomonidan soliq to‘lovchining (soliq agentining) barcha hisobvaraqlari bo‘yicha barcha chiqim operatsiyalari to‘xtatib turilishini anglatadi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi tomonidan soliq hisoboti bunday hisobotni taqdim etishning belgilangan muddati o‘tgach o‘n kun ichida taqdim etilmagan taqdirda, bankdagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror mas’ul ishtirokchining yoki ushbu konsolidatsiyalashgan guruh barcha ishtirokchilarining operatsiyalariga nisbatan soliq organi rahbari (uning o‘rinbosari) tomonidan qabul qilinishi mumkin.
111-modda. Banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish (davomi)
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarning to‘xtatib turilishi fuqarolik qonunchiligiga muvofiq birinchi navbatda ko‘rsatilgan to‘lovlarga, shuningdek qonunchilikka muvofiq undiruvga yo‘l qo‘yilmaydigan banklardagi hisobvaraqlarga tatbiq etilmaydi.
112-modda. Soliq to‘lovchining (soliq agentining) banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish tartibi
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror quyidagilar asosida qaror qabul qilingan taqdirda bekor qilinadi:
- 1) ushbu Kodeksning 111-moddasi uchinchi qismi 1-bandi asosida — soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan moliyaviy va (yoki) soliq hisoboti taqdim etilgan kundan keyin bir kundan kechiktirmasdan;
- 2) ushbu Kodeksning 111-moddasi uchinchi qismi 2-bandi asosida — soliq organining talabiga javoban hujjatlar, tushuntirishlar va (yoki) tuzatishlar taqdim etilgan kuni;
- 3) ushbu Kodeksning 111-moddasi uchinchi qismi 3-bandi asosida — soliq organining tekshiruv o‘tkazayotgan mansabdor shaxslariga kirish huquqi berilgan kundan keyin bir kundan kechiktirmay;
- 4) ushbu Kodeksning 111-moddasi uchinchi qismi 4-bandi asosida — soliq to‘lovchining (soliq agentining) u ma’lum qilgan manzilida yo‘qligining asosliligi soliq organi tomonidan e’tirof etilgan kundan keyin bir kundan kechiktirmay. Bunday e’tirof uchun soliq to‘lovchining vakili soliq to‘lovchi hisobda turgan joydagi soliq organiga zarur tushuntirishlarni shaxsan taqdim etishi shart.
Soliq to‘lovchi (soliq agenti) boshqa soliq organida hisobga qo‘yilganda, agar hisobda turish joyi o‘zgarganligi haqidagi ma’lumotlar oldingi hisobda turish joyidagi soliq organiga ma’lum bo‘lmasa, shuningdek texnik xatolar yuz berganda va boshqa shu kabi hollarda soliq to‘lovchining hisobga olingan joyda yo‘qligi asosli deb e’tirof etilishi mumkin.
112-modda. Soliq to‘lovchining (soliq agentining) banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish tartibi (davomi)
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) uning filiali yoki alohida bo‘linmasi hisobda turgan joyda yoxud soliq solish obyekti hisoblangan mulki joylashgan yerda yo‘qligi, xususan filial yoki alohida bo‘linma tugatilgan yoki ko‘rsatilgan mulk realizatsiya qilingan taqdirda asosli deb e’tirof etilishi mumkin.
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror bankka elektron shaklda bunday qaror qabul qilingan kundan keyingi kundan kechiktirmay yuboriladi.
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish va to‘xtatib turishni bekor qilish to‘g‘risidagi soliq organining qarorlarini bankka elektron shaklda yuborish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish muddati yoki bunday qarorni bankka yuborish muddati buzilgan taqdirda to‘xtatib turish rejimi amal qilgan pul mablag‘lari summasiga foizlar hisoblanadi, bu foizlar soliq organi tomonidan soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) muddat buzilgan har bir kalendar kun uchun to‘lanishi lozim.
Agar soliq organi soliq to‘lovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risida noqonuniy qaror chiqargan bo‘lsa, to‘xtatib turish rejimi amal qilgan pul mablag‘lari summasiga nisbatan bank soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran to uni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni olgunga qadar har bir kalendar kun uchun ushbu soliq to‘lovchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan foizlar hisoblanadi.
112-modda. Soliq to‘lovchining (soliq agentining) banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish tartibi (davomi)
Ushbu moddaning oltinchi va yettinchi qismlarida ko‘rsatilgan hollarda, foiz stavkasi soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar noqonuniy to‘xtatib turilgan, soliq organi soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish yoki soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni bankka yuborish muddatini buzgan kunlarda amal qilgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng etib qabul qilinadi.
113-modda. Banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorlarning banklar tomonidan bajarilishi tartibi
Soliq organining soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori bank tomonidan so‘zsiz bajarilishi lozim.
Soliq organining qaroriga ko‘ra hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turilishi oqibatida soliq to‘lovchi (soliq agenti) ko‘rgan zarar uchun bank javobgar bo‘lmaydi.
Agar ushbu Kodeksning 111-moddasi birinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish bank soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risida soliq organining qarorini olgan kundan e’tiboran, to soliq organining ushbu to‘xtatib turishni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori olinadigan kunga qadar amal qiladi.
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror bankka elektron shaklda yuborilganda bank ushbu qarorni olgan sana va vaqt O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda belgilanadi.
Agar soliq to‘lovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng soliq to‘lovchining (soliq agentining) nomi va (yoki) uning soliq organining ushbu qaroriga muvofiq operatsiyalar to‘xtatib turilgan bankdagi hisobvarag‘i rekvizitlari o‘zgarsa, mazkur qaror bank tomonidan o‘z nomini o‘zgartirgan soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) va rekvizitlari o‘zgartirilgan hisobvaraqqa nisbatan ijro etilishi shart.
113-modda. Banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorlarning banklar tomonidan bajarilishi tartibi (davomi)
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risida soliq organi yoki sudning qarorini olganidan keyin banklar ushbu soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) yangi hisobvaraqlar, omonatlar va depozitlar ochishga haqli emas, bundan qonunchilikka muvofiq undiruv yo‘l qo‘yilmaydigan hisobvaraqlar mustasno.
114-modda. Mol-mulkni xatlash
Soliq organining soliq to‘lovchi bo‘lgan yuridik shaxsning mol-mulkiga nisbatan mulk huquqini cheklashga doir harakati soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi qarorning bajarilishini ta’minlash usuli sifatida mol-mulkni xatlashdir.
Soliq qarzi bo‘yicha soliq to‘lovchilarning mol-mulkini xatlash sud qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. Soliq to‘lovchi tomonidan soliq qarzi tan olingan taqdirda, soliq organi qarori asosida soliq to‘lovchining soliq qarzi bo‘yicha mol-mulkiga taqiq qo‘yishi mumkin.
Soliq to‘lovchining soliq qarzi bo‘yicha uning mol-mulkini xatlash soliq to‘lovchiga soliq qarzini uzish to‘g‘risidagi talabnoma yuborilgan kundan boshlab o‘n besh kalendar kun ichida u tomonidan to‘liq bajarilmagan taqdirda amalga oshiriladi.
Mol-mulkni xatlash to‘liq yoki qisman bo‘lishi mumkin.
Mol-mulkni to‘liq xatlash soliq to‘lovchining o‘z mol-mulkiga nisbatan huquqlarini shunday cheklashki, bunda u xatlangan mol-mulkni tasarruf etishga haqli emas, ushbu mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish esa soliq organining ruxsati bilan hamda uning nazorati ostida amalga oshiriladi.
Mol-mulkni qisman xatlash soliq to‘lovchining o‘z mol-mulkiga nisbatan huquqlarini shunday cheklashki, bunda ushbu mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish soliq organining ruxsati bilan va uning nazorati ostida amalga oshiriladi.
Mol-mulkni xatlash soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlarida pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan yoki yo‘q bo‘lgan taqdirda faqat soliqni (penyani, jarimani) to‘lash majburiyati uning ana shu mol-mulki hisobidan bajarilishini ta’minlash uchun qo‘llanilishi mumkin.
114-modda. Mol-mulkni xatlash (davomi)
Mol-mulkni xatlash ushbu Kodeksning 117-moddasiga muvofiq soliq organi tomonidan soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi talabnoma soliq to‘lovchiga yuborilgandan so‘ng qo‘llanilishi mumkin.
Soliq to‘lovchining barcha mol-mulki xatlab qo‘yilishi mumkin.
Faqat soliq qarzini uzish uchun zarur va yetarli bo‘lgan mol-mulk xatlab qo‘yilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirmaydigan chet el yuridik shaxsining ko‘chmas mulki obyekti, mazkur ko‘chmas mulki obyektining qiymati undiriladigan soliq qarzi summasidan ortiq bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu chet el shaxsining undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan boshqa mol-mulki bo‘lmagan taqdirda xatlab qo‘yiladi.
Soliq to‘lovchining mol-mulkini xatlash to‘g‘risidagi qaror soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan tegishli qaror shaklida qabul qilinadi.
Soliq to‘lovchining mol-mulkini xatlash videotasvirga olingan holda, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.
Mol-mulkni xatlashni amalga oshiruvchi organ mol-mulkni xatlash chog‘ida soliq to‘lovchining (uning qonuniy va (yoki) vakolatli vakilining) ishtirok etishini rad qilishga haqli emas.
Xatlashni amalga oshirishda xolislar, mutaxassislar sifatida ishtirok etuvchi shaxslarga, shuningdek soliq to‘lovchiga (uning vakiliga) ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntiriladi.
Mol-mulkni xatlash oldidan xatlashni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar soliq to‘lovchiga (uning vakiliga) xatlab qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni va o‘zlarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishi shart.
114-modda. Mol-mulkni xatlash (davomi)
Xatlashni amalga oshirishda mol-mulkni xatlash to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
Mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi bayonnomada yoki unga ilova qilinadigan ro‘yxatda xatlanishi lozim bo‘lgan mol-mulk sanab o‘tiladi va tavsiflanadi, ashyolarning nomi, miqdori va xususiy alomatlari, imkoni bo‘lganda ularning qiymati ko‘rsatiladi.
Xatlanishi lozim bo‘lgan barcha ashyolar xolislarga va soliq to‘lovchiga (uning vakiliga) ko‘rsatiladi.
Mol-mulkni xatlab qo‘yish to‘g‘risida qaror chiqargan soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) xatlab qo‘yilgan mol-mulk turishi lozim bo‘lgan joyni belgilaydi.
Xatlab qo‘yilgan mol-mulkni boshqa shaxsga berishga (bundan xatlashni qo‘llagan soliq organining nazorati ostida yoki ruxsati bilan amalga oshirilishi mustasno), rastrata qilishga yoki yashirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mol-mulkni xatlab qo‘yish to‘g‘risida o‘ziga nisbatan qaror qabul qilingan soliq to‘lovchining iltimosiga ko‘ra, soliq organi mol-mulkni xatlashni ushbu Kodeksning 107-moddasiga muvofiq mol-mulk garoviga almashtirishga haqli.
Soliq qarzi uzilgan va (yoki) ushbu Kodeksning 107-moddasiga muvofiq mol-mulk garovi to‘g‘risida shartnoma tuzilgan taqdirda, mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi qaror soliq organining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan bekor qilinadi.
Soliq organi mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi qaror bekor qilingani to‘g‘risida soliq to‘lovchini ushbu qaror qabul qilingan kundan keyin besh kun ichida xabardor qiladi.
114-modda. Mol-mulkni xatlash (davomi)
Mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi qaror mol-mulk xatlab qo‘yilgan paytdan to ushbu qaror uni chiqargan soliq organining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan bekor qilingunga qadar yoxud ushbu qaror yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan bekor qilingunga qadar amal qiladi.
Ushbu moddada belgilangan qoidalar yuridik shaxs bo‘lgan soliq agentining mol-mulkini xatlashga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘iga doir soliq majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash maqsadida ushbu moddaning qoidalari quyidagi xususiyatlarni hisobga olgan holda qo‘llaniladi:
birinchi navbatda ushbu soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining mol-mulki xatlanadi;
soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining mol-mulki ushbu soliq majburiyatini bajarish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, soliq organi yetishmagan summa qismida ushbu konsolidatsiyalashgan guruhning boshqa ishtirokchilariga tegishli mol-mulkni xatlashga haqli. Bunda soliq organining rahbari (uning o‘rinbosari) soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi mavjud axborot asosida soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining boshqa ishtirokchilari mol-mulkini qaysi ketma-ketlikda xatlashni mustaqil ravishda belgilaydi.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra quyidagilardan qaysi biri soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlash usullari sifatida sanab o‘tilgan?
- Soliq to‘lovchini ma’muriy hibsga olish
- Soliq to‘lovchi litsenziyasini bekor qilish
- Soliq to‘lovchining mol-mulkini xatlash
- Soliq to‘lovchi rahbarining chet elga chiqishini cheklash
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchining mol-mulkini xatlash. 106-moddada garov, kafillik, bank kafolati, penya, hisobvaraqlar operatsiyalarining to‘xtatilishi va mol-mulkni xatlash sanab o‘tilgan.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq majburiyatini mol-mulk garovi bilan ta’minlashda garovga qo‘yuvchi kim bo‘lishi mumkin?
- Soliq to‘lovchining o‘zi yoki uchinchi shaxs
- Faqat soliq to‘lovchining o‘zi yoki uning rahbari
- Faqat uchinchi shaxs, ya’ni tijorat banki
- Faqat soliq to‘lovchining muassislari yoki rahbari
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchining o‘zi yoki uchinchi shaxs. 107-moddaga ko‘ra soliq to‘lovchining o‘zi yoki uchinchi shaxs garovga qo‘yuvchi bo‘lishi mumkin.
Kafillik bilan ta’minlangan soliq belgilangan muddatda to‘lanmasa, soliq organi talabnomani bajarish muddati tugagan kundan boshlab kafilga pul summasini to‘lash haqida talabnomani qancha muddat ichida yuboradi?
- Uch kun
- Besh kun
- Yetti kun
- O‘n kun
To‘g‘ri javob: Besh kun. Soliq organi talabnomani bajarish muddati tugagan kundan e’tiboran besh kun ichida kafilga kafillik shartnomasi bo‘yicha talabnoma yuboradi.
Soliq kodeksiga ko‘ra majburiyat kafillik bilan ta’minlangan soliq belgilangan muddatda to‘lanmasa, soliq organi kafilga talabnomani qancha muddat ichida yuboradi?
- Uch kun ichida
- Besh kun ichida
- O‘n kun ichida
- O‘n besh kun ichida
To‘g‘ri javob: Besh kun ichida. 108-moddaga ko‘ra talabnomani bajarish muddati tugagan kundan e’tiboran besh kun ichida kafilga talabnoma yuboriladi.
Soliq kodeksidagi kafillikka oid quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
- Soliq to‘lovchi majburiyatni bajarmasa, kafil faqat penyalar bo‘yicha subsidiar javobgar bo‘ladi
- Kafil soliq to‘lovchining mol-mulki tugagandan keyingina subsidiar tartibda javobgar bo‘ladi
- Kafil soliq to‘lovchidan oldin, soliq to‘lovchi esa kafildan keyin javobgar bo‘ladi
- Soliq to‘lovchi majburiyatni bajarmasa, kafil va soliq to‘lovchi solidar javobgar bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchi majburiyatni bajarmasa, kafil va soliq to‘lovchi solidar javobgar bo‘ladi. 108-moddaga ko‘ra majburiyat bajarilmasa kafil va soliq to‘lovchi solidar javobgar bo‘ladilar; shartnoma soliq organi va kafil o‘rtasida tuziladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra kafil shartnomadagi majburiyatni bajargach, soliq to‘lovchidan nimani talab qilish huquqi unga o‘tadi?
- Faqat to‘langan asosiy soliq summasini, foizlar va zararlarsiz qaytarishni
- Soliq to‘lovchining barcha mol-mulkini garovga olish va ularni tasarruf etishni
- To‘langan summalarni, ularga foizlarni va ko‘rilgan zararlar o‘rnini qoplashni
- To‘langan summaning ikki baravarini soliq organidan talab qilish huquqini
To‘g‘ri javob: To‘langan summalarni, ularga foizlarni va ko‘rilgan zararlar o‘rnini qoplashni. 108-moddaga ko‘ra kafilga to‘langan summalar, ular bo‘yicha foizlar va zararlar o‘rnini qoplashni talab qilish huquqi o‘tadi.
Soliq majburiyati bank kafolati bilan ta’minlanganda, kafolatning amal qilish muddati soliqni to‘lash muddati o‘tadigan kundan boshlab kamida qancha vaqtdan keyin tugashi kerak?
- Bir yildan
- Uch oydan
- Ikki oydan
- Olti oydan
To‘g‘ri javob: Olti oydan. Bank kafolatining amal qilish muddati soliq majburiyatini bajarish muddati o‘tadigan kundan kamida olti oydan keyin tugashi shart.
Soliq kodeksiga ko‘ra bank kafolatining amal qilish muddati, agar Kodeksda boshqacha qoida bo‘lmasa, qanday bo‘lishi kerak?
- Bajarish muddati o‘tadigan kundan e’tiboran kamida olti oydan keyin tugashi kerak
- Bajarish muddati o‘tadigan kuni tugashi kerak
- Bajarish muddati o‘tadigan kundan e’tiboran kamida bir yildan keyin tugashi kerak
- Bajarish muddati o‘tadigan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin tugashi kerak
To‘g‘ri javob: Bajarish muddati o‘tadigan kundan e’tiboran kamida olti oydan keyin tugashi kerak. 109-moddaning 3-bandiga ko‘ra amal qilish muddati kamida olti oydan keyin tugashi kerak.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash