XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Soliq kodeksi · 103–105-m.

Ortiqcha to‘langan va ortiqcha undirilgan soliqlarni hisobga olish hamda qaytarish

Umumiy Qism

103-modda. Ortiqcha to‘langan va ortiqcha undirilgan soliqlarni hisobga olish hamda qaytarish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar

Soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasi soliq to‘lovchining qarzi bo‘lmagan taqdirda shu soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoxud ushbu soliq yoki boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga hisobga olinishi lozim.

Soliq to‘lovchida soliq qarzi mavjud bo‘lgan taqdirda, ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliq summasi ushbu qarzni uzish hisobiga quyidagi ketma-ketlikda hisobga olinishi lozim:

Ortiqcha to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra soliq to‘lovchiga to‘liq yoki qisman qaytarilishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismiga muvofiq va uchinchi qismini hisobga olgan holda qaytarilishi lozim bo‘lgan summani soliq to‘lovchiga qaytarish ushbu Kodeksning 104 va 105-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Soliqlarning ortiqcha to‘langani ehtimolidan dalolat beruvchi faktlar aniqlangan taqdirda, soliq organining yoki soliq to‘lovchining taklifiga ko‘ra soliqlar, penyalar va jarimalar bo‘yicha hisob-kitoblarni birgalikda o‘zaro solishtirish o‘tkazilishi mumkin.

Soliqning ortiqcha to‘langan summalarini hamda hisoblangan foizlarini hisobga olish yoki qaytarish milliy valyutada amalga oshiriladi.

103-modda. Ortiqcha to‘langan va ortiqcha undirilgan soliqlarni hisobga olish hamda qaytarish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (davomi)

Ushbu bobda belgilangan qoidalar ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan bo‘nak va joriy to‘lovlar, yig‘imlar, penyalar va jarimalarning summalarini hisobga olishga yoki qaytarishga nisbatan ham qo‘llaniladi hamda soliq agentlari va yig‘imlarni to‘lovchilarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ushbu bobda belgilangan qoidalar ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan yig‘imlar, penyalar va jarimalar summalarini boshqa vakolatli organlar tomonidan hisobga olishga yoki qaytarishga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Ushbu bobda belgilangan qoidalar soliq organining qaroriga ko‘ra o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olishga yoki qaytarishga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Ushbu bobda belgilangan qoidalar noto‘g‘ri to‘langan soliq summasini, shuningdek penyalar va jarimalarni hisobga olishga yoki qaytarishga nisbatan ham qo‘llaniladi.

104-modda. Ortiqcha to‘langan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi

Soliq bo‘yicha qarzini qoplash hisobiga soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan summani ushbu Kodeksning 103-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hisobga olish soliq organlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Ortiqcha to‘langan soliq summasini soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish to‘g‘risidagi qaror soliq organi tomonidan soliqning ortiqcha to‘langanligi fakti aniqlagan kundan e’tiboran yoki agar soliq organi va soliq to‘lovchi tomonidan u to‘lagan soliqlarni birgalikda o‘zaro solishtirish o‘tkazilgan bo‘lsa, bunday birgalikdagi solishtirish dalolatnomasi soliq organi va soliq to‘lovchi tomonidan imzolangan kundan e’tiboran yoxud sudning tegishli qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida qabul qilinadi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoida soliq to‘lovchiga o‘zi ortiqcha to‘lagan soliq summasini uning soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish to‘g‘risida soliq organiga yozma ariza taqdim etishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bunday ariza mavjud bo‘lgan taqdirda soliq organining ortiqcha to‘langan soliq summasini soliq qarzini uzish hisobiga hisobga olish to‘g‘risidagi qarori soliq to‘lovchining arizasi olingan kundan e’tiboran yoki, agar birgalikda o‘zaro solishtirish o‘tkazilgan bo‘lsa, soliq organi soliq to‘lovchi bilan u to‘lagan soliqlarni birgalikda o‘zaro solishtirish dalolatnomasini imzolagan kundan e’tiboran o‘n kun ichida qabul qilinadi.

104-modda. Ortiqcha to‘langan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi (davomi)

Ortiqcha to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchiga ushbu Kodeksning 103-moddasi qoidalari inobatga olingan holda, uning yozma arizasiga ko‘ra, bunday ariza soliq organi tomonidan olingan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, Tadbirkorlik subyektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga esa (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno) uch kun ichida qaytarilishi lozim (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i mustasno).

Ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risidagi ariza, agar soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ko‘rsatilgan summa to‘langan kundan e’tiboran uch yil ichida berilishi mumkin.

Ortiqcha to‘langan soliq summasini qaytarish to‘g‘risidagi qaror soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining tegishli arizasi olingan kundan e’tiboran yoki, agar birgalikda o‘zaro solishtirish o‘tkazilgan bo‘lsa, soliq organi soliq to‘lovchi bilan u to‘lagan soliqlarning birgalikdagi o‘zaro solishtirish dalolatnomasini imzolagan kundan e’tiboran o‘n kun ichida, Tadbirkorlik subyektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan esa (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno) ikki kun ichida qabul qilinadi (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i mustasno).

104-modda. Ortiqcha to‘langan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi (davomi)

Ushbu moddaning sakkizinchi qismida ko‘rsatilgan muddat o‘tgunga qadar soliq organining tegishli summani qaytarish to‘g‘risidagi qarori asosida rasmiylashtirilgan ortiqcha to‘langan soliq summasini qaytarishga doir topshiriqnoma soliq organi tomonidan budjet to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq soliq to‘lovchiga qaytarib berishni amalga oshirish uchun g‘aznachilikka yuboriladi.

Soliq organi ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olishni yoki qaytarishni rad etish to‘g‘risidagi qabul qilingan qaror haqida soliq to‘lovchiga bunday qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida xabar qilishi shart. Agar ortiqcha to‘langan soliq summasini soliq to‘lovchiga qaytarish ushbu moddaning to‘rtinchi qismida belgilangan muddat buzilgan holda amalga oshirilsa, belgilangan muddatda qaytarilmagan summa uchun soliq to‘lovchiga qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun foizlar hisoblanadi. Hisoblangan foizlar tegishli budjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Foiz stavkasi qaytarish muddati buzilgan kunlarda amal qilgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng etib qabul qilinadi.

Yanglishib to‘langan soliq summalari, shuningdek penyalar va (yoki) jarimalar soliq to‘lovchiga uning yoxud bankning yoki O‘zbekiston Respublikasi G‘aznachiligining yozma murojaati asosida, agar xatolik ular tomonidan yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, qaytariladi.

Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ining ortiqcha to‘langan summalari shu konsolidatsiyalashgan guruhning mas’ul ishtirokchisiga ushbu moddada belgilangan tartibda hisobga olinishi (qaytarilishi) lozim.

104-modda. Ortiqcha to‘langan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi (davomi)

Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilishi tugagan taqdirda, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha ortiqcha to‘langan foyda solig‘ining ushbu konsolidatsiyalashgan guruh bo‘yicha mavjud bo‘lgan soliq qarzi hisobiga hisobga olinmaydigan va (yoki) hisobga olinmagan summalari shu soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxsga uning yozma arizasiga binoan hisobga olinishi yoki qaytarilishi lozim.

105-modda. Ortiqcha undirilgan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi

Ortiqcha undirilgan soliq summalarini hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risida soliq organiga ariza soliq to‘lovchi tomonidan undan soliq ortiqcha undirilgani fakti o‘ziga ma’lum bo‘lgan kundan yoki sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran uch yil ichida berilishi mumkin.

Ortiqcha undirilgan soliq summasi soliq to‘lovchiga ushbu Kodeksning 103-moddasi qoidalari inobatga olingan holda, uning yozma arizasiga ko‘ra, bunday ariza soliq organi tomonidan qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, Tadbirkorlik subyektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga esa (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno) unga hisoblangan foizlar bilan birga uch kun ichida (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i mustasno) qaytarilishi lozim.

Ortiqcha undirilgan soliq summasiga foizlar soliq to‘lovchi undan soliq ortiqcha undirilgani fakti o‘ziga ma’lum bo‘lgan kundan yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida murojaat etgan taqdirda hisoblanadi. Foizlar undirilgan kundan keyingi kundan e’tiboran haqiqiy hisobga olingan (qaytarilgan) kunga qadar hisoblanadi. Hisoblangan foizlar tegishli budjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining shu kunlardagi amal qilayotgan qayta moliyalashtirish stavkasiga teng etib qabul qilinadi.

105-modda. Ortiqcha undirilgan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi (davomi)

Agar soliq ortiqcha undirilgani fakti aniqlangan bo‘lsa, soliq organi ortiqcha undirilgan soliq summasini, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda ortiqcha undirilgan summaga hisoblangan foizlarni hisobga olish va (yoki) qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining soliq qarzini uzish hisobidan yoki o‘sha soliq turi bo‘yicha yoxud ushbu Kodeks 103-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobidan hisobga olish ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi — beshinchi qismlarida ortiqcha to‘langan soliq summalarini hisobga olish uchun belgilangan tartibda soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar uchun hisobga olish soliq to‘lovchining yozma yoki elektron tarzdagi arizasiga ko‘ra soliq organlari tomonidan uch kun ichida amalga oshiriladi.

Ortiqcha undirilgan soliqni qaytarish tartibi ushbu Kodeksning 104-moddasida ortiqcha to‘langan soliq summalarini qaytarish uchun belgilangan tartibga aynan o‘xshashdir.

Jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida aniqlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ortiqcha to‘langan (ushlab qolingan) summasi soliq to‘lovchi bo‘lgan jismoniy shaxsga, uning soliq hisobida turgan joyidan qat’i nazar, uning soliq organiga taqdim etgan arizasi asosida qaytariladi.

105-modda. Ortiqcha undirilgan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibi (davomi)

Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha ortiqcha undirilgan foyda solig‘i summalari shu konsolidatsiyalashgan guruhning mas’ul ishtirokchisiga ushbu moddada belgilangan tartibda hisobga olinishi yoki qaytarilishi lozim.

Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilishi tugatilgan taqdirda ushbu konsolidatsiyalashgan guruh bo‘yicha mavjud bo‘lgan soliq qarzi hisobiga hisobga olinishi lozim bo‘lmagan va (yoki) hisobga olinmagan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ining ortiqcha undirilgan summalari soliq to‘lovchilar ushbu konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxsga uning yozma arizasi asosida hisobga olinishi yoki qaytarilishi lozim.

Bilimingizni sinang

«Nur Savdo» MChJ soliqni ortiqcha to‘ladi, uning soliq qarzi yo‘q. Soliq kodeksiga ko‘ra ortiqcha to‘langan summa bilan nima qilinishi lozim?
  1. Budjetda qoladi va soliq to‘lovchiga qaytarilmaydi, faqat keyingi yil soliq stavkalarini kamaytirish uchun hisobga olinadi
  2. Shu soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoki shu yoki boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga hisobga olinishi lozim
  3. Faqat boshqa soliq to‘lovchining soliq qarzini uzish hisobiga o‘tkaziladi, qaytarish yoki hisobga olish nazarda tutilmagan
  4. Faqat soliq to‘lovchining jarimalari va penyalarini to‘lash hisobiga yo‘naltiriladi, soliqlar bo‘yicha hisobga olinmaydi

To‘g‘ri javob: Shu soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoki shu yoki boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga hisobga olinishi lozim. 103-modda: qarz bo‘lmasa, ortiqcha to‘langan summa soliq to‘lovchiga qaytariladi yoki shu yoki boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobiga hisobga olinadi.

«Ziyo» MChJ qo‘shilgan qiymat solig‘ini ortiqcha to‘ladi. Shu bilan birga uning QQS bo‘yicha penya qarzi, yer solig‘i qarzi va soliqqa oid huquqbuzarlik uchun jarimasi bor. Ortiqcha to‘langan summa qarzni uzish hisobiga qaysi ketma-ketlikda hisobga olinadi?
  1. Avval QQS penyasi bo‘yicha qarz, so‘ng boshqa soliqlar va ularning penyalari, oxirida jarimalar
  2. Avval jarimalar, so‘ng QQS penyasi, oxirida yer solig‘i va uning penyasi bo‘yicha qarz hisobiga
  3. Avval yer solig‘i qarzi va uning penyasi, so‘ng jarimalar, oxirida QQS penyasi bo‘yicha qarz
  4. Barcha qarzlarga, jarimalar va penyalarga ham teng nisbatda taqsimlanib hisobga olinadi

To‘g‘ri javob: Avval QQS penyasi bo‘yicha qarz, so‘ng boshqa soliqlar va ularning penyalari, oxirida jarimalar. 103-modda: avval shu soliq turining penyasi, keyin boshqa soliqlar va penyalari, so‘ng jarimalar hisobiga hisobga olinadi.

Soliq kodeksiga ko‘ra, ortiqcha to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchiga qanday qaytarilishi mumkin?
  1. Faqat soliq organi tashabbusi bilan, to‘liq summada
  2. Faqat sud qarori bilan
  3. Soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra to‘liq yoki qisman
  4. Faqat keyingi kalendar yil boshida

To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra to‘liq yoki qisman. 103-modda: ortiqcha to‘langan summa soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra to‘liq yoki qisman qaytarilishi mumkin.

Ortiqcha to‘langan soliq summalarini hamda hisoblangan foizlarini hisobga olish yoki qaytarish qaysi valyutada amalga oshiriladi?
  1. AQSH dollarida
  2. Soliq to‘lovchi tanlagan valyutada
  3. Rossiya rublida
  4. Milliy valyutada

To‘g‘ri javob: Milliy valyutada. 103-modda: hisobga olish yoki qaytarish milliy valyutada amalga oshiriladi.

Ortiqcha to‘langan soliq summasini soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish haqidagi qaror, sudning tegishli qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab qancha muddat ichida qabul qilinadi?
  1. Uch kun
  2. Besh kun
  3. O‘n kun
  4. O‘n besh kun

To‘g‘ri javob: O‘n kun. Hisobga olish haqidagi qaror ortiqcha to‘langanlik fakti aniqlangan, dalolatnoma imzolangan yoki sud qarori kuchga kirgan kundan o‘n kun ichida qabul qilinadi.

Soliq organi ortiqcha to‘langan summani soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish to‘g‘risidagi qarorni ortiqcha to‘langanlik fakti aniqlangan kundan e’tiboran qancha muddat ichida qabul qiladi?
  1. Uch kun ichida
  2. O‘n kun ichida
  3. O‘n besh kun ichida
  4. O‘ttiz kun ichida

To‘g‘ri javob: O‘n kun ichida. 104-modda: hisobga olish haqidagi qaror fakt aniqlangan kundan e’tiboran o‘n kun ichida qabul qilinadi.

Yuqori barqarorlik reytingiga ega «Barkamol» MChJ (davlat ulushi yo‘q) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘lmagan boshqa soliqni ortiqcha to‘lab, qaytarish to‘g‘risida yozma ariza berdi. Soliq kodeksiga ko‘ra summa ariza olingan kundan e’tiboran qancha muddatda qaytarilishi lozim?
  1. O‘n besh kun ichida
  2. O‘n kun ichida
  3. Uch kun ichida
  4. Bir oy ichida

To‘g‘ri javob: Uch kun ichida. 104-modda: umumiy tartibda o‘n besh kun, yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik subyektlariga esa uch kun ichida (QQSdan tashqari).

Ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risidagi ariza, boshqacha qoida bo‘lmasa, summa to‘langan kundan e’tiboran qancha muddat ichida berilishi mumkin?
  1. Bir yil ichida
  2. Besh yil ichida
  3. Olti oy ichida
  4. Uch yil ichida

To‘g‘ri javob: Uch yil ichida. 104-modda: ariza ko‘rsatilgan summa to‘langan kundan e’tiboran uch yil ichida berilishi mumkin.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSoliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirishKeyingi →Soliq majburiyatining bajarilishini ta’minlash