Soliq qarzini undirish
Umumiy Qism
120-modda. Soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
Soliq qarzi belgilangan muddatda to‘lanmagan yoki to‘liq to‘lanmagan taqdirda bu qarzni undirish ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Soliq qarzi mazkur soliq qarziga ega bo‘lgan soliq to‘lovchidan, ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda esa — boshqa shaxslardan undiriladi.
Agar soliq to‘lovchining soliqlar bo‘yicha qarzini uzishga doir majburiyati bank kafolati, uchinchi shaxsning kafilligi yoxud mol-mulk garovi bilan ta’minlangan bo‘lsa, soliq to‘lovchi soliqlar bo‘yicha soliq qarzini uzmagan yoki to‘liq uzmagan taqdirda, soliq organi soliq qarzining to‘lanmagan summasini tegishlicha bank kafolatini bergan bankdan, kafildan yoxud garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan undirishi shart.
Yuridik shaxsdan yoki yakka tartibdagi tadbirkordan soliq qarzini undirish ushbu Kodeksning 121 — 124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxsdan soliq qarzini undirish ushbu Kodeksning 125-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Yuridik shaxsdan yoki yakka tartibdagi tadbirkordan soliq qarzini undirish dastlab uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan, ular yetishmagan taqdirda esa mazkur shaxsning boshqa mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda soliq to‘lovchining yoki boshqa shaxsning soliq qarzi uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirish imkoni bo‘lmagan qismida boshqa shaxslardan undirilishi mumkin.
120-modda. Soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (davomi)
Agar soliq to‘lovchining tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan oladigan tushumi yoki boshqa daromadlari boshqa shaxslarning bankdagi hisobvaraqlariga kelib tushgan bo‘lsa, soliq to‘lovchining soliq qarzi shu shaxslardan undirilishi mumkin.
Agar soliq to‘lovchi soliq tekshiruvi to‘g‘risida bilgan paytdan e’tiboran o‘zining pul mablag‘larini yoki boshqa mulkini o‘zga shaxslarga bergan bo‘lsa, soliq to‘lovchining soliq qarzi shu shaxslardan undirilishi mumkin.
Ushbu modda sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlarining qoidalari tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan tushum yoki boshqa daromadlar yoxud pul mablag‘lari yoki boshqa mulk o‘zga shaxslarga bir nechta operatsiyalar orqali o‘tkazib berilganligi aniqlangan hollarda ham qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning sakkizinchi — o‘ninchi qismlarida ko‘rsatilgan hollarda mazkur shaxslardan soliq qarzini undirish soliq to‘lovchining realizatsiya qilingan tovarlari (ishlari, xizmatlari) uchun kelib tushgan tushum, boshqa daromadlari, u tomonidan o‘tkazilgan pul mablag‘lari, boshqa mol-mulkning qiymati doirasida amalga oshiriladi. Soliq organi mazkur shaxslar to‘g‘risida o‘zida mavjud bo‘lgan axborot asosida va soliq to‘lovchining soliq qarzi miqdoriga bog‘liq tarzda ushbu qarzni undirishni ko‘rsatilgan qaysi shaxslardan va qanday nisbatda undirishni amalga oshirishni mustaqil ravishda belgilashga haqli.
Ushbu moddaning sakkizinchi — o‘ninchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda soliq qarzini undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
120-modda. Soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (davomi)
Soliqni sud tartibida undirish quyidagi hollarda ham amalga oshiriladi, agar soliqni to‘lash majburiyati:
- 1) soliq organi tomonidan bitimni tavsiflashni, soliq to‘lovchining maqomini yoki faoliyati xususiyatini o‘zgartirishga asoslangan bo‘lsa;
- 2) o‘zaro aloqador shaxslar o‘rtasida bitimlar tuzilishi munosabati bilan transfert narx belgilash chog‘idagi soliq nazorati natijalariga ko‘ra yuzaga kelgan bo‘lsa.
Soliq organlari tomonidan soliq qarzi soliq to‘lovchining debitorlari hisobidan undirilishi mumkin. Soliq qarzi bo‘yicha undiruv soliq to‘lovchining debitorlik qarziga ushbu Kodeksning 121¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda qaratiladi.
Ushbu bobning qoidalari O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish munosabati bilan to‘lanadigan soliqlar bo‘yicha soliq qarzini undirishga, shuningdek soliq agentlarining soliq qarzini undirishga ham tatbiq etiladi.
121-modda. Soliq qarzini bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirish
Soliq qarzi belgilangan muddatda to‘lanmagan yoki to‘liq to‘lanmagan taqdirda, soliq qarzini undirish — undiruvni bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lariga (shu jumladan, korporativ kartalardagi pul mablag‘lariga) qaratish yo‘li bilan majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning qoidalari faqat yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Soliq qarzini majburiy tartibda undirish to‘lanmagan soliq qarziga ega bo‘lgan soliq to‘lovchidan yoki soliq agentidan, ushbu Kodeksning 120 va 122-moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa boshqa shaxslardan ham amalga oshirilishi mumkin.
Soliq qarzini undirish soliq organi tomonidan majburiyatga ega shaxsning hisobvarag‘i ochilgan bankka ushbu shaxsning hisobvaraqlaridan zarur pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjetga o‘tkazish uchun inkasso topshiriqnomasini elektron shaklda yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Soliq organining majburiyatga ega shaxsning hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjetga o‘tkazishga doir inkasso topshiriqnomasining shakli hamda uni bankka yuborish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda belgilaydi.
Agar soliq to‘lovchi soliqni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini mustaqil ravishda yubormagan bo‘lsa, soliq organining inkasso topshiriqnomasi soliq to‘lovchining hisobvarag‘iga soliqni to‘lash uchun belgilangan muddat tugagach uch ish kunidan kechiktirmay qo‘yiladi.
121-modda. Soliq qarzini bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirish (davomi)
Soliq organining majburiyatga ega shaxsning hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjet tizimiga o‘tkazishga doir inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchiligida belgilangan to‘lovlar navbatini hisobga olgan holda bank tomonidan so‘zsiz bajarilishi shart.
Quyidagi hollarda soliq organlari majburiyatga ega shaxslarning hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjet tizimiga o‘tkazishga doir bajarilmagan (to‘liq yoki qisman) inkasso topshiriqnomalarini chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qiladi:
- 1) ushbu Kodeksning 11-bobiga muvofiq soliq qarziga nisbatan kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilganda;
- 2) soliq qarzi uzilganda, shu jumladan ushbu Kodeksning 12-bobiga muvofiq ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan summalar hisobga olinishi munosabati bilan soliq qarzi uzilganda;
- 3) ushbu Kodeksning 96-moddasiga muvofiq undirilishi umidsiz deb e’tirof etilgan soliq qarzi hisobdan chiqarilganda;
- 4) ushbu Kodeksning 83-moddasiga muvofiq taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisoboti bo‘yicha soliq va penya summalari kamaytirilganda.
Soliq qarzini undirish milliy valyutadagi talab qilib olguncha depozit hisobvaraqlaridan, bunday hisobvaraqlarda mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda esa — majburiyatga ega shaxsning chet el valyutasidagi talab qilib olguncha depozit hisobvaraqlaridan amalga oshirilishi mumkin. Majburiyatga ega shaxsning valyuta hisobvaraqlaridan soliq qarzini undirish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining valyuta sotiladigan sanada belgilangan kursi bo‘yicha milliy valyutada undiriladigan summaga ekvivalent summada amalga oshiriladi.
121-modda. Soliq qarzini bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirish (davomi)
Soliq qarzini undirish muddatli depozitlarga joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan, ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amalga oshirilmaydi.
Valyuta hisobvaraqlarida turgan mablag‘larni undirish chog‘ida soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) inkasso topshiriqnomasi bilan bir vaqtning o‘zida bankka majburiyatga ega shaxsning valyutasini sotish uchun topshiriqnoma yuboradi. Mazkur topshiriqnoma bank tomonidan u olingan kundan keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay bajariladi. Chet el valyutasini sotish bilan bog‘liq xarajatlar shu majburiyatga ega shaxsning hisobidan amalga oshiriladi.
Soliq organining majburiyatga ega shaxsning bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjet tizimiga o‘tkazishga doir inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan inkasso topshiriqnomasi olingan kundan keyingi bir operatsiya kunidan kechiktirmay, valyuta hisobvaraqlaridan undirishda esa — ikki operatsiya kunidan kechiktirmay bajariladi.
Agar bank tomonidan soliq organining inkasso topshiriqnomasi olingan kunda majburiyatga ega shaxsning hisobvaraqlarida uni bajarish uchun pul mablag‘lari yetarli bo‘lmasa, inkasso topshiriqnomasi shu hisobvaraqlarga pul mablag‘lari kelib tushishiga qarab, har bir bunday tushum kunidan keyingi bir yoki ikki operatsiya kunidan kechiktirmay, hisobvaraq valyutasiga bog‘liq holda bajariladi. Mazkur inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchiligida belgilangan to‘lovlar navbatini hisobga olgan holda bank tomonidan bajariladi.
121-modda. Soliq qarzini bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirish (davomi)
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilaridan bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan soliq qarzini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning 122-moddasida belgilanadi.
121¹-modda. Soliq qarzini undirishni soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratish
Soliq qarzi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organiga soliq qarzini o‘z debitori hisobidan undirishni so‘rab murojaat qilishga haqli. Murojaatga o‘zaro tasdiqlangan yoki bir tomonlama imzolangan hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi ilova qilinishi lozim.
Soliq to‘lovchi soliq qarzini o‘z debitori hisobidan undirishni so‘rab murojaat qilgan taqdirda, soliq organi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama imzolangan solishtirma dalolatnomaning va kreditorlik qarzi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxasini uch ish kunidan kechiktirmay debitorning shaxsiy kabinetiga solishtirma dalolatnomani imzolash uchun yoki imzolashni rad etish uchun bildirish xati bilan birga yuboradi.
Soliq to‘lovchining debitori bildirish xati olingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini imzolashi (tasdiqlashi) yoki solishtirma dalolatnomada ko‘rsatilgan qarz mavjud emasligini asoslagan holda rad javobini berishi shart. Soliq to‘lovchining debitori tomonidan soliq organining bildirish xatiga rad javobi taqdim etilmagan yoki u javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik qarzi tan olingan va soliq to‘lovchining soliq qarzini debitor hisobidan undirishga rozilik berilgan deb hisoblanadi.
Agar soliq to‘lovchining debitori tomonidan tan olingan qarz summasi solishtirma dalolatnomada ko‘rsatilgan summadan farq qilsa, debitor bildirish xati olingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida soliq organiga o‘zi tan olgan summani ko‘rsatgan holda solishtirma dalolatnomani taqdim etishi shart.
121¹-modda. Soliq qarzini undirishni soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratish (davomi)
Soliq to‘lovchining debitori tomonidan imzolangan yoki elektron hujjat shaklida tasdiqlangan o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi kreditorning imzosi mavjudligidan yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, uning kreditori soliq qarzini undirishni unga qaratishi uchun asos bo‘ladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan majburiyat soliq to‘lovchining debitori tomonidan bajarilmagan taqdirda, undiruv soliq to‘lovchi taqdim etgan solishtirma dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
Soliq organi uch ish kunidan kechiktirmay debitorlarning bank hisobvaraqlariga soliq to‘lovchining soliq qarzi summasidan va debitorlik qarzi summasidan oshmaydigan miqdorda undirish to‘g‘risida inkasso topshiriqnomasi taqdim etadi.
Soliq organi tomonidan o‘zida mavjud bo‘lgan yoki boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida yoxud soliq tekshiruvlari natijasida soliq to‘lovchining debitorlik qarzi mavjudligi mustaqil ravishda aniqlangan hollarda, soliq qarzini undirish ushbu moddada belgilangan tartibda soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratilishi mumkin. Bunda soliq to‘lovchining debitorlik qarzi aniqlangan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda soliq to‘lovchining o‘ziga va debitoriga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali bildirish xati yuboriladi.
Soliq to‘lovchi va uning debitori soliq organining bildirish xatini ushbu bildirish xati olingan kundan e’tiboran o‘n ish kunidan kechiktirmay tasdiqlashi yoki asoslangan holda rad etishi lozim. Bildirish xati javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik (kreditorlik) qarzi tan olingan deb hisoblanadi.
121¹-modda. Soliq qarzini undirishni soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratish (davomi)
Soliq organining ushbu moddaga muvofiq taqdim etilgan inkasso topshiriqnomasining ijrosini banklar tomonidan ta’minlash yoki soliq organi tomonidan undirish, ijrosiz chaqirib olish ushbu Kodeksning 121-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Debitorlik qarzi soliq to‘lovchiga to‘lab berilganligi haqida asoslovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda yoki sud qarori asosida inkasso topshiriqnomasi soliq organi tomonidan uch ish kunidan kechiktirmay ijrosiz qaytarib olinadi.
Soliq to‘lovchi bilan uning debitori o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
soliq to‘lovchi va uning debitorining nomi, ularning identifikatsiya raqami;
soliq to‘lovchi va uning debitori soliq hisobida turgan joydagi soliq organining nomi;
soliq to‘lovchi va uning debitorining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari;
debitorning soliq to‘lovchi oldidagi qarz summasi;
soliq to‘lovchi va uning debitorining elektron hujjat shaklida tasdiqlangan imzolari;
soliq to‘lovchi va uning debitori o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi tuzilgan sana.
Soliq to‘lovchi bilan uning debitori o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi elektron hujjat shaklida tuziladi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini elektron hujjat shaklida taqdim etish, tasdiqlash (qisman tasdiqlash) yoki rad etish imkoniyatini yaratadi.
121¹-modda. Soliq qarzini undirishni soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratish (davomi)
Quyidagi hollarda soliq qarzini undirish soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratilmaydi, agar:
debitorlik qarz summasi asoslangan holda rad etilgan bo‘lsa;
da’vo muddati o‘tgan bo‘lsa;
debitordan undirilishi lozim bo‘lgan qarz summasi bo‘yicha sud hujjati majburiy ijro organining ish yurituvida bo‘lsa yoki uni ijroga taqdim etish muddati o‘tgan bo‘lsa yoxud ushbu sud hujjati bo‘yicha ijro harakatlari belgilangan tartibda to‘xtatib turilgan, tugatilgan yoki kechiktirilgan (bo‘lib-bo‘lib ijro etilgan) bo‘lsa;
u O‘zbekiston Respublikasining soliq to‘lovchisi bo‘lmasa;
u jismoniy shaxs bo‘lsa;
debitor tugatilish jarayonida bo‘lsa yoki unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa;
debitorning faoliyati tugatilgan yoki yuridik shaxslarning davlat reyestridan chiqarilgan bo‘lsa.
Soliq organi tomonidan undiruvning debitorlik qarziga qaratilishi soliq to‘lovchini soliq qarzi to‘languniga qadar soliqlarni to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi.
122-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan soliq qarzini undirish
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i yuzasidan soliq qarzini shu konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilarining bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirishda ushbu Kodeksning 124-moddasi qoidalari mazkur moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda qo‘llaniladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i yuzasidan soliq qarzini to‘lash to‘g‘risidagi talabnoma ushbu Kodeksning 116-moddasida belgilangan tartibda yuboriladi. Bunday talabnoma soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lash uchun belgilangan muddat o‘tganidan keyin yuboriladi.
Bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan soliq qarzini undirish birinchi navbatda soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining bank hisobvaraqlarida soliq qarzining butun summasini undirish uchun pul mablag‘lari yetarli bo‘lmasa yoki umuman bo‘lmasa, undirilmay qolgan summani undirish ushbu konsolidatsiyalashgan guruh qolgan ishtirokchilarining banklardagi pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Soliq organi soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi o‘zida mavjud bo‘lgan axborot asosida soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobiga undirish amalga oshiriladigan tarkibini, shuningdek oldingi ishtirokchilarning bankdagi hisobvaraqlarida pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, ushbu ishtirokchilardan bunday undirishning ketma-ketligini mustaqil ravishda belgilaydi.
122-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan soliq qarzini undirish (davomi)
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining soliq qarzi ushbu konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilaridan biri tomonidan uzilgan, shu jumladan qisman uzilgan taqdirda, ko‘rsatilgan soliq qarzini undirish tartib-taomili ushbu ishtirokchi tomonidan uzilgan qismi bo‘yicha tugatiladi.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining o‘ziga nisbatan undiruv to‘g‘risida qaror chiqarilgan ishtirokchilariga soliq to‘lovchilar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlar va kafolatlar tatbiq etiladi.
123-modda. Soliq qarzini boshqa mol-mulk hisobidan undirish
Agar majburiyatga ega shaxsning soliq qarzini ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalarida nazarda tutilgan tartibda undirish mumkin bo‘lmasa, soliq organi soliq qarzini shu majburiyatga ega shaxsning boshqa mol-mulki, shu jumladan naqd pul mablag‘lari hisobidan undirishga haqli.
Soliq qarzini undirish soliq qarzini uzish to‘g‘risidagi talabnomada ko‘rsatilgan summalar doirasida hamda ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalariga muvofiq undiruv amalga oshirilgan summalarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning qoidalari soliq qarzini faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan undirishga nisbatan qo‘llaniladi.
Majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzini undirish quyidagilarga nisbatan ushbu ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
- 1) ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalariga muvofiq undiruv qaratilmagan naqd pul mablag‘lariga nisbatan;
- 2) mahsulotlar (tovarlar) ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etmaydigan mol-mulkka, xususan, qimmatli qog‘ozlar, valyuta qimmatliklari, ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan binolar, yengil avtotransport, xizmat xonalarining dizayni ashyolariga nisbatan;
- 3) tayyor mahsulotlarga (tovarlarga), shuningdek ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan va (yoki) bevosita ishtirok etishga mo‘ljallanmagan boshqa moddiy qimmatliklarga nisbatan;
- 4) ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etish uchun mo‘ljallangan xom ashyo va materiallarga nisbatan, shuningdek dastgohlar, uskunalar, binolar, inshootlar va boshqa asosiy vositalarga nisbatan;
123-modda. Soliq qarzini boshqa mol-mulk hisobidan undirish (davomi)
- 5) boshqa shaxslarga egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish shartnomasi bo‘yicha ushbu mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi ularga o‘tkazilmagan holda topshirilgan mol-mulkka nisbatan, agar soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatning bajarilishini ta’minlash uchun bunday shartnomalar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
- 6) boshqa mol-mulkka nisbatan, bundan yakka tartibdagi tadbirkor yoki uning oila a’zolari kundalik shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan, qonunchilikka muvofiq belgilanadigan boshqa mol-mulk mustasno.
Soliq qarzini soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan undirishning ushbu modda to‘rtinchi qismida belgilangan ketma-ketligi buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzdorligini undirish sud tartibida amalga oshiriladi. Soliq to‘lovchi tomonidan soliq qarzdorligi tan olinsa, soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) qaroriga binoan soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mulki hisobidan soliq qarzdorligi undirilishi mumkin.
Soliq organi majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzini undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida tegishli qarorni qog‘ozda yoki elektron shaklda ushbu moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni inobatga olgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda ijro etish uchun majburiy ijro etuvchi davlat organiga yuborishi kerak.
123-modda. Soliq qarzini boshqa mol-mulk hisobidan undirish (davomi)
Soliq organining ushbu modda yettinchi qismida ko‘rsatilgan qarorni majburiy ijro etuvchi davlat organiga yuborish shakli va tartibi, shuningdek uning mazmuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Davlat ijrochisi soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan undirish to‘g‘risidagi qaror o‘ziga kelib tushgan kundan e’tiboran ikki oylik muddatda ijro harakatlarini amalga oshirishi va ushbu qarorda mavjud bo‘lgan talablarni bajarishi kerak.
Soliq qarzini soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan undirish xususiyatlari ushbu Kodeksning 124-moddasida belgilanadi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar soliq qarzlarini bojxona organlari tomonidan bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan qoidalarni hisobga olgan holda undirish chog‘ida ham qo‘llaniladi.
124-modda. Soliq qarzini soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan undirish
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘iga doir soliq qarzini shu konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan undirishda ushbu Kodeks 123-moddasining qoidalari ushbu moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda qo‘llaniladi.
Soliqni soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining mol-mulki hisobidan undirish birinchi navbatda mazkur konsolidatsiyalashgan guruh mas’ul ishtirokchisining ushbu Kodeksning 122-moddasiga muvofiq undiruvga qaratilmagan naqd pul mablag‘lari va banklardagi pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisida ushbu Kodeksning 122-moddasiga muvofiq undiruvga qaratilmagan naqd pul mablag‘lari va banklardagi pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan yoki umuman bo‘lmagan taqdirda, soliqni undirish mazkur guruhning boshqa a’zolaridan ularning naqd pul mablag‘lari hamda banklardagi pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarida ushbu Kodeksning 122-moddasiga muvofiq undiruvga qaratilmagan naqd pul mablag‘lari va banklardagi pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan yoki umuman bo‘lmagan taqdirda, soliqni undirish mazkur guruh mas’ul ishtirokchisining boshqa mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi. Bunday undiruv ushbu Kodeks 123-moddasi to‘rtinchi qismining 2 — 6-bandlarida belgilangan ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
124-modda. Soliq qarzini soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan undirish (davomi)
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda, soliqni undirish ushbu Kodeks 123-moddasi to‘rtinchi qismining 2 — 6-bandlarida belgilangan ketma-ketlikda mazkur guruh o‘zga ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi.
Soliq organi soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi mavjud axborot asosida boshqa mol-mulki hisobidan soliq qarzini undirish amalga oshiriladigan soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining tarkibini hamda avvalgi ishtirokchilarning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda mazkur ishtirokchilardan undiruv qanday ketma-ketlikda amalga oshirilishini mustaqil tarzda belgilaydi.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining soliq qarzini boshqa mol-mulk hisobidan undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan ishtirokchilariga nisbatan soliq to‘lovchilar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquq va kafolatlar tatbiq etiladi.
125-modda. Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxsning soliq qarzini undirish
Agar yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxs (bundan buyon ushbu moddada jismoniy shaxs deb yuritiladi) soliq to‘lash bo‘yicha majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmagan bo‘lsa, soliq organi soliq qarzini ushbu jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish to‘g‘risidagi ariza (bundan buyon ushbu moddada undirish to‘g‘risidagi ariza deb yuritiladi) bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Undirish to‘g‘risidagi arizaga soliq organining talabnomani ta’minlash tartibida javobgarning mol-mulkini xatlash haqidagi iltimosnomasi ilova qilinishi mumkin.
Undirish to‘g‘risidagi arizaning nusxasi u sudga berilgan kundan kechiktirmay soliq organi tomonidan soliq qarzi undirilayotgan jismoniy shaxsga yuboriladi.
Agar jismoniy shaxsning soliq qarzi umumiy summasi bir million so‘mdan oshsa, undirish to‘g‘risidagi ariza soliq organi tomonidan sudga beriladi.
Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish to‘g‘risidagi ishlar qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqiladi.
Qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish ushbu moddada nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish quyidagilarga nisbatan ushbu ketma-ketlik bilan amalga oshiriladi:
- 1) bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lariga;
- 2) naqd pul mablag‘lariga;
125-modda. Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxsning soliq qarzini undirish (davomi)
- 3) boshqa shaxslarga shartnoma bo‘yicha egalik qilishga, foydalanishga, tasarruf etishga berilgan mol-mulkka, ushbu mol-mulkka doir mulk huquqi ularga o‘tmagan holda, agar soliq majburiyati ijrosini ta’minlash uchun bunday shartnomalar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
- 4) boshqa mol-mulkka, bundan qonunchilikka muvofiq belgilanadigan jismoniy shaxsning yoki uning oilasi a’zolarining kundalik shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan mol-mulk mustasno.
Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirishda ushbu moddaning yettinchi qismida belgilangan ketma-ketlikni buzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq qarzi jismoniy shaxsning pul mablag‘lari ko‘rinishida bo‘lmagan mol-mulki hisobidan undirilgan taqdirda, soliq qarzi bunday mol-mulk realizatsiya qilingan va undan kelib tushgan summalar hisobidan to‘langan paytdan e’tiboran to‘langan deb hisoblanadi.
Mazkur mol-mulk xatlab qo‘yilgan kundan e’tiboran va tushgan summalar budjet tizimiga o‘tkazilgan kunga qadar soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun penyalar hisoblanmaydi.
IV BO‘LIM.
SOLIQ TO‘LOVCHILARNI VA SOLIQ SOLISH OBYEKTLARINI HISOBGA OLISH
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra yuridik shaxsdan yoki yakka tartibdagi tadbirkordan soliq qarzini undirish qaysi tartibda amalga oshiriladi?
- Dastlab uning boshqa mol-mulki hisobidan, yetishmasa bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan
- Faqat uning bank hisobvaraqlaridagi mablag‘lardan, yetishmasa boshqa mol-mulkka undiruv qaratilmaydi
- Dastlab uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan, yetishmasa boshqa mol-mulk hisobidan
- Dastlab uning muassislarining shaxsiy mol-mulki hisobidan, yetishmasa bank hisobvaraqlaridan
To‘g‘ri javob: Dastlab uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan, yetishmasa boshqa mol-mulk hisobidan. 120-moddaga ko‘ra undiruv dastlab bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan, ular yetishmasa mazkur shaxsning boshqa mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi.
«Yulduz-Trans» MChJ soliq qarzini to‘lamadi. Uning soliq majburiyati fuqaro Aliyevning kafilligi bilan ta’minlangan edi. Soliq organi qanday yo‘l tutishi shart? Soliq kodeksiga ko‘ra to‘g‘ri xulosani tanlang.
- Soliq qarzining to‘lanmagan summasini kafildan undirishi shart
- Kafildan undirishga haqli emas, faqat MChJ dan undirishi mumkin
- Kafildan faqat sud tartibida, uch yildan keyin undirishi mumkin
- Kafillik bekor bo‘ladi va qarz hisobdan chiqariladi
To‘g‘ri javob: Soliq qarzining to‘lanmagan summasini kafildan undirishi shart. 120-modda: majburiyat kafillik bilan ta’minlangan bo‘lsa, soliq organi to‘lanmagan summani kafildan undirishi shart.
Soliq to‘lovchi to‘lov topshiriqnomasini mustaqil yubormagan bo‘lsa, soliq organining inkasso topshiriqnomasi to‘lov muddati tugagach qancha muddatdan kechiktirmay hisobvaraqqa qo‘yiladi?
- uch ish kunidan
- o‘n ish kunidan
- bir ish kunidan
- besh ish kunidan
To‘g‘ri javob: uch ish kunidan. Inkasso topshiriqnomasi to‘lash muddati tugagach uch ish kunidan kechiktirmay hisobvaraqqa qo‘yiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq to‘lovchi to‘lov topshiriqnomasini mustaqil yubormagan bo‘lsa, soliq organining inkasso topshiriqnomasi uning hisobvarag‘iga qo‘yilish muddati qanday?
- Soliq to‘lash uchun belgilangan muddat tugagach besh kalendar kundan kechiktirmay
- Soliqni to‘lash uchun belgilangan muddat tugagach uch ish kunidan kechiktirmay
- Soliq to‘lash uchun belgilangan muddat tugagach o‘n ish kunidan kechiktirmay
- Soliqni to‘lash uchun belgilangan muddat tugashidan uch ish kuni oldin
To‘g‘ri javob: Soliqni to‘lash uchun belgilangan muddat tugagach uch ish kunidan kechiktirmay. 121-moddaga ko‘ra inkasso topshiriqnomasi to‘lash muddati tugagach uch ish kunidan kechiktirmay qo‘yiladi.
Soliq kodeksining 121-moddasi (soliq qarzini bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirish) qoidalari kimlarga nisbatan qo‘llaniladi?
- Barcha jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga
- Faqat jismoniy shaxslar va davlat tashkilotlariga nisbatan
- Faqat davlat tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchilarga
- Faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga
To‘g‘ri javob: Faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga. 121-modda qoidalari faqat yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra quyidagi hollardan qaysi birida soliq organi bajarilmagan inkasso topshiriqnomalarini chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qiladi?
- Soliq to‘lovchi sudga shikoyat arizasi berib, soliq organi qarorining ijrosi to‘xtatib turilganda
- Soliq qarziga nisbatan kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilganda
- Soliq to‘lovchining yuridik manzili boshqa soliq organi hududiga o‘zgartirilganda
- Soliq to‘lovchining rahbari almashtirilib, yangi rahbar tayinlanganda va bu haqda xabar berilganda
To‘g‘ri javob: Soliq qarziga nisbatan kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilganda. 121-modda: kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilganda inkasso topshiriqnomalari chaqirib olinadi.
Soliq kodeksiga ko‘ra bank soliq organining inkasso topshiriqnomasini qancha muddatda bajaradi?
- Milliy valyutadagi hisobvaraqlardan bir operatsiya kunidan, valyuta hisobvaraqlaridan ikki operatsiya kunidan kechiktirmay
- Ikkala holatda ham bir operatsiya kunidan kechiktirmay
- Milliy valyutadagi hisobvaraqlardan ikki operatsiya kunidan, valyuta hisobvaraqlaridan bir operatsiya kunidan kechiktirmay
- Ikkala holatda ham uch ish kunidan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: Milliy valyutadagi hisobvaraqlardan bir operatsiya kunidan, valyuta hisobvaraqlaridan ikki operatsiya kunidan kechiktirmay. 121-modda: topshiriqnoma olingan kundan keyingi bir operatsiya kunida, valyuta hisobvaraqlaridan undirishda ikki operatsiya kunida bajariladi.
«Chinor-Savdo» MChJ ning bankdagi hisobvarag‘ida pul yo‘q, lekin uning muddatli depozitida mablag‘ bor bo‘lib, depozit muddati hali tugamagan. Soliq organi soliq qarzini shu depozitdan undirish uchun inkasso topshiriqnomasi yubordi. Soliq kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Depozit mablag‘lari muddatidan oldin darhol undiriladi, muddat ahamiyatga ega emas
- Depozitdan undiruv yarim miqdorda amalga oshiriladi, qolgan qismi muddat tugagach
- Undiruv faqat MChJ ning yozma roziligi bilan muddatidan oldin amalga oshiriladi
- Depozitning amal qilish muddati tugagunga qadar undiruv amalga oshirilmaydi
To‘g‘ri javob: Depozitning amal qilish muddati tugagunga qadar undiruv amalga oshirilmaydi. 121-modda: undirish muddatli depozitlarga joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amalga oshirilmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash