Soliq organlarining hujjatlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish tartibi · Soliq to‘lovchilar va soliq solish obyekti
Umumiy Qism
230-modda. Shikoyat berish huquqi
Har bir shaxs soliq organlarining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar ushbu shaxsning fikriga ko‘ra bunday hujjatlar, harakatlar (harakatsizlik) uning huquqlarini buzsa, shikoyat berish huquqiga ega.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki idoraviy normativ hujjatlarga muvofiq tuzilgan, soliq organlarining bir yoki bir nechta jismoniy yoki yuridik shaxsga qaratilgan, yuridik ahamiyatga molik muayyan harakatlarni sodir etishga undovchi ko‘rsatmasi mavjud bo‘lgan hujjat soliq organining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjati deb e’tirof etiladi.
Soliq organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi yoki soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, ushbu qaror bo‘yicha soliqlarning va moliyaviy sanksiyalarning undirilgan (to‘langan) summalari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ushbu summalar undirilgan (to‘langan) davrda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan foizlarni inobatga olgan holda qaytarilishi (hisobga olinishi) lozim.
231-modda. Shikoyat berish tartibi
Soliq organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shaxsning soliq organiga yoki sudga soliq organining kuchga kirgan va kuchga kirmagan, normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjatlari, uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilingan murojaati, agar ushbu shaxsning fikriga ko‘ra mazkur hujjatlar, harakatlar yoki harakatsizlik uning huquqlarini buzsa, shikoyat deb e’tirof etiladi.
Soliq organining yuqori turuvchi organiga yoki sudga shikoyat berish tegishincha shikoyat bo‘yicha soliq organining yuqori turuvchi organi tomonidan qaror qabul qilinguniga yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar shikoyat qilinayotgan qarorni yoki harakatni ijro etishni, shu jumladan qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va yig‘imlarni undirishni, shuningdek moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishini to‘xtatib turadi. Soliq to‘lovchi qaysi soliq organining qarori yoki mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilayotgan bo‘lsa, o‘sha organni soliq organining yuqori turuvchi organiga yoki sudga shikoyat berganligi to‘g‘risida tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda xabardor qilishi shart.
Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan, shikoyatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan hujjatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga ham shikoyat qilinishi mumkin.
231-modda. Shikoyat berish tartibi (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sud tartibida shikoyat qilinadi.
Yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat bergan shaxs shikoyat bo‘yicha qaror qabul qilinishiga qadar uni ko‘rib chiqayotgan soliq organiga yozma ariza yuborish yo‘li bilan shikoyatni to‘liq yoki qisman chaqirib olishi mumkin.
Yuqori turuvchi soliq organidan shikoyatni chaqirib olish uni bergan shaxsni o‘sha asoslarda shikoyat bilan takroran murojaat qilish huquqidan mahrum etadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq organlarining hujjatlari (shu jumladan normativ hujjatlari), ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sud tartibida shikoyat qilish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
232-modda. Soliq tekshiruvlari natijalari bo‘yicha qabul qilingan soliq organlarining qarorlari ustidan yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat berish tartibi va muddatlari
Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat yuqori turuvchi soliq organiga qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi orqali beriladi.
Qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi bunday ariza kelib tushgan kundan e’tiboran uch kun ichida uni yuqori turuvchi soliq organiga barcha materiallar bilan birga yuborishi shart.
Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat shaxs o‘z huquqlari buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddat uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan taqdirda, ushbu muddat shikoyat berayotgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha yuqori turuvchi soliq organi tomonidan tiklanishi mumkin.
233-modda. Yuqori turuvchi soliq organiga beriladigan shikoyatning shakli va mazmuni
Shikoyat va unga ilova qilinadigan hujjatlar soliq organiga yozma yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Shikoyat uni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Shikoyatda quyidagilar ko‘rsatiladi:
- 1) jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda yashash joyi yoki shikoyat berayotgan yuridik shaxsning nomi va manzili;
- 2) soliq organining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjati, mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilayotgan shikoyat;
- 3) soliq organining nomi, normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjat, ustidan shikoyat berilayotgan mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi);
- 4) shikoyat berayotgan shaxs o‘zining huquqlari qaysi asoslarga ko‘ra buzilgan deb hisoblasa, o‘sha asoslar;
- 5) shikoyat berayotgan shaxsning talablari.
Shikoyatda telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va shikoyatni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilishi mumkin.
Shikoyat soliq organining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjati, uning mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat berayotgan shaxsning vakolatli vakili tomonidan berilgan taqdirda, shikoyatga ushbu vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Shikoyatga shikoyat berayotgan shaxsning dalillarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi mumkin.
234-modda. Yuqori turuvchi soliq organi tomonidan shikoyatni ko‘rmasdan qoldirish
Yuqori turuvchi soliq organi, agar quyidagilarni aniqlagan bo‘lsa, shikoyatni to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldiradi:
shikoyat shikoyatni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanmagan bo‘lsa yoxud vakilning shikoyatni imzolash uchun vakolatlarini tasdiqlovchi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa;
shikoyat ushbu Kodeksda belgilangan shikoyat berish muddati tugaganidan keyin berilgan va uni tiklash to‘g‘risidagi iltimosnomani o‘z ichiga olmagan bo‘lsa yoki shikoyat berish uchun o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan bo‘lsa;
shikoyat bo‘yicha qaror qabul qilinishiga qadar shikoyatni bergan shaxs nomidan shikoyatni to‘liq yoki qisman chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza kelib tushgan bo‘lsa;
ilgari aynan o‘sha asoslar bo‘yicha shikoyat berilgan bo‘lsa;
shikoyat soliq organining ushbu Kodeksga muvofiq belgilangan tartibda ilgari shikoyat qilingan qarori ustidan berilgan bo‘lsa;
shikoyat ushbu Kodeksning 232-moddasida belgilangan tartib buzilgan holda berilgan bo‘lsa;
shikoyat ushbu Kodeksning 233-moddasi talablariga muvofiq rasmiylashtirilmagan bo‘lsa;
shikoyat qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida yoki soliq to‘lovchi sudga shikoyat masalasi bo‘yicha murojaat qilganda berilgan bo‘lsa.
Shikoyatni ko‘rib chiqayotgan soliq organi shikoyat olingan yoxud shikoyatni to‘liq yoki qisman chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza olingan kundan e’tiboran besh kun ichida shikoyatni to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirish haqida qaror qabul qiladi.
234-modda. Yuqori turuvchi soliq organi tomonidan shikoyatni ko‘rmasdan qoldirish (davomi)
Qabul qilingan qaror to‘g‘risida shikoyatni bergan shaxsga qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida yozma shaklda xabar beriladi.
Shikoyatni ko‘rmasdan qoldirish shaxsning shikoyat berish uchun ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda shikoyat bilan takroran murojaat qilishiga monelik qilmaydi, bundan ushbu modda birinchi qismining to‘rtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha shikoyatni ko‘rmasdan qoldirish hollari mustasno.
235-modda. Yuqori turuvchi soliq organi tomonidan shikoyatni ko‘rib chiqish
Shikoyatni ko‘rib chiqish davomida uni bergan shaxs o‘z dalillarini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni shikoyat bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar taqdim etishga haqli.
Yuqori turuvchi soliq organi shikoyatni, uni bergan shaxsning dalillarini tasdiqlovchi hujjatlarni, shikoyat ko‘rib chiqilishi davomida taqdim etilgan qo‘shimcha hujjatlarni, shuningdek quyi turuvchi soliq organi tomonidan taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqadi.
Shikoyatni ko‘rib chiquvchi soliq organi o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki murojaat qiluvchining iltimosiga ko‘ra shikoyatni eshitishni tashkil etishi mumkin.
Yuqori turuvchi soliq organi shikoyatni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldiradi;
soliq organining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjatini bekor qiladi;
soliq organining qarorini to‘liq yoki qisman bekor qiladi;
soliq organining qarorini to‘liq bekor qiladi va ish yuzasidan yangi qaror qabul qiladi;
soliq organlari mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) noqonuniy deb e’tirof etadi va ishning mohiyati bo‘yicha qaror chiqaradi.
Agar shikoyat bergan shaxs shikoyat bo‘yicha qaror qabul qilinishiga qadar ushbu shikoyatni ko‘rib chiqish davomida taqdim etilgan qo‘shimcha hujjatlarni qarori ustidan shikoyat berilgan soliq organiga o‘z vaqtida taqdim etish mumkin bo‘lmagan sabablar bo‘yicha tushuntirishlarni taqdim etgan bo‘lsa, bu qo‘shimcha hujjatlar yuqori turuvchi soliq organi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Mazkur qoida ushbu Kodeksning 159 yoki 166-moddalarida nazarda tutilgan tartibda qabul qilingan qarorlar ustidan shikoyat berilganda qo‘llaniladi.
235-modda. Yuqori turuvchi soliq organi tomonidan shikoyatni ko‘rib chiqish (davomi)
Yuqori turuvchi soliq organi, agar shikoyatni ko‘rib chiqish natijasida soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartib-taomilining muhim shartlari buzilganligi aniqlangan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 159 yoki 166-moddalarida nazarda tutilgan tartibda qabul qilingan qarorni bekor qilishga haqlidir.
Yuqori turuvchi soliq organi qarorni bekor qilib, ko‘rsatilgan materiallarni, shikoyat bergan shaxsning vajlarini tasdiqlovchi hujjatlarni, shikoyatni ko‘rib chiqish davomida taqdim etilgan qo‘shimcha hujjatlarni va ushbu Kodeksning tegishincha 159 yoki 166-moddalarida nazarda tutilgan tartibda quyi turuvchi soliq organi tomonidan taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqadi hamda ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan qarorni qabul qiladi.
Ushbu Kodeksning 159-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilingan qaror ustidan berilgan shikoyat bo‘yicha qaror, soliq auditi natijalari bo‘yicha soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish va (yoki) qo‘shimcha hisoblangan soliqlarni to‘lash to‘g‘risidagi qaror shikoyat olingan sanadan e’tiboran bir oy ichida yuqori turuvchi soliq organi tomonidan qabul qilinadi. Bu muddat soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan quyi turuvchi soliq organlaridan shikoyatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni (axborotni) olish uchun yoki shikoyat bergan shaxs qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etganda uzaytirilishi, biroq o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
235-modda. Yuqori turuvchi soliq organi tomonidan shikoyatni ko‘rib chiqish (davomi)
Ushbu moddaning sakkizinchi qismida ko‘rsatilmagan shikoyat bo‘yicha qaror soliq organi tomonidan shikoyat olingan sanadan e’tiboran o‘n besh kun ichida qabul qilinadi. Bu muddat soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan quyi turuvchi soliq organlaridan shikoyatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni (axborotni) olish uchun yoki shikoyat bergan shaxs qo‘shimcha hujjatlar taqdim etganda uzaytirilishi, biroq o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) shikoyatni ko‘rib chiqish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarori shikoyat bergan shaxsga qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran uch kun ichida topshiriladi yoki yuboriladi.
Soliq organining shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qarori shikoyat bergan shaxsga qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran uch kun ichida topshiriladi yoki yuboriladi.
236-modda. Sudlar tomonidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish
Soliq organlarining hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga berilgan shikoyatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va hal etiladi.
237-modda. Soliq to‘lovchilar
O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi va (yoki) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etiladi (bundan buyon ushbu bo‘limda soliq to‘lovchilar deb yuritiladi):
- 1) O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
- 2) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi soliq davrida bir milliard so‘mdan oshgan yoxud ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
- 3) O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari, shuningdek chet davlatning qonunchiligiga muvofiq tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar, agar bunday tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish joyi deb O‘zbekiston Respublikasi e’tirof etilsa;
- 4) faoliyatni O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasalar orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari;
- 5) oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnoma) doirasida amalga oshiriladigan faoliyat bo‘yicha — oddiy shirkatning ishlarini yuritish vazifasi zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs – oddiy shirkatning ishtirokchisi;
- 6) O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tuvchi shaxslar. Mazkur shaxslar bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
237-modda. Soliq to‘lovchilar (davomi)
Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq majburiyatlari ushbu bo‘limda belgilangan hollarda va tartibda soliq agentlari tomonidan bajariladi.
Quyidagilar soliq to‘lovchilar deb hisoblanmaydi, bundan ushbu moddaning birinchi qismi 6-bandida nazarda tutilgan hollar mustasno:
- 1) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari — o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida. Bunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etilishi mumkin;
- 2) aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchi shaxslar.
Soliq to‘lovchilar soliq organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘ini (bundan buyon ushbu bo‘limda soliq deb yuritiladi) to‘lovchi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish hisobida turadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan quyidagilarning tartibi belgilanadi:
soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida maxsus ro‘yxatga olish hisobiga qo‘yilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani (bundan buyon ushbu bo‘limda guvohnoma deb yuritiladi) berish;
guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, qayta tiklash, tugatish yoki uni bekor qilish;
guvohnoma o‘z vaqtida berilmaganligi yoki uni berish rad etilganligi yoxud guvohnomaning amal qilishi to‘xtatib turilganligi, tugatilganligi yoki uning bekor qilinganligi, shuningdek o‘z vaqtida qayta tiklanmaganligi munosabati bilan soliq organining qarori ustidan shikoyat qilish;
237-modda. Soliq to‘lovchilar (davomi)
soliq to‘lovchi sifatida maxsus ro‘yxatga olish hisobidan chiqarish.
238-modda. Soliq solish obyekti
Quyidagilar soliq solish obyektidir:
- 1) realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
- 2) O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirish.
Faoliyatni O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani bunday doimiy muassasaning faoliyatidan kelib chiqqan holda belgilaydi.
Quyidagilar soliq solish obyekti hisoblanmaydi:
- 1) yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan o‘z tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy (oilaviy) mol-mulkni realizatsiya qilish;
- 2) yuridik shaxs qayta tashkil etilayotganda uning mol-mulkini huquqiy vorisga (huquqiy vorislarga) o‘tkazish;
- 3) ishonchli boshqaruvning muassisi tomonidan mol-mulkni ishonchli boshqaruvchiga berish va ishonchli boshqaruv shartnomasining amal qilish muddati tugagan taqdirda, ishonchli boshqaruvchining o‘zi ishonchli boshqaruvga berilgan mol-mulkni qaytarishi;
- 4) milliy valyuta yoki chet el valyutasi muomalasi bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish (bundan numizmatika maqsadlari mustasno).
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq organining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjati deb qanday hujjat e’tirof etiladi?
- Barcha soliq to‘lovchilarga qaratilgan, takror qo‘llanishga mo‘ljallangan umumiy xatti-harakat qoidasini belgilaydigan hujjat
- Bir yoki bir nechta muayyan shaxsga qaratilgan, yuridik ahamiyatga molik harakatlarni sodir etishga undovchi ko‘rsatmasi bor hujjat
- Faqat qonun loyihasi tarzida ishlab chiqilib, muayyan shaxslarga yo‘naltirilmagan, huquqiy oqibat keltirmaydigan hujjat
- Faqat ichki yozishma shaklidagi, muayyan shaxslarga qaratilmagan, yuridik ahamiyatga molik harakatlarga undamaydigan hujjat
To‘g‘ri javob: Bir yoki bir nechta muayyan shaxsga qaratilgan, yuridik ahamiyatga molik harakatlarni sodir etishga undovchi ko‘rsatmasi bor hujjat. 230-modda ikkinchi qism.
Soliq organining sayyor tekshiruv qarori yuqori turuvchi organ yoki sud tomonidan bekor qilinsa, undirilgan summalar qanday qaytariladi?
- Faqat sud xarajatlari bilan birga, qayta moliyalashtirish stavkasidan hisoblangan foizlarsiz qaytariladi
- Markaziy bankning o‘sha davrda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan hisoblangan foizlar bilan
- Faqat asosiy summa, qayta moliyalashtirish stavkasidan foizlarsiz va qo‘shimcha kompensatsiyalarsiz
- Ikki baravar miqdorda, ya’ni undirilgan summa va unga teng miqdordagi jarima bilan birga qaytariladi
To‘g‘ri javob: Markaziy bankning o‘sha davrda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan hisoblangan foizlar bilan. 230-modda to‘rtinchi qism.
«Yulduz» MChJ soliq organining qaroridan yuqori turuvchi organga shikoyat qildi. Shikoyat ko‘rib chiqilguncha qaror ijrosi qanday bo‘ladi?
- Shikoyat qilinayotgan qaror ijrosi, shu jumladan qo‘shimcha soliq undirish to‘xtatib turiladi
- Qaror darhol ijro etiladi, shikoyat berilishi qo‘shimcha soliq undirishni to‘xtatib turmaydi
- Faqat penya hisoblanishi to‘xtatiladi, qolgan summalar esa undirilishda davom etadi
- Faqat jarima undiriladi, qo‘shimcha soliqlar undirilishi esa shikoyat ko‘rilguncha to‘xtatiladi
To‘g‘ri javob: Shikoyat qilinayotgan qaror ijrosi, shu jumladan qo‘shimcha soliq undirish to‘xtatib turiladi. 231-modda uchinchi qism.
Davlat soliq qo‘mitasining normativ xususiyatga ega bo‘lmagan hujjatlari ustidan qaysi tartibda shikoyat qilinadi?
- Viloyat hokimiyatiga
- Sud tartibida
- Moliya vazirligiga
- Prezident devoniga
To‘g‘ri javob: Sud tartibida. 231-modda ikkinchi qism.
Yuqori turuvchi organdan shikoyatni chaqirib olish natijasida shaxs qanday huquqdan mahrum bo‘ladi?
- O‘sha asoslarda shikoyat bilan takroran murojaat qilish huquqidan
- Hech qanday huquqdan mahrum bo‘lmaydi
- Soliq to‘lash majburiyatidan ozod bo‘lish huquqidan
- Sudga murojaat qilish huquqidan hamda boshqa barcha huquqlardan
To‘g‘ri javob: O‘sha asoslarda shikoyat bilan takroran murojaat qilish huquqidan. 231-modda.
Sayyor soliq tekshiruvi natijalari ustidan shikoyat kelib tushgan kundan e’tiboran, shikoyat qilinayotgan soliq organi uni yuqori turuvchi organga necha kun ichida yuborishi shart?
- Besh kun
- Yetti kun
- O‘n kun
- Uch kun
To‘g‘ri javob: Uch kun. Qarori shikoyat qilinayotgan soliq organi arizani kelib tushgan kundan e’tiboran uch kun ichida yuqori organga materiallar bilan yuboradi.
Sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi natijalari bo‘yicha qarorlar ustidan shikoyat qancha muddat ichida berilishi mumkin?
- Huquqi buzilganini bilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida, bilishi kerak bo‘lgan kundan emas
- Huquqi buzilganini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran uch oy ichida
- Huquqi buzilganini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir yil ichida
- Huquqi buzilganini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir oy ichida
To‘g‘ri javob: Huquqi buzilganini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir oy ichida. 232-modda uchinchi qism.
Qaroridan shikoyat qilinayotgan soliq organi arizani yuqori turuvchi organga barcha materiallar bilan qancha muddatda yuborishi shart?
- Ariza kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida
- Ariza kelib tushgan kundan e’tiboran uch kun ichida
- Ariza kelib tushgan kundan e’tiboran bir hafta ichida
- Ariza kelib tushgan kundan e’tiboran besh kun ichida
To‘g‘ri javob: Ariza kelib tushgan kundan e’tiboran uch kun ichida. 232-modda ikkinchi qism.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash