XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Soliq kodeksi · 219–229-m.

Soliqqa oid huquqbuzarliklar va ularni sodir etganlik uchun javobgarlik · Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun banklarning javobgarligi

Umumiy Qism

219-modda. Soliq organida hisobga qo‘yish tartibini buzish

Qo‘shilgan qiymat solig‘ining soliq to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yishning belgilangan tartibi soliq to‘lovchi tomonidan buzilganda, —

soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hisobga qo‘yish sanasidan haqiqatda hisobga qo‘yilgan sanagacha bo‘lgan davrda olgan daromadining besh foizi miqdorida, lekin besh million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismi qoidalari 2026-yil 1-yanvardan boshlab ilk marta aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tgan soliq to‘lovchilarga nisbatan ular qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish majburiyati yuzaga kelgan muddatdan e’tiboran bir yil ichida ro‘yxatdan o‘tgan hollarda tatbiq etilmaydi.

Ushbu Kodeksning 131-moddasida nazarda tutilgan hollarda soliq solish obyekti bo‘yicha soliq organlarida hisobga qo‘yish muddatlari buzilganda, agar hisobga qo‘yishning belgilangan muddatidan o‘tishi:

o‘ttiz kundan ko‘p bo‘lmaganda, — bir million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi;

o‘ttiz kundan ko‘p bo‘lganda, — ikki million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Chet el yuridik shaxsi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy muassasasini tashkil etishga olib keluvchi faoliyatning soliq organida hisobga qo‘ymasdan amalga oshirilishi —

bunday faoliyatni amalga oshirish boshlangandan haqiqatda hisobga qo‘yilgan sanagacha bo‘lgan davrda olingan daromaddan o‘n foiz miqdorida, lekin o‘n million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

219-modda. Soliq organida hisobga qo‘yish tartibini buzish (davomi)

Jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirish, —

bunday faoliyatdan olingan daromadlarning o‘n foizi miqdorida, lekin bir million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

220-modda. Soliq hisobotini taqdim etish tartibini buzish

Soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun soliq to‘lovchi bo‘lgan yuridik shaxsning mansabdor shaxsi yoki soliq to‘lovchi bo‘lgan jismoniy shaxs ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

221-modda. Nazorat-kassa texnikasining, hisob-kitob terminallarining, elektron to‘lov tizimlarining va to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalarida generatsiya qilingan maxsus QR-kodlarning qo‘llanilish tartibini buzish

Nazorat-kassa texnikasining, hisob-kitob terminallarining, elektron to‘lov tizimlarining va (yoki) to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalarida generatsiya qilingan maxsus QR-kodlarning qo‘llanilishi majburiy bo‘lgani holda, ularni qo‘llamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, xuddi shuningdek sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlarni, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni berish majburiy bo‘lgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, shuningdek hisob-kitob terminallari, elektron to‘lov tizimlari va (yoki) to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalarida generatsiya qilingan maxsus QR-kodlar orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etganlik, —

besh million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Soliq organlarida ro‘yxatga olinmagan nazorat-kassa texnikasini qo‘llagan yoki sotib oluvchiga kvitansiyalar, talonlar, cheklar yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bergan holda savdoni amalga oshirganlik va (yoki) xizmatlar ko‘rsatganlik, —

yetti million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan hisob-kitob terminallaridan yoki to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalaridan ro‘yxatdan o‘tgan boshqa soliq to‘lovchilarga tegishli bo‘lgan maxsus QR-koddan soliq to‘lovchi tomonidan foydalanilishi, —

yigirma million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

221-modda. Nazorat-kassa texnikasining, hisob-kitob terminallarining, elektron to‘lov tizimlarining va to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalarida generatsiya qilingan maxsus QR-kodlarning qo‘llanilish tartibini buzish (davomi)

Texnik talablarga muvofiq bo‘lmagan yoki xizmat ko‘rsatish dasturi buzilgan nazorat-kassa texnikalaridan foydalanganlik, —

yigirma million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

222-modda. Daromadlar va (yoki) xarajatlarni hisobga olish qoidalarini buzish

Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan daromadlar va (yoki) xarajatlarni hisobga olish (daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish kitobi) qoidalarini buzish —

besh yuz ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

223-modda. Soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish)

Soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) —

yashirilgan (kamaytirib ko‘rsatilgan) soliq bazasi summasining yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yashirilgan (kamaytirib ko‘rsatilgan) soliq bazasi summasidan ushbu Kodeksga muvofiq soliqlarni hisoblash amalga oshiriladi.

Ushbu moddaning maqsadida soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb quyidagilar e’tirof etiladi:

tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum summasini hisobga olish registrlarida aks ettirmaslik;

yuklarni tovar-kuzatuv hujjatlarini rasmiylashtirmasdan yoxud soxta hujjatlar bo‘yicha tashish;

hisobda realizatsiya qilinmagan deb ko‘rsatilgan tovarlarning omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi;

rasmiylashtirilmagan (kirim qilinmagan) tovarlarni saqlash, ulardan foydalanish va realizatsiya qilish;

tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganligidan dalolat beruvchi hujjatlarni almashtirish, soxtalashtirish yoki yo‘q qilish;

qalbaki birlamchi buxgalteriya hujjatlaridan foydalanish;

nazorat-kassa texnikasining fiskal xotirasi xizmati dasturiga noqonuniy ravishda o‘zgartirish kiritish;

foydalanilmagan moddiy xarajatlarni foydalanilgan deb, ishlab chiqarish hisobotiga qo‘shish;

tovarlarni sotishdan (xizmat ko‘rsatishdan) olingan tushumni hisobot davridan keyingi davrga o‘tkazish (sotish hajmini va daromadni (foydani) qasddan kamaytirish);

moddiy, yoqilg‘i-energetika resurslari xarajatlarini (limitlarni) va amortizatsiya (eskirish) normasini sun’iy ravishda oshirish yoki normativlarni noto‘g‘ri qo‘llash;

223-modda. Soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) (davomi)

ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan xodimlarning haqiqiy ish haqi summasi soliq hisobotida aks ettirilmaganligi;

mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarning soliq hisobotida aks ettirilmaganligi;

realizatsiya qilingan tovarlar qiymatini hisob hujjatlarida haqiqatda realizatsiya qilingan qiymatidan pasaytirilgan narxlar bo‘yicha aks ettirish;

qazib olingan foydali qazilmalar hajmining soliq hisobotida to‘liq aks ettirilmaganligi.

Ushbu modda uchinchi qismining o‘n uchinchi va o‘n to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha yashirilgan soliq bazasi summasi oxirgi o‘n ikki oy uchun aniqlanadi.

Hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida olingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga yoxud faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga va amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lmagan identifikatsiya kodlarini aks ettirish —

hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida ko‘rsatilgan realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

224-modda. Soliqni (yig‘imni) to‘lamaslik yoki to‘liq to‘lamaslik

Soliqni (yig‘imni) noto‘g‘ri hisoblab chiqarish yoki boshqa g‘ayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik) natijasida soliq (yig‘im) summasini to‘lamaslik yoki to‘liq to‘lamaslik, agar bunday qilmish ushbu Kodeksning 223, 226 va 227-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar alomatlarini o‘z ichiga olmagan bo‘lsa, —

to‘lanmagan soliq (yig‘im) summasining yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

225-modda. Hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish tartibini buzish

Qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda, shuningdek qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar bo‘lmagan mahsulot yetkazib beruvchilar tomonidan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobvaraq-fakturada aks ettirganlik, —

mahsulot yetkazib beruvchilarga hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunda mahsulot yetkazib beruvchi hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan soliq summasini budjetga to‘lashi shart.

226-modda. Transfert narxni belgilashda soliqlarni to‘lamaslik yoki to‘liq to‘lamaslik

Nazorat qilinadigan bitimlarda soliq solish maqsadida mustaqil shaxslar o‘rtasidagi bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlari bilan solishtirib bo‘lmaydigan tijorat va (yoki) moliyaviy shartlar qo‘llanilishi natijasida soliq summalarini soliq to‘lovchi tomonidan to‘lamaganlik yoki to‘liq to‘lamaganlik, —

to‘lanmagan soliq summasining qirq foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

227-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foyda ulushi soliq bazasiga kiritilmaganligi natijasida soliqni to‘lamaslik yoki to‘liq to‘lamaslik

Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining yuridik yoki jismoniy shaxs bo‘lgan nazorat qiluvchi shaxslari tomonidan mazkur kompaniya foydasining ulushi soliq bazasiga kiritilmaganligi natijasida soliq summalarini to‘lamaganlik yoki to‘liq to‘lamaganlik, —

nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining soliq bazasiga kiritilishi lozim bo‘lgan foydasiga nisbatan tegishincha foyda solig‘i bo‘yicha yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha to‘lanmagan soliq summasining yigirma foizi miqdorida, lekin o‘n million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

227¹-modda. Fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni, shuningdek tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish

Fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish —

realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —

realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

228-modda. Soliq (yig‘im), bo‘nak to‘lovi, penyalar va jarimalarni o‘tkazish to‘g‘risidagi topshiriqnomalarni bajarish muddatlarini buzish

Bank tomonidan soliq (yig‘im), bo‘nak to‘lovi, penya va jarima summasini o‘tkazish to‘g‘risidagi soliq to‘lovchining topshiriqnomasini, soliq organining inkasso topshiriqnomasini bajarmaslik (bajarilishini kechiktirish) —

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining bir yuz ellikdan bir qismi miqdorida, lekin kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun o‘tkazilmagan summa bir foizining beshdan bir qismidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

229-modda. Banklar tomonidan bank hisobvaraqlari va operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) soliq organiga taqdim etmaslik

Ushbu Kodeksning 134-moddasida nazarda tutilgan ma’lumotnomani (ko‘chirmalarni) bank tomonidan soliq organiga taqdim etmaslik, shuningdek ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) belgilangan muddatni buzgan holda yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar bo‘lgan ma’lumotnomalarni (ko‘chirmalarni) taqdim etish, —

ikki million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

IX BO‘LIM.

SOLIQ ORGANLARINING HUJJATLARI VA ULAR MANSABDOR SHAXSLARINING HARAKATLARI (HARAKATSIZLIGI) USTIDAN SHIKOYAT BERISH

Bilimingizni sinang

QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibi buzilganda, belgilangan sanadan haqiqiy hisobga qo‘yilgan sanagacha olingan daromadning necha foizi miqdorida jarima solinadi?
  1. O‘n foizi
  2. Besh foizi
  3. Uch foizi
  4. Ikki foizi

To‘g‘ri javob: Besh foizi. Hisobga qo‘yish tartibi buzilsa, shu davrda olingan daromadning besh foizi miqdorida (kamida besh million so‘m) jarima solinadi.

QQS to‘lovchisi sifatida soliq organida hisobga qo‘yish tartibi buzilganda qanday jarima solinadi?
  1. Hisobga qo‘yish sanasidan haqiqatda hisobga qo‘yilgan sanagacha olingan daromadning besh foizi, lekin bir million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda
  2. Hisobga qo‘yilmagan davr ichida olingan daromadning yigirma foizi, lekin ikki million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanadi
  3. Qat’iy belgilangan bir million so‘m miqdorida, olingan daromaddan qat’i nazar va hisobga qo‘yilgan sanadan qat’i nazar, bir martalik
  4. Hisobga qo‘yish sanasidan haqiqatda hisobga qo‘yilgan sanagacha olingan daromadning besh foizi, lekin besh million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda

To‘g‘ri javob: Hisobga qo‘yish sanasidan haqiqatda hisobga qo‘yilgan sanagacha olingan daromadning besh foizi, lekin besh million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda. 219-modda birinchi qism.

«Global Servis» chet el yuridik shaxsi O‘zbekistonda doimiy muassasa tashkil etishga olib keluvchi faoliyatni soliq organida hisobga qo‘ymasdan amalga oshirdi. Qanday jarima solinadi?
  1. Olingan daromaddan o‘n foiz, lekin o‘n million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda
  2. Olingan daromaddan besh foiz, lekin besh million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda
  3. Olingan daromaddan o‘n foiz, lekin ikki million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda
  4. Olingan daromaddan yigirma foiz, lekin o‘n million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda

To‘g‘ri javob: Olingan daromaddan o‘n foiz, lekin o‘n million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda. 219-modda to‘rtinchi qism.

Soliq solish obyekti bo‘yicha hisobga qo‘yish muddati o‘ttiz kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga buzilsa, qancha jarima solinadi?
  1. Besh million so‘m
  2. Besh yuz ming so‘m
  3. Bir million so‘m
  4. Ikki million so‘m

To‘g‘ri javob: Bir million so‘m. 219-modda: o‘ttiz kundan ko‘p bo‘lmaganda bir million, ko‘p bo‘lganda ikki million so‘m.

Bank 134-moddada nazarda tutilgan ma’lumotnomani (ko‘chirmalarni) soliq organiga muddatida taqdim etmadi. Qancha jarima solinadi?
  1. Yigirma million so‘m
  2. Ikki million so‘m
  3. Besh million so‘m
  4. Besh yuz ming so‘m

To‘g‘ri javob: Ikki million so‘m. 229-modda.

Jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik qildi. Jarima qanday?
  1. Daromadlarning o‘n foizi, lekin bir million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda
  2. Daromadlarning besh foizi, lekin bir million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda
  3. Daromadlarning yigirma foizi, lekin ikki million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda
  4. Daromadlarning o‘n foizi, lekin besh million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda

To‘g‘ri javob: Daromadlarning o‘n foizi, lekin bir million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda. 219-modda ikkinchi qism.

Soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun kim javobgarlikka tortiladi va qanday javobgarlikka?
  1. Faqat bank mansabdor shaxsi — ma’muriy javobgarlikka, soliq to‘lovchi esa javobgar emas
  2. Soliq to‘lovchi yuridik shaxsning mansabdor shaxsi yoki jismoniy shaxs — jinoiy javobgarlikka
  3. Faqat soliq organi xodimi hisobotni qabul qilmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi
  4. Soliq to‘lovchi yuridik shaxsning mansabdor shaxsi yoki jismoniy shaxs — ma’muriy javobgarlikka

To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchi yuridik shaxsning mansabdor shaxsi yoki jismoniy shaxs — ma’muriy javobgarlikka. 220-modda.

Nazorat-kassa texnikasi yoki majburiy QR-kodlarni qo‘llamasdan savdo qilganlik uchun qancha miqdorda jarima solinadi?
  1. Yetti million so‘m
  2. Besh million so‘m
  3. Uch million so‘m
  4. Yigirma million so‘m

To‘g‘ri javob: Besh million so‘m. Majburiy bo‘lgan nazorat-kassa texnikasi yoki QR-kodlarni qo‘llamasdan savdo qilish besh million so‘m jarimaga sabab bo‘ladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSoliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi umumiy qoidalarKeyingi →Soliq organlarining hujjatlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish tartibi · Soliq to‘lovchilar va soliq solish obyekti