Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezidentlarning daromadlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Maxsus Qism
347-modda. Soliq solinadigan daromadni aniqlash
Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezidentning daromadlaridan soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash ushbu bobda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning 43 — 47-boblarida belgilangan tartibda mazkur norezident tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Bajarilishi mazkur bobda nazarda tutilgan, faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezident bo‘lgan soliq to‘lovchining majburiyatlari uning doimiy muassasasiga yuklatilishi mumkin. Bunda doimiy muassasa soliq to‘lovchining barcha huquqlariga ega bo‘ladi.
Doimiy muassasaning jami daromadini bunday doimiy muassasaning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni amalga oshirish boshlangan sanadan e’tiboran olingan daromadlarning quyidagi turlari tashkil etadi:
- 1) norezident tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatini o‘zining doimiy muassasasi orqali amalga oshirish natijasida olingan daromadlar;
- 2) norezidentning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va (yoki) uni tasarruf qilishdan olgan daromadlari;
- 3) norezidentning daromadlari, shu jumladan uning boshqa davlatlardagi tuzilmaviy bo‘linmalarining O‘zbekiston Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan mazkur yuridik shaxsning doimiy muassasasi orqali amalga oshiriladigan faoliyatga aynan o‘xshash yoki bir xil faoliyatni amalga oshirishdan oladigan daromadlari;
347-modda. Soliq solinadigan daromadni aniqlash (davomi)
- 4) ushbu Kodeksning 351-moddasida ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan doimiy muassasaga tegishli boshqa daromadlar;
- 5) bunday doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar.
Agar norezident O‘zbekiston Respublikasida ham, uning hududidan tashqarida ham o‘zining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi bilan birgalikda bajariladigan bitta loyiha yoki aloqador loyihalar doirasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan bo‘lsa, agar norezident xuddi shunday yoki aynan o‘xshash faoliyat bilan xuddi shunday yoki aynan o‘xshash sharoitlardagi faoliyatda band bo‘lgan yakka va alohida shaxs bo‘lganida hamda o‘zi doimiy muassasasi bo‘lgan norezidentdan mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatganida olishi mumkin bo‘lgan daromad bunday doimiy muassasaning daromadi deb hisoblanadi.
Agar norezidentning doimiy muassasasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlarni (xizmatlarni) norezidentning O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan boshqa tarkibiy bo‘linmasi realizatsiya qilsa, agar u xuddi shunday yoki aynan o‘xshash faoliyat bilan xuddi shunday yoki aynan o‘xshash sharoitlardagi faoliyatda band bo‘lgan yakka va alohida shaxs bo‘lganida hamda o‘zi doimiy muassasasi bo‘lgan norezidentdan mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatganida olishi mumkin bo‘lgan daromad bunday doimiy muassasaning daromadi deb e’tirof etiladi.
347-modda. Soliq solinadigan daromadni aniqlash (davomi)
Agar norezident O‘zbekiston Respublikasida uchinchi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, doimiy muassasa shakllanishiga olib keladigan tayyorgarlik va (yoki) yordamchi turdagi faoliyatni amalga oshirsa va bunda shunday faoliyatga nisbatan haq olish nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq solinadigan baza ushbu doimiy muassasaning bunday faoliyat bilan bog‘liq xarajatlari summasining 20 foizi miqdorida belgilanadi.
Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi norezidenti doimiy muassasasining shunday norezidentning bosh ofisi yoki boshqa tuzilmaviy bo‘linmalari oldidagi majburiyatlari bo‘yicha yuzaga keladigan kursga oid farqlar O‘zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi daromadlari (xarajatlari) jumlasiga kiritilmaydi.
Agar norezidentning O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati doimiy muassasa shakllanishiga olib keladigan bittadan ortiq muassasasi bo‘lsa, soliq solinadigan baza va soliq summasi har bir muassasa uchun alohida hisoblanadi.
Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezidentning soliqni to‘langandan keyin o‘z tasarrufida qoladigan sof foydasi dividendlarga tenglashtiriladi va unga ushbu Kodeks 353-moddasining 1-bandida belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinishi lozim.
Ushbu modda to‘qqizinchi qismining qoidalarini qo‘llash maqsadlarida doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshiruvchi norezident dividendlar tarzidagi daromadlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan pasaytirilgan soliq stavkasini ushbu Kodeksning 357-moddasida ko‘rsatilgan tartibda qo‘llashga haqli. Agar O‘zbekiston Respublikasining soliq solish masalalari bo‘yicha xalqaro shartnomasida dividendlar tarzidagi daromadlar bo‘yicha bir nechta pasaytirilgan soliq stavkalari nazarda tutilgan bo‘lsa, ularning eng kami qo‘llaniladi.
347-modda. Soliq solinadigan daromadni aniqlash (davomi)
Sof foyda deganda jami daromad va doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar o‘rtasidagi farq tushuniladi. Bunda joriy soliq davri uchun sof foyda ayni bir doimiy muassasa doirasida avvalgi soliq davrlarida olingan zararning (zararlarning) umumiy summasiga, basharti ilgari bunday zarar (zararlar) sof foydani aniqlashda hisobga olinmagan bo‘lsa, kamaytiriladi.
Sof foydadan olinadigan soliqning hisoblab chiqarilgan summasi soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay budjetga to‘lanadi.
348-modda. Chegirib tashlanadigan xarajatlarni aniqlash
Soliq bazasini aniqlash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyatdan doimiy muassasa orqali soliq solinadigan daromadlar olish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, ular O‘zbekiston Respublikasida yoki uning hududidan tashqarida qilinganidan qat’i nazar, doimiy muassasaning chegirmalari jumlasiga kiritiladi, bundan ushbu Kodeksga muvofiq chegirib tashlanmaydigan xarajatlar mustasno.
O‘zbekiston Respublikasining norezidentiga o‘zining doimiy muassasasi tomonidan to‘lanadigan quyidagi ko‘rinishdagi summalar ham chegirilmaydi:
- 1) ushbu norezidentning mulkidan yoki intellektual mulkidan foydalanganlik yoki foydalanish huquqini berganlik uchun royalti, gonorarlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar;
- 2) ushbu norezident tomonidan doimiy muassasaga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun xarajatlar;
- 3) ushbu norezident tomonidan doimiy muassasaga berilgan zayomlar bo‘yicha pul mukofotlari;
- 4) ushbu norezidentning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi orqali faoliyatidan daromadlar olish bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar;
- 5) ushbu norezidentning mazkur moddaning to‘rtinchi qismida belgilangan, O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari.
Agar qo‘llaniladigan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi qoidalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi norezidenti doimiy muassasasining soliq solinadigan daromadini aniqlashda shu norezidentning boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlarini chegirib tashlashga yo‘l qo‘yilsa, bunday xarajatlar summasi shunday norezident tomonidan o‘z tanloviga binoan quyidagi usullardan biri bo‘yicha aniqlanadi:
348-modda. Chegirib tashlanadigan xarajatlarni aniqlash (davomi)
- 1) xarajatlarni mutanosib ravishda taqsimlash usuli;
- 2) xarajatlarni chegirmalarga bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) kiritish usuli.
Ushbu modda uchinchi qismining maqsadida ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruv va boshqaruv xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlar deb e’tirof etiladi. Bunda ushbu norezidentning boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari jumlasiga quyidagilar kiritilmaydi:
- 1) norezidentning bevosita doimiy muassasasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida yoki norezidentning vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ushbu Kodeksga muvofiq chegirmalar jumlasiga kiritiladigan boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari;
- 2) norezidentning bevosita vakolatxonasi yoki doimiy muassasalari tomonidan boshqa davlatlarda qilingan, O‘zbekiston Respublikasida soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan doimiy muassasasining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari;
- 3) O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan doimiy muassasaning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlar.
Norezident hisobot (soliq) davri mobaynida o‘z tanloviga ko‘ra boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlarni soliq hisobotiga ilovada ko‘rsatiladigan doimiy muassasaning chegirmalariga kiritish usullaridan faqat bittasini qo‘llaydi.
Norezidentning boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasaning chegirmalariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda kiritiladi.
349-modda. Soliq hisobotini taqdim etish va soliq to‘lash tartibi
Doimiy muassasalar orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar soliq hisobotini soliq hisobiga qo‘yilgan joydagi soliq organiga ushbu Kodeks 339-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda taqdim etadi.
Doimiy muassasa orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar soliq davrining yakunlariga ko‘ra soliq hisobotini taqdim etish uchun nazarda tutilgan muddatlarda, soliq hisobiga qo‘yilgan joydagi soliq organiga O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ham (ixtiyoriy shaklda) taqdim etadi.
Doimiy muassasaning faoliyati soliq davri tugaguniga qadar tugatilgan taqdirda, soliq bo‘yicha soliq hisoboti va O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot faoliyat tugatilganidan keyin bir oydan kechiktirmay taqdim etilishi kerak.
Soliqni to‘lash ushbu Kodeksning 340-moddasida nazarda tutilgan tartibda umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Norezident O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy muassasa orqali faoliyatini tugatganda soliq bunday faoliyat tugaguniga qadar to‘lanadi.
350-modda. Soliq agenti tomonidan ushlab qolingan soliqni hisobga olish tartibi
O‘zbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan doimiy muassasa belgilariga javob beradigan faoliyatdan, doimiy muassasa sifatida soliq organida hisobga qo‘yishga qadar olingan daromadlarga ushbu Kodeksning 50-bobida belgilangan tartibda soliq agentida soliq solinishi lozim. Bunda soliq agenti tomonidan ushlab qolingan soliq norezident soliq organida doimiy muassasa sifatida hisobga qo‘yilganidan keyin soliq majburiyatlarini qoplash hisobiga hisobga olinishi lozim.
Mazkur moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hisobga olish soliq agenti tomonidan soliq ushlab qolinganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezidentning daromadlaridan soliqni hisoblab chiqarish va to‘lashni kim amalga oshiradi?
- Mazkur norezidentning o‘zi mustaqil ravishda
- Doimiy muassasaning direktori shaxsan
- Soliq organi o‘z hisob-kitobi asosida
- Norezident bilan shartnoma tuzgan har qanday soliq agenti
To‘g‘ri javob: Mazkur norezidentning o‘zi mustaqil ravishda. 347-modda birinchi qismiga ko‘ra, soliq mazkur norezident tomonidan mustaqil ravishda hisoblanadi va to‘lanadi.
Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezident soliq to‘lovchining majburiyatlari uning doimiy muassasasiga yuklatilsa, doimiy muassasaning huquqlari haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Doimiy muassasa faqat majburiyatlarga ega bo‘ladi, huquqlarga ega bo‘lmaydi
- Doimiy muassasa faqat yarim huquqlarga ega bo‘ladi
- Doimiy muassasa soliq to‘lovchining barcha huquqlariga ega bo‘ladi
- Huquqlar faqat norezidentning bosh ofisida qoladi
To‘g‘ri javob: Doimiy muassasa soliq to‘lovchining barcha huquqlariga ega bo‘ladi. 347-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, bunda doimiy muassasa soliq to‘lovchining barcha huquqlariga ega bo‘ladi.
Doimiy muassasaning jami daromadini qaysi daromadlar tashkil etadi?
- Norezidentning butun dunyodagi daromadlari, O‘zbekistonda faoliyat boshlangan sanadan e’tiboran olinganlari
- Doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq, O‘zbekistonda faoliyat boshlangan sanadan e’tiboran olingan daromadlar
- Doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq, norezident ro‘yxatdan o‘tgan sanadan keyin xorijda olingan daromadlar
- Doimiy muassasa soliq organida hisobga qo‘yilgan sanadan e’tiboran olingan faoliyatiga oid daromadlar
To‘g‘ri javob: Doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq, O‘zbekistonda faoliyat boshlangan sanadan e’tiboran olingan daromadlar. 347-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, jami daromadni doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq, faoliyat boshlangan sanadan e’tiboran olingan daromadlar tashkil etadi.
Xorijiy «Alfa» kompaniyasining Toshkentdagi doimiy muassasasi O‘zbekiston hududidan tashqaridagi manbadan, shu doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq daromad oldi. Soliq kodeksiga ko‘ra, bu daromad qanday hisoblanadi?
- Soliq solinmaydi, chunki manba O‘zbekistondan tashqarida
- Faqat norezidentning bosh ofisi daromadi hisoblanadi
- Faqat tasdiqlangan holda soliq bazasiga qo‘shiladi
- Doimiy muassasaning jami daromadiga kiradi
To‘g‘ri javob: Doimiy muassasaning jami daromadiga kiradi. 347-modda 5-bandiga ko‘ra, doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq O‘zbekiston tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlar ham jami daromadga kiradi.
Norezident tayyorgarlik yoki yordamchi faoliyatni haq olinmasdan amalga oshirib doimiy muassasa shakllantirsa, soliq solinadigan baza shu faoliyat xarajatlari summasining necha foizi miqdorida belgilanadi?
- 15 foizi
- 20 foizi
- 10 foizi
- 30 foizi
To‘g‘ri javob: 20 foizi. Haq olinmaydigan tayyorgarlik yoki yordamchi faoliyat bo‘yicha soliq bazasi doimiy muassasa xarajatlari summasining 20 foizi etib belgilanadi.
Xorijiy «Delta» kompaniyasi O‘zbekistonda uchinchi shaxs manfaatida doimiy muassasa shakllanishiga olib keladigan tayyorgarlik faoliyatini haq olmasdan amalga oshirdi; bu faoliyat bo‘yicha xarajatlari 500 million so‘m. Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq solinadigan baza qancha bo‘ladi?
- 100 million so‘m, ya’ni xarajatlar summasining 20 foizi
- 250 million so‘m, ya’ni xarajatlar summasining 50 foizi
- 500 million so‘m, ya’ni xarajatlar summasining to‘liq miqdori
- Soliq solinadigan baza nolga teng bo‘ladi
To‘g‘ri javob: 100 million so‘m, ya’ni xarajatlar summasining 20 foizi. 347-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, haq olish nazarda tutilmagan bunday faoliyatda baza xarajatlar summasining 20 foizi miqdorida belgilanadi.
Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezidentning soliq to‘langandan keyin o‘z tasarrufida qoladigan sof foydasi bilan bog‘liq qaysi xulosa to‘g‘ri? Doimiy muassasa 300 million so‘m sof foyda oldi.
- Sof foyda foizlarga tenglashtiriladi va foizlar uchun belgilangan stavka bo‘yicha soliq to‘lov manbaida solinadi
- Sof foyda mol-mulk soliqi bazasiga tenglashtiriladi va mol-mulk uchun belgilangan stavka bo‘yicha soliq solinadi
- Sof foyda dividendlarga tenglashtirilmaydi, unga faqat foyda solig‘i solinadi va qo‘shimcha soliq olinmaydi
- Sof foyda dividendlarga tenglashtiriladi va dividendlar uchun belgilangan stavka bo‘yicha soliq solinadi
To‘g‘ri javob: Sof foyda dividendlarga tenglashtiriladi va dividendlar uchun belgilangan stavka bo‘yicha soliq solinadi. 347-modda to‘qqizinchi qismiga ko‘ra, sof foyda dividendlarga tenglashtiriladi va 353-moddaning 1-bandidagi stavka bo‘yicha soliqqa tortiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, doimiy muassasaning sof foydasi deganda nima tushuniladi?
- Jami daromad va doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar o‘rtasidagi farq
- Doimiy muassasaning tushumi va norezident bosh ofisi xarajatlari o‘rtasidagi farq
- Jami daromad va soliq to‘langanidan keyin dividendlarga yo‘naltirilgan summa o‘rtasidagi farq
- Jami daromad va doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar yig‘indisi
To‘g‘ri javob: Jami daromad va doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar o‘rtasidagi farq. 347-moddaga ko‘ra, sof foyda jami daromad va doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar o‘rtasidagi farqdir.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash